Bir kuni to‘ti podshodan o‘z yurti Hindistonga borib kelishga ruxsat so‘rabdi. Podsho u ketsa xafa bo‘lib, kasallanib qolishini aytibdi. To‘ti podshoni aldamasligini, unga va’da berib, va’daga xiyonat qilmasligini tushuntiribdi. Podsho to‘tining gapiga ishonib, unga ikki haftaga javob beribdi.
To‘ti podsho bilan xayrlashib, Hindistonga uchib ketibdi. Olti kun deganda manziliga yetib borib, qarindosh-urug‘lari bilan eson-omon ko‘rishibdi. Bechora to‘ti o‘ynab-kulib, ota-onasining diydoridan bahramand bo‘libdi. U uch kunni qanday o‘tkazganini bilmay qolibdi. Qaytib borgandan keyin qafasga tushishini rosa o‘ylabdi. Qarindosh-urug‘lari saroyga qaytmaslikni maslahat beribdi. To‘ti: -Yo‘q, yana qaytmoq uchun va’da berganman, va’daga vafo qilmasam bo‘ladimi? Menga bir yo‘l ko‘rsating, oyijon. Men ham erkinlikka chiqay, ham va’damni bajargan bo‘lay,- debdi.
Ona to‘ti aytibdi: -Unday bo‘lsa men bir maslahat beraman. Bizning yurtda bir daraxt bor. Daraxtning mevasidan har qanday keksa yoshli kishi yesa, navqiron yigit yoki sohibjamol qizga aylanadi. Podshoga shu olmalardan uch donasini olib borgin. Bu bebaho mevani bersang, zora seni butunlay ozod etsa, -debdi.
Bu gap ma‘qul bo‘libdi. To‘ti uch dona olmani olib, shimol tomonga qarab uchibdi.
Olti kun deganda saroyga yetib kelibdi. Podsho bilan ko‘rishib, unga olmani beribdi. Podsho rosa xursand bo‘lib, uni ozod qilishga va’da beribdi. Olmalardan birini xotiniga berib, saqlab qo‘yishni aytibdi. Qolganini vazirga ko‘rsatish uchun likopchaga solib qo‘yibdi.
Ertasiga uni vaziriga ko‘rsatibdi va xosiyatlarini aytibdi. Vazirning bunga hasadi kelib, podshoga shunday debdi:
-Siz bu parrandaning olib kelgan narsasini yemay turing, avval bir tajriba qilib ko‘raylik, rost bo‘lsa yemoq qochmaydi, -debdi.
Bu gap podshoga ma‘qul tushibdi. Vazir qulay fursat topib, likopchadagi olmalarni zaharlab qo‘yibdi. Ertasi kuni vazir debdi:
-Endi bu mevalarni tajribada sinab ko‘raylik. Qamoqxonadan ikki nafar mahbusni olib kelib, mevalarni yedirishibdi. Ikkalasi ham shu zahotiyoq o‘libdi.
Bu xunuk voqeadan keyin bechora to‘tini kallasini tanasidan judo qilibdi. Podsho esa jahldor bo‘lib qolibdi.
Kunlardan bir kuni podsho bir odamni g‘azab ustida o‘limga buyuribdi. Bu kishi keksa ekan. Qolgan bir dona olmani unga yediribdi. Haligi odam olmani yeyishi bilanoq, oqargan sochlari tushib ketib, o‘rniga qop-qora soch o‘sib chiqibdi. Keksa kishi yigirma yoshli yigit holiga kelib qolibdi. Podshoda vaziriga nisbatan shubha uyg‘onibdi. Likopchadagi zahar izlarini ko‘rib, vaziyatni tushunib yetibdi. Vazirni esa o‘limga mahkum qilibdi. Bechora to‘tining begunoh o‘lganiga qayg‘uribdi.
Mug‘ombir usta
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, bir kampirning uch o‘g‘li bor ekan. Bolalar yoshliklarida otadan qolgan ekanlar. Bolalar ulg‘ayishganlarida,kampir hunar o‘rgatish maqsadida, bir dasturxon non yopib, katta o‘g‘lini etikchi ustaning oldiga olib boribdi. “Mana shu bolamni usta qilib bering”, – debdi kampir. Usta indamay bolani olib qolibdi. Bu usta degani g‘alati odam ekan, kasbini boshqa odamlar o‘rganib qo’yadi, deb qo‘rqar ekan. O‘z oldiga kelgan shogirdlarini turli bahonalar bilan: “sen odam bo‘lmaysan!” – deb quvlab yuborar ekan.
Haligi kampirning o‘g‘li ko‘p vaqtlargacha ustaning uy xizmatini qilib yuraveribdi, usta unga hunar o‘rgatmabdi. Onasi: “Bolam, hunar o‘rgandingmi?” – deb so‘rasa, bola “Yo‘q” deb javob beraveribdi. Axiri bo‘lmabdi, kampir ustaning oldiga borib, janjal qilibdi. Ustaning jahli chiqibdi, lekin indamabdi.
Kunlarning birida usta bolaning qo‘liga bir dona tuxum beribdi-da, “ip esh” debdi, bir dona pishiq g‘isht berib, “Etikka poshna bich”, – debdi. Bola hech narsaga tushunmay indamay o‘tiraveribdi. Shundan keyin usta: “Sendan usta chiqmaydi, bor ket”, debdi-da urib-urib haydab yuboribdi. Bola yig‘lab, uyiga qaytib kelib, bo‘lgan voqeani aytib beribdi.
Onasi hayron bo‘libdi, “mayli bo‘lmasa sen chorakorlik qil, ukangni eltib beramiz”, – debdi. Kampir ertasiga o‘rtancha o‘g‘lini yetaklab yana o‘sha ustaning oldiga olib boribdi. Bir necha kundan keyin usta uning ham qo‘liga tuxum berib, “ip esh” debdi, bir g‘isht berib, “Ulton bich” debdi. O‘rtancha o‘g‘il ham hech narsaga tushunmay o‘tiraveribdi. Usta bu bolani ham haydab yuboribdi. O‘rtancha bolasi ham uyga yig‘lab kelibdi. Shunda kampirning kenja o‘g‘li: “Etikdo‘z mug‘ombir ekan, ikki akamni ham hunarga o‘rgatmadi, qani, ona, men boray-chi”, – debdi.
Usta bu bolani qo‘liga ham tuxum beribdi-da, “Ip esh!” – debdi, bir g‘isht berib, “Ulton bich!” – debdi. Bola hech tortinmasdan: “Usta men buni hali yaxshi o‘rganganim yo‘q, avval o‘zingiz ko‘rsatib bering, keyin men qilaveraman” – debdi. Etikdo‘z: “Bu bola quv ekan”,- deb o‘ylabdi-da, “Bor, boshqa ishlarni qilaver, etikdo‘zlikni keyin o‘rgatib qo‘yaman senga”, – deb o‘shqiribdi. Bola “xo‘p” deb tashqariga chiqib, ustaning uy ishlarini qilib yuraveribdi.
Kunlardan bir kuni usta xotini bilan bir joyga mehmonga boradigan bo‘lib qolibdi. Bolani o‘z oldiga chaqirib: “Mollarning kallasi oxurdan chiqmasin, tovuqlarning kallasi katakdan ko‘tarilmasin, qarab tur!” – debdi-da, mehmondorchilikka ketaveribdi.
Bola haqiqatdan ham quv ekan. U ko‘p o‘ylamay, sigirning bo‘yniga pichoq tortib, oxurning ichiga quyibdi, tovuqlarning bo‘ynini kesib katakka joylabdi-da, yugurganicha ustaning orqasidan boribdi. Usta: “Ha, quloqsiz bola, mening orqamdan nima qilib yuribsan?” – deb so‘rabdi. Bola: “Sigirning kallasini oxurga qo‘ydim, tovuqlarning kallasini katakka qo‘dim”, – debdi. Usta: “Ha, yaxshi qilibsan, barakalla, endi yugur uyga bor!” – debdi. Bola: “Ana, men sendan ikki akamning o‘chini oldim”, debdi-da, ustaning uyiga borib o‘tiraveribdi.
Usta mehmondorchilikdan qaytib kelib qarasa, sigir so‘yilgan, tovuqlarning kallasi olingan. Ustaning jig‘ibiyroni chiqib, bolaga tayoq olib yuguribdi. Bola : “Axir, menda nima gunoh bor, o‘zingiz menga:” Mollarning boshi oxurdan, tovuqlarning boshi katakdan ko‘tarilmasin dedingiz, u bachchag‘arlar hadeb boshini ko‘taravergan edi, men usta kelib urushmasin dedim-da sigirning boshini kesib oxurga qo‘ydim, tovuqlarnikini katakka tashladim”, – debdi. Usta tilini tishlab qolaveribdi, bola akalarining o‘chini ustadan olib, o‘z uyiga qochib ketibdi.
Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonlarda bir ilon bilan bir ari bor ekan. Ilon o‘sha zamonlarda barcha jonivorlarning podshosi ekan. Bir kuni ilon ariga aytibdi: “Sen borib hamma jonivorlarning go‘shtidan totib ko‘r, qaysi jonli jonivorning go‘shti shirin ekan?” – debdi.
Ari “Xo‘p bo‘ladi, podshohim!” deb yo‘lga tushibdi. Ari barcha jonli jonivorlarning go‘shtidan totib ko‘ribdi-da, orqasiga qaytibdi. Qaytib kelayotganida qaldirg‘ochga yo‘liqibdi. Qaldirg‘och ari bilan suhbatdan so‘ng, gap nimada ekanini anglab: “Qaysi jonivorning go‘shti shirin ekan”, deb so‘rabdi. Shunda ari: “Odamning go‘shtidan shirin narsa yo‘q ekan”, deb javob beribdi. Qaldirg‘och: “Shuni bilib kelganing uchun men sening tilingdan bir o‘pib olay” – debdi. Ari tilini chiqaribdi. Qaldirg‘och arining tilidan tishlab olibdi. Undan keyin qaldirg‘och bilan ari ilonning oldiga borishibdi. Ilon so‘rabdi: “Qaysi jonivorning go‘shti mazali ekan?”. Ari “zing-zinglab” hech narsani tushuntira olmabdi. Shunda qaldirg‘ochi: “Qurbaqaning go‘shti shirin ekan, deb aytayotir”, – debdi. Shundan keyin ilon qurbaqaning go‘shtiga o‘ch bo‘lib qolibdi.
Shu-shu bo‘libdi-yu, odam bolasi qaldirg‘ochni o‘ziga do‘st tutibdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |