MapInfo maxsus tizimi. Mapping (kartografik) tizimlari – bu kartalarni professional ishlab chiqishga moʻljallangan maxsus dastur mahsulotidir. Mapping hamma kerakli elementlarni tasvirlaydigan standart topokartalarni ishlab chiqarishda yaxshi samara berib kelmoqda. Mappingda CAD da boʻlmagan koʻpgina qoʻshimcha imkoniyatlar mavjud. Obyektlarni kartalarda tasvirlash belgilangan tartibda shartli belgilarga asoslangan holda olib boriladi. Bu, oʻz navbatida, qisqa vaqt ichida yuqori sifatli standart kartalarni tuzishni ta’minlaydi. Mapping modellashtirish va tahlil qilish imkoniyatini bersa, mavzuli
kartografiyalash va monitoring qilishni chegaralaydi. Bunday imkoniyatni faqatgina ArcGIS orqali bajarish mumkin.
MapInfo dasturi fazoviy jihatdan bogʻlangan turli xil ma’lumotlarni tasvirlash imkoniyatini beradi. Bu tizim Desktop GIS (ishchi dastur) sinfiga kiradi. 80-yillarning oxirida MapInfo va AtlasGIS Desktop GIS turkumidagi dastur bozorini boʻlishib olgan boʻlsa, Windows operativ dasturiga moslashtirilgandan soʻng raqibini yengib oʻtdi.
MapInfoning eng muhim xususiyati bu uning universalligidir. Tizim boshqa dasturlar – DOS, Windows, Windows NT, UNIX bilan va geoaxborot tizimi dasturlari, raqamli kartografik tizimlar, geografik ma’lumotlar bazasini yaratish va ishlatish vositalari bilan birgalikda ishlash xususiyatiga ham egadir.
Tizim doirasiga quyidagi imkoniyatlar kiritilgan:
ma’lumotlar bazasi ma’lumotlarini tahlil qilish usullari;
geografik obyektlarni izlash;
kartalarga mavzuli sayqal berish usullari;
shartli belgilarni yaratish va tahlil qilish usullari;
keng qamrovli ma’lumotlar formatining mavjudligi;
masofadan turib ma’lumotlar bazasiga kirish va ma’lumotlarni tarqoq holda qayta ishlash.
MapInfo dasturi yordamida joy toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni uning manzili va nomi orqali topish, shuningdek, koʻchalarning kesishuvini, chegarasini, interaktiv yoki avtomatik ravishda geokodlashni amalga oshirish va ma’lumotlar bazasidan obyektlarni kartaga koʻchirish mumkin. Ma’lumotlarni tizimda tasvirlash jadval, karta, diagramma va matn koʻrinishida boʻlishi mumkin. Tizim orqali maxsus geografik tahlil va grafik tahrir qilish mumkin. Tizimda turli geodezik masalalarni hal qilish, kartalarni arxivlash va vektorlash, kartografik proyeksiyalash, fazoviy ma’lumotlarni birlashtirish mumkin. Dasturdagi maxsus MapBasic dasturlash tili orqali interfeysni oʻzgartirish va Excel, Lotus 1-2-3, dBase dasturlariga toʻgʻridan toʻgʻri bogʻlanib, ma’lumotlar almashinish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |