3-bob. Yerga bo’lgan huquqning buzilishi oqibatida qishloq xo’jalik korxonalarini tutatishning o’ziga xos xususiyatlari.
O’zbekiston Respublikasi mustaqillikni qo’lga kiritgandan so’ng o’z xududidagi tabiat boyliklari, xususan yer resurslarining to’la qonli egasiga aylandi. Mustaqillik sharofati tufayli davlatimiz o’z hududidagi yer boyliklaridan samarali va oqilona foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldi. Yerdan samarali va oqilona foydalanish uchun ilmiy asosda, agromeliorativ, agrotexnik qoidalarga rioya qilish bilan bir qatorda undan foydalanishning tashkiliy-huquqiy jihatlarini ilmiy tahlil etish alohida ahamiyat kasb etadi.
Binobarin, yerga bo’lgan munosabat har bir yangi tashkil topayotgan davlatning, uni olib borayotgan agrar siyosatining mohiyatini tashkil qiladi. Shu bois mustaqil O’zbekiston Konstitusiyasining 55-moddasida davlat va yer munosabatlari o’zining aniq ifodasini topdi. Jumladan mazkur moddada «Yer, yer osti boyliklari, suv, o’simlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy zahiralar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasidadir»deb qayd etilgan.1
Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida yer asosiy vosita, bosh mezon ekanligi kabi xususiyatlarga egaligi haqida tadqiqotimizning avvalida ham so’z yuritgan edik. Ayniqsa hozirgi bozor sharoitida yerdan foydalanish, yer mulkchiligi muammolarini to’g’ri hal qilish o’ta muhim ahamiyatga egadir. Shu sababli, agrar huquqning asosiy masalalaridan biri - yer mulkchiligi muammolari ustida tadqiqot olib borishdan iboratdir. Chunki yer mulkchiligi xususida jamiyatimizda jo’da ko’p munozaralar, fikrlar xilma-xilligi, tortishuvlar davom etmoqda. Yer O’zbekiston Respublikasining umummilliy boyligi bo’lib unga bo’lgan munosabatlar O’zbekiston Respublikasi Konstitusiya hamda yerga oid huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan tartibga solinadi.
Mazkur qonun hujjatlarida birinchidan, yerdan foydalanish va uni muhofaza qilishning davlat boshqaruvi takomillashtirilgan, ikkinchidan, ular Fuqarolik kodeksi talablariga moslashtirilgan, uchinchidan, yerga egalik qilish va undan foydalanishga oid normalar rivojlantirilgan va nihoyat to’rtinchidan, qishloq xo’jaligida yerdan foydalanishni samarasini oshirishga qaratilgan yangi normalar kiritilgan. Matbuot nashrlarida yerga oid qonunlar haqida asosli fikrlar bildirilmoqda. Ularning fikrlari qonun normalarni izohlash bilan cheklangan.
O’zbekiston qishloq xo’jaligida yer munosabatlariga tegishli ma’lumotlar mazkur qonunlardan tashqari qishloq xo’jalik huquqi borasida shu sohaning tamal toshlarini qo’yayotgan I. Jalilov, M. Usmonov, Sh. Fayziyev kabi qator huquqshunos olimlar tomonidan atroflicha yoritilib, o’z rivojini topmoqda.
Ko’pgina mamlakatlar agrar tarmog’ida tub iqtisodiy islohotlar olib borilishi yer islohotlari bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Masalan, Rossiyada olib borilayotgan yer islohotlari aholining mamlakatni to’liq oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, shuningdek «yerga nisbatan davlat monopoliyasini tugatish lozim» deb bilmoqdalar. Lekin shunday islohotlar mobaynida o’tkazilgan sosiologik so’rovlar natijasiga ko’ra, yer davlat mulki bo’lishi shartligi va u davlat organlari tomonidan muhofaza etilish kerakligini ko’rsatdi. 1
B.Bistrov va M. Kozflarning yer taqdirini bunday yo’l bilan hal etilishi bo’yicha yondoshuvlari bilan kelishib bo’lmaydi.
Yerni xususiy mulk qilib berilganda kelib chiqishi mumkin bo’lgan muammolar «Yer va qonun» kitobida to’liq isbotlab berilgan. Keyingi vaqtlarda matbuot nashrining sahifalarida yerni xususiy mulk sifatida berishning huquqiy asoslari to’g’risidagi munozaralar kelib chiqdi.
Yerga nisbatan xususiy mulkchilik va uni tasarruf etish masalasiga fikr bildiruvchi huquqshunos olim X.Azizov o’zining ilmiy tadqiqotida "... moddiy ta’minoti yetarli bo’lgan aholi yerni sotib olishi mumkin, lekin bir qator aholi buni amalga oshirolmasligi mumkin. Bundan dehqon (fermer) xo’jaligi emas, balki feodal, boy xo’jaligi kelib chiqishi mumkin" deb xulosa yasaydi.
L.Eshonqulovaning yerga bo’lgan huquqlar xususida aytilgan fikrining ilmiy tahliliga ko’ra, yer xususiy mulk qilib beriladigan bo’lsa, suvni ham, butun irrigasiya tarmoqlarini ham xususiy mulk qilib berishga to’g’ri keladi. O’zbekiston sharoitida suv bo’lmasa, yerning qadri qolmaydi. Uning fikriga to’liq qo’shilgan holda aytish mumkinki, zamonaviy texnika bilan qurollangan irrigasiya inshootlarini bo’lib yuborish mumkin emas. U davlat mulki bo’lib qolgandagina davlat unga katta miqdorda mablag’ sarflashi mumkin.1
Musulmon huquqi amalda bo’lgan bo’lgan barcha davlatlarda yer Ollohning mulki va uning inoyati hisoblangan. Musulmon qonunlariga
Bunda albatta, kelajakni, kelajak avlodlarni o’ylamasdan, butun xalqning, jamiyatning, tuzumimizning taqdirini obdon tahlil qilmasdan, faqat hozirgi paytdagi og’ir iqtisodiy ahvoldan kelib chiqqan holda shoshma-shosharlik kilib fuqarolarga bo’lib bersak, ularga xususiy mulk qilib bersak, o’ylaymizki, oqibatda tabiat oldida, jamiyat oldida, ularning umumiy qonunlari oldida katta xatolikka yo’l qo’ygan bo’lamiz. Qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishini rivojlantirishni yerga nisbatan xususiy mulkchilikka o’tmasdan ham amalga oshirish mumkin.
Bu qonunlarga muvofiq yer foydalanish va egalik qilish uchun ma’lum qattiq cheklovchi shartlar bilan, shu yerning egasi uni sotishga haqli emas. Shu sababli, ulushbay ijara usuli keng tarqalgani tasodif emas, bu usulda chorikor davlatga va yerning egasiga o’zi yetishtirgan mahsulotning bir qismini topshirgan.
Jahon tajribasining guvohlik berishicha, yerda xo’jalik yuritishning samarali olib borilishi yerga davlat mulki shaklida bo’lganda erishish mumkin. Masalan, Gollandiyada qishloq xo’jalik yerlari asosan davlat mulki sanaladi, Isroilda esa faqatgina uning 7 foizgina xususiy shaxslarga tegishlidir. Yer munosabatlari ijara asosida berilishi rivojlanmoqda va davlat tomonidan yetarli darajada tartibga solinmoqda.
Hozirgi paytda Amerika Qo’shma Shtatlarida yerga egalik va foydalanish turli shakllarda tarkib topgan: bir guruh fermerlar o’z shaxsiy yerlarida ishlashadi, ikkinchi guruh o’z yerida ishlash bilan birga uning bir qismini ijaraga beradi. Uchinchi guruh esa faqat ijara yerida ishlaydi. Aksariyat rivojlangan mamlakatlarda ana shu tizimda yerga egalik qilish va yerdan foydalanish tartibi amal qiladi. Boshqacha qilib aytganda, rivojlangan mamlakatlarda yerga egalik boshqa har qanday mulk egaligidan keskin farq qiladi hamda turli shart va omillar bilan chegaralab qo’yilgan. Mamlakatimizda ham «subyektiv mulk huquqining asosiy unsuri bo’lgan tasarruf etish huquqi mulk egasi, ya’ni davlatda saqlanib qoladi».
Bizningcha, davlatning yer egasi sifatidagi vakolati xususiy yer egasining vakolatidan farq qiladi. Bunda davlat so’zini yerga nisbatan xo’jalik eksplatasiyasini amalga oshirish deb emas, balki yerni fuqarolarga yuridik shaxslarga doimiy egalik qilish yoki vaqtinchalik foydalanish uchun yoxud yer uchastkalarini ijaraga beruvchi subyekt sifatida tushunish lozim.
Barcha qishloq xo’jalik korxonalari butun qishloq xo’jalik mahsuloti ishlab chiqaruvchilar, ularning turi va shaklidan qat’iy nazar asosan yer va boshqa tabiiy resurslardan keng foydalangan holda ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshiradilar. O. A. Samonchik o’z fikrlarida agrar sohadagi tadbirkorlik faoliyati xalq xo’jaligining boshqa tarmoqlaridagi shunday faoliyatidan bir muncha farq qilishiga e’tibor berdi. Bu farq shu bilan belgilanadiki, qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi yerda amalga oshirilib, bunda u ishlab chiqarishning asosiy, bosh vositasi hisoblanadi. Shuning uchun qishloq xo’jalik tovar ishlab chiqaruvchilar, o’zlarining yer uchastkalaridan foyda olish maqsadida foydalanib, yerni muhofaza qilish va undan belgilangan maqsadlarda foydalanish to’g’risidagi qonunchilik talablariga rioya qilishlari lozim.
Fuqarolik va yer qonunchiligi O’zbekiston Respublikasi huquq tizimiga kirsada, jiddiy ravishda bir-biridan farq qiladi. Birinchisi, yer - faqat «kuchmas mulk» hisoblanadi, ikkinchidan, yer tegishli qishloq xo’jalik aholisining hayoti va faoliyatini asosi sifatida olinadi. Shu yer munosabatlarini huquqiy tartibga solishda fuqarolik huquqi bilan tartibga solinadigan boshqa mulkiy munosabatlar bilan taqqoslanganda prinsipal o’ziga xoslikni belgilaydi.
V.N Demyanenkoning fikriga to’liq qo’shilish mumkin. Fuqarolik huquqi subyektining (jismoniy va yuridik shaxs) mustaqilligini, shaxsiy ishlariga aralashishga yo’l qo’ymaslik, huquq subyektiga tegishli mol-mulkning cheklanmasligi, shartnoma tuzish erkinligi va boshqalardan kelib chiqadi. Yer huquqi esa subyektning nafaqat ma’lum huquqlarga egaligini balki belgilangan yer uchastkasidan oqilona foydalanish va uni muhofaza qilish bo’yicha normalarni o’zida mujassam etadi. Shunday tarzda fuqarolik huquqi mulkiy huquq mustaqilligiga asoslansa, yer huquqi - tegishli hududda yashovchi aholi hayoti va faoliyatining asosi sifatida yerdan muljalangan maqsadga ko’ra oqilona foydalanish va muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Fuqarolik kodeksi 82-moddasi 1-qismi mazmunidan qishloq xo’jaligida qayta tashkil etish jarayonida muhim bo’lgan yerga oid munosabatlarni tartib solish masalalariga ham joriy qilish mumkin. Shuningdek yer uchastkalari ko’chmas mulk tarkibiga kiritilgan.
Fuqarolik huquqiy munosabatlarga yerning ham qo’shilib ketishi, yerga oid fuqarolik-huquqiy munosabatlarning rivojlanib borayotganiligi sababli O’zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksida «Yerga va boshqa tabiiy resurslarga bo’lgan mulk huquqi va o’zga ashyoviy huquqlar» deb nomlangan 170-modda kiritildi. Lekin, yetuk huquqshunos olim X.T. Odilqoriyev haqli e’tirof etganidek, «ba’zi qonunlar nihoyat darajada umumiy ko’rinishda bo’lib, ularga qo’sha-qo’sha ijroiya va idoraviy huquqiy aktlarni tirkamay turib, hayotga joriy qilib bo’lmaydi» .
Haqiqatdan ham, qonunlarda aniq huquqiy munosabat turini tartibga solish, ma’lum bir subyektga tug’ri yo’naltirilgan huquq va majburiyatlarni ifoda etish o’rniga boshqa qonun hujjatlariga havolalar ko’p uchraydi. Masalan, Fuqarolik Kodeksining 170-171-moddalari ham shunday mazmundagi normaga aylanib qolgan.1
Hozirgi sharoitdan kelib chiqib, yer bilan bog’liq bo’lgan fuqarolik-huquqiy munosabatlar taboro rivojlanib borayotganligini inobatga olib, ushbu moddalarni yetarli darajada kengroq fuqarolik huquqiy munosabatlarni tartibga soladigan tarzda ishlab chiqish lozim. Zero, qonunlar ijobiy natija berishi uchun ularda huquqiy munosabat sohiblarining huquq va majburiyatlarini aniq - ravshan ifodalab qo’yish lozim. Har bir huquqiy norma talabi — qat’iy (imperativ) bo’lib, unda huquq va majburiyat lozim darajada bajarilmagan taqdirda muqarrar qo’llaniladigan sanksiya belgilab qo’yilishi shart.
Fuqarolik va yer qonunchiligi o’rtasidagi ko’rsatib o’tilgan farqli jihatlar xorijiy mamlakatlarda o’zining alohida xususiyatlariga egaligi izohlangan. Yerga oid munosabatlarni tartibga solishda bu ikki huquq sohasining ham o’rni beqiyosdir. O. G. Rumyansev, V.N.Dodonovlar haqli e’tirof etganidek, «yer huquqining yadrosini fuqarolik huquqi normalari tashkil qiladi, biroq shuningdek yer huquqida ma’muriy va ekologiya huquqi normalari ham muhim o’rinni egallaydi».
Mamlakatimizda yerga oid munosabatlarning rivojlanishi va yer resurslarini alohida xususiyatlaridan kelib chiqib, O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi XII- sessiyasida «Yer kadastri to’g’risida»gi Qonun qabul qilindi.
Qishloq xo’jalik korxonalari hozirgi vaqtda qishloq xo’jaligi uchun ajratilgan yerning asosiy qismidan foydalanadilar. Yer qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishida qator xususiyatlariga ko’ra noyob omildir, chunki uning xajmi cheklangan, joyini o’zgartirib bo’lmaydi.
Qonunda yer davlat kadastrini yuritish, iqtisodiyotni rivojlantirish, yer uchastkalariga bo’lgan huquqlarning kafolatlarini ta’minlash, yerlardan oqilona foydalanish, ularni qayta tiklash va muhofaza qilish uchun kadastr ma’lumotlaridan foydalanishning huquqiy asoslari belgilab berildi. Buning natijasida yer va uning taqdirini belgilab beruvchi yerga oid huquqiy munosabatlar qonun darajasiga ko’tarilib, o’zining qonuniy asosiga ega bo’ldi.
Shuning uchun yerning asosiy xususiyati - hosildorlikka katta e’tibor beriladi.
Qishloq xo’jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish Dasturining 1-bo’limida qishloq xo’jaligidagi tarkibiy o’zgarishlarning hal qiluvchi bo’g’ini sifatida yerga egalik qilish va undan foydalanish munosabatlarini isloh qilish: qishloq xo’jaligiga taalluqli eng avvalo sug’oriladigan yerlar davlat mulki obyekti; yirik tovar qishloq xo’jalik mahsuloti ishlab chiqarish, eng avvalo, paxtachilik va g’allachilik yer uchastkalari doimiy biriktirilgan qishloq xo’jalik shirkatlari tomonidan amalga oshiriladi va ularning maqsadli yo’nalishiga qat’iy muvofiq ravishda foydalaniladi; o’rta tovar ishlab chiqarish, ayniqsa chorvachilik mahsulotlari yetishtirish asosan fermer xo’jaliklari tomonidan amalga oshiriladi, ularga yer uchastkalari uzoq muddatli ijaraga beriladi; mayda tovar ishlab chiqarish, meva-sabzavotchilik, uzumchilik va chorvachilik mahsulotlari yetishtirishga ixtisoslashgan, ajratilgan yer uchastkalarini umrbod merosga qoldirish huquqiga ega bo’lgan dehqon xo’jaliklari amalga oshiradi degan asosiy qoidalardan kelib chiqadi.1 Gap har bir qishloq xo’jalik korxonasini yerga egalik huquqini belgilash haqida boradi. Bunday qoidani to’la inkor etib, fuqarolarning yerga nisbatan mulk xuquqining yagona subyekti deb tan olinishini ilgari surgan G.Ye. Bistrovning, «qishloq xo’jalik yerlari bozorining erkin faoliyat yuritishini ta’minlash zarur» degan fikriga qisman qo’shilish mumkin. Chunki kelajakda qishloq xo’jalik yerlarining erkin muomalada bo’lishi aniq. Lekin bunday hol yerning nisbatan har kim o’zicha xo’jayinlik qilib, boshboshdoqlikka olib kelishiga yo’l qo’ymaslik kerak.
Yerga mulkchilik masalasi butun agrar siyosatdagi uzok masala hisoblanadi. Yer - qo’yosh, havo, suv kabi qishloq xo’jaligi aholisi yashash sharoitining zaruriy shartidir. Shuning uchun Prezident I.A. Karimov ta’kidlab o’tganlaridek, «Yerni tovarga aylantirish aholining hayotiy tayanchlarini ko’poradi, yer uchastkalari bilan chayqovchilik qilishni keltirib chiqaradi, dehqonni ertangi kunga ishonchdan mahrum qiladi. Hozirgi bosqichda, yerga davlat egaligini saqlab qolish, uni talon-taroj qilishga yo’l qo’ymaslik kerak».1
M.B.Usmonov e’tirof etganidek, «yerga nisbatan mulk huquqi - bu yer ustidan yuridik va iqtisodiy xukmronlik qilish demakdir. Yerga nisbatan davlat mulki deganda, yer ustidan xukmronlikni, ya’ni uni tasarruf etish huquqi xalq irodasini ifoda etuvchi davlatga tegishli ekanligini aniq tushunib olishimiz o’rinli bo’ladi. Mamlakatimizda yer davlat mulki - umumilliy boylikdir, undan oqilona foydalanish zarur, u davlat tomonidan muhofaza etiladi hamda oldi-sotdi qilinmaydi, ayirboshlanmaydi, hadya etilmaydi, garovga qo’yilmaydi. (Yer kodeksi 16-modda).
Mamlakatimiz sharoitida qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini amalga oshirishning o’ziga xos xususiyati yerga egalik qilish, qishloq xo’jaligi yerlarining erkin savdosi borasida yanada qattiqroq talab va cheklanishlarni taqozo etadi. Buni qishloq xo’jalik ishlab chiqarishi shart-sharoitlari bir xil bo’lgan mamlakatlar tajribasi tasdiqlabgina qolmay, o’z tarixiy o’tmishimiz ham shunday qilishga da’vat etadi.
Shu nuqtai nazardan asosan ikki yo’nalish bo’yicha tadqiqot chegarasini belgilab olib yerga bo’lgan huquqning buzilishi oqibatida qishloq xo’jalik korxonalarini tugatishni ko’rib chiqamiz.
Birinchidan, qishloq xo’jalik mahsuloti ishlab chiqaruvchi, yerlaridan foydalanuvchi subyektlar doirasi aniqlab olish.
Ikkinchidan, qishloq xo’jalik yerlaridan foydalanish huquqini bekor qilish asoslari ilmiy amaliy tahlil etish.
Shundan kelib chiqib, qishloq xo’jalik korxonalarining yerga nisbatan bo’lgan huquqlarni qo’yidagicha izohlash mumkin:
1. yuridik shaxs - yer egasi bo’lib, yer uning ustav jamg’armasiga hissa, ya’ni paychilik asosida qayta tashkil etilgan qishloq xo’jalik kooperativlari (shirkatlari) korxonalarning asosiy shakli bo’lib qoladi.
2. yuridik shaxsga yerni foydalanish uchun shartnoma asosida ijaraga berish. (fermer xo’jaliklari)
3. yuridik shaxsga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish. Yerni dehqon xo’jaligiga foydalanish uchun meros qilib qoldirish huquqi bilan berish orqaligina qishloqda bozor munosabatlarini rivojlantirishga, dehqonlarda egalik tuyg’usini qaytadan tiklashga erishiladi.
Eng muhimi, qishloqda xo’jalik yuritishning har bir dehqonga manfaatdorlik bilan erkin mehnat qilish, o’z mehnati natijalarini mustaqil tasarruf etish, o’z oilasining ehtiyojini qondirish imkonini beradigan shaklini vujudga keltirishi lozim. Masalaga bunday yondashganimiz to’fayli, «yerga nisbatan meroslik huquqini belgilash fikriga qarshi chiqib» bo’lmaydi. Chunki fuqarolik huquqi nuqtai nazaridan olib qaralganda meros qilib qoldirilgan yer uchastkasiga umrbod egalik qilish huquqi ashyoviy huquq tarzida berilishiga yo’l qo’yilgan.
V.P. Kamishanskiy ta’kidlaganidek, «yerga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi o’zida yerga nisbatan erkin ashyoviy huquqni mujassamlashtiradi».
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo’lgan huquqi joyning o’zida chegaralar belgilangayidan, yer uchastkalarining planlari (chizmalari) va tavsiflari tuzilib, yer uchastkalariga bo’lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar davlat ro’yxatiga olinganidan keyin vujudga keladi. Yuridik shaxslar Yer kodeksi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq, doimiy foydalanish, muddatli (vaqtincha) foydalanish, ijaraga olish va mulk huquqi asosida yer uchastkalariga ega bo’lishlari mumkin.
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkalariga bo’lgan mulk huquqi savdo va xizmat ko’rsatish sohasi obyektlari ular joylashgan yer uchastkalari bilan birga xususiylashtirish to’g’risidagi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vujudga keladi.
Ba’zan yerdan foydalanganda kam mahsuldorlikka erishish yoki butunlay foydalanmasdan qarovsiz qoldirish kabi faktlarga duch kelmoqdamiz. Masalan, Namangan viloyati, To’raqurg’on tumani, «Oltin vodiy» jamoa xo’jaligi xududida 1993-1994 yillarda tashkil etilgan fermer xo’jaliklariga tuman hokimining qarori asosida ajratilgan 94,9 gektar yer maydonining 22 gektari berilmagan va qarovsiz qoldirilgan. Bu yerdan foydalanishning yuridik normalarini yetishmasligidan emas, balki yerdan foydalanuvchi huquq subyektlarining qonun talablariga rioya qilmasliklaridan kelib chiqadi.1 Yerdan foydalanuvchi subyekt, xoh u yirik qishloq xo’jalik korxonasi bo’lsin, xoh u fermer yoki dehqon xo’jaligi bo’lsin, yerdan foydalanishda o’zi tomonidan o’ylab topilgan noqonuniy usullarda amalga oshirishga yo’l qo’yilmaydi. Ular xo’jalik yuritishning qaysi shaklida bo’lishlaridan qat’iy nazar, yerning tabiiy holatini, unumdorligini oshiradigan vositalarga ega bo’lishlari, agar lozim topilgan taqdirda «rekultivasiya ishlarini olib borish imkoniyatlariga ega bo’lishlari» darkor. Qishloq xo’jalik yerlaridan samarali foydalanish bo’yicha tadbirlar tizimida yerni rekultivasiya qilish amalga oshirish asosiy vazifa qilib belgilandi.
Yerdan foydalanish va uni muhofaza qilish bo’yicha javobgarlik masalasini har xil jihatlarda ko’rib chiqish mumkin: yerga bo’lgan huquqbuzarlik turlari; javobgarlik turlari bo’yicha; yerga oid qonunni buzish subyektlari doirasi bo’yicha va boshqalar.
Yer huquqbuzarligi uchun belgilangan intizomiy, ma’muriy, jinoiy, fuqarolik-huquqiy hamda yer-huquqiy javobgarliklar tavsifida ko’rib chiqqan holda, fikrlash mumkinki, ular ichida yerga bo’lgan huquqni bekor qilinishi tufayli qishloq xo’jalik korxonalari faoliyatini tugatishga olib keluvchi javobgarlik yer-huquqiy javobgarlikdir. Odatda bu javobgarlikni fuqarolik-huquqiy javobgarlik bilan birga qo’llash mumkin. Yer xuquqbuzarligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan javobgarliklarni qo’yidagicha tavsiflash mumkin.
Birinchisi, yerga bo’lgan huquqni buzilishi uchun ya’ni, yerlardan xo’jasizlarcha foydalanish yoki ularni yarokqsiz holga tushirish; yer berish tartibini buzish; vaqtincha egallab turilgan yerlarni o’z vaqtida qaytarib bermaslik yoki ularni o’z o’rnida foydalanish uchun yaroqli holga keltirmaslik; xo’jalik ichidagi yer tuzish loyihalaridan o’zboshimchalik bilan chetga chiqish, davlat yer kadastri yuritish qoidalarini buzish kabi holatlar bo’yicha yer xuquqbuzarligi uchun ma’muriy javobgarlik choralari belgilangan. Yerga bo’lgan huquqning buzilishining keng tarqalgan turlaridan biri mansabdor va yuridik shaxslar tomonidan yerlarni o’zboshimchalik bilan egallab olganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortish holatlaridir.
Rekultivasiya - tabiatni mahofaza qilish bo’yicha, yerni oldingi holatiga qaytarish va uning unumdorligini oshirishga qaratigan tadbirlarning tarkibiy qismidir. 1
Ikkinchidan, Jinoyat kodeksida ekologiya xavfsizligiga oid normalar va talablarni buzish; atrof tabiiy muhitning ifloslanganligi to’g’risidagi ma’lumotlarni qasddan yashirish yoki buzib ko’rsatish; atrof tabiiy muhitning ifloslanishi oqkibatlarini bartaraf qilish-choralarini ko’rmaslik; atrof tabiiy muhitni ifloslantirish; yer, yer osti boyliklaridan foydalanish shartlarini yoki ularni muhofaza qilish talablarini buzish; ekinzor, o’rmon yoki boshqa dov-daraxtlarga shikast yetkazish yeki ularni nobud qilish; o’simliklar kasalliklari yoki zararkunandalari bilan kurash talablarini buzish singari qilmishlar uchun jinoy javobgarlik choralari belgilangan.
Yer bu tabiatning insonlar uchun yaratgan buyuk ehsonidir. U tom ma’noda odamlarni boqadi, kiyintiradi. Bevosita dehqonchilik bilan bog’langan oilalarnigina emas, balki ma’lum bir tarzda qishloq xo’jaligi bilan bog’liq barcha tarmoqlar va uning ne’matlaridan bahramand bo’layotgan respublikaning barcha aholisi farovon turmush kechirishi uchun moddiy negiz yaratadi. Shunday ekan, undan samarali foydalanishimiz lozim. Qonunlarda yerga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan holatlarda tayinlanishi lozim bo’lgan jazo choralari ham belgilangan. Yer huquqbuzarligi bu yer huquqi normalariga qarshi bo’lgan aybli xatti xarakat yoki xarakatsizlikni bildiradi, ya’ni yer qonunchiligida belgilangan qoidalar buziladi.
Qishloq xo’jaligida yer qonunchiligini buzishning: yer uchastkalarida belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanganligi; yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganligi, ya’ni qishloq xo’jaligi uchun mo’ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi kadastr bahosiga ko’ra past bo’lishligi; yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radiaktiv moddalar bilan ifloslanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilganligini aytib o’tish mumkin.
Yer-huquqiy javobgarlik deb, yerga egalik qilayogan va undan foydalanayotgan qishloq xo’jalik korxonasi tomonidan yerga nisbatan huquqbuzarlik sodir etilgan, mazkur subyektlarning xatti-harakatlari yoki harakatsizligi zamirida yer uchastkalariga bo’lgan huquqning bekor bo’lishiga olib keluvchi faktlar mavjud hollarda yer uchastkasiga bo’lgan huquqni bekor qilib, uning olib qo’yilishi tushuniladi. Masalan, O’zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 36-moddasida yer uchastkalariga bo’lgan huquqning bekor bo’lishining» asosi mavjud. Butun yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga egalik qilish huquqi yoxud undan doimiy yoki muddatli foydalanish huquqi, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqi, agar yer uchastkasidan ixtiyoriy voz kechilganda; yer uchastkasi berilgan muddat tugaganda; yuridik shaxs tugatilganda; yerlarni ijaraga olish shartnomasi bekor qilinganda yoki bekor bo’lganda; xizmatda foydalanish uchun chek yer berib qo’yishga asos bo’lgan mehnatga oid munosabatlar bekor bo’lganda, agar qonun hujjatlarida boshqacha hol nazarda tutilgan bo’lmasa; yer uchastkasidan belgilanganidan boshqa maqsadlarda foydalanilganida; yer uchastkasidan oqilona foydalanilmaganida, bu qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar uchun hosildorlik darajasi uch yil mobaynida normativdan (kadastr bahosiga ko’ra) past bo’lishida ifodalanganda; yer uchastkasidan tuproq unumdorligi pasayishiga, uning kimyoviy va radioaktiv moddalar bilan ifodalanishiga, ekologik vaziyatning yomonlashuviga olib keladigan usullar bilan foydalanilgan taqdirda; qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yer solig’i, shuningdek ijaraga olish shartnomasida belgilangan muddatlarda ijara haqi muntazam to’lanmay kelinganda; qishloq xo’jaligi ehtiyojlari uchun berib qo’yilgan yer uchastkasidan bir yil mobaynida va qishloq xo’jaligi sohasiga taalluqli bo’lmagan ehtiyojlar uchun berib qo’yilgan yer uchastkasidan ikki yil mobaynida foydalanilmaganida; meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini beruvchi order kim oshdi savdosi asosida sotib olinganidan keyin yer uchastkasida ikki yil mobaynida foydalanilmaganida, yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi garovda bo’lgan taqdirda esa, - garov shartnomasi muddati mobaynida foydalanilmaganida kabilar shular jumlasidandir.
Foydalanilmayotgan yer uchastkalari avvalgi egalaridan ular to’lagan qiymati qoplagan holda olib qo’yiladi; yer uchastkasi Yer kodeksda nazarda tutilgan tartibda olib qo’yilgan hollarda bekor qilinadi.
Qonun hujjatlarida yer uchastkalariga egalik qilish huquqi, yer uchastkalaridan doimiy foydalanish huquqi va yer uchastkalarini ijaraga olish huquqini bekor qilishning boshqa hollari ham nazarda tutilishi mumkin.
Hozirda amalda bo’lgan Qishloq xo’jaligi kooperativi (shirkat xo’jaligi), Fermer xo’jaligi, Dehqon xo’jaligi to’g’risidagi O’zbekiston Respublikasi qonunlarida va Yer kodeksida yerga bo’lgan huquqni bekor bo’lishi to’g’risida asoslar ko’rsatilgan. Bu asoslar o’z o’rnida yuqorida sanab o’tilgan qishloq xo’jalik korxonalarining tugatilishiga olib keladi.
I.F.Pankratovning fikricha, "deyarli har doim bir shaxsda yerga bo’lgan mulk huquqi bekor bo’lsa, shu yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqi boshqa shaxsda paydo bo’ladi". Uning fikriga qisman qo’shilish mumkin. Lekin yer uchastkasiga nisbatan mulk huquqi deb emas yerga bo’lgan huquq bekor bo’lganda deyilsa, to’g’ri bo’lar edi. 1
Fermer va dehqon xo’jaliklari faoliyatining alohida xususiyatlaridan biri, ularning faoliyati davlat tomonidan berilgan yer uchastkasi bilan uzviy bog’liqligidir. Agar boshqa har xil xo’jaliklar zarur holatlarda xo’jalik yuritish uchun davlat va jamoatchilik mulkidan ijara tariqasida foydalanish yetarli bo’lsa, dehqon (fermer) xo’jaligi uchun biriktirilgan yersiz xo’jalikni yuritish mumkin emas. Ye.A.Suxanovning bu fikriga to’la qo’shilish mumkin. Shuning uchun ham fermer xo’jaligi va dehqon xo’jaligi to’g’risidagi qonunlarda ular faoliyatining yer bilan bog’liq holatlarda tugatishning bir necha asoslari berilgan. Qishloq xo’jalik kooperativi (shirkat xo’jaligi) to’g’risida» gi qonunning 14-moddasiga muvofiq, «qishloq xo’jaligiga mo’ljallangan yerlar qishloq xo’jaligi kooperativlariga (shirkat xo’jaliklariga) belgilangan maqsadda tovar qishloq xo’jalik ishlab chiqarishini yuritish uchun doimiy egalik qilishga beriladi. Qishloq xo’jalik kooperativiga (shirkat xo’jaligiga) berilgan yer uchastkalarini olib qo’yish belgilangan kafolatlarga rioya etilgan holda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
«Fermer xo’jaligi to’g’risida»gi Qonunning 32-moddasida xo’jalik yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechgan; yer uchastkasining ijaraga berilgan muddati tugaganda va yerdan foydalanish huquqini tiklashning imkoniyati bo’lmaganda; yerdan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanilmaganda, olingan hosildorlik normativ kadastr bahosidan muttasil (uch yil maboynida) past bo’lganda; yerlarning ekologik holati yomonlashgan; yer uchastkasi belgilangan tartibda olib qo’yilgan; ijara haqi belgilangan muddatlarda muttasil to’lanmay kelingan; fermer xo’jaligi yer olgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida xo’jalik ishlab chiqarish faoliyatiga kirishmagan taqdirda xo’jalik faoliyati tugatilishi mumkin. Ko’rinib turibdiki, «fermer xo’jaligini tugatish asoslarining asosiy qismi yer uchastkasidan foydalanish, olib qo’yish va yerga oid qonun hujjatlarini buzish bilan bog’liq»dir.
«Dehqon xo’jaligi to’g’risida»gi Qonunning 27-moddasida ham yer bilan bog’lik bo’lgan holatda, uning faoliyatini tugatish asoslar bor. Qonun dehqon xo’jaliklari faoliyatini bekor qilish yer bilan bog’liq, jumladan, tomorqa yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganda yoki tomorqa yer uchastkasi qonunda belgilangan tartibda olib qo’yilgani singari ikki asos sabab bo’lishi mumkin.1
Dehqon xo’jaligi faoliyatini bekor qilish hamma a’zolarning o’zaro kelishuvi, yoki tuman hokimining qarori bilan belgilangan tartibda yer uchastkalarini olib qo’yish yoki sud qarori asosida amalga oshirilishi kerak.
Dehqon xo’jaliklari ruxsat olish tartibida tashkil qilinishi sababli uni bekor qilish, qonunga ko’ra, yer uchastkalarini tuman hokimi tomonidan berilishini e’tiborga olib, albatta har qanday sharoitda uning tomonidan qaror qabul qilinishi talab etiladi. Masalan, Paxtachi tumanda dehqon xo’jaliklariga ajratib berilgan yerlarni ro’yxatdan o’tkazish hamda ulardan oqilona foydalanish holatini o’rganishni tashkil etish uchun maxsus komissiya tuzilib, xududda faoliyat yuritayotgan 455 ta dehqon va fermer xo’jaliklarining faoliyati tahlil qilindi. Komissiya tumandagi dehqon (fermer) xo’jaliklarini yerdan qanday maqsadda foydalanayotganligini o’rganib, 1997 yil 4 iyul kuni 12 ta dehqon xo’jaliklarini faoliyati tugatilib, ularning hisobidagi 515, 7 gektar yer maydonini jamoa xo’jaliklariga qaytarilgan, 16 ta xo’jalik yerini qisqartirish, 19 ta xo’jalikda o’z hisobidan tashqari 4,38 gektardan ziyod yerdan foydalanayotganligi aniqlangan.
Fermer hamda dehqon xo’jaligi foydalanishidagi tomorqa yerlari uchun yer solig’ini fuqarolar uchun belgilangan yer solig’i miqdorida va tartibda yiliga bir marta 1 noyabrga qadar to’laydilar. Yer uchun ijara haqi taraflarning kelishuviga asosan belgilanadi. Biz yuqorida ko’rib chiqqan yer solig’i va ijara haqining muntazam ravishda belgilangan muddatlarda to’lanmasligi dehqon xo’jaligidan yer maydonini olib qo’yishga asos bo’ladi va "Dehqon xo’jaligi to’g’risida"gi Qonunning 27-moddasida ko’rsatilgan holatlarning biri sifatida xo’jalikni faoliyati to’xtatiladi.
Yer munosabatlarini tartibga solish sohasidagi tumanlar davlat hokimiyati organlarining vakolatlari Yer kodeksining 6-moddasida bayon qilingan. Mazkur moddada ahamiyatli bo’lgan bir qoida sifatida qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligi korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tashkil etilgan, qayta tashkil etilgan va tugatilgan hollarda, ularning yerga egalik qilishi va yerdan foydalanishi masalalarini hal etish vakolatining qoida tariqasida kiritilishi ayni ma’qul ish bo’lgan. Biroq joylardagi tumanlar davlat hokimiyati organlari o’z vakolatlarini amalga oshirish chog’ida tadbirkorlar huquqlarni buzish hollari ham uchrab turibdi.
Masalan, Jizzax viloyat, Zafarobod tuman hokimining 1996 yil 22 maydagi 118-sonli qarorda qayd etilgan holatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmagan, qarorda «Shirin» fermer xo’jaligining 75 ga yerni qaytarib olish uchun asos qilib ko’rsatilgan sabablar to’liq isbotlanmagan. Shuning uchun Jizzax viloyat sudi ishni har tomonlama va qonunga asoslangan holda o’rganib chiqib, Zafarobod tuman hokimining 118-sonli qarorini bekor qilishni lozim topgan.1
Amaliyotda mana shu moddani yetarli darajada aniq qo’llanilishi uchun kamchiliklar mavjud bo’lib, Qonunga ko’ra xo’jalik faoliyati tugatilganda yer uchastkasining keyingi taqdiri haqidagi qoidalar aniq ko’rsatilmagan.
Qishloq xo’jalik korxonalarining faoliyati unga berilgan yer uchastkasining davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yilganida ham to’xtatiladi. Yerni davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yish barcha g’arbiy Yevropa mamlakatlari qonunchiligida mustahkamlangan.
Yerning davlat yoki jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yilishi Kodeksning 37-moddasida nazarda tutilgan bo’lib, yer uchastkasi yoki uning bir qismi davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer egasining roziligi bilan yoki yerdan foydalanuvchi va ijarachi bilan kelishilgan holda tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan olib qo’yiladi.
Agar bunday tartib bo’yicha olib qo’yilgan taqdirda, «mazkur yer uchastkasining egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachilarga yo’qotgan qishloq xo’jalik mahsulotlarini ya’ni, ko’rgan zararning barchasi to’lanishi shartligi» to’g’risidagi qoida ham Yer kodeksining 37 moddasida o’z aksini topishi kerak. Yetuk huquqshunos olim Yu.G. Jarikov odilona e’tirof etganidek, «zarar u yer uchastkasiga nisbatan qanday titul (huquq) asosida foydalanishidan qat’iy nazar (yer egasi, yerdan foydalanuvchi, ijarachi yoki yer uchastkasi mulkdori) to’liq undirilishi lozim».
Yer egasi, yerdan foydalanuvchi va ijarachi yer uchastkasini olib qo’yish haqidagi tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga rozi bo’lmagan taqdirda bu qarorlar ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
Korxonalar, binolar va inshootlar qurish uchun yer uchastkalarini olib qo’yishdan manfaatdor bo’lgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar loyihalash boshlanguniga qadar hududni kompleks rivojlantirishni ta’minlashni inobatga olgan holda obyekt quriladigan joyni, uchastkaning tahminiy o’lchami va uni ajratish shartlarini yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar, shuningdek tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimi yoki O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan oldindan kelishib olishlari shart. Bunday tarzda oldindan kelishib olinmagunga qadar loyiha ishlarini moliyalashga yo’l qo’yilmaydi.
Yer uchastkasini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo’yish hamda obyekt quriladigan joyni oldindan kelishib olish, shuningdek yer ajratib berishni rasmiylashtirish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarning mulki bo’lgan yer uchastkasini savdo va xizmat ko’rsatish sohasi obyekti yoki uy-joy binosi va boshqa bino yoki binoning bir qismi bilan birga davlat va jamoat ehtiyojlari uchun qayta sotib olish ushbu Kodeksning 41-moddasida nazarda tutilgan kafolatlar ta’minlangan holda tegishincha tuman, shahar, viloyat hokimining qaroriga yohud O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Yerlarning yuqorida ko’rsatilgan ehtiyojlar uchun olib qo’yilish tartiblari O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1992 yil 27 mayda tasdiqlangan Nizomda, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 1992 yil 15 iyundagi 282-sonli qarori bilan tasdiqlangan "Yerlarning qishloq va o’rmon xo’jaligini yuritish bilan bog’liq bo’lmagan ehtiyojlar uchun olinishi munosabati bilan qishloq xo’jaligi va o’rmon xo’jaligi ishlab chiqarish nobudgarchiligi hajmlarini aniqlash hamda ularning o’rnini qoplash tartibi to’g’risida"gi Nizomda belgilangan.
Yuridik adabiyotlarda yer munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolarni 3 turga bo’lishadi. Xususan V.Ramanov ularni qo’yidagi tarzda ifodalaydi: Birinchi bu sof yerga oid nizolar bo’lib, u fuqarolar va yuridik shaxslarning yer uchastkasiga, shuningdek yerga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf qilishga bo’lgan huquqlarini buzilishi; nizolarning ikkinchi turkumiga nafaqat yerga oid huquqlarni buzilganligi, balki shu buzilish natijasida yetkazilgan zararlarni, yo’qotish, ziyonni qoplash bilan bog’liq bo’lgan nizolarni kiritadi; uchinchi turkumdagi nizolarga yer munosabatlaridan kelib chiqqan mulkiy nizolarni kiritadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |