577-modda. Ijara haqining miqdori Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida ijara haqining miqdori nazarda tutilishi lozim. Ijara haqining miqdori to‘g‘risida taraflar yozma shaklda kelishgan shartlar bo‘lmagan taqdirda, bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi tuzilmagan hisoblanadi. Bunda ushbu Kodeks 356-moddasining to‘rtinchi qismida nazarda tutilgan narx belgilash qoidalari qo‘llanmaydi.
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida belgilangan bino yoki inshootdan foydalanganlik haqiga, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, bino yoki inshoot joylashgan yer uchastkasidan yoxud yer uchastkasining bino yoki inshoot bilan birga topshirilayotgan tegishli qismidan foydalanganlik haqi ham kiradi.
Shartnomada bino yoki inshootning ijara haqi bino (inshoot) maydonining birligi yoki uning boshqa o‘lchov ko‘rsatkichlari bo‘yicha belgilangan bo‘lsa, ijara haqi ijaraga oluvchiga topshirilgan bino yoki inshootning haqiqiy o‘lchoviga qarab aniqlanadi.
LexUZ sharhi Qarang: Toshkent shahar hokimining 2010-yil 25-fevraldagi 113-sonli qarori tasdiqlangan “Toshkent shahridagi davlat ko‘chmas mulkidan foydalanganlik uchun 2010-yilda qo‘llaniladigan ijara to‘lovining eng kam stavkalari”, “Ijara haqini hisoblash tartibi”, “Toshkent shahridagi markaziy ko‘chalar ro‘yxatii”. LexUZ sharhi Qo‘shimcha ma’lumot uchun qarang: O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining 2011-yil 1-dekabrdagi 234-son “Mulk ijarasi shartnomasiga oid fuqarolik qonun hujjatlari normalarini iqtisodiy sudlar tomonidan qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi Qarorining 19.4 – 19.7-bandlari. 578-modda. Bino yoki inshootni topshirish Bino yoki inshootni ijaraga beruvchi tomonidan topshirish va ijaraga oluvchi tomonidan qabul qilib olish taraflar imzolaydigan topshirish dalolatnomasi yoki topshirishga doir boshqa hujjat bo‘yicha amalga oshiriladi.
Agar qonunda yoxud bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, ijaraga beruvchining bino yoki inshootni ijaraga oluvchiga topshirish majburiyati bino yoki inshoot ijaraga oluvchining egaligiga yoki foydalanishiga topshirilganidan va taraflar topshirish to‘g‘risidagi tegishli hujjatni imzolaganlaridan keyin bajarilgan hisoblanadi.
Taraflardan birining bino yoki inshootni shartnomada nazarda tutilgan shartlarda topshirish to‘g‘risidagi hujjatni imzolashdan bosh tortishi tegishli bo‘lishiga qarab, ijaraga beruvchining mol-mulkni topshirish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini, ijaraga oluvchining esa, mol-mulkni qabul qilib olish bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortishi deb qaraladi.
Bino yoki inshootni ijaraga berish shartnomasi bekor qilinganida ijaraga olingan bino yoki inshoot ushbu moddada nazarda tutilgan qoidalarga rioya etgan holda ijaraga beruvchiga qaytarilishi lozim.
[OKOZ: 1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.11.00.00 Majburiyatlarning alohida turlari / 03.11.06.00 Mulkiy yollash (ijara). Umumiy masalalar / 03.11.06.03 Binolar va inshootlar, korxonalar ijarasi]