Maktabgacha tarbiya
Amerika boy mamlakat. Lekin bu mamlakatda bolalar uch yoshga to’lgunga qadar onalarga turli moddiy imtiyozlar berish ko’zda tutilmagan.
Farzandlarga qarab uyda o’tiradimi yoki enaga yollab ishga tushadimi, bu onalarning ishi. O’zbekistondagi kabi keng va shinam, ikki qavatli, o’ynaydigan, uxlaydigan, ovqatlanadigan alohida xonalari bo’lgan bog’cha va yaslilar Amerikada odat tusiga kirgan emas. Enaga yollash oila uchun haftasiga 200 dollardan kamga tushmaydi. Bu mamlakatda 30 - 40 bolaga mo’ljallangan xususiy va davlat tasarrufidagi bog’chalar mavjud. Ular enaga yollashdan bir oz arzonroqqa tushadi. Lekin har ikki holda ham, uydan olib borgan ovqatni eedirishadi, krovatchalar, ko’rpa-to’shak, yostiqchalarni ota - onalarning o’zlari olib borishadi. Amerikada bizdagidek taomnomalar, o’quv dasturlari yo’q. Bolalar yozda atrofdagi ko’kalamzorlarda o’ynab dam olaishdi.
Makatabgacha ta’lim muassasasida bolalar yoshlariga qarab turli guruhlarda tarbiyalanadi, ularga tarbiyachi - mutaxassis qaraydi, ular ovqatni tayyorlab beradi, turli qo’shiqlar, she’rlar o’rgatadi, quvnoq o’yinlar uyushtiradi. Ammo har kim o’z uslubiga muvofiq ishlaydi, umumiy qoidalar, o’quv dasturlari joriy qilinmagan.
Lekin bolalar uchun haqiqiy ta’lim-tarbiya jarayoni ular 5 yoshga to’lganlaridan keyin boshlanadi. Ana shu yoshda ular ”Kinder garden” deb ataluvchi tayyorlov bog’chalariga jalb etiladi. Ular hukumat tasarrufida bo’lib, bog’chalar yoki maktablar tarkibida tashkil etiladi. Bolalarni maxsus ”maktab avtobusida” uyga olib keladilar va maktabga olib boradilar. Bunday avtobuslar yo’l-transport hodisalaridan to’la muhofaza etilgan: sariq rangga bo’yalgan, uning signallariga barcha transport vositalari itoat etishga majbur. Maktab avtobuslarini boshqa transport vositalari quvib o’tishi mumkin emas, tartibni buzganlar qattiq jazolanadi.
Ko’chalarda, maktabga ketayotganda yoki qaytayotganda alanglab yurgan, o’ynab, futbol tepib yurgan bekorchi bolani uchratish amrimahol. Bolalarni maktabda ham, uyda ham shaxsiga tegilmaydi, do’pposlashmaydi, u erkin o’smog’i kerak. Agar biror bola ”meni urdi” deb ota - onasidan shikoyat qilsa, ma’lum muddatga ana shu ota - onalar ayrim hollarda ota - onalik huquqidan mahrum qilinadilar. Maktabga bolalar o’zlari xohlagan kiyimda boradilar. 5 yoshli bolalarni maktabga tayyorlash ota - onalarning, bog’cha va maktabning, ommaviy axborot vositalarining ishi.
AQSH televideniyasining alohida kanalida “Sezam ko’chasi” deb nomlanuvchi ko’rsatuvlar dasturi mavjud, u o’quvchilarga ingliz tili, alifbo, arifmetik amallarni bajarish, sanash, o’qish, koinot, tabiat, geografiya, tarix bo’yicha bilimlarni o’ta qiziqarli tarzda singdirishga harakat qiladi.
Amerika ko’p millatli mamlakat. Lekin har bir millat o’z farzandiga milliy urf-odatlarini, tilini o’rgatishga jiddiy ahamiyat beradi. Ko’pincha bu vazifani katta avlod amalga oshiradi.
O’zbeklar ham o’z ona tilini, urf - odatlarini, dinini o’z farzandlariga singdirishga astoydil intilishadi. O’zbek bolalari ham Markaziy Osiyoda o’z mamlakatlari borligini biladilar, g’oyibona intiladilar, u haqda ko’p narsalarni ko’rish, eshitish, o’qishni istaydilar. O’zbekistonga kelish har bir amerikalik o’zbeklarning muqaddas orzusidir.
Besh yoshli bolalar bilan olib boriladigan mashg’ulotlarning asosini ularni maktabga tayyorlash tashkil etadi. Olti yoshlilar bog’cha guruhlarida bo’lsalarda, lekin bu guruhlardagi ta’lim boshlang’ich sinfdagi ta’limga yaqin turib, amalda uning dastlabki bosqichi hisoblanadi. Maktabgacha tarbiya muassasalarining ta’lim dasturi ko’p jihatdan ota - onalar bilan hamkorlikda ish olib borishga mo’ljallangan, u pirovard natijada bolalarni boshlang’ich maktablarga puxta tayyorlab berishga xizmat qilishi kerak. Shuningdek, maktabgacha tarbiya muassasalari bolalarning aqliy va jismoniy rivojlanishi, umuminsoniy fazilatlarni o’zlashtirishi, bolalar jamoasi ichida o’zini tutish, samimiylik, mehnatsevarlik, foydali xatti-harakatlarning ilk shakllanishiga erishmoqlarini, tozalik, ozodalik va pokizalikka o’rganishlarini ta’minlab berishi lozim. Yuqorida aytganimizdek, maktabgacha tarbiya muassasalarining xususiylari ham bor. Lekin u Yaponiyadagidek rivojlangan emas. Amerikada xususiy bog’chalar davlat dasturiga kiritilgan.
Amerikada o’quvchilarning o’z fikrini so’zda mukammal, aniq ifodalab bera olishiga, o’zligini anglash, o’zining qadr-qimmatini e’zozlash, shaxsiy qobiliyatini ro’yobga chiqarish tuyg’ularini tarbiyalashga katta e’tibor beriladi. Bolalarda ana shu his - tuyg’ularini shakllantira borish ilk yoshdanoq boshlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |