Kasallikning g‘o‘za hosiliga ta’siri. Dunyoning barcha mamlakatlarida kasallikka chidamli navlar yaratilib amaliyotda qo‘llanilgunga qadar fuzarioz so‘lish kasalligi g‘o‘zaning ingichka tolali navlarida hosildorlikni keskin kamaytiruvchi asosiy faktorlardan biri bo‘lgani ma’lum (Solovyeva, 1954; Kapellman, Smith, 1981). Fuzarioz so‘lishi tufayli Hindistonda umumiy paxta hosili 40-60 foizga yo‘qotilgan (Shver, 1964). Kasallik katta talofat yetkazadigan mintaqalar AQShning janubiy-sharqiy shtatlari, Misrda Nil daryosi vohasi, Tanzaniyada Viktoriya ko‘lining janubiy-sharqiy qirg‘oqlari va Xitoy Xalq Respublikasini o‘z ichiga oladi (Kapellman, Smith, 1981). Tojikistonda katta maydonlarda kasallik kuchli rivojlanganida 100 foiz nihol nobud bo‘lgan. Kamroq zararlangan dalalarda ko‘saklar soni 38-73 foizga, og‘irligi esa 20-50 foizga kamaygan. Hatto chidamli navlar ekilganda ham fuzarioz so‘lish tufayli 10 foizgacha nihollar yo‘qotilgan (Solovyeva, 1954). Fuzarioz so‘lish Turkmanistonda 1968-1972 yillari ingichka tolali g‘o‘za ekilgan maydonlarning 60 foizida tarqalgan va katga iqtisodiy zarar yetkazgan (Sidorova, Popov, 1973).
O‘zbekistonda fuzarioz so‘lish Surxondaryo (va Qashqadaryo) viloyatida ingichka tolali g‘o‘zada keng tarqalgan. Kuchli zararlangan manbalarda 80-85 foizgacha nihollar nobud bo‘lishi kuzatilgan. G‘o‘za eqiladigan umumiy maydonning 85 foizi fuzarioz so‘lish qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan Surxondaryo viloyatida 1960-1978 yillar orasida 7 mavsumda (1960-63, 1966, 1968, 1970) kasallik kuchayishi kuzatilgan (Karimov, 1976; Mirpo‘latova va b.q., 1980).
Keyingi yillari fuzarioz so‘lish Markaziy Osiyo mamlakatlarida nafaqat ingichka tolali, balki o‘rta tolali g‘o‘zani, jumladan Toshkent-1, 2 va 3, 108-F, 175-F, Uychi-2, AN-405, Andijon-2 va boshqa navlarni ham zararlashi kuzatilmoqda (Stepanova, 1971; Karimov, 1976; Akmurodov, 1979; Mahmudov, 1981; Mirpo‘latova va b.q., 1981; Matveyev. 1984; Saparov, 1984; Alimuhamedov, 1989; Karimov. 1989; Kravsova, 1989, Haydarov, 1989, Ishmuhamedova, 1989). Andijon viloyatining bir qator tumanlarida (Marhamat, Andijon, Izbosgan, Qo‘rg‘ontepa) 1978 va keyingi yillarda g‘o‘za o‘sish davrining ertagi fazalarida o‘rta tolali navlarning fuzarioz so‘lish bilan kuchli zararlanishi aniqlangan. Bu fazalarda vertitsillyoz vilt ekinlarda kuzatilmagan, u faqat avgust oyida kasal o‘simliklarning 20 foizida qayd etilgan, qolgan 20 foizi fuzarioz ekanligi tahlillarda isbotlangan. Eng katta zarar nihollar fazasida yuz bergan, ba’zi dalalarda ularning ko‘pchiligi nobud bo‘lgan. Qayta ekishlar samara bermagan, chunki yangidan unib chiqqan nihollar ham nobud bo‘lavergan (Matveyev, 1984; Ishmuhamedova, 1989). Xuddi shunday ahvol Toshkent viloyati tumanlari dalalarida xam kuzatilmoqda (Karimov, 1989; Kravsova, 1989).
Shuni xulosa qilib aytish mumkinki, fuzarioz so‘lish kasalligi o‘zining har xil ko‘rinishlarida (urug‘barg va nihollar chirishi, yetilgan o‘simliklar so‘lishi) o‘rta tolali g‘o‘za navlarida ham o‘z arealini kengaytirishi va ekinlarni keng miqyosda zararlashi, ba’zi joylarda vertitsillyoz viltga nisbatan ko‘proq tarqalishi va katta ziyon keltirishi kuzatilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |