^ 1.3. Gruntlarning qattiq zarrachalari
va donadorlik tarkibi
Gruntning qattiq qismi mineral zarrachalar majmuidan iborat bo’lib, yemirilgan tog’ jinslarida ularning o’lchamlari bir necha santimetrdan millimetrning mingdan bir ulushigacha o’zgarishi mumkin.
Yirik bo’lakli zarrachalar odatda ko’p mineralli bo’ladi. Magmatik tog’ jinslarining asosini kvarts, dala shpati, avgit, slyuda, talk, xlorit singari birlamchi minerallar tashkil etadi. Metamorfik tog’ jinslarning tarkibi birlamchi minerallardan tashqari ikkilamchi minerallardan ham iborat bo’ladi. Cho’kindi tog’ jinslarining tarkibida barcha keng tarqalgan birlamchi (kvarts, dala shpati, slyuda va boshqalar) va ikkilamchi (kaltsit, gips, angidrit, dolomit, gilli minerallar va h.k.) minerallar mavjud bo’lishi mumkin.
Qum, chang va gil zarrachalari monomineral tuzilishga ega, ya‘ni ularning tarkibi qandaydir bir mineraldan iborat bo’ladi. Gil zarrrachalari qum va chang tarkibidagi birlamchi mineralning kimyoviy yemirilishidan hosil bo’lgan ikkilamchi mineraldan tashkil topadi. Shuning uchun ham ular namlanganda ko’pchib, quritilganda qotish xususiyatiga ega. Illit (gidroslyuda ), kaolinit va montmorillonit gil zarrachalari minerallarining asosiy vakillari hisoblanadi.
Gruntlarning xossalari qattiq zarrachalarining mineralogik tarkibidan tashqari har xil yiriklikdagi zarrachalarning nisbiy miqdoriga, ya‘ni donadorlik tarkibiga ham ko’p jihatdan bog’liqdir. Gruntning turi va nomlanishi ko’pincha donadorlik tarkibi natijalariga asoslanib o’rnatiladi.
Donadorlik tarkibini baholashning ko’plab usullari mavjud bo’lib, amaliyotda asosan gidravlik va elash usullari qo’llaniladi. Gidravlik usullar turli yiriklikdagi (massadagi ) zarrachalarning suyuqlikda (masalan, suvda) har xil tezliklar bilan cho’kish qonuniyatiga (Stoks qonuniga ) asoslangan bo’lib, ular yordamida o’lchamlari 0,1 mm dan kichik zarrachalarni saralash mumkin. Yirik zarrachalarning tarkibi elash usulida o’rganiladi. Bunda ko’zlarining o’lchamlari ( di ) 0,1; 0,25; 0,5; 1,0; 2,0; 5,0 va 10,0 mm bo’lgan standart elaklar to’plamidan foydalaniladi.
Ma‘lumki, gilli gruntlarning donadorlik tarkibini gidravlik usullar bilan aniqlash ko’p vaqt va mehnat talab qiladi. Shu sababli, gil zarrachalarining salmog’i va grunt turini bilvosita gruntning plastiklik soni (Ip) bo’yicha ham o’rnatish mumkin (2-bo’limga qarang).
Sochiluvchan gruntlarning donadorlik tarkibini elash usuli bo’yicha o’rganishda har bir elakdagi xususiy ( nisbiy ) qoldiq quyidagi ifoda bo’yicha aniqlanadi:
Хi = mi 100% / mi , (1.1)
Do'stlaringiz bilan baham: |