QASDDAN ODAM O‘LDIRIShGA OID IShLAR BO‘YIChA SUD AMALIYOTI TO‘G‘RISIDA
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi bo‘lib, unga tajovuz qilish eng og‘ir jinoyatdir.
Oldingi tahrirga qarang.
Qonunda javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlarda qasddan odam o‘ldirish jinoyati uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilganligi tufayli, ushbu ishlar bo‘yicha jinoyat qonunlarining to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlash zarurligi alohida ahamiyat kasb etadi.
(muqqadimaning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 17-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Sudlar qasddan odam o‘ldirishga oid ishlarni ko‘rayotganda, ish holatlarini sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirish lozimligi to‘g‘risidagi qonun talablariga qat’iy amal qilishlari shart.
Har bir ish bo‘yicha ayb shakli, qotillik sabablari, maqsadi va usuli aniqlanishi, shuningdek, qilmishni to‘g‘ri huquqiy baholash va aybdorga adolatli jazo tayinlash uchun ahamiyatga molik boshqa holatlar tekshirilishi kerak.
2. Shuni e’tiborda tutish lozimki, qasddan odam o‘ldirish jinoyati ham to‘g‘ri, ham egri qasd bilan sodir etilishi mumkin. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etayotganda aybdor jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish qasdi bilan harakat qiladi, qilmishining ijtimoiy xavfli oqibatlariga ko‘zi yetadi, o‘lim yuz berishini istaydi (to‘g‘ri qasd) yoki bunga ongli ravishda yo‘l qo‘yadi (egri qasd).
3. Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd qilish faqat to‘g‘ri qasd bilan sodir etilishi mumkin, chunki, bunda aybdor o‘z qilmishining ijtimoiy xavfli xususiyatini anglagan, jabrlanuvchining o‘limiga ko‘zi yetgan va uning o‘limini istagan bo‘ladi, biroq o‘lim aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra (jabrdiydaning faol qarshiligi, boshqa shaxslarning aralashuvi, jabrlanuvchiga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilganligi va h.k tufayli) yuz bermaydi.
Shu sababli, aybdorning jabrlanuvchini hayotdan mahrum etish niyatida harakat qilgan-qilmaganligini, o‘lim yuz berishini istagan-istamaganligini va qanday holatlar istalgan natija yuz berishiga to‘sqinlik qilganligini aniqlash zarur.
4. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jinoyatidan farqlash uchun aybdorning qasdi nimaga qaratilganligini, uning o‘z harakatlari oqibati, ya’ni jabrlanuvchining o‘limiga nisbatan subyektiv munosabatini inobatga olish darkor.
Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir etayotganda aybdor shaxsni hayotdan mahrum qilish niyatida harakat qiladi, badanga og‘ir shikast yetkazish shaxsning o‘limiga sabab bo‘lgan hollarda esa, o‘limga nisbatan uning aybi ehtiyotsizlik shaklida ifodalanadi.
Aybdorning qasdi nimaga qaratilganligi to‘g‘risidagi masalani hal etishda qilmishning barcha holatlari majmuidan kelib chiqilishi, xususan, jinoyatni sodir etish usuli va quroli, tan jarohatlari soni, xususiyati va o‘rni (masalan, odam hayoti uchun muhim a’zolarning jarohatlanganligi), jinoiy harakatlar to‘xtashi sabablari, shuningdek, aybdor va jabrlanuvchining jinoyat sodir etilgunga qadar bo‘lgan fe’l-atvori, o‘zaro munosabatlari, aybdorning jinoyat sodir etilgandan keyingi harakatlari xususiyati e’tiborga olinishi lozim.
5. Agar qilmishda Jinoyat kodeksi 97-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan kvalifikatsiya belgilari, shuningdek, mazkur Kodeksning 98–101-moddalarida nazarda tutilgan jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud bo‘lmasa, masalan, qotillik bezorilik tuyg‘ulari bilan emas, balki o‘zaro janjal yoki urishish natijasida, rashk tufayli, o‘ch olish, hasad, adovat, nafrat oqibatida sodir etilgan bo‘lsa, qasddan odam o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasining birinchi qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
6. Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, agar aybdorning harakatlari yagona qasd bilan qamrab olingan va, odatda, bir vaqtning o‘zida sodir etilgan bo‘lsa, JK 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirishga nisbatan qasd mavjud bo‘lganda jabrlanuvchilardan faqat bittasi o‘lib, boshqalari aybdorga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra o‘lmay qolgan bo‘lsa, qilmishni JK 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi bilan ikki yoki undan ortiq shaxsni o‘ldirish tariqasida kvalifikatsiya qilib bo‘lmaydi. Bunday hollarda, aybdorning harakatlari JK 25, 97-moddasi ikkinchi qismining “a” bandi va 97-moddasining tegishli qismi bilan kvalifikatsiya qilinishi kerak.
Ikki yoki undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish, garchi bu jinoiy harakatlar bir vaqtning o‘zida sodir etilgan bo‘lsa-da, lekin aybdorning yagona qasdi bilan qamrab olinmagan bo‘lsa, qilmish takroran qasddan odam o‘ldirish tariqasida JK 97-moddasi ikkinchi qismining “r” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
7. Qasddan odam o‘ldirish jinoyatini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “b” bandi bilan kvalifikatsiya qilish uchun aybdor jabrlanuvchining homiladorligini (tashqi belgilar va boshqa faktik ma’lumotlar mavjudligi) bilganligi aniqlangan bo‘lishi kerak. Homiladorlik muddati, shuningdek, homilador ayol o‘ldirilishi natijasida uning homilasi nobud bo‘lgan-bo‘lmaganligi qilmishni kvalifikatsiya qilish uchun ahamiyatga ega emas.
Agar aybdor yanglish taxmin asosida, aslida homilador bo‘lmagan ayolni homilador, deb qasddan o‘ldirgan bo‘lsa, basharti uning harakatlarida JK 97-moddasining ikkinchi qismida ko‘rsatib o‘tilgan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi boshqa holatlar mavjud bo‘lmasa, qilmish JK 97-moddasining birinchi qismi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi.
8. Aybdorning harakatlarini JK 97-moddasi ikkinchi qismining “v” bandi bilan kvalifikatsiya qilishda, ojiz ahvol, deb jabrlanuvchining fiziologik, jismoniy yoki ruhiy jihatdan (jismoniy nuqsonlari, ruhiyati buzilganligi, juda yosh yoki keksaligi, qattiq og‘riq yoki behush holatda yoxud uyquda bo‘lganligi, alkogol, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli) o‘zini himoya qilishga, aybdorga faol qarshilik ko‘rsatishga qodir emaslik yoki o‘ziga nisbatan sodir etilayotgan harakatlarning xususiyati va mohiyatini tushuna olmaslik yoxud o‘z harakatlarini boshqara olmaslik holati tushunilishi kerak. Bunda aybdor jabrlanuvchi ojiz ahvolda ekanligini anglagan bo‘lishi shart.
Jabrlanuvchining alkogolli ichimlik, giyohvandlik vositasi yoki psixotrop modda ta’sirida atrofdagi vaziyatni anglay olmaydigan darajada mastligi, uning ojiz ahvolda bo‘lgan, deb tan olinishiga asos bo‘lishi mumkin. Bunda jabrlanuvchini kim bu ahvolga solganligi ahamiyatga ega emas.
9. Shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan qasddan o‘ldirish jinoyati JK 97-moddasi ikkinchi qismining “g” bandi bilan kvalifikatsiya qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |