fuqarolik madaniyati asoslarini har bir yosh avlodda shakllantirish dasturlamchi bo’lib xizmat qiladi.
Chunonchi, bobning birinchi qismida ko’rib o’tganimizdek fuqarolik madaniyati shakllangan inson aql-zakovat egasi bo’lib, yaratuvchilik, bunyodkorlik, tashabbuskorlik xususiyatlarini o’zida mujassamlashtirgan, Vatan va xalqiga mehr-muhabbat, faxr va iftixor tuyg’ulari bilan qaraydigan, axloqiy-huquqiy burch, elat va millat oldidagi mas’uliyatni teran anglaydigan shaxsdir. Shuning uchun ham fuqarolik jamiyati shaxsining fuqarolik madaniyati shakllantirishning shakl, metod, vositalarini ishlab chiqish pedagogika nazariyasi va amaliyotini birinchi navbatdagi vazifasi hisoblanadi. Ammo, bu juda murakkab va ko’p qirrali pedagogik jarayondir. Buning uchun, avvalo, «fuqaro», «madaniyat» tushunchalarining mazmun-mohiyatini falsafa, etika, estetik, pedagogika psixologik hamda madaniyatshunoslik nazariyalari nuqtai nazaridan ilmiy asoslash lozim. Bu esa mazkur tushunchalarning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-ma’naviy taraqqiyotdagi ahamiyatini anglab etish, hamda o’quvchi-yoshlarda fuqarolik madaniyati asoslarini shakllantirish jarayonini belgilash uchun muhim pedagogik hodisa hisoblanadi.
Fuqarolik madaniyati tushunchasining mazmun–mohiyatini dastlab «fuqarolik», «madaniyat» tushunchalariga berilgan ta’riflar kesmida ko’rib chiqish va so’ngra «fuqarolik madaniyati»ga pedagogik ta’rif berib, uni o’quvchi-yoshlarda shakllantirish shart-sharoitlarini ishlab chiqish maqsadga muvofiq bo’lib, muammoni oydinlashtirishga yordam beradi.
«Fuqarolik,-deb qayd etiladi falsafa qomusiy lug’atida,-kishini qaysi millatga mansubligini emas, balki muayyan mamlakatga, shaxs yashab turgan makonga mansubligini ifodalovchi tushunchadir».
Bunda fuqarolik tushunchasi kishining ma’lum bir millatga mansubligini emas, balki muayyan mamlakatga mansubligini anglatib, shaxs bilan davlat o’rtasidagi munosabatlarni ifodalaydigan vosita rolida bo’ladi. Shunga asosan har qanday inson o’zi yashayotgan davlatni tan olsa, uning mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilsa, o’z mamlakatining davlat ramzlari: konstitutsiyasi (uning asosida chiqariladigan qonunlarni) tan olsa, tamg’asi, madhiyasi, bayrog’i, puli (valyuta), armiyasi bilan faxrlansa, millati, irqi, jinsi, kasb-kori, ijtimoiy kelib chiqishi, dinga bo’lgan munosabatidan qat’iy nazar, shu davlatning fuqarosi bo’la oladi. Bu esa O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ikkinchi bo’lim, oltinchi bob, 22-bandiga muvofiq, «O’zbekiston Respublikasi o’z hududida ham, uning tashqarisida ham o’z fuqarolarini huquqiy himoya qilish va ularga homiylik ko’rsatishni kafolatlaydi».Shuning uchun ham O’zbekiston Respublikasi konstitutsiyasi va O’zbekiston fuqarolik kodekslarida fuqarolarning teng huquqga ega ekanligi ta’kidlab o’tilgan.
Darhaqiqat, O’zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I.A.Karimov ning «Vatanimizning salohiyati va obro’yini yanada oshiraylik» nomli ma’ruzasida O’zbekiston fuqarolarining teng huquqligi, kelajak uchun kurashishi to’g’risida so’z yuritilib shunday deyiladi: «... O’zbekistonda yashaydigan fuqarolar, o’zlarining naslu nasabi, irqi, millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar teng huquqli bo’lishi lozim! Shu yurtning hursandchilik kunlarida ham, boshiga sinov tushgan paytlarida ham, ahil oila bo’lib yashashi kerak, munosib kelajak uchun kurashishi kerak!» .
«Vatan tuyg’usi» risolasining mualliflari (A.Ibrohimov, X.Sultonov, N.Jo’raev) «fuqaro» va «fuqarolik» tushunchasiga ta’rif berib, shunday yozadilar: «Huquqiy o’rni qonun bilan mustahkamlangan shaxsning davlat ichkarisida yoki tashqarisida bo’lishidan qat’iy nazar, ma’lum bir davlatga qarashligiga fuqarolik deyiladi, shunday huquqga ega shaxs fuqaro deb ataladi».
Tarixda «Fuqaro» so’zi o’rnida tabaa, raiyat so’zlari ham ishlatilgan. Bu so’zlar mazmunida insonning kamtarligi, oddiyligi qayd etilib, ajdodlarimizning «men» so’zini ishlatishi odob yuzasidan bo’lmay kibr havo, manmanlikni anglatgan. Shuning uchun odobli insonlar bir-birlariga «fuqaro», «faqiru haqir» deb murojaat qilganlar. Bundan ma’no shuki, nihoyatda kamtarinlik, oddiylik, xokisorlik, bechoralikka nisbat «fuqaro» so’zi orqali ifodalangan.
«Mustaqillik: izohli ilmiy–ommabop lug’at»ida qayd etilishicha «Fuqarolik» tushunchasi qadimiy Yunoniston va Rimda paydo bo’lgan, ammo, o’zining asl ma’nosini keyinchalik frantsuzcha «situayn» ingilizcha «sitizen», ruscha «gorojanin», «grajdanin» so’zlari tashkil etgan va u qoloq qishloq, mustabid feodal munosabatlaridan ozod, erkin inson degan ma’noni bildirgan. Mamlakatimiz mustaqillikka erishib, xalqimizning asrlar davomidagi orzu–istaklari ozodlik, erkinlik, demokratik huquqiy davlat va adolatli, fuqarolik jamiyati qurishga kirishilgandan so’ng, bu so’z insonparvarlik nuqtai nazarida ishlatila boshlandi. Shundan: «Fuqarolik deganda, insonni huquqiy yoki siyosiy–huquqiy tomondan himoyalanishi va qonuniy manfaatlarining ushbu davlat ichida va uning tashqarisida himoyalanishi tushuniladi»,-deb ta’riflanadi lug’atda (85, 226). Davlat va shaxs munosabatlaridan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi fuqaroligi, quyidagi ijtimoiy qoidalarga asoslanadi:
-mamlakatimiz hududida istiqomat qiluvchi barcha millatlar va elatlar tili, dinidan qat’i nazar teng huquqliligi;
-erkaklar va ayollarning tengligi;
-fuqarolarning shaxsiy, ijtimoiy kelib chiqishi, mulki, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar qonun oldida tengligi;
-fuqarolikni qay tarzda qabul qilganligidan qat’i nazar, ularning huquqiy holatining bir xil belgilanganligi;
-butun O’zbekiston hududida yagona fuqarolikning o’rnatilganligi;
-«ikki davlat fuqarosi» bo’lish qonun bilan man etilganligi;
-fuqarolikni olish va to’xtatish tartibi huquqiy hal etilganligi;
-ota-onalarning fuqaroligi o’zgarganda, bolalar fuqaroligining o’zgarishi tartibi aniq belgilanganligi;
-fuqarolik masalalari bo’yicha huquqiy aktlarni qabul qiluvchi va ijrosini tekshiruvchi davlat organlari tizimi birligi;
-fuqarolik masalalariga oid qarorlar yuzasidan shikoyat qilish tartibining aniq ravshanligi;
-fuqarolik bo’yicha xalqaro shartnomalar turlari, xarakteri qonunda aniq belgilanganligi» .
Mazkur ijtimoiy qoidalar muayyan mamlakatda yashovchi va ushbu mamlakatning konstitutsiyasi, qonunlarini tan oluvchi davlat ramzlarini hurmat qiluvchi, ularga faxr va iftixor nazari bilan qarovchi, insoniy huquqlari qonun bilan kafolatlangan, davlat ichkarisi va tashqarisidagi manfaatlari himoyalangan muayyan jamiyatning erkin, ozod, faol, o’zini-o’zi faol boshqara oladigan insonlariga «fuqaro» yoki «fuqarolik» deb atash qabul qilingan. Biz “Fuqarolik” so’zining mazmuni, ta’rifi va izohi bilan tanishib chiqdik, endi “Madaniyat” tushunchasining mazmun-mohiyatini qarab chiqaylik.
Ma’lumki, madaniyat, ma’rifat, fuqarolik kabi masalalar eramizdan oldingi tarixiy taraqqiyot bosqichida ham, undan keyingi davr taraqqiyotida ham eng dolzarb masalalardan biri bo’lgan va shunday bo’lib qoladi. Kishilik jamiyatning dastlabki ming yilligida Baqtriya, Xorazm, Sug’diyona, Marg’iyona, Parfiya, Zarafshon, Parkana, Parkent, Poykand kabi o’lkalarda dastlabki mehnat qurollari madaniyning turlari paydo bo’lib, ular insoniyat hayoti va faoliyati taraqqiyoti davomida takomillashib borgan. Shundan madaniyat nazariyasiga asos solinib, uning tarixiga katta e’tibor bilan qarashgan. Shunday ekan «Vatan tarixi va madaniyati, jug’rofiyasi va iqtisodiyotini, qadimiy urf-odatlarimizni har tomonlama o’rganish dolzarb ahamiyatga ega. Bog’chalardan tortib oliy o’quv yurtlarigacha bo’lgan ta’lim-tarbiya tizimida mazkur masalaga doir fan va bilimlarni o’qitish muhim siyosiy vazifa sifatida qaralmog’i kerak». Shuning uchun o’tmishda va hozirgi davrda ham jahon faylasuflari, etika, estetika fani namoyondalari, madaniyatshunoslar, pedagoglar, psixologlar “Madaniyat” tushunchasining mohiyat-mazmunini, inson va jamiyat kesimida ko’rib chiqib, uning ilmiy-nazariy va amaliy asoslarini aniqlash va takomillashtirishga katta e’tibor qaratganlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |