Bog'liq Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B
14.2-cizma. Sanoat korxonalari bosh byudjetining pog’onaviy tuzilmasi
Operatsion byudjetni tuzishda quyidagi byudjetlardan foydalaniladi:
1) ishlab chiqarish byudjeti;
2) tovar-moddiy zahiralar va asosiy vositalarni sotib olish byudjeti;
3) tayyor mahsulotlar zahiralari byudjeti;
4) davr xarajatlari byudjeti:
a) sotish xarajatlari byudjeti;
b) ma’muriy xarajatlar byudjeti.
Sotish xarajatlari byudjeti strategik rejalashtirish asosida xaridorlar imkoniyati va mahsulotlar hajmini e’tiborga olib vertikal hamda gorizontal tartibda tuziladi. Ko’pgina hollarda sotishlar hajmi mavjud ishlab chiqarish quvvati bilan belgilanadi.
Sotish xarajatlari byudjetini tuzish byudjetlashtirishning murakkab bosqichi hisoblanadi. Buning sabablari quyidagilardir:
a) mahsulot (ish va xizmat)larni sotishdan tushgan tushum korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlariga bog’liq emas;
b) bozorda nazorat qilib bo’lmaydigan hamda sotuv byudjetiga bevosita va bilvosita ta’sir qiladigan omillar juda ko’p.
Bu omillarga quyidagilar kiradi:
– raqobatchilarning faoliyati;
– milliy va jahon bozoridagi umumiy holat;
– xaridorlar va mol etkazib beruvchilarning moliyaviy barqarorligi;
– reklama va boshqa hamkorlik xizmatlarining samaradorligi;
– baho siyosati;
– mahsulotning rentabelligi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda sotish byudjetini tuzishda quyidagi ikki usuldan foydalaniladi:
– statistik prognoz (umumiqtisodiy sharoitlar, bozor kon’yunkturasi kabilarning grafikli matematik tahlili);
– ekspertlar bahosi (sotish bo’limi mutaxassislari va menejerlarning fikrlarini umumlashtirish asosida).
Sotishlarning rejalashtiriladigan hajmi belgilanganidan keyin ishlab chiqarish byudjeti, uning asosida tovar-moddiy zahiralari va asosiy vositalarni sotib olish, ma’muriy xarajatlar byudjetlari tuziladi.
Investitsiya byudjeti korxonaning byudjet davridati kapital xarajatlari va uzoq muddatli moliyaviy qo’yilmalari rejasi hisoblanadi. Ushbu byudjet turi joriy davrdagi ishlab chiqarish ehtiyojlari (asbob-uskunalar sotib olish va h.k.) hamda byudjet davridan chetga chiquvchi uzoq muddatli xarajatlar (kapital qurilish, korxonani modernizatsiya qilish va shu kabi)ni o’z ichiga oladi. Investitsiya byudjetida korxonaning byudjetlashtirish davridagi kapital qo’yilmalari va uzoq muddatli moliyaviy qo’yilmalari rejalashtiriladi.
Korxona bosh byudjetining muhim tarkibiy qismi moliyaviy byudjet hisoblanadi. Uning yordamida sotishlar hajmi va tannarxi, daromadlar va xarajatlarning nisbati, sof foyda, o’z mablag’laridan foydalanish, investitsiya qo’yilmalarining qoplanish muddati va boshqalar haqida to’liq axborot olinadi.
Moliyaviy byudjet amaliyotda "Pul mablag’lari harakati byudjeti" deb ham nomlanib, uning tarkibiga korxonaning byudjet davridagi pul mablag’larining kirimi va chiqimi, aylanma mablag’lar harakati byudjeti, shuningdek, taxminiy buxgalteriya balansi (korxonaning moliyaviy ahvoli to’g’risidagi hisobot) kiradi (14.1-jadval).
Jadval ma’lumotlaridagi hisobot davri oxiriga pul mablag’larining ijobiy qoldig’i 1740,0 ming so’mni tashkil etganligi korxonaning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishga imkoniyati mavjudligini ko’rsatadi.
Taxminiy buxgalteriya balansi korxona aktivlari va passivlarining hisobot davrigacha bo’lgan holatini aks ettiradi. Mazkur balans shaklini tuzish bilan bosh byudjetni tayyorlash jarayoni yakunlanadi. "Toshkentsut" aktsionerlik jamiyatining 2019 yil uchun byudjetlashtirilgan taxminiy balansi 9- ilovada keltirilgan.
Korxonalarda byudjetlarni tuzish o’tgan yillarning haqiqiy xarajatlari asosida amalga oshiriladi. Bunda rejaviy va haqiqiy ko’rsatkichlarni taqqoslashda aniqlangan chetlanishlar kelgusi davr uchun tuziladigan byudjetda inobatga olinadi. Byudjetlarni tayyorlashda quyidagi talablarga rioya qilinadi:
– ehtiyotkorlik va aniqlik tamoyillariga asoslanish;
– muvozanatlangan holda tuzish qoidasiga rioya qilish;
– moddiy, mehnat va pul birliklarida baholanish;
– byudjetni tuzishda javobgar qilib tayinlangan xodimning mas’uliyat bilan yondashishi talab qilinadi.