Xrizokolla – CuSiO3 · nH2O.
Tarkibi o‘zgaruvchan; singoniyasi aniq emas; ko‘pincha tiniq kolloiddan iborat. Sirti oqiq, tuproqsimon uyumlar hosil qiladi. U havo rang, ba’zida yashil, ko‘k, qo‘ng‘ir. Qattiqligi – 2; mo‘rt, notekis yuzalar bo‘yicha sinadi. Uning solishtirma og‘irligi – 2, tarkibidagi suv 100 °C dan yuqori darajada qizdirilganda ajraladi. U mis konlarining oksidlanish zonalarida yuzaga keladi, quruq issiq iqlimli joylarda keng tarqalgan. Xrizokollaning malaxit, azurit kalsit va boshqa minerallar o‘rnida psevdomorfozalari uchraydi.
Turmalin – (Na, Ca)(MgAl)6[B3Al3Si6](O, OH).
Tarkibi o‘zgaruvchan – SiO2 – 30–44 %, B2O3 – 8–12 %, Al2O3 – 18–41 %, FeO · Fe2O3 – 38 %, MgO – 25 %gacha, Na2O – 6 %gacha, CaO – 4 %gacha va H2O – 4 %gacha. Turmalinning magnitga boy xili «dravit», temirga boyi «sherl», litiyli xili «elvanit» deyiladi. Uning singoniyasi trigonal, simmetriya ko‘rinishi ditrigonal-piramidal. Agregatlari nayzasimon, radial shu’la kabi joylashgan, chalkashib yotgan ignachalar yoki tola-tola holida uchraydi. Uning rangi kimyoviy tarkibiga bog‘liq. Odatda yashil, pushti, qizil va qora ranglarda bo‘ladi. Yaltirashi shishadek, qattiqligi 7–7,5; «C» o‘qi bo‘yicha cho‘zinchoq, notekis yuzalar hosil qilib sinadi, solishtirma og‘irligi 2,9– 3,3. Turmalin pegmatitlarda pnevmo-gidrotermal jarayonlarda, ba’zan kristallik slanetslarda, gneyslarda paydo bo‘ladi. U ko‘pincha kvars, topaz minerallar bilan bir paragenetik assotsiatsiyalarda uchraydi. Turmalinning shaffof rangli, tiniq chiroyli xillari zargarlikda bezak buyumlar tayyorlashda ishlatiladi.
Vollastonit – Ca3[Si3O9] yoki CaSiO3, nomi kimyogar V.Vollaston (1766–1828) sharafiga qo‘yilgan. Tarkibi CaO – 48,3 %, SiO2 – 57,7 %, ba’zan FeO – 9 %gacha borligi aniqlangan. U triklin singoniyali, kristall qiyofasi-tabletkasimon, ko‘pincha «B» o‘qi bo‘yicha cho‘ziq kristallar hosil qiladi. Agregatlari varaqsimon, radial shu’lasimon yoki nayzasimon, ba’zan to‘rdek to‘qilib ketgan tolalardan iborat. U kul rang, oq, goho qizg‘ish, shishadek yaltiraydi. Ulanish tekisligi yuzalari sadafdek tovlanib turadi. Qattiqligi – 4,5–5; solishtirma og‘irligi – 2,7–2,9 atrofida. Vollastonit-kontakt-metasomatik jarayonlarda (skarnlarda) yuzaga kelib granatlar, diopsid, gedenbergit, vezuvian, sheelit va sulfit minerallari bilan birga uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |