topadigan motivlari; – himoyalanganlik – tuzilmada himoya, ta’minot bloklarining, ruhiy ta’sir va jismoniy zo‘rlik apparatining mavjudligi.
Ishtirokchilikning uyushgan shakllariga uyushgan guruh va jinoiy uyushmalar kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 29-moddasining 4-qismida «uyushgan guruh» tushunchasi ko‘rsatilgan bo‘lib, unda «ikki yoki undan ortiq shaxsning birgalikda jinoiy faoliyat olib borish uchun oldindan bir guruhga birlashishi uyushgan guruh deb topiladi», deyilgan. Bu bilan qonun «jinoiy faoliyat» uyushgan guruhning zaruriy belgisi ekanligini ko‘rsatmoqda. Biroq, Jinoyat kodeksida «jinoiy faoliyat»ga ta’rif berilmagan. Xo‘sh, unda «faoliyat» so‘zining o‘zi nimani anglatadi?
Faoliyat – insonning turmush kechirish usuli. Bu tushuncha inson ongli ravishda ishtirok etadigan, maqsadga yo‘naltirilgan jarayonni bildiradi. Faoliyat odam ehtiyojini qondirish vositasi sifatida vujudga keladi. Lekin bu faqat vosita va sharoitdangina iborat bo‘lmaydi, balki turmushning shakli va usuli hisoblanadi. Faoliyatda insonning o‘zi shakllanadi, uning qobiliyati rivojlanadi. Inson faoliyatining boshlang‘ich shakli – mehnat, moddiy amaliyot hisoblanadi. Mehnat faoliyati jismoniy mehnat va tafakkurdan iborat bo‘lib, bir-birini o‘zaro taqozo etadi. Maqsad, predmet, vosita va natija faoliyatning zaruriy jihatlaridir.
«Faoliyat» tushunchasining mazmunidan ko‘rinib turibdiki, u insonning turmush tarzini anglatadi. «Faoliyat» tushunchasini jinoiy faoliyat bilan taqqoslab shuni aytish mumkinki, jinoiy faoliyat bir necha ijtimoiy xavfli qilmishlarni doimiy sodir etishda yoki jinoyat sodir etishni «kasb» qilib olishda namoyon bo‘ladi.
Uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishi muammosiga ko‘pgina olimlar tushuncha berishga harakat qilgan, ammo ularning mulohazalari turlicha bo‘lib, hanuzgacha yagona fikr mavjud emas. Jumladan, A.I.Gurov «jinoiy faoliyat jinoyatchilarning asosiy yoki qo‘shimcha foyda olish manbai», deb yozadi.
Huquqshunos olimlar A.S.Yakubov va R.Kabulov quyidagi belgilarni ajratishgan va ularning yig‘indisi guruhni uyushgan deb hisoblash uchun jinoiy-huquqiy asos bo‘lishini ta’kidlashgan:
- oldindan til biriktirish;
- jinoiy faoliyat bilan hamkorlikda shug‘ullanish uchun birlashish;
- uyushganlik.
Yuqorida keltirilganlar olimlar bergan ta’rif bu borada masalaning mohiyatini aniqroq ifodalaydi. Ya’ni, «jinoiy faoliyat – ayrim jinoyat tarkiblari yig‘indisidan iborat yagona tizimni vujudga keltiruvchi, tashkillashgan bir necha qilmishlardan iborat», deyilgan. Bu ta’rif qisqa bo‘lishiga qaramay, bir necha jinoyatlarni sodir etish faqat yagona tizim shaklida jinoiy faoliyatni tashkil etishini anglatadi. Ammo bu ta’rifda bir necha jinoyat tarkiblari haqida so‘z yuritilgan. Umuman olganda, jinoiy guruhlar jinoyat sodir etish uchun tashkil etilgan, deb aytish mumkin.
Jinoiy guruhlarning shakllanganlik darajasiga qarab quyidagi turlarga ajratish maqsadga muvofiqdir: jinoiy jamoa, jinoiy korporatsiya, guruh assotsiatsiyasi, amorf (diffuz) guruhlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |