3.Germaniyada davlat va xususiy pensiya ta’minoti tizimi
Germaniya pensiya tizimi Yevropadagi eng samarali tizimlardan biri hisoblanadi. “HelpAge” – dunyo mamlakatlarida qariyalarning hayot darajasi reytingi bo‘yicha esa Germaniya faxrli uchinchi o‘rinni egallaydi. Germaniya pensiya tizimining asosiy tamoyili bu “avlodlar birdamligi” (solidar) tamoyilidir. Germaniya o‘z fuqarolarining qariganida qo‘llab-quvvatlash choralarini XIX asrning oxirida boshlagan. Bugun Germaniya pensiya tizimi, barcha manfaatdor tomonlar ya’ni, davlat, ish beruvchilar, moliyaviy institutlar va fuqarolarning qiziqishlarini inobatga ololgan tizimlardan biridir.
Germaniyada pensiya ta’minoti (yoki sug‘urtasi) uch xil ko‘rinishda taqdim etiladi: davlat, korporativ va shaxsiy (1-rasm).
Davlat pensiya sug‘urtasi oylik daromadi soliqlar hisoblangunga qadar €3900 dan oshmaydigan fuqarolar uchun majburiy. Oylik ish haqidan ajratmalar stavkasi esa 19,5% bo‘lib, ish beruvchi va ishlovchi o‘rtasida teng miqdorda taqsimlangan. Bu pensiya ish staji va professional tarif setkasidan kelib chiqib hisoblanadi. Pensiya ta’minotining bu qismi qayta taqsimlash asosida qurilgan.
Korporativ pensiyalar fuqaro ishlagan korxona va tashkilot tomonidan (agarda ushbu tashkilotda korporativ pensiya tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa) taqdim etiladi. Germaniyaning Mercedes, Airbus kabi yirik kompaniyalari o‘z ishchilarini qariganda pensiya bilan ta’minlaydi. Bunda pensiya miqdori kompaniyalarning daromadi, ishchining ish staji va mehnat lavozimiga bog‘liq. Masalan, yuqori malakali mutaxassis oyiga €600 gacha, oddiy ishchilar esa €100-€200 gacha korporativ pensiya olishi mumkin.
Oylik daromadi €3900 dan oshadigan fuqarolar esa davlat pensiya sug‘urtasidan voz kechib, shaxsiy pensiya tizimlarida ishtirok etishlari mumkin. Bu tizimda shuningdek, iqtisodiy mustaqillikga ega bo‘lgan fuqarolar, masalan, fermerlar, tadbirkorlar va ijod bilan shug‘ullanuvchilar ham ishtirok etadilar. Bu pensiya tizimi bugungi kunda Germaniyada
katta ommaboplikka erishmoqda. Sababi Germaniyaliklarning banklarga bo‘lgan ishonchi yuqori va ular davlat ijtimoiy dasturlariga qaram bo‘lib qolishni istashmaydi.
Pensiyaga chiqish yoshi ayollar uchun ham erkaklar uchun 65 yosh etib belgilangan. Pensiya olish huquqini beruvchi minimal ish staji 5 yil. Davlat pensiyalarining uch turi mavjud. Bular: a) qarilik (yoshga doir) pensiyasi, b) boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi va c) qisman yoki butunlay mehnat layoqatini yo‘qotganlik (nogironlik) pensiyasi.
Germaniya pensionerlarining o‘rtacha pensiya miqdori erkaklar uchun €1050 va ayollar uchun €700 ni tashkil etadi. Biroq mamlakatda €300 dan kamroq pensiya oluvchilar ham mavjud (2-rasm) bo‘lib, ular uchun hukumat tomonidan ijtimoiy to‘lovlar ajratiladi.
Germaniya pensiya tizimining o‘ziga xosligi va avzalligi shundaki, bo‘lajak pensioner mamlakatdagi makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar, inflyatsiya va hatto valyuta turidan ham himoyalangan. Mamlakat pul birligi o‘zgarsa ham, pensionerning mehnat faoliyati koeffitsientlarda baholanganligi uchun bu narsa uning pensiyasiga hech qanday ta’sir qilmaydi.
Xulosa
Yuqorida keltirilgan demografik muammolar Germaniyaga ham ta’sir ko‘rsatib, natijada mamlakatda yaqin 30 yilga mo‘ljallangan islohotlar boshlab yuborilgan. Ularning negizini davlat pensiya ta’minoti bilan bir qatorda kelajak haqida qayg‘urishda fuqarolarning shaxsiy rolini yanada oshirish tamoyili tashkil etadi. Shuningdek, 2030-yilga kelib, pensiya fondiga to‘lanuvchi sug‘urta badallari 22foizga oshiriladi, o‘rtacha pensiya miqdori esa ish haqining 43,7 foizigacha pasaytiriladi. Pensiya yoshini esa 67 yoshga ko‘tarish ko‘zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |