Ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi ma’lumotlar. Ma’lumki, barcha yerdan foydalanish subyektlar hududida albatta bir qancha ko‘chmas mulk obyektlari joylashgan bo‘ladi. Masalan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar hududida sug‘orish, zax qochirish tarmoqlari va gidrotexnika inshootlari, turli chiziqli ko‘chmas mulk obyektlari, dala shiyponi, ko‘p yillik daraxtlar va boshqa turdagi ko‘chmas mulk obyektlaridan foydalaniladi. Ammo bugungi kunda ushbu ko‘chmas mulk obyektlari sifat va miqdor hamda qiymat ko‘rsatkichlari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlar mavjud emas. Yer-axborot banki tizimida barcha yerdan foydalanuvchi subyektlarga tegishli ko‘chmas mulk obyektlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar haqqoniy va aniq berilishi shart. Shu kabi muammolarni hal etish uchun ushbu blokda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi subyektlar hududida joylashgan ko‘chmas mulk obyektlari haqidagi barcha ma’lumotlar batafsil keltiriladi. Xususan, ushbu blokda ko‘chmas mulk turlari, ularning bahosi, sifat va miqdor ko‘rsatkichlari, foydalanish maqsadi, konstruksiyasi, eskirishi va boshqa bir qator ma’lumotlar beriladi.
Tuproq va tuproqning meliorativ holatiga oid ma’lumotlar. Tuproq va tuproqning meliorativ holatiga oid ma’lumotlar blokida aks etuvchi ma’lumotlar tuproq baholash va tuproq qidiruv ishlarining materiallaridan hamda xo‘jalikning tuproq kartasida keltirilgan eksplikatsiyadan olinadi. Bundan tashqari, qishloq xo‘jalik yerlarining tuproq qatlami, mexanik tarkibi, gumus va mineral moddalar miqdori, sho‘rlanganlik darajasi hamda yer osti suvlari haqidagi ma’lumotlar tuproqqa meliorativ va agrotexnik tadbirlarni qo‘llash uchun juda muhim sanaladi.
Iqtisodiy ko‘rsatkichlar tizimi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar blokida xo‘jalikning barcha moddiy boyliklari hamda moliyaviy ahvoli haqida to‘liq
ma’lumot beriladi. Ushbu ma’lumotlar xo‘jaliklarning kelajakdagi faoliyatida asqotadigan iqtisodiy tavsiyalar berish uchun xizmat qiladi. Demak, qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtiruvchi subyektlar hududida yerdan foydalanish holatini to‘liq tahlil qilish va kelajakdagi faoliyatini rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish maqsadida yuqorida berilgan yer-axborot tizimini shakllantirish maqsadga muvofiq deb hisoblanadi.
Yer uchastkalaridan qishloq xo‘jaligi maxsulotlari yetishtiruvchi subyektlar tomonidan foydalanishda bunday yangi zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash tez orada iqtisodiy samara beradi. Yer qonunchiligini, yagona yer solig‘ini adolatli amalga oshirish va kreditlash tizimlarini takomillashtirish, mamlakatda ko‘chmas mulk bozorini rivojlantirishni hamda eng asosiysi, yer resurslaridan samarali foydalanishni viloyat va respublika miqyosida boshqaruvni to‘la ta’minlay oladi. Tavsiya etilayotgan tizimni amaliyotda qo‘llash natijasida qishloq xo‘jaligida faoliyat yuritayotgan yerdan foydalanuvchilar to‘g‘risida tezkor ma’lumotlarni to‘plashga, tahlil qilishga, yuqoriga taqdim etishga, tumanda soliq tizimini takomillashtirish kabi yer uchastkalariga oid ma’lumotlarning respublika miqyosidagi bankini yaratishga erishiladi.
Demak, ushbu taklif etilayotgan yer-axborot tizimi orqali kiritiladigan ma’lumotlarni ishonchli, tekshirilishi oddiy bo‘lgan, ommabop, tez yangilana oladigan va eng muhimi, tumanlar boshqaruv apparatida mehnat qilayotgan oddiy xizmatchi tushunib, kompyuterga kirita oladigan holda tizimlash taqozo etish. Ushbu tizim barcha qishloq xo‘jaligi mahsulotlari etishtiruvchi subyektlar uchun tez va ishonchli axborotni bera oladi va ularning huquqlarini ishonchli kafolatlaydi. Shartnomalarda, qonunlarda qayd etilgan yer uchastkalaridan foydalanishdagi subyektlarning barcha huquqlari, majburiyatlari hisobga olingan tizim bo‘lib, u turli mijozlar tomonidan foydalanishga qulay holatga keltirilishi nazarda tutiladi. Keyingi bandda yer-axborot bazasini yaratish maqsadida ishlab chiqilgan elektron dasturda o‘z aksini topgan model bloklarining asosiy ko‘rsatkichlar tizimi berilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |