Buxgalteriya hisobining muhim vazifalaridan biri korxona xo’jalik faoliyati boshqaruvini ta’minlash maqsadida uning moliyaviy holati to’g’risida umumlashtirilgan ma’lumotlar berib borish hisoblanadi. Korxonalarda - ma’lum bir davrga hisob ko’rsatkichlarini umumlashtirish hisobot deb atalib, u korxona moliyaviy xo’jalik faoliyatining natijasi va ma’lum bir davrga reja ko’rsatkichlarining bajarilishi buxgalteriya, statistik va operativ–texnika hisobi ma’lumotlariga asoslanib tuziladi.
Hisobot kundalik hisob ma’lumotlarini hisoblash, guruhlash yo’li bilan tuziladi. Hisobot bir necha shakllarda tuziladi. Uning shakllarida hisobot davridagi faqat haqiqiy ma’lumotlargina emas, balki o’tgan davr ma’lumotlari ham ko’rsatiladi.
Hisobot shakllarida bunday ko’rsatkichlarning bo’lishi, korxona moliya-xo’jalik faoliyatini tashkil qilishda katta ahamiyatga ega. Hisobot ma’lumotlarini tahlil qilish asosida faqat u yoki bu korxonaning xo’jalik faoliyati natijasiga baho berilibgina qolmasdan, balki iqtisodiyotning ayrim tarmoqlari ish natijasiga ham baho berish mumkin. Hisobot ma’lumotlarini o’rganish korxonada mavjud bo’lgan ichki rezervlarni aniqlash va ularni ishga solish imkoniyatini ham beradi.
Hisobot ko’rsatkichlari kelgusi yillar rejalarini tuzish uchun asos bo’lib ham xizmat qiladi, chunki kelajak rejalarini tuzish uchun mavjud imkoniyatlarni bilish muhim ahamiyatga egadir, bunday ma’lumotlar hisobotda mavjud bo’lib, u yana joriy hisobotlarning tashkil qilinishiga ham o’z ijobiy ta’sirini ko’rsatadi.
Hisobotdan korxona rahbarlari, iqtisodiyotni boshqarishning barcha tashkilotlari va tashqi foydalanuvchilar (investorlar, hissadorlar) tomonidan to’g’ri foydalanilishi uchun u quyidagi asosiy talablarga javob berishi kerak:
1) korxona ishini aniq, to’g’ri va oddiy qilib aks ettirish;
2) o’z vaqtida tuzish va tegishli tashkilotlarga kechiktirmasdan toptirish;
3) hisobot ko’rsatkichlarining reja ko’rsatkichlariga moslashganligini aks ettirish va ularni taqqoslash.
Reja va hisob ma’lumotlari o’z iqtisodiy mazmuni va hajmiga ko’ra bir xil bo’lishi kerak. Bunday taqqoslilikni ta’minalash uchun quyidagi sharoitlar zarur:
a) o’tgan davr xronologik davrning mos kelishi hisobotda va hisob ma’lumotlari ma’lum bir davrni yoki ma’lum bir vaqtni aks ettirishi lozim;
b) o’tgan davr joriy davr ob’etlarining bir xil guruhlanishi;
c) o’tgan davr va joriy davr hisob guruhlarining bir xil usulda aniqlanishi. Bunday bir xillikni ta’minlash uchun maxsus yo’l-yo’riqlar ishlab chiqilgan. Masalan: shunday yo’l-yo’riqlardan biri chakana tovar aylanmani rejalashtirish, hisoblash, tovarlarni qiymatini kalkulyatsiya qilish;
d) bahoning bir xilligi.
4) o’tgan davr ko’rsatkichlari bilan hisobot davrdagilari bilan taqqoslash.
Hisob va hisobot ma’lumotlarini haqiqiysi bilan to’g’ri kelishini inventarizatsiya yo’li bilan tekshirib turiladi, bu esa ko’rsatkichlarni haqiqatdagisi bilan to’g’ri, aniq va ob’ektiv bo’lishini ta’minlaydi.
Moliyaviy hisobot jarayonini xalqaro amaliyotda 4 ta jarayonga bo’lish qabul qilingan.
Birinchi bosqichda barcha xo’jalik jarayonlari yoppasiga hujjatlashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda, hisob ma’lumotlari buxgalteriya hisobi hisobvaraqlarida (sintetik va analitik) hisob registrlarida guruhlangan holda aks ettiriladi.
Uchinchi bosqichda hisobot shakllari tashkil topadi.
To’rtinchi bosqichda korxona faoliyati hisobot ma’lumotlari asosida tahlil qilinadi va faoliyatga baho beriladi.
Ko’rsatilgan 4 bosqich, yagona tizim deb qaralishi lozim. Bu moliyaviy hisobotni xalqaro standartlari talabidir.