Hisobvaraqlarning bekitilishi - buxgalteriya hisobvaraqlarida qoldiq qoldirmaydigan buxgalteriya yozuvi hisobvaraqlarning buxgalteriya ob’ekti ko’rinishi, miqdoriga ko’ra bekitilishi mumkin. Masalan, 3100 - “Kelgusi davr xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” shu xarajatlarning hammasi mo’ljal bo’yicha o’chirilgandan so’ng bekitilishi mumkin. Ba’zi hisobvaraqlar tegishli nizom va qoidalarga asosan davriy ravishda bekitiladi. Masalan, 2510 - “Umumishlab chiqarish xarajatlari”, 9400 - “Davr xarajatlarini hisobga oluvchi hisobvaraqlar” hisobot davri oxirida bu xarajatlarni taqsimlash va ularni tegishli ob’ektlari bo’yicha o’chirish yo’li bilan bekitiladi.
Hisob ishlarining bajarilish jadvali - buxgalteriya xodimlari o’rtasida ishlarini taqsimlash. Bu jadval ish vaqtidan oqilona foydalanish, hisob mehnati unumdorligini oshirish, shuningdek, ishning uzluksizligi uchun sharoit yaratadi, belgilangan ishning o’z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan har bir xodimning mas’uliyatini oshiradi. Jadvalda aniq bir hisob ishlarini bajarish vaqti, har bir buxgalteriya guruh yoki bo’limlarida bajariladigan ishlarning mazmuni, hajmi va vaqti, hisobotni tuzish, ko’rib chiqish va yuqori tashkilotlarga topshirish muddatlari ko’rsatiladi.
Hisob ishlarining bajarilish jadvalining umumiy bir ko’rinishi yo’q. Jadval korxona tashkilot, muassasa, firma, fermer va hokazolarning buxgalteriya ishlari hajmiga qarab bosh hisobchi tomonidan tasdiqlanadi.
Hisob siyosati - xo’jalik yurituvchi sub’ektlarda moliyaviy hisobotga tayyorgarlik va uni tuzishda foydalaniladigan tamoyillar, konventsiya, qoida va amaliy yondashuvlar summasi.
Hisob siyosatini tashkil qilishda amaldagi BXMSlari, “Buxgalteriya hisobi va hisoboti to’g’risida”gi qonun, nizom, ko’rsatma va yo’riqnomalarga amal kilinishi kerak.
Hisob-kitob hisobi - korxonalarning bankdagi hisobi bo’lib, pul mablag’larini sotish va naqd pulsiz hisob-kitoblar uchun mo’ljallangan. Har bir korxona o’zining hisob-kitob hisobvarag’iga ega bo’lishi lozim. Hisob-kitob hisobvarag’ini ochish uchun korxona quyidagi hujjatlarni bankka topshirishi lozim, ya’ni korxonaning hisob-kitob hisobvarag’ini ochish to’g’risidagi arizasi; pul va hisob-kitob hujjatlariga birinchi va ikkinchi bo’lib imzo chekish huquqidagi shaxslar imzosining nusxasi bo’lgan varaqa; yuqori tashkilotning korxona rahbari va bosh hisobchining tayinlanishi haqidagi ma’lumotnomasi (davlat korxonasi bo’lsa); korxona tuzilishini qonuniyligini tasdiqlovchi hujjatning nusxasi. Korxonaning hisob-kitob hisobvarag’iga ma’lum bir raqam belgilanadi va bu raqam bankka tushgan har bir hisob-kitob hujjatlarida: hisobvaraqlarda, to’lov talabnomalarida, to’lov topshiriqnomalarida, cheklarda va boshqalarda ko’rsatilgan bo’ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |