Xaridorlar va buyurtmachilar bilan tovarlar, tayyor mahsulotlar, bajarilgan ishlar, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun debitorlik qarzlari bo‘yicha hisob-kitoblar to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish 21-sonli milliy standart bo‘yicha quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”;
4020 “Olingan veksellar”.
4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ida sotilgan mahsulot (tovar)lar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun xaridorlar va buyurtmachilarga taqdim etilgan hisob-kitob hujjatlari bo‘yicha debitorlik qarzlari hisobga olinadi.
4020 “Olingan veksellar” hisobvarag‘ida olingan veksellar bilan ta’minlangan xaridorlar va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha debitorlik qarzi hisobga olinadi.
Muddatida to‘lanmagan veksellar bo‘yicha da’vo bildirilganda, veksellar qiymati 4020 “Olingan veksellar” hisobvarag‘ining kreditidan 4860 “Da’volar bo‘yicha olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining debetiga hisobdan chiqariladi.
Olinadigan hisobvaraqlar (4000) asosiy (operatsion) faoliyat daromadlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar (9000), asosiy vositalar va boshqa aktivlarning chiqib ketishini hisobga oluvchi hisobvaraqlar (9200) va asosiy faoliyatning boshqa daromadlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (9300) bilan bog‘langan holda xaridor (buyurtmachi)larga taqdim etilgan hisob-kitob hujjatlaridagi summaga debetlanadi.
Olinadigan hisobvaraqlar (4000) pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar bilan kelib tushgan to‘lovlar summasiga, olingan bo‘naklarni hisobga olish va boshqalar bilan bog‘langan holda kreditlanadi.
Olinadigan hisobvaraqlar bo‘yicha analitik hisob har bir xaridor (buyurtmachi) bo‘yicha yuritiladi.
Quyida olinadigan hisobvaraqlarni harakati bo‘yicha muoamalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini ko‘rib chiqamiz:
1) Tovar, ish va xizmatlarni sotishdagi xaridorlar va buyurtmachilarning qarzlari summasi:
D 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 9010 “Tayyor mahsulotlarni sotishdan daromadlar” yoki
K 9020 “Tovarlarni sotishdan daromadlar” yoki
K 9030 “Ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatishdan daromadlar”.
2) Asosiy vositalar va boshqa aktivlarni sotishdagi xaridorlar va buyurtmachilarning qarzlari summasi:
D 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”
K 9210 “Asosiy vositalarning chiqib ketishi” yoki
K 9220 “Boshqa aktivlarning chiqib ketishi”.
3) Xaridorlar va buyurtmachilardan to‘lovlar kelib tushdi:
D 5000 “Kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i” yoki
D 5200 “Chet el valyutasidagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5500 “Bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
4) Xaridorlar va buyurtmachilarga sotilgan mahsulotlar, tovarlar, bajarilgan ish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun da’vo bildirildi:
D 4860 “Da’volar bo‘yicha olinadigan hisobvaraqlar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
5) Xaridorlar va buyurtmachilarga sotilgan tovarlar, mahsulotlar, bajarilgan ishlar va ko‘rsatilgan xizmatlar bo‘yicha hisob-kitob hujjatlarini taqdim etishda olingan bo‘naklarning hisobga olinishi:
D 6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan bo‘naklar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
6) Xaridorlar va buyurtmachilarning to‘lanmagan qarzlarining zararga hisobdan chiqarilishi:
D 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
7) Xaridorlar va buyurtmachilarning qarzlari dargumon qarzlar bo‘yicha rezervlar hisobiga hisobdan chiqarilishi:
D 4910 “Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
8) Olingan veksellar bo‘yicha qarzlarning qoplanishi:
D 5000 “Kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i” yoki
D 5200 “Chet el valyutasidagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5500 “Bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 4020 “Olingan veksellar”.
9) Olingan veksellarning uzoq muddatli qismdan joriy qismga o‘tkazilishi:
D 4020 “Olingan veksellar”
K 0910 “Olingan veksellar”.
Qarzdorning nochorligi tufayli qarzni hisobdan chiqarish qarzni bekor qilish emas. Bu qarz qarzdorning mulkiy holati o‘zgargan taqdirda uni undirish imkoniyatini kuzatish uchun hisobdan chiqarilgan kundan boshlab besh yil davomida balansdan tashqari hisobvaraqda (007 “To‘lashga qobiliyatsiz debitorlarning zararga o‘tkazilib hisobdan chiqarilgan qarzi”) aks ettirilishi lozim.
BHMS bo‘yicha muddati o‘tgan debitorlik qarzlari va undirish uchun haqiqiy bo‘lmagan boshqa qarzlar realizatsiyadan tashqari xarajatlar tarkibiga kiritiladi.
Tashkilot boshqa tashkilotlar bilan hisob-kitoblar bo‘yicha dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv yaratishi mumkin.
Yaratilgan rezervlar summasi 9430 “Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag‘ining debetiga va 4910 “Dargumon qarzlar bo‘yicha rezerv” hisobvarag‘ining kreditiga qayd etiladi. 4010 “ Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘ining analitik hisobi xaridorlar yoki buyurtmachilarga taqdim etilgan har bir hisobvaraq-faktura uchun yuritiladi. Shu bilan birga analitik hisobning yuritilishi qarz to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatini ta’minlashi kerak, ya’ni:
- to‘lov muddati kelmagan hisob-kitob hujjatlariga muvofiq xaridorlar va buyurtmachilar bo‘yicha;
- o‘z vaqtida to‘lanmagan hisob-kitob hujjatlari bo‘yicha xaridor va buyurtmachilar bo‘yicha;
- olingan bo‘naklar bo‘yicha.
Xaridor va buyurtmachilar bilan hisob-kitoblarning sintetik hisobi 5-sonli qaydnomada yuritiladi.
Xaridor va buyurtmachilarga qisman tayyor holdagi TMQni etkazib berishga yoki ishlar bajarish va xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek aktsiyaga obunachilardan olingan bo‘naklar bo‘yicha joriy majburiyatlar to‘g‘risidagi axborotlarni umumlashtirish quyidagi hisobvaraqlarda amalga oshiriladi:
6310 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olingan bo‘naklar”;
6320 “Aktsiyaga obunachilardan olingan bo‘naklar”;
6390 “Boshqa olingan bo‘naklar”.
Korxona xaridor va buyurtmachilarga mahsulot va tovarlarni etkazib berish, shuningdek ish bajarish yoki xizmat ko‘rsatish uchun ulardan bo‘nak to‘lovini (oldindan to‘lashni) talab qilishi mumkin. Bunday holatda bo‘nak TMQlarni etkazib berish, ishlarni bajarish va xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha shartnomaning bajarilishi hamda xaridor va buyurtmachilardan kelgusidagi to‘lovlarning kelib tushishiga kafolat sifatida xizmat qiladi.
Bunday bo‘naklar pul mablag‘ini olgan korxona uchun mahsulot va tovarlarni etkazib berish hamda ishlarni bajarish yoki xizmatlarni ko‘rsatish amalga oshirilishiga qadar majburiyat bo‘lib hisoblanadi. Olingan bo‘naklarga quyidagilar misol bo‘ladi: korxona tomonidan gaz, suv, yoritish va boshqa maishiy xizmatlar, shuningdek TMQ va boshqalarni etkazib berish uchun oldindan olingan to‘lovlar.
Olingan bo‘nak summalari, shuningdek qisman tayyor holdagi mahsulot (ish, xizmat) uchun qabul qilingan to‘lovlar summasi olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6300)ning krediti va pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlarning debetida aks ettiriladi. Buyurtmachilarga ishlar tugatib topshirilganda va xizmatlar ko‘rsatilganda, shuningdek xaridorlarga mahsulot yuklab jo‘natilganda, olingan bo‘naklar xaridor va buyurtmachilarning majburiyatlarini kamaytiradi va olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6300)ning debeti va olinadigan hisobvaraqlar (4000) kreditiga olib boriladi.
Olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar (6300) bo‘yicha analitik hisob har bir olingan bo‘naklar turi bo‘yicha alohida yuritiladi.
Quyida olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlarni harakati bo‘yicha muoamalalarni buxgalteriya hisobida aks ettirilishini ko‘rib o‘tamiz:
1) Bo‘naklar olindi:
D 5000 “Kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i” yoki
D 5200 “Chet el valyutasidagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
D 5500 “Bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 6300 “Olingan bo‘naklarnii hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
2) Mahsulotlar, tovarlarni etkazib berish, ish bajarish va xizmat ko‘rsatish, shuningdek asosiy vositalar va boshqa aktivlarni sotishda ilgari olingan bo‘naklar hisobga olindi:
D 6300 “Olingan bo‘naklarnii hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 4010 “Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar”.
3) Ilgari olingan bo‘naklar qaytarildi:
D 6300 “Olingan bo‘naklarnii hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 5000 “Kassadagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
K 5110 “Hisob-kitob hisobvarag‘i” yoki
K 5200 “Chet el valyutasidagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
K 5500 “Bankdagi maxsus hisobvaraqlardagi pul mablag‘larini hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
4) Ilgari olingan bo‘naklar bank kreditlari va boshqa korxonalarning qarzlari hisobidan qaytarildi:
D 6300 “Olingan bo‘naklarnii hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 6800 “Qisqa muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar” yoki
K 7800 “Uzoq muddatli kreditlar va qarzlarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”.
5) Da’vo bildirish muddati davomida foydalanilmagan bo‘nak summalari hisobdan chiqarildi:
D 6300 “Olingan bo‘naklarni hisobga oluvchi hisobvaraqlar”
K 9390 “Boshqa operatsion daromadlar”.