Lizosomalar. Differensial sentrifugalash metodi bilan mitoxondriya va mikrosomalar orasida alohida zarrachalar va ularning to`plamlari tafovut qilinadi. Bu zarrachalar - belgiyalik bioximik De Dyuv tomonidan ochilgan bo`lib lizosoma (yunon. lysis - eritish, soma - tana) deb ataladi. Ular kislotali sharoitda ta’sir etuvchi gidrolitik fermentlarga boy. Lizosomalar sut emizuvchilarda, qushlar, amfibiylarda va boshqa hayvon va odam organizmi hujayralarida topilgan.
Elektron mikroskop ostida zarrachalar kattaligi o`rtacha - 0,4 mkm bo`lib, dumaloq shaklga ega. Bu tanachalar bir konturli, qalinligi 8 nm keladigan qobiq bilan o`ralgan. Lizosomalar moddasi turli xil tabiatli bo`lib, ko`pincha, qoramtir ko`rinishga ega. Lizosomalar qobig`i buzilganda gidrolitik fermentlar ajraladi. Lizosomalarda hozirgi davrgacha 40 dan ortiq ferment (kislotali fosfataza, kislotali ribonukleaza, arilsulfataza, beta-glyukuronidaza, beta-galaktozidaza, katepsin va boshqalar) aniqlangan. Lekin lizosomalarda lipidlarni (xususan, fosfolipidni) erituvchi fermentlar bo`lmaydi. Shuning uchun lizosomalarda parchalangan moddalardan (fosfolipidlardan) tashkil topgan miyelinsimon struktura qoladi.
Lizosomalarning asosiy fiziologik faoliyati uning hujayra ichida moddalarni hazm qilishdagi rolidir. Bu xulosa fagotsitoz qiluvchi hujayralarda lizosomalarning ko`p bo`lishi bilan tasdiqlanadi. Birlamchi va ikkilamchi lizosomalar farqlanadi.
Birlamchi lizosomalarga Golji kompleksi atrofida joylashuvchi va kislotali gidrolizlarga mo`l mayda vezikulalar (yig`uvchi granula) kiradi. Birlamchi lizosomalar ichida hali hech qanday parchalanayotgan moddalar yo`q.
Ikkilamchi lizosomalar fagotsitoz va pinotsitoz jarayonida hujayraga tushgan moddalarning birlamchi lizosomalar bilan birlashuvi natijasida hosil bo`luvchi lizosomalardir
Ikkilamchi lizosomalarning ikki turi farqlanadi: a) fagolizosomalar yoki geterofagosomalar. Bu lizosomalar fagotsitoz jarayonida hujayraga tushgan moddalarni birlamchi lizosomalar bilan qo`shilishidan hosil bo`ladi; b) autofagosomalar birlamchi lizosomalarni nobud bo`layotgan mitoxondriya, ribosoma, endoplazmatik to`r komponentlarini va ba’zi boshqa tuzilmalarni qamrab olishi hisobiga hosil bo`ladi.
Qoldiq tanachalar yoki telolizosomalar. Gidrolitik parchalanish natijasida ba’zi moddalar oxirigacha parchalanmaydi va lizosoma ichida parchalanmagan moddalar yig`iladi. Bu lizosomalarni qoldiq tanacha deb yuritiladi. Qoldiq tanachalar qavatli tuzilmalarni hosil qilishi mumkin. Ba’zan qoldiq tanacha ichida pigmentlar yig`ilishi mumkin. Qari odamlarda miya nerv hujayralarida, jigarda va mushak to`qimalarida qarilik pigmenti «lipofustsin» to`planadi.
Lizosomalarning hosil bo`lishi Golji kompleksi bilan bog`liq. Birlamchi lizosomalar mayda pufakchalar yoki zich tanalar shaklida Golji sisternalari atrofida joylashadi. Kislotali fosfatazaning Golji kompleksida bo`lishi lizosomalarning hosil bo`lishida Golji kompleksining roli borligini ko`rsatadi. Lizosoma fermentlari esa endoplazmatik to`rda sintez bo`ladi. Lizosomalar takomilining boshqa manbai plazmatik membrana xisoblanadi. Bu membranadan pinotsitoz va hazm vakuolalari hosil bo`ladi. Ana shu vakuolalar, birlamchi lizosomalar bilan birlashadi. Bu holatni hujayraga har xil yot moddalar - xren peroksidazasi, kolloid oltin va boshqa moddalar kiritilib tekshirilgan eksperimentlarda ko`rish mumkin.
Har xil patologik jarayonlarda lizosoma fermentlari sintezining buzilishi, birlamchi lizosomalar rivojlanishining kuchayishi yoki susayishi ular membranasining erishi va gidrolizlarning sitoplazmaga chiqishi kuzatiladi.
14. Мембранасиз ҳужайра органеллалари. Ҳужайра маркази