1.3 Iqlim o`zgarishining oldini olish masalalari;
Insoniyatning taraqqiyotga erishish yo`lida tabiatga nisbatan xo`jasizlarcha
munosabatda bo`lishi atrof-muhitdagi muvozanatning izdan chiqishiga olib keldi.
Buning salbiy oqibatlari dunyoning turli mintaqalarida tez-tez yuz berayotgan suv
toshqinlari, to`fonlar, o`rmon yong`inlari, qurg`oqchilik, muzliklarning erishi, qush
va hayvon turlarining yo`qolib borayotgani, qish kuzatilmaydigan joylarda
kutilmaganda qor yog`ishi, aksincha, doimo sovuq ob-havo hukm suradigan
o`lkalarda haroratning iliq kelishi va yana shunga o`xshash ko`plab anomal
hodisalar misolida yaqqol namoyon bo`lmoqda.
Ayniqsa, bir mavsumda xilma-xil iqlim sharoitining ro`y berayotgani,
haqiqatan ham, kishini jiddiy o`yga toldiradi. Poyoniga yetgan qish faslidagi
holatni eslang-a. AQSHning o`nlab shtatlarida qalin qor yog`ib, qahraton sovuq
zabtiga olgan bir paytda Atlantika okeanining boshqa tarafida — Yevropa
davlatlarida daryolar o`zanidan toshdi. Portugaliya, Ispaniya, Fransiya, Buyuk
Britaniya, Irlandiyada takror va takror qayd etilgan kuchli shamol hamda jala
talafotlarga sabab bo`ldi. Qurbonlar kuzatildi. Avstraliyada esa mutlaqo boshqacha
manzara — haroratning haddan ziyod ko`tarilib ketgani natijasida o`rmon
20
yong`inlari kelib chiqdi. “Tilsiz yov” minglab gektarlardagi daraxtlarning kulini
ko`kka sovurdi. Mazkur davlat iqtisodiyotiga, o`simlik va hayvonot dunyosiga
katta zarar yetdi. Garchi Sharqiy va Janubiy Osiyo davlatlari uchun to`fonlar
azaldan katta tashvish sanalsa-da, so`nggi yillarda ularning ko`lami ancha oshgani
xavotir keltirib chiqarmoqda.
Vaziyat jiddiyligiga qaramay, sanoat korxonalari tomonidan atrof-muhitga
chiqarilayotgan zaharli moddalar hajmining hamon yuqoriligi, ekologiyaga xavf
soluvchi turli tadqiqotlarning davom ettirilayotgani iqlim o`zgarishlari bilan
bog`liq inqirozni yanada murakkablashtirayapti. Agar tezkor choralar ko`rilmasa,
kelgusida global tusdagi muammolar bundan-da ayanchli ko`rinish olishi mumkin.
BMTning Iqlim o`zgarishi bo`yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi tomonidan
yaqinda e’lon qilingan navbatdagi ma’ruzada bayon etilgan tahlillar ana shunday
xulosa chiqarishga asos bo`lmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, iqlimdagi o`zgarishlar dunyoning barcha okean
va qit’alaridagi tabiiy tizimlarda sezilarli o`zgarishlarga sabab bo`layotir. Kelgusi
o`n yillikdan boshlab fasllar bilan bog`liq noodatiy jarayonlar boshlanishi mumkin.
Masalan, juda qattiq sovuq hukm suradigan qish o`rnini birdaniga jazirama yoz
egallashi hech gap emas. Hatto bir kecha-kunduz oralig`ida issiq va sovuq
haroratning almashinuvi tez-tez ro`y berishi ehtimolga yaqin. Boshqacharoq
izohlansa, yil davomida faqat qish va yoz fasli hukm sursa, ne ajab. Buning
oqibatida havo tarkibida atrof-muhitga, inson salomatligiga salbiy ta’sir qiluvchi
moddalar miqdori, ummon suvlarining esa kislotalilik darajasi ortishi taxmin
qilinmoqda.
2016 yildan 2035 yilga qadar sayyoramizda harorat taxminan 0,7 daraja,
2081 yilga borib esa, 1986 — 2005 yillardagi ko`rsatkichga nisbatan qiyoslaganda,
qariyb 2 daraja ko`tarilishi kutilmoqda. Natijada doimiy muzliklarning erish
jarayoni tezlashib, okeanlar sathi yuksaladi. Xususan, 2081 — 2100 yillarda
ummon suvlari sathi 1986 — 2010 yillardagiga nisbatan 0,58 dan 0,98 metrgacha
ko`tariladi. Bu esa, o`z navbatida, toshqinlar ko`payishiga, yer ko`chkilari va
eroziyaga, baliqlar hamda quruqlikdagi jonzotlarning pala-partish migratsiyasiga
sabab bo`ladi.
21
Iqlim o`zgarishi oziq-ovqat xavfsizligiga ham salbiy ta’sir ko`rsatmasdan
qolmaydi. Hisob-kitoblardan kelib chiqib, 2050 yilga borib, makkajo`xori, guruch
va bug`doy yetishtirish hajmi 25 foizgacha qisqarishi bashorat qilinmoqda.
Aytish kerakki, BMTning Iqlim o`zgarishi bo`yicha hukumatlararo
ekspertlar guruhi tomonidan taqdim etilgan mazkur ma’ruza qariyb ikki ming
sahifadan iborat bo`lib, undan ana shu kabi ko`plab yo`nalishlarga oid bashoratlar
o`rin olgan. Ma’ruzani tayyorlashda 310 nafarga yaqin muallif va taqrizchi, 400
nafar hammuallif ishtirok etgan. Hujjat Yaponiyaning Yokogama shahrida
o`tkazilgan xalqaro anjumanda keng omma e’tiboriga havola qilinib, tadbir
chog`ida “Xo`sh, endi nima qilish kerak?” degan savolga ham javoblar,
mulohazalar bildirildi. Asosiy fikrlar shu bo`ldiki, aslida iqlim o`zgarishlarini
butunlay to`xtatishning iloji yo`q. Chunki, dunyo aholisining iste’mol talabi bunga
imkon bermaydi. Lekin kelib chiqishi ehtimoli bo`lgan jiddiy xavf-xatarlarning
oldini olish yoki ularning ta’sir darajasini yumshatish mumkin. Ekspertlarning
ta’kidlashicha, eng avvalo, havoga chiqarilayotgan karbonat angidrid gazi
miqdorini 80 foizgacha qisqartirish zarur. Buning uchun esa Kioto protokolining
o`rnini bosadigan yangi global hujjat tayyorlanib, qabul qilinishi lozim. Ishlab
chiqarishga zamonaviy, ekologik sof texnologiyalarni joriy etish, aholi o`rtasida
targ`ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish samaradorlikka erishishda, ayniqsa,
muhim ahamiyatga ega.
Gap atrof-muhit musaffoligini saqlash, global iqlim o`zgarishi ta’sirini
kamaytirish haqida borar ekan, bu yo`nalishda bevosita mamlakatimizda amalga
oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar haqida to`xtalib o`tmoqchimiz. O`zbekiston
Respublikasi BMTning iqlim o`zgarishi bo`yicha konvensiyasini ratifikatsiya
qilgan. Ushbu konvensiya ijrosi yuzasidan yurtimizda qator tadbirlar bajarilmoqda.
Ishlab chiqarishga ekologik sof mexanizmlarni tatbiq etish, avtomashinalarni
ekologik sof yoqilg`iga o`tkazish, qishloq xo`jaligida tejamkor texnologiyalarni
qo`llash, muqobil energiya manbalaridan foydalanish kabi vazifalar shular
jumlasidandir. Davlatimiz rahbarining 2013 yil 1 martdagi “Muqobil energiya
manbalarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmoni bu
boradagi islohotlarning mantiqiy davomi bo`ldi, deyish mumkin. Vazirlar
Mahkamasining “2013 — 2017 yillarda O`zbekiston Respublikasida atrof-muhit
22
muhofazasi bo`yicha harakatlar dasturi to`g`risida”gi qarori asosida atrof-muhitga
salbiy ta’sir ko`rsatayotgan issiqlik gazlari emissiyasini kamaytirish, neft, gaz,
kimyo, energetika korxonalarini rekonstruksiya qilish, ekologik sof energiya
manbalaridan foydalanishni rivojlantirish bo`yicha qator loyihalar amalga
oshirilayotir. SHuningdek, o`tgan yil dekabr oyida O`zbekiston Respublikasining
“Ekologik nazorat to`g`risida”gi Qonuni qabul qilindi.
Targ`ibot-tashviqot masalalari ham e’tibordan chetda qolayotgani yo`q.
Xususan, ekologik ta’limni takomillashtirish, ekologik muammolarni bartaraf
etishda yoshlarning faolligini oshirish borasida ibratli ishlar qilinmoqda.
O`zbekiston ekologik harakati, Oliy va o`rta maxsus ta’lim, Qishloq va suv
xo`jaligi vazirliklari, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo`mitasi, “Kamolot” yoshlar
ijtimoiy harakati, boshqa davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida an’anaviy
tarzda o`tkazib kelinayotgan “Global iqlim o`zgarishiga moslashish bo`yicha eng
yaxshi g`oya” tanlovi bunga bir misoldir. Aytaylik, bu galgi tanlovga
mamlakatimizning turli hududlaridagi oliy o`quv yurtlari talabalaridan bir yuz
yigirmadan ortiq ilmiy loyiha, ma’ruza va maqolalar qabul qilindi, g`olib va
sovrindorlar munosib taqdirlandi. Eng muhimi, yosh tadqiqotchilarning ilmiy-
ijodiy ishlarida qishloq xo`jaligi, sanoat, neft-gaz tarmog`i, chiqindilarni
boshqarish sohalariga ekologik sof texnologiyalarni tatbiq etish, suvni tejash, tabiat
boyliklaridan oqilona foydalanish borasidagi dolzarb masalalar qamrab olingani
diqqatga molikdir.
Turli xalqaro anjumanlar, konferensiyalarda global iqlim o`zgarishi
oqibatida kelib chiqayotgan salbiy holatlar juda ko`p muhokama qilinadi. Taklif-
mulohazalar bildiriladi. Lekin ana shunday tadbirlarning aksariyati yakunida yakdil
bir qarorga kelinmasligi ham bor gap. Vaholonki, global tusdagi muammoni bir
yoki ikki davlatning sa’y-harakati bilan bartaraf etib bo`lmaydi. Bunga birgalikda
kurashish talab etiladi. Musaffo osmon, go`zal tabiat va uning bebaho ne’matlari
kelgusi avlodlar uchun ham atalganini dildan his qilganlargina, farzandlariga uni
bekamu ko`st holda yetkazishga intiladilar. Binobarin, insoniyatning asl vazifasi va
maqsadlaridan biri ham mana shunda.
23
Do'stlaringiz bilan baham: |