Uyg'onish davri yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri
Uyg'onish (Renessans) davri G'arbiy yevropa mamlakatlarida kapitalistik munosabatlarning rivojlana boshlashi, kichik-kichik tarqoq feodal mulklar o'rnida markazlashgan monarxik davlatlarning paydo bo'la boshlashi, yangi madaniy markazlarning paydo bo'lishi, ular orasida aloqa va raqobatning kuchayishi kabi ijtimoiy jarayonlar bilan xarakterlanadi. Madaniy sohada o'rta asrlarda hukmronlik qilgan xristian ilohiyotchiligi mavqyeining birmuncha susaygani, dunyoviy bilimlarga qiziqishning ortishi kabi xususiyatlarni ko'rsatish mumkin. Ayni paytda, Uyg'onish davri dunyoqarashi, madaniyatini tom ma'noda dunyoviy deyish ham qiyin. Aytilganlar � Uyg'onish davrining asosiy xususiyatlari, uni yuzaga keltirgan hal qiluvchi omil esa boshqa. Bu omil shu ediki, endi antik yunon-rim madaniyatini vayron qilgan ko'chmanchi xalqlar bu joylarda o'rinlashgan, ular o'zlari vayron qilgan madaniyat qoldiqlarini baholi qudrat o'zlashtirib, shu asosda o'zlarining milliy madaniyatlarini shakllantira boshlagan edilar. Ya'ni, "uyg'onish" atamasi ayni shu, ilgari yarim vahshiy tarzda hayot kechirgan va endi madaniylashish yo'liga kirgan yangi millatlarga nisbatan qo'llanadi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, uyg'onish jarayoni yevropa xalqlarining barida bir paytda emas, balki buning uchun zarur shart-sharoitlar yetilishiga mos tarzda, qariyb ikki asrdan ziyod vaqt davomida kechdi. Shuning uchun ham o'rta asrlar madaniyati, xususan, adabiy tanqidiy tafakkuri haqida so'z borganda, ularning har biriga navbati bilan to'xtalish maqsadga muvofiqdir.
Uyg'onish madaniyatining beshigi sanaluvchi Italiya davr madaniy hayotining chinakam markaziga aylandi. Jug'rofiy jihatdan juda qulay, buning ustiga, qadimning buyuk bir madaniy markazi o'rnida joylashgani, antik Rim madaniyati an'analari nisbatan keng saqlangani, endilikda xristian diniy markazlaridan birib bo'lib qolgani - shu kabi omillar Italiyada madaniyatning taraqqiy etishiga zamin bo'ldi. Aytish kerakki, Italiyada rangtasvir, haykaltaroshlik, musiqa san'atlari, ayniqsa, gurkirab rivojlandi, rangtasvir madaniy hayotda yetakchi mavqye egalladi. Shunga qaramay, Uyg'onish davri italyan adabiyotining buyuk nomlarini ham dunyoga taratdi - Dante, Petrarka, Bokkachcho kabi adiblarni maydonga chiqardi.
Uyg'onish madaniyati va dunyoqarashiga xos jihatlar Dante Aligeri(1265-1321) ijodidayoq ko'zga tashlanadiki, uning "o'rta asrlarning so'nggi ... yangi davrning ilk shoiri" (F.Engels) sifatida ta'riflanishi bejiz emas. Bunga amin bo'lish uchun ulug' shoirning adabiy tanqidiy qarashlaridagi eng muhim nuqtalarga to'xtalib o'tish kifoya. Ulardan birinchisi Dantening dunyoviy adabiyot cherkovdan mustaqil bo'lishga haqli deb hisoblaganidir. Agar o'rta asrlarda cherkov hukmronligining benihoya kuchaygani, "adabiyotning vazifasi - xudoni madh etish va shu tufayligina u yashashga haqli" tarzidagi qarash ustuvor bo'lgani e'tiborga olinsa, Dantening bu qarashi o'z davri uchun nechog'liq muhimligi ayon bo'ladi. Zero, yaxshi ma'lumki, Uyg'onish davrining asosiy belgilaridan biri ham shunda - adabiyot va san'atni dunyoviy o'zanga burganida namoyon bo'ladi.
Aytish kerakki, Dantening adabiy tanqidiy qarashlaridagi ikkinchi muhim jihat - adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish haqidagi qarashlari, sa'y-harakatlari ham bevosita shu bilan bog'liqdir. Negaki, bu davrga kelib rasmiy cherkov tili - lotin tili qotib qolgan, o'lik tilga aylangan edi. O'z-o'zidan ravshanki, bunday sharoitda adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish uni cherkovdan ajratishning birlamchi sharti edi. Dante "Xalq tili haqida" nomli risolasida adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish zaruratini nazariy jihatdan asoslashga intiladi. Unga ko'ra, ilohiy deb birgina qadimgi yahudiy tilini e'tirof etish mumkin, boshqa tillarning bari(jumladan, italyan tili) keyin paydo bo'lgan "yangi tillar" va ularning paydo bo'lishi insonning amaliy faoliyati bilan bog'liq. Shunday ekan, qadimgi yahudiy tili o'zgarmas bo'lib qolgani holda, boshqa barcha tillar o'zgaradi, rivojlanadi. Dante o'zi yangi deb hisoblagan italyan tilini lotin tiliga qarshi qo'yadi. Dantening fikricha, xalq lahjalarini ijodiy qayta ishlash asosida adabiy til vujudga keladi va bu til butun Italiya uchun umumiy bo'lib qolishi kerak. Ma'lumki, Uyg'onish davri yevropa hududini egallagan varvarlarning millat sifatida shakllanishi, yangi milliy madaniyatlarning shakllanishi davridir. Ya'ni, ayni shu davrda italyan, fransuz, ingliz, nemis kabi millatlar, ularning milliy madaniyatlari shakllana boshladi. Millatning, milliy madaniyatning shakllanishida esa birlashtiruvchi omil sifatida tilning ahamiyati beqiyos kattadir. Shu ma'noda, Dantening butun Italiya uchun umumiy bo'lgan adabiy til haqida gapirishi ham ijtimoiy-tarixiy sharoit keltirib chiqargan zarurat natijasidir. Shu zaruratni teran anglagani uchun ham Dante, o'zi aytmoqchi, xalq tilida � italyan tilida ijod qildi. Oradan ikki yuz yil o'tgach, Petro Bembo(1470-1547) o'zining "Xalq tili haqida nasrdagi mulohazalar"(1525) nomli asarida Dantening bu boradagi xizmatlarini Sitseronning lotin tilini yuksaltirish yo'lidagi xizmatlariga tenglagan edi. Darvoqye, Petro Bembo asaridan ko'rinishicha, italyan tilining adabiy til maqomini olishi oson kechmagan. Asar munozara shaklida yozilgan bo'lib, uning ishtirokchilaridan biri � shoir Erkole lotin tilida she'rlar bitadi, italyan tiliga past nazar bilan qaraydi, xalq tilida she'r yozish mumkin deguvchilarni tushunolmasligini aytadi. Bunga Petroning akasi tilidan e'tiroz qilinadi: o'zga tilda go'zal she'rlar bitgani holda o'z tilini bilmasligidan tashvish chekmagan kishi bamisoli o'zga yurtga muhtasham qasr qurib, o'z yurtida harob kulbada umrguzaronlik qilayotgan odamdir. Asarda adabiy til bilan bog'liq muhim masalalar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, adabiy til normalarining ishlanmagani, qariyb uch yuz yildan beri xalq tilida anchagina asarlar yozilgan bo'lsa-da, hanuz hyech kimsa uning qonun qoidalari haqida arzirli narsa yozmagani afsus bilan ta'kidlanadi. Yana bir muammo � lahjalarning ko'pligi. Ularning qay biriga asoslanish kerak? Biriga asoslanilsa, boshqa lahja vakillariga tushunarsiz bo'lmaydimi? Muammoning shu tarzda qo'yilishi suhbat ahlini adabiy til haqida to'g'ri xulosalarga boshlaydi: adabiy tilning an'anaviylik, badiiy ishlanganlik kabi muhim spetsifik xususiyatlari ta'kidlanadi. Suhbatdoshlardan biri aytadiki, maqsad adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirishga ko'r-ko'rona urinish emas, badiiy sayqallangan adabiy tilda yaxshi asarlar yozish bo'lmog'i kerak. Zero, bunday asarlar avval o'z davrining o'qimishli kishilariga, so'ng oddiy xalqqa maqbulu manzur bo'ladi, shunday ekan, keyin u boshqa davrlarning har ikki toifa kishilariga ham maqbul va manzur bo'la oladi.
Uyg'onish davri adabiy tanqidiy tafakkurining yangilanishi antik merosni qayta o'rganish va baholashdan boshlanadi. Agar o'rta asrlarda antik adabiyot xristian dini nuqtai nazaridan, tor va bir yoqlama talqin qilingan bo'lsa, Uyg'onish davri unga yuksak ehtirom bilan qarab, unda o'zi uchun ibrat namunasi, boy tajriba maktabini ko'rdi. Antik yozma yodgorliklarni to'plash, ularni filologik tadqiq qilishga e'tibor kuchaydi. Shunisi diqqatga molikki, bu boradagi ishlarni boshlab berganlar qatorida Franchesko Petrarka (1304-1374), Jovanni Bokkachcho (1313-1375) kabi so'z san'atkorlari birinchilardan sanaladilar. Petrarka qadimdagi salaflari - Vergiliy, Sitseron, Seneka singarilarning asarlarini qunt bilan o'rgandi, ularning badiiy tafakkur tarzi, uslubini ijodiy o'zlashtirishga intildi. Petrarkaning salaflariga ehtiromi shunchalarki, o'z asarlarini ular ijod qilgan tilda - o'rta asrlardagi "buzilish"lardan holi "sof" lotin tilida yozishni ma'qul ko'rdi. Antik Rimning atoqli kishilari hasbi hollari jamlangan "Mashhur eranlar haqida" nomli asari, antik adabiyot namunalari jamlangan "Diqqatga molik narsalar haqida" nomli majmuada, shuningdek, antik adiblarga bitilgan xayoliy maktublarida Petrarkaning adabiy tanqidiy qarashlari o'z ifodasini topgan. Jumladan, Petrarka so'z san'atiga o'rta asrlarda bo'lgani kabi oddiy bir kasb sifatida qarashga qarshi chiqadi, uni tom ma'nodagi erkin ijod mahsuli deb biladi.
Mashhur "Dekameron" muallifi Jovanni Bokkachcho ham antik merosni o'rganishga katta hissa qo'shgan. Uning "Majusiy ilohlar shajarasi" nomli asarining qator o'rinlarida adabiyot haqida qimmatli fikr-mulohazalar bildiriladi. Jumladan, antik faylasuflar izidan borgan Bokkachcho ham adabiyotni tabiatga taqlid deb biladi. Bokachcho erkin ijod tarafdori, shuning uchun ham san'atkor turli syujetlardan foydalanishga haqli ekanini asoslaydi. Uning ta'kilashicha, adabiyot badiiy to'qimaga keng o'rin beradi, ayni paytda, badiiy to'qimaning tashqi jihatdan tabiatga muvofiqligini talab etib bo'lmaydi, negaki, agar bu narsa talab qilinsa, adabiyotdan keladigan foyda chippakka chiqadi.
Antik merosni o'rganishning kengayishi bilan bog'liq holda matnshunoslik sohasi rivojlandi. Bu borada Anjelo Politsiano (1454-1494), Lorenso Valla (1454-1494) singari matnshunoslarning xizmatlarini alohida qayd etish zarur. O'rta asrlardagidan farqli o'laroq, Uyg'onish davri matnshunoslari antik qo'lyozmalarni ular yaratilgan davr sharoiti va til xususiyatlarini e'tiborga olgan holda tadqiq etib, asarlarning mazmun-mohiyatini aslicha anglashga intildilar. Bu esa matnshunoslikda tom ma'nodagi ilmiy yondashuv tomon burilish, aniqrog'i, qaytish bo'lganidan dalolatdir. Italyan matnshunoslari qadimgi qo'lyozmalarning g'ayri ilmiy talqin qilinishiga qarshi turdilar, qo'lyozmalarni tiklashning (shuningdek, sharhlashning) asosi sifatida teran filologik tadqiqotlarnigina tan oldilar.
Aristotel poetikasining ikkinchi bor kashf etilishi adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi o'ta muhim hodisa sanalishi mumkin. Ushbu asar 1508 yilda Jorjo Valla tomonidan avval lotin, so'ng yunon tilida nashr ettirildi. 1549 yilda esa "Poetika"ning italyan tilidagi tarjimasi nashr etildi. "Poetika" adabiy doiralarda katta qiziqish uyg'otdi: unga turlicha munosabatda bo'lindi, asar turlicha yo'sinlarda talqin qilindi, uning tevaragida o'tkir bahs-munozaralar qo'zg'aldi. Bu esa, birinchi galda, adabiy jarayonda hal etilishi zarur muammolarning yetilib qolgani, ularning kun tartibidagi dolzarb masalaga aylanib qolgani bilan bog'liq edi. "Poetika" e'lon qilinganidan so'ng birin-ketin nazariy xarakterdagi asarlarning paydo bo'la boshlagani ham shuning dalilidir.
Antonio Minturnoning "Shoir haqida" (1559), "Poetik san'at"(1563) nomli asarlari yuqoridagicha sharoitning mahsuli sifatida dunyoga kelgan. Ularning birinchisida antik adabiyot haqida bahs yuritilib, u lotin tilida yozilgan. "Poetik san'at"da zamonaviy adabiyot haqida so'z boradi, bunisi italyan tilida yozilgan. Muallif asarni to'rt kitobdan tarkib toptirgan bo'lib, birinchi kitobda epik poeziya, ikkinchisida dramatik poeziya, uchinchisida lirik poeziya, to'rtinchisida uslub masalalariga to'xtaladi. Ko'rinib turganidek, muallif adabiyotning o'z davri uchun muhim masalalarini qamrab olishga intiladi. Asar adabiyotshunoslikdan qo'llanma tarzida yozilgan, unda o'z vaqtida Piza universitetida saboq bergan muallif qalami sezilib turadi. Minturnoning asariga xos xususiyatlardan yana biri shuki, unda muayyan "norma"larni ishlab chiqish, tayin etishga intilish seziladi. Antik adabiyotni etalon deb hisoblagani uchun bo'lsa kerak, Minturno italyan adabiyotida yangi paydo bo'lgan janr - romanni yoqlamaydi. Negaki, "romanlarda Aristotel va Goratsiylar amal qilishni uqtirgan, Gomer va Vergiliylar amal qilgan shakl va tartib yo'q" . Minturno ushbu masalada "roman ritsarlar haqida bo'lgani uchun ham Gomer va Vergiliylar ijodiy yo'liga to'g'ri kelmasligi tabiiy" tarzidagi asosli e'tirozni qabul qilmaydi. Chunki u, antik adabiyot an'anasiga ko'ra, epik poeziyadagi barcha voqyealar bitta nuqtadan boshlanib, bitta yakunga kelishi lozimligini yaxshi biladi. Adabiyotni "norma"lashtirishga intilgani uchun ham Minturno bu qoidani qat'iy va o'zgarmas deb biladi, unga sig'magani uchun ham romanni poeziyaga mansub qilish mumkinligiga shubha bildiradi.
Lodoviko Kastelvetroning "Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan Aristotel "Poetika"si" nomli asari shu tipdagi asarlar orasida alohida o'rin tutadi. Aytish kerakki, Kastelvetro adabiyot haqidagi fikrlarini ba'zan Aristotel bilan bahs shaklida, ba'zan uning qarashlarini rad etish orqali, ba'zan esa ularni rivojlantirish asosida ifodalagan. Shu ma'noda, asarni oddiygina "sharh" sifatida tushunish unchalik to'g'ri emas. Negaki, Kastelvetro Aristotel fikrlarini sharhlarkan, avvalo, ularni o'z davri nuqtai nazaridan tushunadi va tushuntiradi, ikkinchidan, ularni o'z qarashlari bilan boyitadi, rivojlantiradi.
Kastelvetro Aristotel ta'limotining asosi - mimesis nazariyasini, garchi to'la inkor etmasa-da, jiddiy shubha ostiga oladi. Unga ko'ra, poeziya insonga bolalikdan (ya'ni, tabiatan) xos taqlid asosida paydo bo'lgan emas. Negaki, insonga bolalikdan xos taqlid birov yaratgan narsa yoki harakatga taqlid bo'lsa, "poeziya ilgari yaratilgan narsadan mutlaqo farqli bir narsani yaratadi", uning o'zi "taqlid qilish lozim bo'lgan narsani taqdim etadi". Kastelvetro ijodning yaratish jarayoni ekanini va uning ongli ravishda kechishini ta'kidlab, "poeziyaga xos taqlidni oddiy taqlid deb, aynan taqlid deb atab bo'lmasligi"ni aytadi. Shunga ko'ra, Kastelvetro "poeziya o'z-o'zicha, ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi" degan fikrni inkor qiladi. Jumladan, she'riyatning (stixoslojenie) paydo bo'lishi masalasida u yozadi: "Aristotel she'riyat tuyqusdan va ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi deganida, unga qo'shilishim juda qiyin, zero, tuyqus qilingan har qanday narsa haqiqatda uzoq mashqlardan so'ng va shu asnoda egallangan ko'nikmalar yordamida qilingandir".
Kastelvetro Aristotelning fabula haqidagi fikrlarini sharhlarkan, ularni sezilarli rivojlantiradi. Masalan, garchi alohida ta'kidlamasa ham, u syujet vaqti bilan kompozitsiya vaqti, rivoya vaqti bilan voqyea vaqtini farqlaydi. Kastelvetro syujet voqyealari xotiralar bilan, o'tmishga qaytish bilan kengayishi mumkinligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, "Ullisning o'zi Troyadan qaytishda boshdan kechirganlari haqidagi hikoyasini ko'p yillar davomida yuz bergan hodisalarni o'z ichiga olgan voqyea deb hisoblamaslik kerak, aksincha, uni bir necha soat davomida yuz bergan voqyea - Ullisning haqiqatga monand tarzda bir oqshom doirasiga siqqan hikoyasi deb bilmoq lozim" . Shu xil mulohazalardan kelib chiqqan holda Kastelvetro fabula hajmi masalasiga to'xtaladi. U "ko'rish va eshitish orqali qabul qilinadigan fabula, ya'ni tragediya va komediya fabulasi o'n ikki soat chegarasidan chiqmasligi lozim" deydi va bu o'rinda Aristotelni qo'llab-quvvatlaydi. Biroq faqat eshitish orqali qabul qilinadigan fabulaning", ya'ni epik asar fabulasining hajmini chegaralamaslik kerak deb hisoblaydi. Shuningdek, Aristotelning "tragediya, komediya va epopeyaning fabulasi yaxlit bo'lmog'i, bitta shaxs bilan bog'liq bitta voqyeadan iborat bo'lmog'i lozim" tarzidagi talabiga qo'shilmaydi. Uning fikricha, agar bunday talab qo'yilsa, "Iliada"ning fabulasi ham nomukammaldir. Chunki, "garchi u bitta voqyea yoki, Aristotel so'zlari bilan aytsak, voqyeaning bir qismi, ya'ni Troya urushining bir qismidan iborat bo'lsa-da, o'sha voqyea bitta shaxs bilan emas, butun bir xalq bilan bog'liq voqyeadir" . Ko'rib turganimizdek, Kastelvetro qahramon va voqyea birligi talabidan antik davrdayoq chekinilganiga ishora qiladi. So'ng esa o'zining "poeziya tarixga taqlid qiladi" degan qarashidan kelib chiqib, modomiki tarix yagona hikoyaga bir qahramon bilan bog'liq bir necha hikoyani sig'dira olar ekan, unda poeziya ham bir fabula doirasida bir qahramon bilan bog'liq bir necha voqyeani hikoya qilishi mumkin, degan xulosaga keladi. Keyin yana qo'shib qo'yadiki, poeziya ko'plab odamlarning harakati bilan bog'liq bir necha voqyeani ham hikoya qila oladi.
Agar Kastelvetroning bu fikrlari bilan Minturno qarashlari qiyoslansa, Kastelvetro Aristotel ta'limotiga nisbatan tanqidiy mavqyeni egallagani, nazariy muammolar haqida o'z davri adabiyoti, undagi taraqqiyot tendensiyalarini hisobga olgan holda fikrlaganini ko'rish mumkin bo'ladi. Jumladan, Kastelvetroning Aristotelga epik janrlar, ularning fabulasi masalasida e'tiroz qilishi bejiz emas. Zero, ayni shu davrda oyoqqa turib, tobora ommalashib borayotgan roman janri nazariy qarashlarga muayyan o'zgarishlar kiritish zaruratini yuzaga keltirgan edi.
Aristotelning "Poetika"siga nisbatan ko'proq tanqidiy munosabatda bo'lganlardan biri Franchesko Patritsidir. Patritsi o'zining "Poetika"(1586) nomli asarida Aristotelning to'liq holda yetib kelmagan, tarqoq parchalar holidagi ushbu asarining nazariy qimmati shubha ostiga olindi. Bundan tashqari, Patritsi Aristotelning mimesis ta'limotini inkor qildi. Uning fikricha, Aristotelda taqlid doirasi inson xarakteri, ehtiroslari va amallari bilan cheklanib qolgan, holbuki, adabiyot va san'at qamrab oladigan narsalar (ilohiyot, tabiat va b.) ko'lami ancha kengdir. Patritsi nazdida adabiyot va san'at spetsifikasi "taqlid"da emas, balki "ifoda"dadir. Uning fikricha, poeziyaning mohiyati, spetsifikasi san'atkor ichki dunyosini ifodalashda namoyon bo'ladi. Albatta, Patritsi muayyan asosga ega, biroq u taklif etgan "ifoda" ham adabiyotning mohiyatini to'la qamrab ololmaydi, faqat bir qirrasini ochib beradi, xolos. Nima bo'lganda ham, Aristotel "Poetika"siga nisbatan jonli munosabatning mavjudligi adabiyot va san'at mohiyatini nazariy jihatdan anglash va anglatishga ehtiyoj tug'ilganini ko'rsatadi. Bunga esa antik faylasufning asari kuchli turtki bergani shubhasizdir.
Uyg'onish davrida antik adabiyotga yuksak ehtirom bilan qaralgani, antik adiblar ishlab chiqqan qoidalarga amal qilingani aytildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoitda yetilgan ma'naviy-ruhiy, badiiy-estetik ehtiyojlar, tabiiyki, shunga mos o'zgarishlar, yangilanishlarni ham taqozo etardi. Shuning natijasi o'laroq, Uyg'onish davri adabiyotida romanning yangi janr ko'rinishlari, novella, qahramonlik poemasi singari yangi janrlar paydo bo'ldi. Tabiiyki, adabiy doiralarda bunday o'zgarishlarga turlicha munosabatda bo'lindi, bir-biriga tamom zid fikr-mulohazalar bildirildi. Shunday bahs-munozaralar qo'zg'agan asarlardan biri Torkvato Tassoning 1580 yilda chop etilgan "Ozod qilingan Ierusalim" asari bo'ldi. Ayrim tanqidchilar unda dunyoviy motivlar, ishqiy sahnalarning ko'payib ketganini aytib e'tiroz qilsalar, boshqalari asarga katolik ruhi singdirilganini qabul qilmadilar; birlari undagi haqiqat va fantastikaning qorishib ketganini singdirolmasalar, tag'in birlari tilining qo'polligi, grammatik buzilishlar borligini kamchilik sifatida ko'rsatdilar. Albatta, asar har jihatdan mukammal emasdi, lekin qo'zg'algan e'tirozlar asosida ko'proq yangilikni hazm qilolmaslik yotardi. Tasso tanqid talablaridan kelib chiqib asarini jiddiy qayta ishlagan bo'lsa-da, unda o'z ijodiy prinsiplarini anglatish, yangi janrni nazariy jihatdan asoslash ehtiyoji tug'ildi. Shuning natijasi o'laroq, 1594 yilda Tasso "Qahramonlik poemasi haqida mulohazalar" nomli asarini yozdi.
Tassoga ko'ra, ijodkor qarshisida uchta asosiy vazifa ko'ndalang bo'ladi: 1) material tanlash, 2) shu materialni sig'dira oladigan shakl tanlash, 3) materialga sayqal berish, uni bezash. Shundan kelib chiqib, Tasso o'z kitobida qahramonlik poemasi materiali, fabulasi (shakli) va uslub masalalarini diqqat markaziga qo'yadi.
Tassoning uqtirishicha, poeziyaning materiali o'ta rang-barang, hududi cheksiz: yer va yer osti, osmonning eng tepasi unga material bo'la oladi - Gomer, Vergiliy, Dantelar ijodi buning yorqin dalili. Ijodkor oldida turgan eng mas'uliyatli vazifa shular ichidan eng maqbulini tanlashdir. Zero, "materiya bamisoli o'tib bo'lmas chakalakzor o'rmondirki, unga quyosh nurining tushishi mahol, agar san'at o'sha o'rmonni yoritmas ekan, odamlar uning ichida yo'lboshchisiz adashadilar" . Ko'rib turganimizdek, Tasso san'atning ijtimoiy vazifasiga, uning ma'rifiy ahamiyatiga diqqatni tortadi, tanlash mas'uliyatini shunga keltirib bog'laydi. Tassoga ko'ra, shu cheksiz material ichidan "eng maqbuli, qayta ishlash va sayqal berish uchun yaraydigan"ini tanlab ololgan kishi mahoratli san'atkordir. Tasso ijodda ongning ahamiyatini yuqori qo'yadi. Unga ko'ra, tanlash faqat ong tufayli mumkin bo'ladi, materialni "tanlash va mushohada qilish"siz san'at mavjud emas.
Tasso syujetni to'qish emas, tarixdan olgan ma'qul deb biladi. Unga ko'ra, agar tarixiy asar materiali tarixlarda qayd etilgan voqyea va faktlarga tayanmasa, o'quvchini hayratlantira olmaydi, negaki, o'quvchi unga ishonmaydi. Modomiki, poeziya taqlid qilmoq ekan, mavjud bo'lmagan narsalarga taqlid qilib bo'lmaydi, deb hisoblaydi u. Biroq bundan Tasso to'qimaga butkul qarshi, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Aksincha, Tasso "oqilona fantaziya" tarafdori. Uning uqtirishicha, mavjud narsalarni aks ettiruvchi obraz haqiqatga monand, ishonarli taqlid natijasidir. Biroq "mavjud narsa" deganda ko'zga ko'rinib turgan narsalargina emas, aql bilan idrok etiladigan narsalar ham tushuniladi. Shunga ko'ra, masalan, farishtalar obrazi ham "mavjud narsa"larga taqlid natijasidirki, bunda oqilona fantaziyaga tayanilgan. Shu mulohazalardan kelib chiqib, Tasso ishonarli taqlid oqilona fantaziya bilan uyg'unlasha oladi, degan xulosaga keladi. Zero, uning fikricha, oqilona fantaziya haqiqatga monandlikka, ishonarlilikka putur yetkazmaydi.
Tasso poemaning yangiligi masalasiga alohida to'xtaladi. Uning fikricha, poemaning yangiligi materialga qarab emas, shaklga qarab belgilanadi. Ya'ni, material barchaga ma'lum, ilgari ham qalamga olingan bo'lishi mumkin, biroq agar voqyealar yangicha bog'langan, yangicha tugun va yechimga ega, yangi epizodlar kiritilgan bo'lsa, poema yangi hisoblanaveradi. Biroq bundan Tasso birinchi o'ringa shaklni qo'yadi degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Bu o'rinda Tasso qo'ygan muhim bir shart diqqatga loyiq. Uning uqtirishicha, shoir hammavaqt haqiqatning do'sti bo'lib qolishi, unga yangidan zeb berib yangicha nurlantirish bilan mashg'ul bo'lishi lozim. Ravshanki, bu shartning amalga oshishi uchun eski materialdagi voqyealarni yangicha bog'lash, yangi tugun va yechim bilan ta'min etib, yangi epizodlar bilan boyitish zarur. Tassoga ko'ra, materiya � hali epik shoirning mahoratli qo'li tegmagan hayotiy (yoki tarixiy) material, "epik shoir tomonidan qayta ishlanib, joylashtirilib, nutqiy bezak berilgach, u endi materiya bo'lmaydi � fabulaga, poemaning shakli va ruhiga aylanadi". Ko'rib turganimizdek, Tasso shakl va mazmun birligini ko'zda tutadi, materialga ijodiy yondashishni eng muhim shart deb biladi. Aksincha, materialga ijodiy yondashuv bo'lmasa, agar asar qahramonlari(ularning nomlari) to'qima, lekin voqyeaning tugun va yechimi o'zlashtirilgan bo'lsa, bunday poema yangi sanalmaydi. Tasso bu o'rinda o'z zamonida ko'p urchigan, antik adabiyotdan nusxa olib yozilgan (aniqrog'i, ularga yangicha to'n kiydirilgan) tragediyalarni nazarda tutadi.
Joaken Dyu Bellening "Fransuz tili muhofazasi va madhi" (1549) nomli asari o'zining mazmun-mohiyati bilan Dantening "Xalq tili haqida", Petro Bemboning "Xalq tili haqida nasrdagi mulohazalar" asarlariga yaqin turadi. Risola XVI asrda tashkil topgan taraqqiyparvar adiblar uyushmasi - "Pleyada"(Pleiade)ning manifesti sifatida yaratilgan. Asar lotin tilidagi adabiyotga ko'r-ko'rona ergashishga qarshi qaratilgan bo'lib, fransuz tilida buyuk adabiyot yaratish g'oyasi bilan sug'orilgan. Dyu Belle fransuz tilining shu vazifani uddalashga qodir ekanligini asoslashni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadi. U tilning ilohiy tabiatini inkor qiladi, tilning paydo bo'lishi ham, uning rivojlanganlik darajasi ham insonlarning maqsadli faoliyatiga bog'liq deydi. Dyu Bellening ta'kidlashicha, fransuz tilining mavjud holati fransuzlarning o'z tiliga e'tiborsizligi tufaylidir, agar yunonlar va rimliklar o'z tillariga fransuzlarday munosabatda bo'lganlarida, bu darajada rivojlangan tilga ega bo'lmasdilar. Fransuz tilini boyitish uchun, Dyu Bellega ko'ra, qadimgi tillardan so'z va nutq qurilmalarini o'zlashtirish lozim. Lekin o'zlashtirish oqilona, fransuz tili tabiatini hisobga olgan va unga muvofiq holda amalga oshirilishi kerak. Ayni chog'da, fransuz tilini boyituvchi manbalar sifatida u turli ijtimoiy guruhlar va lahjalardan ham foydlanish zarur deb hisoblaydi.
Dyu Belle ijodkorlarni antik adabiyotdan o'rganishga da'vat etadi, chunki, uningcha, bu narsa fransuz adabiyotini yuksaltirishiga, mukammal badiiy asarlar yaratilishiga asos bo'ladi. Shuningdek, u fransuzlar italyan adabiyotidan ham o'rganishi kerak deb biladi. Biroq antik adabiyot va italyan adabiyotiga yuksak e'tibor bilan qaragani holda, u milliy adabiy an'analarga past nazar bilan qaraydi. Jumladan, Dyu Belle o'rta asrlar fransuz adabiyotidagi ballada, qirol qo'shiqlari kabi janrlarni inkor qilib, antik adabiyotdagi oda, elegiya, sonet kabi janrlarni yuksak baholaydi. Xuddi shunga o'xshash, u o'rta asrlarda paydo bo'lgan fars, moralite singari dramatik janrlarga antik tragediya va komediyani qarshi qo'yadi. Biroq bulardan Dyu Belle antik adabiyotga ko'r-ko'rona taqlid qilishga chaqiradi degan fikr kelib chiqmasligi kerak. U, masalan, antik she'r tizimini fransuz she'riyatiga tatbiq etilishiga qarshi, chunki bu tizim fransuz tili tabiatiga muvofiq emas. Aytish mumkinki, Dyu Belle o'z oldiga milliy adabiyotni yuksaltirish maqsadini qo'ygan, buning uchun esa fransuz adabiyoti o'zigacha mavjud adabiyotning eng yaxshi namunalaridan o'rganishi kerak deb bilgan.
Asli italiyalik bo'lgan Yuliy Sezar Skaligerning (1484-1558) faoliyati Fransiya adabiy tanqidiy tafakkuri rivojida salmoqli o'rin tutadi. Skaliger 1529 yildan Fransiyada yashab, filologik tadqiqotlar, tanqidchilik va tabobat bilan mashg'ul bo'ladi. Uning adabiy nazariy qarashlari "Poetika" (1561) nomli asarida to'la aksini topgan. Muallif ko'p jihatdan Aristotel qarashlariga tayansa-da, qator nuqtalarda antik salafi bilan bahslashadi, o'z davri adabiyoti tajribasidan kelib chiqib, muayyan yangiliklar kiritadi.
Skaliger poeziyaning paydo bo'lishini o'ziga xos tushuntiradi. Unga ko'ra, mavjud narsalarning barini uch turga: zaruriy, foydali va huzurbaxsh narsalarga ajratish mumkin. Jumladan, fikr tashish � zarurat, shu zarurat asosida nutq paydo bo'lgan. O'z navbatida, barcha san'atlar (ilmlar) nutq asosida vujudga kelgan. Skaliger nutq zarurat tufayli, amaliy foydalanish yoki huzurlanish maqsadida qo'llanilishi mumkin deb biladi va shunga mos holda nutqning uchta tipini ajaratadi. Ya'ni, haqiqatni bilish zarurati falsafaga, amaliy foydalanish maqsadi maishiy donishmandlikka, huzurlanish istagi poeziyaga nutq berdi.
Skaliger nutqning uchinchi tipiga tarixni ham mansub etarkan, uni poeziya bilan qiyoslaydi. Uningcha, poeziya va tarixning mushtarak tomoni � ikkisining ham voqyealarni hikoya qilishida, farqi shuki, tarix "haqiqatda bo'lgan narsalar haqida aslicha hikoya qiladi", poeziya esa "haqiqatda bo'lgan narsalarga to'qimani qo'shib" yoki "to'qima voqyealar orqali haqiqatda bo'lgan voqyealarga taqlid qilgan" holda hikoya qiladi. Ayni shu narsani Skaliger poeziyaning ustun jihati deb biladi. Chunki boshqa san'atlar (ilmlar) voqyea yoki narsani aslicha taqdim etadi, poeziya esa "go'yo ikkinchi tabiatni ham ko'plab taqdirlarni yaratadi, shu tariqa uning o'zi ikkinchi Xoliqqa aylanadi".
Skaliger poeziya taqlid san'ati ekanligini inkor qilmaydi, biroq uning fikricha, taqlid poeziyaning asosiy maqsadga yetishi uchun bir vosita, poeziyaning maqsadi esa huzur bergan holda ta'lim berishdan iboratdir. Shu masalada u Aristotel bilan bahslashadi, poeziyaning maqsad-mohiyatini taqlidga bog'lab tushuntirilishiga qo'shila olmaydi. Skaliger ko'plab she'riy janrlarning bunday ta'rif doirasiga sig'masligi, ularda taqlid emas, ijodkor qalbidagi his-tuyg'ularni "ifodalash" yetakchiligini ta'kidlaydi. Shunga ko'ra, u taqlid poeziyaning belgilovchi xususiyati ekanligini shubha ostiga oladi: "Poeziya taqliddan yuzaga kelmaydi, zero, har qanday poetik asar ham taqlid emas; taqlid qilayotgan har kim ham ijodkor emas". Aks holda, xo'jasining buyrug'ini o'z tilidan yetkazayotgan gumashtani ham shoir deb hisoblashga to'g'ri kelur edi. Skaliger har qanday nutqda taqlid bor, chunki so'z narsalarning obrazidir degan fikrni oldinga suradi. Ko'rinadiki, Skaliger hali mimesis nazariyasidan to'la uzilib ketmagan bo'lsa-da, poeziyaning paydo bo'lishi va mohiyatini nutqqa bog'lab tushuntirishga harakat qiladi. To'g'ri, uning bu nav qarashlari tizim holiga kelmagan, lekin masala mohiyatiga ancha chuqur nazar solgani, qimmatli fikrlar bildirgani ham shubhasizdir.
Skaligerga ko'ra, "poetika biz poeziya deb ataydigan narsani yaratishni o'rgatuvchi fan, qoidalar tizimi"dir. Ya'ni, u poetikani amaliy fan, vazifasi muayyan qoidalar tizimini ishlab chiqish deb biladi. "Poetika"da adabiy tur, shakl va mazmun, vaqt, makon, syujet, personajlar, uslub kabi masalalarga keng o'rin berilgan, muayyan me'yorlar ishlab chiqishga harakat qilingan. Jumladan, u ijodkorlar oldiga pesani besh pardaga bo'lish, makon zamon va harakat birligi talabiga qat'iy amal qilish, tragik va komik belgilarni aslo qorishtirmaslik, ulug'vor-ko'tarinki ruh bilan yo'g'rilgan syujet, favqulodda hayotiy holatlar yaratish, voqyeaning eng tig'izlashgan nuqtasini qalamga olish kabi talablarni qo'yadi. Agar fransuz klassitsistlari ham adabiyotga shu talablarni qo'ygani e'tiborga olinsa, Skaliger "Poetika"sining ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas.
Uyg'onish davri Angliya adabiy tanqidiy tafakkuri tarixida Filipp Sidnining (1554-1586) faoliyati muhim o'rin tutadi. Uning "Poeziya himoyasiga"(1580) nomli asari Angliya Uyg'onish davri adabiyotining manifesti sifatida qaraladi. Asar "apologiya" - himoyachi nutqi shaklida yozilgan. Gap shundaki, bu asar Reformatsiya davrida maydonga chiqqan radikal puritanlarga xos san'atga salbiy munosabatning kurtaklari ko'rina boshlagan paytda yozilgan bo'lib, Gossonning "Qabohat maktabi" asariga javob tarzida dunyoga kelgan. Demak, janr talabi bilan (bu talab esa muallif maqsadiga mos, albatta) Sidni adabiyotning foydasiga dalillar keltirishi, ularni asoslashi lozim. Shu bois ham Sidni boshdanoq adabiyotning kishilik jamiyati hayotida juda katta o'rni borligini, adabiyot insonning dunyoni idrok etishi yo'lidagi ilk vosita bo'lganini ta'kidlaydi. Mazkur da'voni dalillash uchun Irlandiya va Turkiyani misol keltirarkan, Sidni bu mamlakatlarda fan yo'q, lekin adabiyot bor ekanligini aytadi. Hatto taraqqiyotdan tamom ortda qolgan yovvoyi hindularning ham o'z shoirlari bo'lib, ular she'r to'qib ajdodlari tarixini kuylaydilar, o'z xudolarini madh etadilar.
Sidni poeziyani boshqa fanlardan ustun qo'yarkan, boshqa barcha fanlar tabiat yaratgan narsalarni o'rganadi va unga bog'liq, faqat poeziyagina "ikkinchi tabiatni yaratadi", u yaratgan narsa yo mavjud narsadan mukammalroq, yo umuman yangi deb biladi. Poeziya tabiatni go'zalroq, insonni komilroq qilib yaratadi, eng muhimi, poeziya bu bilan insonlarni komillikka, ezgulikka yetaklaydi. Xuddi Skaliger kabi, Sidni poeziyaning maqsadi ta'lim va lazzat berish, aniqrog'i, lazzat bergan holda ta'lim berishdan iborat deb tushuntiradi.
Sidni poeziyani taqlid san'ati derkan, nimaga taqlid qilinayotganiga ko'ra uning uchta xilini ajratadi: 1) ilohiyotga taqlid; 2) falsafiy materiyalarga taqlid; 3) tabiatga taqlid. Unga ko'ra, shu uchinchi xilgina chinakam "poeziya", uni yaratuvchilar "poet" (yaratuvchi, ijodkor) sanalishi mumkin. Ko'rib turganimizdek, Sidni "adabiy asar" bilan "badiiy asar"ni, keng ma'nodagi "adabiyot" bilan "badiiy adabiyot"ni farqlaydi. Muhimi, Sidni ular orasidagi farqni ko'rsatishga intiladi. Uning aytishicha, aksariyat ijodkorlar to'qimalariga she'riy libos kiydiradilar. Biroq she'r atigi poeziyaning bezagi, belgisi emas. Poeziyaning belgilovchi xususiyatini Sidni obrazlilikda ko'radi. Uning uqtirishicha, falsafa orzulangan narsa haqida hukm tarzida gapirsa, poeziya uni "to'qima qahramonning mukammal obrazida" namoyon etadi. Sidni badiiy obrazda "alohida misolda umumiy g'oya tajassum topishi"ni ta'kidlaydiki, bu bilan badiiy obrazga xos muhim spetsifik xususiyatni to'g'ri ko'rsatadi.
Radikal puritanlar tomonidan poeziyaga bir qator ayblovlar qo'yilganki, Sidni ularni birma-bir inkor qiladi. Jumladan, "poeziya bilan shug'ullanish - vaqtni bekor sovurish" tarzidagi ayblovga qarshi "ilmlarning sarasi insonni ezgulikka boshlaydiganlaridir, hyech bir narsa insonni ezgulikka poeziyachalik yaxshi oshno qilolmaydi" deydi. Yoki "poeziya - yolg'onning onasi" degan ayblovga javoban aytadiki, "ijodkor to'qib chiqarilgan narsalarni hikoya qilsa-da, ularni haqiqat deb taqdim qilmaydi, bas, u yolg'on so'zlamaydi". Puritanlarning "poeziya kishilar axloqini buzadi" degan da'vosini ham Sidni inkor qiladi. U poeziyadan yomon maqsadda foydalanish mumkinligi, poeziya o'zining jozibasi bilan bu borada katta zarar yetkazishi ehtimolini e'tirof etgani holda haqli bir savol qo'yadi: agar biror narsadan yomon maqsad yo'lida foydalanilayotgan ekan, aybdor o'sha narsaning o'zi bo'ladimi yo undan foydalanayotganlarmi?
Sidni qadimgilar poeziyani ilohiy deb tushungani, ijodkor bo'lish uchun xudo bergan iste'dod zarur deb hisoblaganlarini aytib, ularga, umuman, qo'shiladi. Biroq, uningcha, har qanday katta iste'dod ham, xuddi unumdor yer ishlovga muhtoj bo'lganidek, parvarishga muhtoj deb biladi. Ijodkor mahoratini oshirib borishi, tinimsiz mashq qilishi, o'rganishni kanda qilmasligi zarur. Jumladan, Sidni ijodkorlarni antik adabiyotdan o'rganishga chaqirarkan, unda ishlatilgan usullardan ko'r-ko'rona emas, o'rnida va ma'lum maqsadni ko'zlagan holda foydalanish joizligini ta'kidlaydi.
O'z davri ingliz adabiyotidagi holatdan qoniqmagan Sidni qator tanqidiy mulohazalarni bildiradi. Jumladan, u dramaturgiyaga to'xtalib, ko'p vaqt davomida va ko'p joyda kechuvchi voqyealarni tasvirlashga urinishni tanqid qiladi. Shuningdek, u tragediyada qirollar bilan masxarabozlarning aralashib yurishi, buning mazmun talabi bilan emasligini yoqlamaydi. Sidni komediyaning vazifasi yengil kulgi emasligini, maqsad kuldirishning o'zi emas, balki "insonlarga va tabiatga nomuvofiqlikdan" kelib chiqayotgan kulgi bo'lishi kerakligini ta'kidlaydi. Lirik asarlarning zaifligini mazmun zaifligida ko'rgan Sidni shoirlarning ortiqcha jimjimadorlikka, ekzotik so'zlar ishlatish va tasviriy vositalarni qalashtirib tashlashga moyilliklarini "qalb qashshoqligini xaspo'shlashga urinish" deb biladi. Tilning sodda, yorqin bo'lishini talab qilgan Sidni ortiqcha jimjimadorlikni yovvoyi hinduning qulog'igagina emas, burniyu labiga ham sirg'a taqib olishiga o'xshatadi. Uning uqtirishicha, bunaqa she'rda samimiyat yo'qoladi, his-tuyg'ular xiralashadi; holbuki, she'rda muhimi - his-tuyg'u ifodasi, qolgan narsalar esa vosita, bezak xolosdir. Sidni Angliyada poeziya munosib qadr topmayotgan ekan, bunga, birinchi galda, she'rbozlaru qofiyabozlar aybdor deb biladi. Sidni poeziyani kamsituvchilarga zid o'laroq, uning ulug'ligini ta'kidlaydi, shoirlarni "poet" (yaratuvchi) degan nomga munosib bo'lishga, boshqalarni shoir nomini eshitib kulmaslikka, shoirlarni masxaraboz deb bilmaslikka chaqiradi.
Ingliz dramaturgi Ben Jonson(1573-1637)ning vafotidan so'ng chop etilgan "Qaydlar yoki kuzatishlar" nomli asarida yozuvchi ahliga qator maslahatlar berilgan. Jumladan, u "yaxshi yozish uchun" uchta shartni bajarish lozim deb uqtiradi: eng yaxshi adiblarni o'qish, eng yaxshi notiqlarni tinglash, ko'p mashq qilish ". B.Jonson ijod onlarida ilhom kuchi bilan oson yozilishini ta'kidlaydi, biroq bunga hushyor qaramoq, oson yozilgan narsaga qaytish va uni sabr-la sayqallash zarur. Zero, tez yozish yaxshi uslubni vujudga keltirmaydi, aksincha, uslubni yaxshilash ustida ishlash asta-sekin tez yozishga o'rgatadi. Ayni chog'da, B.Jonson tabiat ato etgan iqtidorning ahamiyatini baland qo'yadi, usiz san'atkorligu mahorat, o'rganib olingan qoidalar hyech bir kuchga ega emas deb hisoblaydi.
B.Jonson shakl va mazmun birligini, ularning munosabatida mazmunning yetakchiligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, nutq mavjudotlar orasida faqat insongagina in'om etilgan ustunlikdirki, uning yordamida inson o'z aqlining yuksakligini namoyon eta oladi. Har qanday nutqda so'z va ma'no bamisoli jismu tandek yaxlit birlikni tashkil qiladi. Ma'no so'zning joni, usiz so'z o'likdir. Shunga ko'ra, "muallif avval mazmunni o'ylab topib, so'ng shunga mos so'zlarni tanlashi va bu asno har ikkisining salmog'ini tekshirib borishi darkor ". B.Jonsonga ko'ra, mazmun (ma'no) ijodkor tajribasi, uning inson hayoti va faoliyatini, shuningdek, san'atlar va gumanitar fanlarni bilishi asosida tug'iladi. Ayni shu mazmunni ifodalash uchun so'zlarni saralash, "so'zlayotgan personaj obrazi yoki so'z borayotgan predmetga muvofiq" so'zlarni tanlab olish kerak. So'zdan to'g'ri foydalanilsagina nutq nafosatli bo'ladi. Badiiy nutqda so'zning haqiqiy kuchini ko'chimlar yoki metafora orqali namoyon qilish ham muhim. Lekin ulardan faqat zarur o'rinlardagina foydalanish kerak, bu zarurat esa tushunchani ifodalashga aniq bir so'z bo'lmagan hollarda yuzaga keladi. O'ta sun'iy metafora qiyin anglanadi, jimjimadorlari nafis bo'lolmaydi. Metaforada bir-birini almashtirayotgan so'zlar bir doiradagi so'zlar bo'lishi lozim. Masalan, maxfiy kengash a'zosi qimorboz yoki mayfurush ishlatadigan metaforadan foydalanmaydi, shunga o'xshash, ichki Angliyada yashovchining dengiz terminlaridan foydalanishi ham to'g'ri emas. B.Jonson fikricha, yangi metafora yaratish xavfli, ularga uzoq foydalanmaguncha o'rganish qiyin. Shunga qaramay, ijodkor jur'at qilishi kerak, zero, avvaliga qo'pol ko'ringan narsalar keyincha sayqallanadi. Eski va yangi so'zlarni ishlatish me'yoriga to'xtalib, B.Jonson "nutqning yaxshisi eski tilning eng yangi, yangi tilning eng eski so'zlaridan tarkib topganidir" deb yozadi.
B.Jonson badiiy nutq haqidagi fikrlarini antik yozuvchi va ritorlarga tayangan holda tushuntiradi. Masalan, bo'shliq hosil qilmagan holda bironta so'zini olib tashlab bo'lmaydigan jumlani aniq va siqiq(Tatsit); oz so'z bilan ko'p ma'no ifodalagan jumlani lakonik, ma'noni qisman ifodalab, o'quvchidan idrok qilish va to'ldirishni talab etadigan jumlani qisqa(Svetoniy) deyiladi. B.Jonson uslubga qo'yiluvchi talabni soddagina qilib ifodalaydi: "ravon va batafsil, biroq ortiqchaliksiz yozmoq kerak". Jumla tuzishda bo'laklarning aloqasi mustahkam, bamisoli tugun qilib bog'langanday bo'lishi lozim. Xuddi to'g'ri qirrali toshlar devorda bir-birini loysiz ham tutib turgani kabi, to'g'ri bog'langan so'zlar ham o'zaro shunday jipslashadi Jumlaning o'ta uzun yoki o'ta qisqa bo'lishi ma'qul emas: o'ta qisqa jumlaning xotirga ilashishi qiyin, o'ta uzun jumlaning xotirda qolishi. Yozuvchining nutqi bamisoli ipak kalava bo'lsin: uni saqlash ham qulay, uchini tutgancha yozish (foydalanish) ham oson.
B.Jonsonning jumla va fabula haqidagi fikrlari orasida mushtaraklik borki, bu uning badiiy asar qurilishini sathlararo bog'liqlikda ko'rgani, asarni qismlardan tarkib topgan butunlik � sistema deb tushunganidan dalolatdir. Masalan, u xuddi jumladagi kabi, "fabulaning qismlari o'zaro shunday birikishi lozimki, strukturadagi biron bir detalni butunga ziyon yetkazmagan holda o'zgartirish yoki tushirib qoldirish mumkin bo'lmasin" deb uqtiradi. Asar fabulasi butun va tugallangan voqyeani tasvirlashi lozim derkan, Jonson bunda boshlanishi, o'rtasi va oxiri mavjud bo'lgan voqyeani nazarda tutadi. Unga ko'ra, butun tushunchasini ikki turli tushunish mumkin: "u faqat birgina detaldan tarkib topgan narsani ham, ko'plab unsurlardan tashkil topsa-da, qismlarning aloqasi tufayli butunga aylanuvchi narsani ham anglatadi". B.Jonsonga ko'ra, butunning qismlari o'zaro proporsional bo'lishi zarur, shu bilan birga, qismning hajmi o'ta katta yo o'ta kichik bo'lishi ma'qul emas. Chunki tasvirlangan narsa o'ta katta bo'lsa, uni bir butunlik sifatida tasavvurga sig'dirish qiyin, tasvirlanayotgan narsa o'ta kichik bo'lsa, tomoshabin nigohi unda to'xtala olmaydi, natijada u zavq berolmaydi.
Albatta, ikki asrdan ziyod vaqt davomida adabiy tanqidiy tafakkur rivojida kechgan jarayonlarni kichik bir ocherk doirasida yoritish mumkin emas. Shu bois ham Uyg'onish davri adabiy tanqidiy tafakkuriga to'xtalarkan, biz ko'proq adabiyot haqida maxsus asarlar yozgan mualliflarni diqqat markazida tutishga harakat qildik. Holbuki, adabiy tanqidiy tafakkur rivojida yevropaning turli mamlakatlarida yetishgan Monten, Servantes, Shekspir kabi adiblarning, Leonardo da Vinchi, J.Bruno, F.Bekon kabi olimlarning ham muayyan o'rni, xizmatlari bor. Tabiiyki, ularning asarlarida bildirilgan fikrlar adabiy tanqidiy tafakkur rivojida beiz ketmagan. Shunga qaramay, davr adabiy tanqidiy tafakkuriga xos xususiyatlar maxsus asarlarda umumlashma ifodasini topgani ham shubhasizdir. Ikkinchi tomoni, xronologik jihatdan shu davrga to'g'ri keladigan ispan va nemis mutafakkirlarining so'z san'ati haqidagi fikrlari mazmun mohiyati bilan adabiy tanqidiy tafakkur rivojining keyingi bosqichlariga ko'proq mos keladiki, ular haqida keyingi faslda so'z yuritilgani ma'qul ko'rindi. Hozircha esa yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirib, tubandagi asosiy xulosalarni chiqarish mumkin:
- antik merosni o'zlashtirgan Uyg'onish davri o'tmishda ishlab chiqilgan poetik prinsiplarga amal qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni o'z davri ijtimoiy-tarixiy sharoiti ta'sirida yetilgan ehtiyojlar, xususan, shakllana boshlagan milliy adabiyotlar nuqtai nazaridan idrok qilishga intildi;
- adabiyot va jamiyat munosabatlari, so'z san'ati ijtimoiy hayotda tutgan o'rin va u bajaradigan vazifalar (bilish, estetik va kommunikativ funksiyalar) yangicha tushunildi, adabiyotni xristian ilohiyoti ta'siridan chiqarish zarurati, uning mustaqil mavjud bo'lish va rivojlanishga haqli ekani anglandi;
- yangi milliy adabiyotlarni yuzaga keltirish zarurati bilan bog'liq holda "adabiy til" tushunchasi yuzaga keldi, uning umumxalq tili bilan munosabati masalasi keng yoritildi;
- badiiy ijodning individual tabiati, san'atkorning ijodiy erkinligi e'tirof etildi, poeziyani ijodkor ichki dunyosining ifodasi sifatida tushunildi, poeziya mavjudligining asosi sifatida inson � ijodkor markazga qo'yildi;
- hayotni realistik tasvirlash tamoyillari rivojlantirildi, badiiy haqiqatning yangi mezonlari ishlab chiqildi. Jumladan, "uch birlik" talabidan chekinish, turli janrlarga xos xususiyatlarning qorishiq namoyon bo'lishi mumkinligining e'tirof etilishi, adabiyotning keng ommaga mo'ljallanganligi va shu asosda mazmunan xalqchillashuv, badiiy tilning xalq tiliga yaqinlashishi kabi qarashlarning ustuvor mavqye egallay boshlashi;
- adabiy tanqidning mustaqil janrlari paydo bo'lgani, tanqidiy mulohazalar hajmi va salmog'ining kattargani, adabiy tanqid adabiyotshunoslikning alohida sohasi sifatida shakllanish yo'liga kirgani, adabiy asarlar bo'yicha yoki muayyan masalalar bo'yicha ilk bahslarning yuzaga kelishi kabi qator jihatlar adabiy tanqidiy tafakkurga Uyg'onish davri bergan muhim xususiyatlar deb qaralishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |