GLOSSARIY
Tuzuvchi: Tarix fanlari bo’yicha falsafa doktori U.Narzullayev
Sivilizatsiya - (lot. «civilis» - fuqaro jamiyati, harbiylarsiz va cherkovsiz hayot) - jamiyat erishgan moddiy va ma’naviy taraqqiyot darajasi. Faqat insonga xos sun’iy olamni moddiy va ma’naviy jihatdan takomillashuvidagi muvaffaqiyatlari ko‘rsatkichi. Insoniyat jamiyatining hayvonot olamidan asosiy farqi shundan iboratki, inson o‘z mehnat faoliyati, aql va zakovati bilan yaratgan sun’iy dunyoda yashaydi. Tabiatda uy-joy, non, mashina, kitob va shu kabi moddiy va ma’naviy ne’matlar tayyor holda uchramaydi, ularni tabiat yaratmaydi. Ularni odam o‘z mehnati va aql-zakovati bilan vujudga keltiradi. Jamiyatning taraqqiyot darajasi ana shu sun’iy narsalarning soni va sifati bilan belgilanadi. Tarix fani shu ma’noda sivilizatsiya-tarixiy taraqqiyotni o‘rganuvchi fandir.
Insoniyat tarixi doimo bir tekisda rivojlanmagan. Tarixda yuz bergan davriy madaniy yuksakliklar sivilizatsiyalar tarixini tashkil etgan.
Antropogenez - (yunoncha «antropos» - odam, «genezis» - rivojlanish) - odamning kelib chiqishi va rivojlanishi jarayoni. Bu jarayon to‘g‘risida turli fikrlar mavjud. Darvin, Geksli va Gegel inson oliy darajada taraqqiy etgan odamsimon maymunlardan kelib chiqqan deydilar. Zamonaviy fan antropogenez jarayonining ijtimoiy mehnat nazariyasini tasdiqlamoqda. Insonning paydo bo‘lishi va rivojlanishi jarayoni (antropogenez) bir necha bosqichlarga bo‘linadi. Antropogenez jarayonining birinchi bosqichi Avtralopitek va Zinjantrop odamlar yashagan davr hisoblanib, bu ibtidoiy odam turlari taxminan 3-2 mln. yil ilgari yashagan. Odam taraqqiyotining ikkinchi bosqichi Pitekantrop va Sinantroplardir. Ular bundan 1 mln.-800 ming yil ilgari yashaganlar.
Avstralopitek, Zinjantrop, Pitekantrop, Sinantrop odamlari fanda arxantroplar (eng qadimgi odamlar) deb yuritiladi. Arxantroplarga mansub odam izlari O‘zbekiston (Sulung‘ur g‘ori) dan ham topilgan bo‘lib, fanda u Fergantrop (Farg‘ona odami) deb aytiladi. Antropogenez jarayonining uchinchi bosqichi Neandertal odamlariga to‘g‘ri kelib, ular bundan 100-40 ming yil muqaddam yashashgan. Fanda bu odam turi paleoanroplar (qadimgi odamlar) deb nomlanadi. Neandertallar ibtidoiy odam shakllanishi jarayonining so‘nggi bosqichi bo‘lib ulardan keyin 40-35 ming yillikka kelib zamonaviy qiyofadagi Kromanon odamlari (Neontroplar) shakllangan.
Evolyusiya (lot. «evalutio» - ochilish, yozilish, takomillashish) - tadrijiy rivojlanish degan ma’noni anglatib, tabiat, jamiyat va ruxiy-ma’naviy rivojlanish konsepsiyalarini umumlashtirib ifoda etishga xizmat qiluvchi tushuncha. Evolyusiya tushunchasi keng ma’noda rivojlanish tushunchasining sinonimi sifatida ishlatiladi.
Ibtidoiy to‘da - eng qadimgi odamlarning o‘lkan jamoasi bo‘lib, insoniyat taraqqiyotining birinchi bosqichida odamlar to‘da tarzida hayot kechirganlar. Ibtidoiy to‘da davri odam paydo bo‘lganidan to urug‘chilik jamoasiga qadar, ya’ni 40-35 ming yillikkacha davom etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |