Yangicha yondashuvlar va istiqbol yoʻli
JST — global platforma, undan mamlakat yaxshi foyda koʻradi. Oʻzbekistonning JSTga aʼzo boʻlishdagi -imkoniyatlarini qisqacha baholasak, bular — keyingi yillarda jiddiy islohotlarni boshidan kechirgan turizmning rivojlanishi, integratsiyalashuv imkoniyatlari ortishi, notarif cheklovlarning kamayishi, iqtisodiyotda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar ulushining oshishi, davlat monopoliyasining qisqarishida koʻzga tashlanadi. Lekin bu masalaning tashqi tarafi, shakli, xolos. Bizningcha, asosiy masala ichki tashkiliy-tuzilmaviy va texnologik tarafida — mazmunida boʻlib qolgan.
Xulosa shuki, Oʻzbekistonning xalqaro tashkilot vakillari bilan muzokaralari 2-3 yilga choʻzilishi ehtimoli mavjud. JSTga aʼzolik masalasi oson hal boʻlmaydi, oldinda juda murakkab bosqichlar turibdi.
Bir maqolada masalaning barcha jihatlarini batafsil yoritishning imkoni yoʻq. Mavzu va muammolar koʻlami shu qadar kengki, ularning birortasini koʻzdan qochirish yangi muammoni keltirib chiqarishi mumkin. Misol uchun, togʻ-kon, neft-gaz sanoati, energetika, temir yoʻl, havo yoʻllari sohalarida xususiylashtirish hali oxiriga yetkazilmaganligi jiddiy muhokama qilinishi lozim.
Eng muhim jihat shundaki, Oʻzbekiston, birinchi navbatda, oʻzining ichki iqtisodiy-ijtimoiy muammolarini hal qilishi kerak. Geoiqtisodiyot bilan ham jiddiy shugʻullanishga toʻgʻri keladi. Bir vaqtning oʻzida ikki tashkilot kuzatuvchisi sifatida ham JST, ham YEOII bilan hamkorlik qilinayotganligi rahbariyat oldida oʻta murakkab vazifalarning oqilona yechimini topishni koʻndalang qoʻyadi. Ushbu dolzarb masalalarning ijobiy yechimiga erishish uchun Oʻzbekistonning milliy taraqqiyot yoʻli va yuksak farovonlikka erishishiga xizmat qiladigan yangicha yondashuv hamda qarashlar belgilab olinadi, deb ishonamiz.
JSTga aʼzolik, avvalo, monopolist boshqaruvga barham beradi va erkin raqobat muhitini yaratadi.
Bunday dadil qadam esa yurtimiz istiqboli uchun, shubhasiz, muhim rol oʻynaydi.
XULOSA
Xalqaro savdoni liberallashtirish, savdo bitimlarining odilligini taʼminlash, iqtisodiy oʻsish va xalq farovonligini oshirish JSTning asosiy funksiyalari sirasiga kiradi. JST unga aʼzo boʻlgan mamlakatlardan ichki bozorni erkinlashtirishni qatʼiy talab qiladi. Ushbu vazifani bajarish esa unchalik oson kechmaydi. Sababi arzon va sifatli mahsulotlar ishlab chiqaruvchi chet el korxonalariga raqobat qila olmagan milliy korxonalar tanazzulga uchrashi ayni haqiqatdir.
Shunday ekan, Oʻzbekiston uchun kutiladigan natija nima boʻladi? Albatta, har bir ishning samaradorligi oʻsha -davlat, muhitdagi yaratilgan sharoitlar va tayyorgarlik darajasiga chambarchas bogʻliq kechadi. Buning uchun:
— iqtisodiyotni erkinlashtirish va sanoat tarmoqlari baravar rivojlanishini tartibga solish;
— narx-navoni tartibga solish va maqbul soliq tizimini vujudga keltirish;
— alohida sektorlar va ishlab chiqarishda subsidiyalarni saqlash;
— tovarlarni standartlash va sertifikatsiya qilish tizimini tartibga solish;
— xorij sarmoyalari jozibadorligini oshirish;
— import va eksport boj toʻlovlari tarifini tartibga solish talab qilinadi.
Har bir davlatning bu tashkilotga aʼzo boʻlish jarayoni oʻrtacha 8 — 10, baʼzi davlatlar uchun esa 10 — 15 yilni tashkil etadi. Oʻzbekiston 1995-yilda ariza topshirgan boʻlishiga qaramasdan, faqat 2017-yildan boshlab, ijobiy siljish kuzatilyapti. Lekin ustuvor sohalarning boshqaruvi 30 yildirki, monopolistlarning qoʻlida turibdi. Masalan, transport sohasida yagona aviakompaniya, temir yoʻl kompaniyasi xohlagan narxini oʻrnatadi, jamiyat, -davlatchilik ular bilan samarali kurasha olmaydi. Bundan Oʻzbekiston iqtisodiyoti koʻp yildirki, aziyat chekmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |