Fuqarolik huquqlarini himoya qilish tartibi ham umumiy va maxsus tartibga bo`linadi. Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning umumiy tartibi sud va xo`jalik sudi orqali himoya qilishdan, shuningdek fuqaroni o`z huquqlarini o`zi himoya qilishdan iborat bo`ladi. FKning 10-moddasiga asosan buzilgan fuqarolik huquqlari protsessual qonunlarda yoki shartnomada belgilab qo`yilganidek, ishlar qaysi sudlovga taalluqli bo`lishiga qarab, sud, xo`jalik sudi yoki xolislar sudi tomonidan himoya qilinadi.
Qonunda nazarda tutilgan hollardagina fuqarolik huquqlari ma'muriy tartibda himoya qilinadi. Ma'muriy tartibda qabul qilingan qaror ustidan sudga shikoyat qilish mumkin (FKning 10-moddasi 2-bandi).
Shaxsning o`zi tomonidan ham fuqarolik huquqlarini himoya qilishga yo`l qo`yiladi. Biroq bunda himoya ma'lum shartlar asosida amalga oshirilmog`i lozim. Ular FKning 13-moddasida nazarda tutilgan. Unga asosan shaxsning o`zi tomonidan fuqarolik huquqlarini himoya qilish usullari huquqni buzish darajasi bilan baravar bo`lishi hamda huquqni buzishga yo`l qo`yish uchun zarur harakatlar doirasidan chiqib ketmasligi lozim. Masalan, iste'molchi o`ziga sotilgan nuqsonli tovarni ushlab qolib, yetkazilgan zarar va neustoyka to`lanmaguncha qaytarib bermaslikka haqli bo`ladi2.
Fuqarolik huquqlarini himoya qilishning maxsus tartibi faqat qonun yoki boshqa normativ hujjatlarda maxsus ko`rsatma bo`lgan taqdirdagina qo`llanilishi mumkin. Himoya qilishning maxsus tartibi quyidagichadir: fuqarolik huquqlarini himoya qilish qonunlar bilan belgilangan hollarda va tartibda kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan ham amalga oshiriladi.
O`rtoqlik sudlari O`zbekiston Respublikasi “O`rtoqlik sudlari to`g`risida”gi nizomda ko`rsatilgan fuqarolik ishlarini ko`rib, hal qiladi.
Fuqaro va tashkilotlarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish sud tartibida amalga oshiriladi. Ba'zi hollarda, agar fuqaroning sha'niga dog` tushiradigan va qadr-qimmatini pastga uradigan ma'lumotlar shaxsning turar joy yoki ishlash joyida birinchi marta sodir etilgan bo`lsa, jabrlangan shaxsning huquqi turar joy yoki ishxonasidagi o`rtoqlik sudi tomonidan himoya qilinishi mumkin.
Fuqarolik huquqi O`zbekiston Respublikasida amal qiluvchi huquq tizimi sohalaridan biri bo`lib, mamlakatimizda iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirish, bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o`tish davrida fuqarolar va boshqa subyektlarning moddiy, ma'naviy ehtiyojlarini tobora to`laroq qondirish maqsadida mulkiy munosabatlarni hamda mulkiy xarakterda bo`lmagan shaxsiy munosabatlarni tartibga solish, mustahkamlashga qaratilgan huquq normalari yig`indisidan iboratdir. Sodda qilib aytganda, fuqarolik huquqi - yuridik jihatdan teng bo`lgan subyektlar o`rtasidagi mulkiy va shaxsiy-nomulkiy munosabatlarni tartibga soladigan hamda mustahkamlaydigan huquqiy normalar yig`indisidir. Fuqarolik huquqining huquq sohalari tizimida tutgan o`rnini anglash uchun, dastavval ushbu huquq sohasi tartibga soladigan ijtimoiy munosabatlarni tahlil etish lozim.
Ijtimoiy munosabatlar tizimida fuqarolik huquqi tartibga soladigan munosabatlar keng o`rinni egallaydi. Ayniqsa, bu munosabatlar kishilar o`rtasidagi o`zaro iqtisodiy muomalada, kundalik ehtiyojlarni qondirishga qaratilgan harakatlarda ko`p uchraydi.
Fuqarolik huquqi tartibga soladigan munosabatlar doirasi O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 2-moddasida belgilab qo`yilgan. Bunga asosan fuqarolik qonun hujjatlari fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining huquqiy holatini, mulk huquqi va boshqa ashyoviy huquqlarning, intellektual faoliyat natijalariga bo`lgan huquqlarning vujudga kelish asoslarini hamda ularni amalga oshirish tartibini belgilaydi, shartnoma majburiyatlari va o`zga majburiyatlarni, shuningdek boshqa mulkiy hamda u bilan bog`liq shaxsiy nomulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Bu munosabatlar doirasida mulkiy munosabatlar yetakchi o`rinni egallaydi.
Mulkiy munosabatlar deganda, iqtisodiy munosabatlar, ya'ni ishlab chiqarish vositalari, iste'mol buyumlari, umuman kishi mehnatining har qanday mahsulotlarni yaratish, egallash, foydalanish va tasarruf etish bilan bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlar tushuniladi.
Mulkiy munosabatlarning barchasi ham fuqarolik huquqi normalari bilan tartibga solinavermaydi. Ba'zi mulkiy munosabatlar huquqning boshqa sohalari bilan ham tartibga solinadi. Huquqiy munosabatda qatnashuvchi bir tarafning ikkinchi tarafga ma'muriy jihatdan bo`ysunishiga asoslangan mulkiy munosabatlar - ma'muriy huquq normalari bilan, soliq va budjet bilan bog`liq munosabatlar - moliya huquqi normalari bilan, shuningdek yer bilan bog`liq munosabatlar - yer huquqi normalari bilan, mehnat shartnomasi hamda intizomiy bo`ysunuv bilan bog`liq munosabatlar - mehnat huquqi normalari bilan tartibga solinadi.
Fuqarolik huquqi asosan muayyan ekvivalent (tenglik) barobari bilan belgilanadigan, qiymat, baho bilan ifodalanadigan va ishtirokchilari teng darajada ko`riladigan mulkiy munosabatlarni tartibga soladi.
Mulkiy xarakterdagi huquqiy munosabatlar, ya'ni fuqarolar va tashkilotlarning moddiy boyliklarni yaratish, ularni egallash, bu boyliklardan foydalanish, ularni tasarruf etish sohasida bo`lgan o`zaro huquqiy munosabatlar ishlab chiqarish munosabatlaridan, ya'ni ijtimoiy munosabatlardan kelib chiqadi hamda ular bilan chambarchas bog`liq holda ko`riladi.
Fuqarolik huquqi iqtisodiy munosabatlarni maxsus yuridik shaklda mulkiy-huquqiy munosabatlar shaklida rasmiylashtiradi va mustahkamlaydi.
Fuqarolik huquqida mulkiy munosabatlar ishlab chiqarish munosabatlarining huquqiy shakli sifatida ko`riladi. Shu ma'noda mulkiy munosabatlar shaxslar o`rtasidagi, ularning erklari bilan bog`liq bo`lgan ijtimoiy munosabatlarning alohida toifasini - huquqiy munosabatlarni bildiradi.
Fuqarolik huquqi mulkning barcha shakllari - xususiy va ommaviy mulkni mustahkamlash, tasarruf qilish huquqlarini belgilaydi, ushbu huquqlarni amalga oshirishni rasmiylash-tiradi, qo`riqlaydi hamda kafolatlaydi.
Fuqarolik huquqi tomonidan tartibga solinadigan mulkiy munosabatlar doirasi nihoyatda keng. Bular jumlasiga oldi-sotdi, xilma-xil buyurtmalar qabul qilish (ijro etish), turar-joylarni ijaraga qo`yish va ijaraga olish, korxonalar, tashkilotlarning bir-biriga mahsulotlar yetkazib berish, qurilish ishlarini amalga oshirish, transport korxonalari orqali yuk va yo`lovchi tashish, yetkazilgan zararni qoplash, qonun va vasiyat bo`yicha meros olish, umuman har qanday shakldagi mulkni egallash, undan foydalanish hamda uni tasarruf etish bilan bog`liq bo`lgan munosabatlar kiradi.
Fuqarolik huquqi tomonidan tartibga solinadigan mulkiy xarakterda bo`lmagan shaxsiy huquqiy munosabatlar ikki turga: mulkiy munosabatlar bilan bog`liq bo`lgan shaxsiy munosabatlarga va mulkiy munosabatlar bilan bog`liq bo`lmagan shaxsiy munosabatlarga (shaxsiy nomulkiy) bo`linadi.
Mulkiy munosabatlar bilan bog`liq bo`lgan munosabatlarga misol qilib, intellektual faoliyat natijalariga bo`lgan va mual-liflik huquqiga doir munosabatlarni ko`rsatish mumkin. Bu munosabatlarda faqat mulkiy munosabatlarnigina emas, balki ularning shaxsiy huquqlarini ham, chunonchi, asarni o`z nomidan, taxallusi ostida yoki nomini ko`rsatmasdan anonim tarzda nashr etish (FKning 1053-moddasi), asarning daxlsizligi huquqlari, ixtironing muallifi bo`lib tanilish huquqi va boshqa huquqlarni belgilaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |