Ma’lumki, hozirgi globallashuv davrida barcha iqtisodiyot tarmoqlari qatori agrar sohada ham tezkor yer-axborot bazasini yaratish va undan samarali foydalanish masalasi dolzarb muammolardan biri hisoblanadi. Respublikamiz miqyosida qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadigan yerdan foydalanuvchi subyektlarning soni, maydoni, tuproq sifati, ijtimoiy – iqtisodiy, ekologik va tashkiliy tizimlar hamda resurslar ta’minotining muttasil o‘zgarib borishi jarayonida yer-axborot bazasini yaratish va uni amaliyotda qo‘llash zaruriyati tug‘ilmoqda. Albatta, bu jarayon ko‘p qirrali va hajmli axborot almashishning keng ko‘lamini qamrab oladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchi yerdan foydalanuvchi subyektlarga oid yer-axborot bazasini yaratishda quyidagi bloklar (tarkibiy qismlar)dan foydalanishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz:
Yerdan foydalanishga oid huquqiy hujjatlar tizimi.
Yer hisobini yuritish bo‘yicha ma’lumotlar tizimi.
Yer baholash ma’lumotlari.
Ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar.
Tuproq va tuproqning meliorativ holatiga oid ma’lumotlar.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi.
Ushbu bloklarning qisqacha mazmuni va mohiyati hamda ulardan foydalanish ko‘lami to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz.
Yerdan foydalanishga oid huquqiy hujjatlar tizimi. Qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarini ro‘yxatga olish ma’lum bir yer maydonini ijaraga olish huquqlarini rasmiylashtirish bilan bog‘liq masalalarni o‘z ichiga oladi. Bunda dastlabki hujjatlar yer uchastkalarining huquqiy holati to‘g‘risidagi ma’lumotlardan iborat bo‘ladi. Ammo yerdan foydalanish ma’lum bir maqsadga yo‘naltirilganligi hamda hudud va aniq subyekt bilan bog‘liq bo‘lganligi sababli u o‘z ichiga yer uchastkalarining
xo‘jalik holati, joylashgan o‘rni va yerdan foydalanishning o‘lchamlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni qamrab oladi.
Yer uchastkasini yerdan foydalanuvchiga berish to‘g‘risidagi vakolatli davlat organlarining qarori hamda yer tuzish loyihasini joyga ko‘chirish va yer uchastkasi chegaralarini belgilash to‘g‘risidagi dalolatnoma yerdan foydalanishni yoki yer mulkdorini ro‘yxat qilish uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi. Davlat ro‘yxatida rasmiylashtirilganidan so‘ng yerdan foydalanuvchi subyektga yerdan foydalanish huquqlarini beruvchi hujjatlar topshiriladi. Servitutlar va mulk huquqidagi boshqa cheklashlar yer uchastkalaridan foydalanish shartnomalari asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlarni davlat ro‘yxatiga olish bo‘yicha hujjatlar va ma’lumotlar umumiy tarzda quyidagilardan iborat :
yer uchastkasini tanlov (tender) asosida berish (realizatsiya qilish) komissiyasining qarori;
yerdan foydalanish huquqlarini ro‘yxatga olish haqidagi mahalliy hokimiyat organlarining qarorlari;
yer uchastkasini ajratish va loyihani joyga ko‘chirish to‘g‘risidagi materiallar;
yer kadastrining belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan materiallari;
yer uchastkasidan foydalanishdagi cheklashlar (servitutlar) haqidagi hujjatlar.
Yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilovchi, o‘zgartiruvchi yoki bekor qiluvchi yuqorida qayd etilgan hujjatlar shu huquqlarni davlat ro‘yxatiga olish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.