Duragaylash metodi orqali ayrim belgi-xossali ota-ona organizmlarni chatishtirish natijasida olingan duragaylarning bir qancha avlodlarida rivojlanishi o’rganiladi. Olingan natijalarning haqqoniyligi matematik statistika metodi yordamida aniqlanadi.
Tsitogenetik metod yordamida xromosomalar o’zgarishi bilan aloqador bo’lgan organizmning irsiyati va o’zgaruvchanligi o’rganiladi. Binobarin tsitogenetika irsiyat va o’zgaruvchanlikning tsitologik asoslarini tadqiq etadi.
Egizaklar metodi bilan organizmdagi belgi xossalarning rivojlanishida genlar va tashqi muhit omillarining qay darajada ko’rsatgan ta’siri o’rganiladi.
Molekulyar genetik metod bilan irsiyat va o’zgaruvchanlikning moddiy asoslari bo’lgan nuklein kislotalarning, xususan, dezoksiribonuklein – DNK va ribonuklein kislota – RNK ning tuzilishi va funktsiyasi aniqlanadi.
Populyatsion statistik metod populyatsiyalardagi irsiyatni o’rganishda qo’llaniladi. U populyatsiyalardagi dominant va retsessiv allellarni takrorlanish darajasini gomozigota va geterozigota organizmlarda aniqlash bilan shug’ullanadi.
4 Organizmlarning ikki xususiyati – irsiyat va o’zgaruvchanlik ko’payish bilan bog’liqdir. Ko’payish organizmning rivojlanishida amalga oshadigan va tirik modda sintezida ro’y beruvchi jarayonlarning natijasidir. Irsiyat va o’zgaruvchanlik asosida murakkab biokimyoviy, fiziologik jarayonlar yotadi. Bu bilan genetikaning biokimyo va fiziologiya bilan bog’liqligi tushuntiriladi.
Organizmlarning individual rivojlanishi irsiy omil – genlar bilan belgilanadi. Genlar ta’sirini ontogenez umumiy qonuniyatlaridan ajratilgan holda tushuntirish mumkin emas. Bu esa genetikaning embriologiya bilan bog’liqligini ko’rsatadi.
Hozirgi zamon biokimyo, fiziologiya, embriologiya va boshqa biologik fanlar genetika bilan o’zaro aloqada bo’lmay, o’z maqsadlariga erishadilar deyish noto’g’ridir. Irsiy o’zgarishlar – mutatsiyalar organizmdagi barcha fiziologik, biokimyoviy jarayonlar asosida ro’y beradi.
Genetika o’simliklar va hayvonlar sistemasiga o’z ta’sirini ko’rsatmoqda. Faqat irsiyatning moddiy asoslarini tadqiq qilish orqali o’simlik va hayvonlarning turli sistematik guruhlar orasida filogenetik yaqinlikni aniqlash mumkinligi ayon bo’lib bormoqda.
Genetikaning tibbiyot fani bilan aloqasi nihoyatda dolzarb sanaladi. Odamlarda olib borilgan genetik tadqiqotlar tufayli 3000 ga yaqin irsiy kasalliklar aniqlandi. Ular xromosomalar, genlarning o’zgarishi bilan aloqador ekanligi ma’lum bo’ldi. Tibbiy genetik bilimlar asosida irsiy kasalliklarga tashxis qo’yish, bu kasalliklarning oldini olish tadbirlari belgilanmoqda.
Genetikaning ekologiya fani bilan aloqasi ham nixoyatda xilma-xil. Avvalo atrof muhitning ifloslanishi o’simliklar, hayvonlar, odamlar irsiyatiga zararli ta’sir etishi aniqlandi va ana shunday ta’sirlar natijasida paydo bo’ladigan irsiy kasalliklarning oldini olish uchun ekalogik tadbirlar belgilanmoqda.
Genetika evolyutsion ta’limot bilan ham uzviy aloqador. Ch.Darvinning ta’biricha o’zgaruvchanlik tufayli organizmdagi yangi belgi va sifatlar vujudga kelsa, irsiyat ularni bo’g’inlarda mustaxkamlaydi, tabiiy tanlanish esa ma’lum sharoitga moslanishni vujudga keltiradi. Natijada foydali o’zgaruvchanlikka ega organizmlar yashab, zararli o’zgaruvchanlikga ega organizmlar esa yashash uchun kurashda nobud bo’ladilar.
Foydalaniladigan adabiyotlar:
Lobashev M.E. Genetika. Izd-vo LGU , 1967, 751s.
Lobashev M.E., Vatti K.V., Tixomirova M.M. Genetika s osnovami selektsii. M. Prosvehenie, 1970. 432s.
Gershenzon S.M. Osnovo’ sovremennoy genetiki. 2-e izd., Kiev, Naukova dumka, 1983, 558s.
Ayala F., Kayger Dj. Sovremennaya genetika. I-II tom, Moskva, Mir, 1987g.
Inge-Vechtomov S.G. Genetika s osnovami selektsii. M., Vo’sshaya shkola, 1989, 592s.
Singer M., Berg P. Geno’ i genomo’. I tom. Moskva, Izd-vo Mir, 1998. 364c.
Meditsinskaya genetika. Pod redaktsiey. Bochkova N.P. M., Izd-vo Masterstvo, 2002. 192s.
Musaev D. A. i dr. Geneticheskiy analiz priznakov xlopchatnika. Tashkent, Natsionalno’y Universitet Uzbekistana im. M.Ulugbeka. 2005, 121s.
Do'stlaringiz bilan baham: |