Datum (Burkard, 1984) – Yerning matematik modeli boʻlib, joyning geografik koordinatasini hisoblash uchun asos yoki referens boʻlib xizmat qiladi. Datum tushunchasi Yerning haqiqiy shakli va ellipsoid orasidagi farqni ajratish uchun qoʻllaniladigan hisoblashlar yigʻindisi sifatida qaraladi. Koʻpgina davlatlar va hududlar uchun mahalliy datumlar ishlab chiqilgan. Masalan, NAD 27 (North American Datum, 1927) – bu Klark 1866 ellipsoidiga asoslangan boʻlib, u AQSH ning Kanzas hududidan boshlanadi. Keyinchalik paydo boʻlgan NAD 83 (North American Datum, 1983) – Yerning markaziga yaqinlashtirilgan (boshqa nomi geomarkazlashgan) GRS 80 (Geodetic Reference System, 1980) ellipsoidiga asoslangan.
Geoaxborot tizimida datum uch xil turda boʻladi: gorizontal, vertikal va geometrik. Gorizontal datumni adabiyotlarda boshqacha, ya’ni referens datum deb ham yuritiladi va u koordinata bilan bogʻliq boʻlsa, vertikal datum balandliklar bilan bogʻliq boʻladi. Quyida biz ularga batafsil toʻxtalamiz.
Gorizontal datum
Datumning yana bir boshqa ta’rifi – bu referens-ellipsoidni mahalliy geografik koordinatalarga transformatsiyalash va koʻchirish uchun xizmat qiladigan parametrlar toʻplamidir.
Datum tushunchasi geodeziya va kartografiyada geoid shaklni berilgan yoki oʻrganilayotgan joyning geoid shakliga iloji boricha yaqinlashtirish uchun qoʻllaniladi. Bunda datum parametrlari referens-ellipsoidni X,Y,Z oʻqlar orqali koʻchirish hamda dekart koordinata sistemasi tekisligida oʻqlarni rX, rY, rZ burchaklar ostida burib beriladi. Bunda albatta referens-ellipsoidning parametrlari hisoblangan а va f ni, ya’ni a – katta yarim oʻq va f – ellipsoid siqilishini bilish zarur. Datumga siz GPS priyomnik(qabul qilgich) yoki GNSS bilan ishlaganda va mahalliy koordinata sistemasida ishlamoqchi boʻlganingizda duch kelasiz.
Shuni nazarda tutish kerakki, datum aniqlanayotgan joyning yerdagi joylashuvini maksimum yaqinlashtirish uchun ishlatiladi. Agar siz WGS-84 da berilgan koordinata asosida joylashtirmoqchi boʻlsangiz, u holda mahalliy koordinata asosida yaratilgan kartalaringizga aniq ustma-ust tushmasligi mumkin, balki farqi bilan (bir necha metrdan bir necha yuz metrgacha) tushadi.
Oʻlchamlari aniqlangan va yer sirtida ma’lum holatda oriyentirlangan (joylashtirilgan) ellipsoidga referens-ellipsoid deyiladi. Bunday ellipsoidning sirti geoid sirti bilan faqat yerning qaysidir qismida mukammal darajada mos keladi, shuning uchun ham alohida davlat yoki hududlar uchun ishlab chiqilgan referens-ellipsoid shakli oʻsha joy uchun aynan mos keladigan sirt hisoblanadi. Mamlakat hududida yagona koordinatalar sistemasini joriy etish va geodezik oʻlchashlarni amalga oshirish uchun referens-ellipsoidlar qonun bilan rasmiylashtirilgan holda qabul qilinadi.
Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi (MDH) mamlakatlarida va Oʻzbekistonda geodezik oʻlchashlarga asos sifatida Krasovskiy referens-ellipsoidi qabul qilingan.
2.2-rasm. Ellipsoid (Manba: Internet)
Quyida xalqaro va ma’lum bir hududlar uchun qoʻllaniladigan datumlar toʻgʻrisida qisqacha toʻxtalib oʻtamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |