G'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlar



Download 216,52 Kb.
bet7/21
Sana31.12.2021
Hajmi216,52 Kb.
#230295
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   21
Bog'liq
g'arb mutafakkirlarining pedagogik qarashlari

Platon


Davlat

Navkarlarni ikki jihatdan

tarbiyalash: musiqiy va gimnastik

- Tarbiya qanday amalga oshiriladi? Sirasi, bu borada juda qadim zamonlarda topilgandan yaxshirog'ini topish qiyin. Tana uchun - gimnastik tarbiya, qalb uchun - musik tarbiya .

- Ha, shunday.

- Musik tarbiya bizda gimnastik tarbiyadan oldin boshlanadi.

- Nega shunday bo'lmasin ekan?

- Musik tarbiya haqida so'zlarkan, sen unga so'z san'atini ham qo'shayotirsan, to'g'rimi?

- Ha.

So'z san'atining ikki xili: haqiqiy va yolg'on.



Navkarlar tarbiyasida miflarning roli

- So'z san'atining esa ikki xili bor: biri - haqiqiy, ikkinchisi - yolg'on?

- Ha.

- Ikkala xili bilan ham tarbiyalash kerak, biroq avval yolg'oni bilan?



- Nima demoqchiligingni sira tushunmayapman.

- Murg'ak bolalarga avval miflarni hikoya qilishimizni tushunmayapsanmi? Miflar, umuman aytganda, yolg'on, biroq ularda haqiqat ham mavjud. Bolalar bilan ishlarkan, biz miflarga gimnastik mashqlardan oldin murojaat qilamiz.

- Ha, shunday

- Shuning uchun ham avval musik tarbiyaga, so'ng esa gimnastik tarbiyaga kirishmoq kerak dedim-da.

- To'g'ri.

- Nahotki bilmasang, har qanday ishda ham eng muhimi - boshlanishi, ayniqsa, bu ish murg'ak va nafis narsaga taalluqli bo'lsa. Ko'proq ayni shu vaqtda unda muhrlanmog'i istalgan sifatlar shakllanadi, qaror topadi.

- Mutlaqo to'g'ri.

- Bolalarimizning duch kelgan miflarni, qaysiki - tayinu notayin kaslar tomonidan to'qilgan, aksariyati biz ular ulg'ayganlarida ongida bo'lishi kerak deb hisoblagan qarashlarga zid keluvchi miflarni tinglashlari, murg'ak qalblariga singdirishiga osongina yo'l qo'yib bera olamizmi?

- Biz bunga aslo yo'l qo'ymaymiz.

- Eng avvalo, ravshanki, biz mif yaratuvchilarni nazoratga olishimiz kerak: agar ularning asarlari yaxshi bo'lsa, qabul qilamiz, yo'qsa - rad etamiz. Biz tarbiyachilarni va onalarni bolalarga faqat tan olingan miflarni hikoya qilishga ko'ndiramiz, toki ularning yordamida bolalar qalbi mashqlar orqali tarbiyalangan tanalaridan oldinroq shakllansin. Ular hozirda hikoya qilib berayotgan miflarning ko'pini esa chiqitga uloqtirish kerak.

- Aynan qaysilarini?

- Biz ahamiyatliroq miflardan kelib chiqib maydalari haqida ham hukm qila olamiz: axir, ular bir xil xususiyatlarga va bir xil ta'sir kuchiga ega. Yo sen bunga qo'shilmaysanmi?

- Qo'shilaman, lekin tushunolmadim, sen qaysi ahamiyatliroq miflar haqida so'zlayotirsan?

- Gesiod, Gomer va boshqa shoirlar hikoya qilganlarini. Ular odamlar uchun yolg'on rivoyatlar to'qib, bu rivoyatlarni hikoya qila boshladilar, to hanuz hikoya qilib keladilar.

- Qaysilari? Sen ulardagi neni tanbehga loyiq ko'ryapsan?

- Avvalo va asosan tanbeh berilishi kerak bo'lgan narsani, alohida ta'kidlab aytsam, to'qimaning muvaffaqiyatsiz chiqqanini.

- Mabodo kimdir xudolar va qahramonlar haqida so'zlay turib ularning xususiyatlarini salbiy tasvirlasa, bu bamisoli rassom birovning suratini asliga aslo o'xshamaydigan qilib chizganidek bo'lur.

- Bu nav tanbeh o'rinli, lekin biz bunda nimani nazarda tutamiz?

- Uran go'yo Gesiod asarida eslatilgan ishni qildi va buning uchun Kronos undan o'ch oldi degan odam hammadan oldin eng ulug' voqyea haqida o'ta muvaffaqiyatsiz, ulkan yolg'onni to'qigan kimsadir. Men hali aqli g'o'r yoshlarga Kronosning qilmishlari, unga o'g'li tomonidan yetkazilgan azoblar haqida, hatto ular chin haqiqat bo'lganida ham, osonlik bilan hikoya qilib berish kerak emas deb hisoblayman, aksincha, bu o'rinlarni hikoya qilmay chetlab o'tilgani yaxshiroq; mabodo qandaydir sabab bilan ularni hikoya qilish zarur bo'lsa, mayli, juda ozchilik hufyona eshitsin, biroq o'shanda ham eshitishga sazovor bo'lganlar soni oz bo'lib qolishi uchun ular el qatori cho'chqacha emas, kattaroq - topish mushkulroq narsani qurbonlikka keltirsinlar.

- Haqiqatan ham bu haqdagi hikoyalar og'ir.

- Bizning davlatimizda, Adimant, ularni hikoya qilmaslik kerak. Bularni hikoya qilish bilan yosh tinglovchida o'ta adolatsiz xatti-harakating ham aslo g'ayrioddiy emas, hatto o'z otangni noma'qul qilmishi uchun har qanday yo'sinda jazolaganingda ham dastlabki va buyuk xudolar qilgan ishni takrorlagan bo'lasan xolos, degan tasavvur qoldirmaslik kerak.

- Zevsga qasam bo'lsin, menga ham tuyulyaptiki, bu haqda gapirish yaramaydi.

- Umuman, xudolarning o'zaro urushlari, bir-birlariga ishlatgan hiyla-nayrangalari, janjallari - asli bular haqiqat ham emas - haqida ham gapirish yaramaydi; axir, hademay davlatimiz himoyasiga turishi lozim bo'lganlar o'zaro g'animlikning shunchalar oson paydo bo'lishini og'ir sharmandalik deb hisoblashlari kerak. Gigantlarning o'zaro janglari, xudolaru qahramonlar bilan qarindoshlari, yaqinlari orasidagi juda ko'p turfa kelishmovchiliklarni bayon qilishu tasvirlash ham umuman joiz emas - aksincha, agarki biz fuqarolarning hyech biri boshqasiga nisbatan dilida hyech qachon dushmanlik tuymasin, bu narsa nopoklikdir, degan e'tiqodni singdirmoqchi ekanmiz, unda qariyalaru kampirlar bolalariga, hatto ular birmuncha ulg'ayganlarida ham, ko'proq ayni shu haqda hikoya qilishlari lozim; shoirlarni ham o'z ijodlarida bundan og'ishmaslikka majbur qilmoq kerak. Bizning davlatimizda Gefestning onasi Gerani kishanband etganiyu xotiniga yon bosgan otasi Zevs uni Olimpdan uloqtirgani, yoki Gomer to'qigan xudolarning o'zaro urushlari haqida, ularda ma'lum majoziy ishoralar bormi yo yo'qligidan qat'iy nazar, hikoya qilinmasligi lozim. Bola qaerda majoz boru qaerda yo'qligini idrok qilishdan ojiz, bunday murg'ak yoshida o'ziga singdirgan qarashlar esa, odatda, juda chuqur, o'zgarmas va o'chmas iz qoldiradi. Mana shuning uchun ham, sirasi, bolalar tomonidan eshitilgan dastlabki miflarning tamomila ezgulikka yo'naltirilgan bo'lishiga erishish zarur.

- Bu fikr asosli. Lekin kimdir bizdan bu haqda ham so'rab, qaysi va nima haqdagi miflar desa, qaysi miflarni ko'rsatishimiz mumkin?

- Adimant,- dedim men.- sen bilan men hozir shoir emas, davlatning asoschilarimiz. Miflar yaratish esa asoschilarning vazifasi emas, ular poetik ijodga qo'yiluvchi asosiy talablar qanday bo'lishi kerakligini bilsalar va shulardan chekinishga yo'l qo'ymasalar kifoya. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.155-158

- <...> Gomer �Zevsning ulug' dargohida ikkita idish bor, Biri baxtli tuhfalarga, boshqasi baxtsiz tuhfalarga to'liq�, agar kimgaki Zevs shu ikki idishdan aralashtirib bersa, uning �Hayotida goh quvonch, goh g'am-alam aralash keladi�; kimgaki omixta qilmasdan, faqat ikkinchi idishdan bersa, uni �Xudolar yerida muttasil ochlik quvib yuradi� deganida aqldan toyib qattiq yanglishadi. <...> Biz yana yoshlarimiz Esxil aytgan mana bu tarzidagi gaplarni tinglashiga yo'l qo'yishimiz mumkin emas:

Biron xonadonga qirg'in keltirmoq istasa

Agar, bandalariga sababni xudo yaratur.

Agar biron-bir asarda yambda yozilgan shunday misralar uchrasayu, ularda Nioba yo Pelopidlarning iztiroblari, yo Troya urushi voqyealari va yo shu ruhdagi boshqa bir narsa tasvirlangan bo'lsa, u holda bularning bari xudodan ekanligini tan olmasligimiz, yoki, agar bularni xudodan deb bilsak, uning hozir biz izlayotgan ma'nisini ochib berishimiz, ya'ni xudoning qilganlari har vaqt adolatu undan keladigani faqat rahmat, bu odamlarga berilgan jazo ham asli o'zlarining foydalarigadir, deya uqtirishimiz kerak. Shoirlarning bu odamlar kulfat chekayotganiga sabab - jazolangani, jazoning sababchisi esa xudo, deya ta'kidlashlariga aslo izn bermaslik lozim. Biroq, agar shoirlar bu odamlar chindan jazoga muhtoj edilar, faqat yomonlargina jazoga mustahiq bo'ladilar va jazo olganlari tufayli ham xudodan foyda ko'rmoqdalar deya uqtirsalar, buni ma'qullash mumkin. Aksincha, qachonki xudo o'zi rahmat bo'lgani holda kim uchundir kulfat manbai ham bo'ladi desalar, bu bilan har yo'sin kurashmoq lozim: hyech kim - na yoshu na qari, agar o'z davlatida qonuniylik bo'lishiga intilsa, bu haqda gapirmasligi, xoh nazmiy va xoh nasriy bayonda bo'lsin tinglamasligi shart, zero, bunday da'vo nopok bo'lishi bilan birga, biz uchun foydali emas, boz ustiga, o'z ichida tumtaroq va ziddiyatlarga to'ladir. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.159-160

Navkarlar tarbiyasida poeziyaning roli

- <...> Aidni mavjud, mavjud bo'lganda ham dahshatli deb bilgan kishi o'lim qo'rquvidan forig' bo'la oladimi, bunday odam mag'lubiyat yoki qullikdan ko'ra jangda o'lmoqni afzal bila oladimi?

- Hyech qachon.

- Ko'rinib turganidek, biz bunday miflar haqida ham qayg'urishimiz, ularni hikoya qilishga jazm etuvchilardan Aidda neki bo'lsa barini birdek qoralayvermaslikni, aksincha, maqtashlarini talab qilishimiz lozim: axir, ular bu nav qoralashlarida haq emaslar, boz ustiga, bu bo'lg'uvsi jangchilar uchun foydali ham emas.

- Ha, bu bilan jiddiy shug'ullanish kerak.

- Unda mana bu singari o'rinlarni ilk misrasidanoq bitta qoldirmay o'chirib tashlaylik:

Qaniydi tirik bo'lib, chorakordek dalada peshona teri to'ksam,

Faqir dehqon izmida burda non topib yesam. Xo'broq edi

Yuz chandon... bunda jonsiz o'liklarga o'lik shoh bo'lganimdan <...>



<...> - Biz Gomer va boshqa shoirlardan uzr so'raymiz - mabodo asarlaridagi shu va shunga o'xshash misralarni o'chirsak, bizdan achchiqlanmasinlar; biz ularni aksariyat tinglovchilar uchun yoqimsiz ekani yoxud badiiy zaifligi uchun o'chirmaymiz, aksincha, ular badiiy jihatdan qanchalik mukammal bo'lsa,- modomiki inson hur bo'lmog'i va o'limdan ko'ra qullik asoratiga tushib qolishdan ko'proq qo'rqishi kerak ekan,- ularni bolalar ham, kattalar ham shunchalik kam tinglashlari kerak deb bilamiz. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.165-166



<...> - Shuningdek, biz tarbiyamizdagi yoshlarning ta'magir, poraxo'r bo'lib yetishishlariga ham yo'l qo'yolmaymiz.

- Aslo.


- Demak, ular �Sovg'a xush kelar hammaga - xudolaru ulug' shohlarga� tarzidagi madhlarni tinglamasliklari kerak. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.171

Ifoda usullari yoki poetik san'at uslublari haqida

- <...> roviylar va shoirlar nima haqda gapirmasinlar, u yo o'tmish, yo hozir va yo kelajak haqidagi hikoya bo'ladi, to'g'ri emasmi?

- Albatta, boshqacha bo'lmaydi ham!

- Hikoya qilishni esa yo oddiy rivoya, yo taqlid vositasida va yo har ikkisini qo'shgan holda amalga oshiradilar, to'g'rimi?

- Men aniqroq anglab olishim kerak.

- <...> Menga ayt-chi, �Iliada�ning boshlanishi, Xrisning Agamemnondan qizini ozod qilishni so'ragani, Agamemnonning darg'azab bo'lganiyu maqsadiga yetolmagan Xrisning xudodan axeyaliklarni jazolashni tilagani haqida gapirgan o'rinlarni bilasanmi?

- Ha, bilaman.

- Demak, u holda bu o'rinlarni:

barcha axeyaliklarga iltijo qildi u,

Ayniqsa, qudratli Atridlar - axeya qo'shini ustunlariga

misralari bilan tugatarkan, shoir faqat o'z tilidan gapirayotgani, bizning xayolimizda go'yo bu o'rinda o'zi emas, kimdir birov gapirayotgandek tasavvur hosil qilishga intilmayotganini ham bilasan. Bundan keyin esa u shunday gapiradiki, go'yo uning o'zi - Xris; shoir bizni imkon qadar bu gaplarni o'zi - Gomer emas, keksa kohin gapirayotir deb tasavvur qildirmoqqa harakat qiladi. Hikoyaning qolgan qismini ham shoir - voqyealar xoh Ilionda, xoh Itaka va xoh �Odisseya�da tasvirlangan boshqa joylarda kechayotgan bo'lsin - xuddi shu yo'sin davom ettiradi.

- Albatta-da.

- Shunaqa ekan, shoir o'zgalarning nutqini keltirsa ham, orada o'z tilidan gapirsa ham, bu hammasi baribir hikoya bo'lib qolaveradimi?

- Bo'lmasam-chi?

- Biroq shoir o'zga shaxs nomidan qandaydir nutq keltirsa, biz u o'z nutqini o'sha, hozir gapirishi haqida biz ogohlantirilgan shaxs nutqiga iloji boricha o'xshatmoqda, demaymizmi?

- Ha, shunday deymiz.

- O'zingni qiyofa va yo nutqda boshqa odamga o'xshatish, aslida, o'sha o'xshatilayotgan odamga taqlid qilish degani emasmi?

- Xo'sh, keyin-chi?

- Shunaqa ekan, chamasi, Gomer ham, boshqa shoirlar ham taqlid vositasida hikoya qilar ekanlar.

- Albatta.

- Agar shoir asarning hyech bir joyida o'zini yashirmaganida, uning butun ijodi ham, hikoyasi ham taqlidga tamom begona bo'lur edi. <...> Mabodo Xrisning kelgani, qizi uchun tovon keltirgani va axeyaliklarga, ayniqsa, ularning podsholariga iltijo qilayotganini aytgach, Gomer hikoyasini, go'yo Xrisga aylanib qolgandek gapirmasdan, hamon Gomerligicha qolib davom ettirganida, tushunyapsanmi, bu taqlid emas, balki oddiy hikoya bo'lur edi. <...>

- Tushunaman.

- Endi tushunsang kerakki, buning tamom aksi ham bo'lishi mumkin: buning uchun o'zgalar nutqi orasidan shoir o'z tilidan aytganlarni chiqarib, faqat o'zgalar suhbati qoldirilsa kifoya.

- Buni ham tushunyapman - tragediyalarda shunday bo'ladi.

- Fikrimni to'g'ri fahmlading, o'ylashimcha, avvalroq tushuntira olmagan narsani endi anglata oldim: poeziya va mif yaratishning bir turi to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, o'zing aytganingdek, tragediya va komediya; boshqa bir turi shoir o'zi aytgan gaplardan iborat - buni difiramblarda ko'rish mumkin; epik poeziya va boshqa ko'p turlarda - bu ikki usul qorishiq keladi <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.173-176

San'at eydosga taqlidning taqlidi sifatida

- Istaysanmi, shu yerdan muhokamani o'zimizning odatdagi usulimiz bilan boshlaymiz: bir nom bilan ataladigan ko'plab narsalarni biz odatda bitta turga mansub etamiz. Tushunyapsanmi?

- Tushunyapman.

- Endi istalgan bir ko'plikni olib qaraylik. Senga ma'qul bo'lsa, masalan, dunyoda krovat va stollar juda ko'p...

- Albatta.

- Lekin bu predmetlarning g'oyasi (eydos) bor yo'g'i ikkita - biri stol uchun, ikkinchisi krovat uchun.

- Shunday.

- Odatda biz g'oyaga qarab turib usta u yoki bu narsani yasayapti deymiz: birov bizga kerak bo'lgan krovat yasaydi, boshqasi stol, - boshqa barcha hollarda ham shuning o'zi. Biroq ustalarning hyech bittasi g'oyaning o'zini yaratmaydi. Yo usta bu ishni uddalay oladimi?

- Hyech iloji yo'q.

- Qani aytchi, mana bunday odamni ham usta deb ataysanmi...

- Qanday odamni?

- Qaysiki, hunarmandlarning har biri alohida holda yasayotgan barcha narsalarning yaratuvchisini.

- Sen noyob mahorat egasi bo'lgan odam haqida gapirayotirsan.

- Bunisi hali nima ham bo'pti! Mana, ehtimol, nima seni bundan-da ko'proq lol qoldirar: o'sha usta har turli narsalarni yasashga qodirgina emas, u jamiki narsa - yerdan unganki o'simliklar, jami tirik mavjudot, jumladan, o'zini ham, zamin, osmon va xudolarni, yeru osmon, shuningdek, Aidda mavjud narsalarning barini yaratadi.

- Sen favqulodda, hayratlanarli darajada mohir odamni aytayotirsan.

- Ishonmayapsan-a? Ayt-chi, seningcha, bunaqa ustalar umuman bo'lmaydimi yo nimadir qilib, yagona bir usul qo'llab bu narsalarning yaratuvchisiga aylanish mumkinmi? Nahot fahmlamayotgan bo'lsang, axir, sen o'zing ham buni qaysidir yo'sinda amalga oshirishga qodirsan?

- Qay yo'sinda?

- Bu ish uncha qiyin emas, u tez-tez va ko'p amalga oshirib turiladi. Tezroq amin bo'lmoqchi bo'lsang, qo'lingga ko'zguni ol-da, chor tarafga aylantir - shu on Quyoshni ham, osmondagi boshqa jismlarni ham, yerni, o'zing bilan birga boshqa maxluqlar va narsalarni ham, o'simliklarni, umuman, hozirgina aytilganlarning barini paydo qila olasan.

- To'g'ri, lekin bu haqiqatda mavjud narsalar emas, faqat ko'rinish bo'ladi.

- Juda soz. Sen muhokama ma'nisiga yaxshi kirib boryapsan. Shunaqa ustalar sirasiga, o'ylaymanki, musavvir ham kiradi. Shunday emasmi?

- Nega kirmasin ekan?

- Ammo, menimcha, sen musavvir, aslida, o'zi yaratayotgan narsani yaratayotgani yo'q deya e'tiroz qilasan, garchi qaysidir ma'noda u ham krovat yaratayotgan bo'lsa-da. Shunday emasmi?

- Ha, axir, u yaratgan narsa faqat ko'rinish.

- Unda duradgor usta-chi? Axir, hozirgina u g'oyani (krovatning g'oyasi), qaysiki, biz haqiqatda krovat deb hisoblagan narsani emas, qandaydir krovatni yasayapti demaganmiding?

- Ha, men shunday dedim.

- Agar u mavjud narsani yasamayotgan ekan, u haqiqatda mavjud narsani emas, faqat unga o'xshash narsani yaratadi. Agar birov duradgor yoki boshqa istalgan hunarmand yasagan mahsulotni haqiqatda mavjud deb hisoblasa, haq bo'lib chiqishi mahol.

- Jilla qursa biz kabi muhokama qilish bilan mashg'ul kishilar bunday fikrda bo'lmas edilar.

- Demak, agar duradgor yasagan mahsulot asliyatning atigi qandaydir xiraroq o'xshashi bo'lsa, biz aslo xayron bo'lmaymiz.

- Aslo.

- Istaysanmi, shundan kelib chiqib bunday taqlidchi qanday bo'lishini anglashga urinib ko'ramiz?

- Marhamat qil.

- Xo'sh, demak, o'sha krovatlar uch xil bo'ladi: birinchisi tabiatning o'zida mavjud bo'lib, biz uni, o'ylashimcha, xudoning ijodi deb tan olgan bo'lardik. Yoki, ehtimol, boshqa birovningmi?

- Yo'q, men o'ylaymanki, faqat Uning.

- Ikkinchisi - duradgorning ijodi.

- Ha.

- Uchinchisi - musavvirning asari, shunday emasmi?



- Shunaqa ham deylik.

- Musavvir, duradgor, xudo - mana shular uch xil krovatning uch nafar yaratuvchilari.

- Ha, ular uch nafar.

- Shunday qilib, xudo o'zi xohlamagani sababli yoki tabiatda bittagina tugallangan krovat bo'lishini taqozo etgan zarurat tufayli faqat bitta krovatnigina yaratdiki, o'sha krovatgina haqiqiy; uning ikkita yoki ko'proq o'xshashi xudo tomonidan yaratilmadi, bas, tabiatda bo'lishi ham mumkin emas.

- Nega endi?

- Negaki, mabodo u jami ikkita krovat yaratganida ham, baribir, ular bitta va aynan o'sha ko'rinishga ega bo'lur edi: u o'sha yagona, haqiqiy krovatligicha qolar, krovatlar ikkita bo'lmas edi. Shuning uchun ham u o'z tabiatiga ko'ra yagona bo'lgan krovatni yaratdi.

- To'g'ri fikr.

- Men o'ylaymanki, xudo buni bilgan holda, aslo qanaqadir bir krovatni yasash yoki krovat yasovchi usta bo'lishni emas, haqiqatda mavjud krovatning haqiqiy yaratuvchisi bo'lishni istadi.

- Shunaqaga o'xshaydi.

- Istaysanmi, biz uni shu narsaning yaratuvchisi yoki shunga o'xshash bir nom bilan ataymiz?

- Ha, bu adolatli bo'lur edi, chunki shu narsani ham, boshqa barcha narsalarni ham tabiatga muvofiq holda yaratgan uning o'zidir.

- Duradgorni-chi, uni nima deb atasak bo'ladi? Krovat yasovchi usta debmi?

- Ha.

- Musavvir-chi - uni ham shu narsalarning yaratuvchisi yo ustasi deymizmi?



- Aslo.

- Unday bo'lsa, shu jihatdan musavvir kim, sen nima deysan?

- Mening nazarimda, unga eng munosib nom mana bu: musavvir ustalarning asarlariga taqlid qiluvchidir.

- Yaxshi. Demak, sen taqlidchi deb mohiyatdan uch o'rin nari turuvchi asarlar yaratayotgan odamni atayapsan?

- Albatta.

- Demak, tragediya yaratuvchisi ham shunday: modomiki u ham taqlidchi ekan, tabiiyki, u ham shoh va haqiqatdan uch o'rin narida turadi; boshqa barcha taqlidchilar ham xuddi shunday.

- Balki.

- Shunday qilib, taqlidchilar masalasida sen bilan kelishib oldik. Musavvir masalasida menga yana shuni ayt-chi: seningcha u tabiatda mavjud narsalarni aks ettirishga harakat qiladimi yo ustalar yasagan narsalarga taqlid qiladimi?

- Ustalar yasagan narsalarga.

- O'sha narsalar aslida qanday bo'lsa shundayligichami yo ularning o'ziga ko'rinayotgan holichami?

- O'zing buni qanday tushunasan?

- Mana bunday: karavot, agar unga ro'paradan, yonboshdan yo boshqa qay bir tarafdan qaralsa, o'z-o'zidan farqlanadimi yo bu yerda hyech qanday farq yo'g'-u, faqat bizga boshqacha bo'lib tuyulyaptimi? Xuddi shu narsa boshqa har qanday narsada ham bo'ladimi?

- Ha, xuddi shunday bo'ladi. U faqat boshqacha bo'lib tuyuladi xolos, aslida bu yerda hyech qanday farq yo'q.

- Sen mana shu narsani mushohada qilib ko'r. Musavvir har gal o'z oldiga qanday vazifani qo'yadi? U haqiqiy mavjudlikni aks ettirishga intiladimi yo faqat ko'rinishnimi? Boshqacha aytsak, rangtasvir soyalarni aks ettirishmi yo voqyelikni?

- Soyalarni.

- Demak, taqlidiy san'atlar voqyelikdan uzoq. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.422-425

Shoir haqiqiy voqyelikni emas, soyalarni aks ettiradi.



<...> Gomerdan boshlab shoirlarning hammasi ezgulik va boshqa barcha narsalarning soyasini aks ettiradilar, ular uchun ijodning predmeti shugina bo'lib, haqiqatga teginmaydilar? Bu hozirgina biz keltirgan misolda ko'rganimiz kabi: musavvir bizga haqiqiy bo'lib ko'rinadigan etikdo'zni tasvirlaydi, holbuki, o'sha musavvir etikdo'zlik ishida hyech vaqoni tushunmaydi; uning chizgan suratini tomosha qiluvchilar ham shunga o'xshash - ular faqat ranglar va chizgilarga qarabgina hukm yuritadilar.

- Albatta.

- Xuddi shu gapni, men o'ylaymanki, shoirlar haqida ham ayta olamiz: shoir turfa so'zlar va iboralar vositasida, garchi o'zi bu borada hyech narsa bilmasa va faqat taqlid qilishgagina qobil bo'lsa-da, u yoki bu kasb-koru san'atlarning nozikliklarini shunday tasvirlaydiki, u ishlatgan so'zlar ta'siridagi boshqa, o'zi singari bu masalada tamom g'ofil kishilarga juda ham yaxshi aytilgandek tuyulaveradi; buning allaqanday tabiiy jozibasi shunchalar kuchliki, shoir mavzun va ravon she'r bilan etikdo'zlik haqida so'zladimi, harbiy yurishlar va yo har qanday boshqa narsa haqidami - ahamiyatsiz. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.428-429

Taqlidiy poeziya fe'l-xuyni buzadi

va shu bois davlatdan quvilishi kerak.

- Biroq biz hali poeziga eng katta ayblovimizni qo'yganimizcha yo'q: uning butun dahshati shundaki, poeziya hatto haqiqiy insonlarni ham aynitishga qodir, bundan faqat kamdan kam kishilargina mustasnodir. <...> biz, hatto bizlarning eng yaxshilarimiz ham, Gomer yoki boshqa bir tragediya ijodkori qahramonning g'am-anduhga cho'mgan, oh-vohu shikoyatlarga to'liq nutq irod qilayotganini tasvirlaganida, boshqalarni esa shunga monand jon-jahdi bilan ko'ksilariga mushtlab kuylashga majbur qilganida, o'zingga ma'lum, ko'nglimizda huzur his qilamiz, shu taassurotga berilib ketib, qahramonni uning iztiroblariga sherik bo'lgan holda kuzatamiz va u kabi hamma narsani jiddiy qabul qilamiz. Biz o'zimizni imkon qadar shunday holatga sololgan ijodkorni maqtaymiz, yaxshi shoir deb ataymiz. <...> E'tibor qilganmisan, kun kelib birortamizning boshimizga kulfat tushganida biz buning tamom aksi - har qanday holatda xotirjamlikni saqlay olishimiz, hislarimizni mahkam jilovlay bilishimiz bilan maqtanamiz? Axir, aslida er kishining fazilati ham - shu, haligina maqtaganimiz esa ayollarga xos xususiyat edi. <...> Shunday ekan, modomiki biz qahramonning tasvirlangan holatiga tushishni istamasak va buni hatto uyatli deb bilsag-u, o'sha holat bizda jirkanish hosil qilish o'rniga ko'nglimizga huzur baxsh etsa va maqtovlarga sabab bo'lsa, bizning maqtovlarimiz yaxshi va o'rinli bo'la oladimi? <...> Men o'ylaymanki, o'zgalarning iztirobu kechinmalari biz uchun beshak yuqumli: ularga nisbatan ko'nglimizda kuchli shafqat qo'zg'alsa, uni o'zimiz iztirobga tushgan hollarda jilovlashimiz juda qiyin bo'ladi; buni kamdan kam kishilar biladi, nazarda tutadi. <...> U ishq rohati bo'ladimi yo g'azab, ko'nglimizning boshqa turfa mayllari, o'zimiz aytgandek, bizning har bir harakatimizga ergashib keluvchi qayg'u yo huzur bo'ladimi - bularning bari bizda poetik taqlidni vujudga keltiradi. Taqlid esa bularning barini oziqlantiradi, qurib bitgani ma'qul bo'lgan narsalarni sug'oradi, ularning bizning ustimizdan hokimligini o'rnatadi; holbuki, yomonroq va baxtsizroq emas, yaxshiroq va baxtliroq bo'lish uchun bu hislarni o'zimizga tobe' tutishimiz lozim edi. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: �M�sl�,1971.- S.435-437



Download 216,52 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   ...   21




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish