GIGIYENA
EKOLOGIYA HAQIDA TUSHUNCHA
GIGIYENA TARAQQIYOTI TARIXI
ATROF-MUHITNI MUHOFAZA QILISH TADBIRLARI
2021
GIGIYENA
Gigiyena fani tashqi muhit omillarining inson organizmiga ta’sirini tadqiq qilib, olingan ma’lumotlar asosida tashqi muhitni, inson yashaydigan va mehnat qiladigan shart-sharoitlarni yaxshilash, inson sog‘lig‘ini mustahkamlashning me’yor va qoidalarini, yuqumli kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini ishlab chiqadi.
Gigiyena fani tavsiyalarini amaliyotga sanitariya (lotincha sanitas so‘zidan olingan bo‘lib, sog‘liqni anglatadi) muassasalari joriy qiladi. Sanitariya faoliyati orqali gigiyena fani rivojlanadi. Demak, gigiyena sog‘liqni saqlash va uni yaxshilash to‘g‘risidagi fan bo‘lsa, sanitariya-gigiyena qonun-qoidalari asosida amaliy faoliyat ko‘rsatadigan sohadir. Tibbiyot xodimlari ishlab chiqarish va turmush shart-sharoitlarining odamga ta’sirini chuqur o‘rganib, kasalliklar sabablarini tahlil qilganlaridan keyingina kasallikni davolash, keyinchalik esa uning oldini olishning samarali chora-tadbirlarini ko‘rishlari mumkin bo‘ladi. I. P. Pavlov „Zamonaviy tibbiyot kasalliklarning hamma sabablarini bilib olgandagina kelajak tibbiyotiga, ya’ni keng ma’nodagi gigiyenaga aylanadi“,— deb bejiz aytmagan. Organizm bilan muhitning birligi ular kimyoviy tarkibining umumiyligi bilan shuningdek, ular o‘rtasida moddalar va energiya almashinuvi jarayonlarining tinmay bo‘lib turishi orqali isbotlanadi. Tashqi muhitning organizmga ta’siri organizmning o‘sish jarayonlari deb ataladigan jarayonlari: nafas olish, ovqatlanish, termoregulatsiya va boshqalarni o‘zgartirishida namoyon bo‘ladi. Organizmning eng muhim hayotiy jarayonlari tashqi muhitning ana shu ta’siriga, uning sifati va miqdoriga bog‘liq bo‘ladi. Tashqi muhit omillarining inson salomatligiga ta’siri ijobiy va salbiy bo‘lishi mumkin. I. P. Pavlov organizm noodatiy tashqi muhit omillari ta’siriga duch kelganida kasallik kelib chiqadi, chunki bunda muhit bilan organizm o‘rtasidagi muvozanat buziladi, deb ko‘rsatib o‘tgan edi. Odam organizmiga ta’sir ko‘rsatadigan tashqi muhit omillarini, ularning tabiatiga ko‘ra bir necha guruhga bo‘lish mumkin: — fizik omillar jumlasiga atrofimizdagi havoning temperaturasi, namligi va harakati, atmosfera bosimi, quyosh radiyatsiyasi, radioaktiv nurlar, shovqin va boshqalar kiradi; — kimyoviy omillarning ta’siri havo, suv yoki oziq-ovqat tarkibiga kiradigan elementlar va birikmalarning organizmga ko‘rsatadigan ta’siri bilan ifodalanadi
— patogen mikroblar, zamburug‘larning ba’zi turlari va boshqalar (gelmintlar) biologik omillardir. Bular organizmga ta’sir qilar ekan, infeksion yoki parazitar kasalliklarni keltirib chiqaradi. Aytib o‘tilgan omillarning odamga ta’sir qilish-qilmasligi mehnat faoliyati, turar joy shart-sharoitlariga, ovqatining tabiatiga va jamiyatning ijtimoiy tuzumiga aloqador boshqa bir qancha turmush sharoitlariga bog‘liqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |