Bog'liq Guliston davlat universiteti b. A. Xasanov, A. A. Xashimov, A. B
Hisob siyosati. Sub’ektning hisob siyosati yuqorida keltirilgan tamoyillar asosida belgilanishi lozim. Hisob siyosati xo’jalik yurituvchi sub’ekt moliyaviy hisobotni tayyorlash va tuzish uchun foydalanadigan maxsus tamoyillarni, konventsiyalarni, tartib va amaliy yondashuvlarni ifodalaydi.
Hisob siyosati moliyaviy hisobot barcha maqbul BHMSlarni qo’llanish asosida tuziladigan tarzda tashkil etilishi kerak. Maxsus talablar bo’lmagan taqdirda moliyaviy hisobot:
a) foydalanuvchilar ehtiyoji uchun ahamiyatli;
b) shu jihatdan ishonchli bo’lishi kerak:
- sub’ekt faoliyati va moliyaviy holatining barcha natijalarini xolisona ko’rsatishi;
- faqat yuridik shakldan iborat bo’lmay, voqealar va operatsiyalarning iqtisodiy mohiyatini aks ettirishi;
- xolis (beg’araz) bo’lishi va majburiy bo’lmasligi;
- xolislikka zarar etkazmagan holda ehtiyotkor bo’lishi;
- barcha muhim jihatlari to’la (tugallangan) bo’lishi, ya’ni sub’ekt xo’jalik faoliyatining barcha faktlarini to’la aks ettirishi lozim;
c) faoliyati o’xshash boshqa sub’ektlar moliyaviy hisoboti bilan taqqoslanadigan;
d) tushunarli bo’lishi kerak.
Sub’ektning aniq bir yo’nalish (masala) bo’yicha hisob siyosatini shakllantirishda, buxgalteriya hisobini tashkil etish, yuritish va hisobot tuzish chog’ida O’zbekiston Respublikasining buxgalteriya hisobiga oid qonunlariga amal qilish kerak.
Maxsus BHMSlar yo’q bo’lsa, sub’ekt rahbari xo’jalik yurituvchi sub’ektning moliyaviy hisobotidan foydalanuvchilarga eng foydali axborot beradigan hisob siyosatini ishlab chiqish chog’ida o’z qarorlaridan foydalanishga haqlidir.
O’z qarorlaridan foydalanish jarayonida rahbar quyidagilarni ko’rib chiqadi:
- bunday masalalar xususida BHMSning talablari va qo’llanmalarini;
- O’zR Moliya vazirligi tomonidan e’lon qilingan har qanday boshqa axborotni;
- aktivlar, majburiyatlar, daromadlar va xarajatlar uchun aks ettirish va o’lchashning O’zR Moliya vazirligi tomonidan belgilab qo’yilgan mezonlarini;
- sarmoyalarning asosiy jahon moliya bozorlari qabul qilgan tarmoq ish tajribasini.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektning hisob siyosati xo’jalik yurituvchi sub’ekt rahbarining tegishli tashkiliy-farmoyish hujjatlari (buyruq, farmoyish va boshqalar) bilan rasmiylashtirilishi kerak.
Hisob siyosatini shakllantirish chog’ida sub’ekt tanlab olgan buxgalteriya hisobini yuritish usullari tegishli tashkiliy-farmoyish hujjati chiqarilgan yildan keyingi yilning 1 yanvaridan boshlab qo’llaniladi, hisobot yili davomida yangi tashkil etilgan xo’jalik yurituvchi sub’ektlar bundan mustasnodir.
Ayni paytda bu usullar xo’jalik yurituvchi sub’ektning barcha tarkibiy bo’linmalarida (jumladan, alohida balansga ajratilgan bo’linmalarida) ularning qaerda joylashganidan qat’i nazar qo’llaniladi.
Yangi tashkil etilgan xo’jalik yurituvchi sub’ekt tanlab olgan hisob siyosatini ushbu bandga muvofiq moliyaviy hisobot birinchi marta e’lon qilingunga qadar, lekin davlat ro’yxatidan o’tib yuridik shaxs huquqini olgan kundan boshlab 90 kundan kechiktirmay rasmiylashtiradi. Sub’ekt tanlab olgan hisob siyosati yuridik shaxs huquqini olgan (davlat ro’yxatidan o’tgan) kundan boshlab qo’llanish mumkin bo’lgan siyosat hisoblanadi.
Hisob siyosati taqvimiy yil davomida o’zgarmaydi.
Xo’jalik yurituvchi sub’ektning hisob siyosatini quyidagi hollarda o’zgartirishga yo’l qo’yiladi:
- sub’ekt qayta tashkil etilganda (qo’shilganda, ajralib chiqqanda, birlashganda);
- mulk egalari almashganda;
- O’zR qonunlarida yoki O’zRda buxgalteriya hisobini tartibga soluvchi me’yoriy tizimda o’zgarishlar bo’lganda;
- buxgalteriya hisobining yangi usullari ishlab chiqilganda.
Hisob siyosatining o’zgartirilishi asoslab berilishi va ko’zda tutilgan tartibda rasmiylashtirilishi kerak.
Hisob siyosatida O’zR qonunlaridagi o’zgarishlar bilan bog’liq bo’lmagan o’zgarishlarning oqibatlari sub’ektning buxgalteriya hisobini yuritishning o’zgartirilgan usullari qo’llanila boshlagan vaqtdagi (oyning birinchi kunida) tekshirilgan ma’lumotlar asosida qiymat jihatidan baholanishi kerak.
Buxgalteriya hisobi chuqur nazariya, me’yoriy-huquqiy baza, puxta uslubiy ta’minot bilan birga axloqiy jihatlariga (buxgalterlik etikasi) ham asoslanadi. Shu bois, xalqaro amaliyotda «professional buxgalterlarning axloq kodeksi» amal qiladi. Buxgalterlar o’z faoliyatida ushbu kodeks normalariga rioya qilishlari lozim.
Professional buxgalter quyidagi fundamentaltamoyillargarioya qilishi kerak: a) intizomlilik;
b) haqqoniylik;
v) kasbiy kompetentlik va zaruriy sinchkovlik;
g) maxfiylik;
d) kasbiy xulq-atvor.