Frazeologik birikmalarning stilistik xususiyatlari.
Nurbek Ismoilov, magistrant.
Jahon tilshunosligida frazeologik birikmalarning uslubiy tavsifi muammosi hozirgi kunga qadar bir xil yechimga ega bo‘lganicha yo‘q. Hozircha lug‘atlarda, berilayotgan frazeologik birikmalar uchun uslubiy havolalar qo‘yishning yagona tamoyillari ham ishlab chiqilmagan. O‘zbek tilidagi frazeologik birikmalarni uslubiy tavsiflash mezonlari ham aniqlanmagan. O‘z vaqtida L.I.Royzenzon tomonidan aytilgan quyidagi fikr hozir ham o‘z qimmatini saqlab kelmoqda: “Frazeologik birikmalarni uslubiy jiqatdan tavsiflash leksemalarni uslubiy tasniflashga nisbatan ancha qiyinroq. Bu sohada aniq mezonlar bizda ham, chet elda ham ishlab chiqilmagan” (5,254). Frazeologik birikmalarning uslubiy tarmoqlanishi masalalarini o‘rganish til strukturasini chuqurroq tushunish uchungina xizmat qilib qolmay, oliy va o‘rta maktablarda til o‘qitish, leksikografik va frazeografik amaliyot uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, tildagi barcha elementlar nominativ-mantiqiy ma’no bilan birga uslubiy bo‘yoqdorlikka ham ega, Ular o‘ziga xos “ekspressiv atmosfera bilan o‘ralgan” (V.V.Vinogradov) bo‘ladi. Bu holat tilshunoslikda hozirga qadar turli xil nomlanib kelmoqda. Til elementlariga ironiya, tantanavorlik, hazil-mutoyiba, ishonmaslik, shubha kabi uslubiy nozikliklarni yuklovchi hodisani nomlashda olimlar “uslubiy bo‘yoq”, “uslubiy tonallik”, “konnotatsiya” atamalaridan foydalanmoqdalar. Birgina “konnotatsiya” atamasining o‘zi ham tilshunoslikda har xil ta’riflanayotir. Jumladan, O.S.Axmanova, N.M. Shanskiy, M.Tyakotskiy kabi olimlar konnotativ element asosiy ma’noga qo‘shimcha tarzda yuklanadi, shunga ko‘ra, u til birliklariniig ssmantik strukturasiga kirmaydi, deb hisoblaydilar. A.V.Kunin, S.G.Gavrin, A.M.Melerovich singari boshqa bir guruh frazeolog olimlar esa konnotatsiyani leksik yoki frazeologik ma’noning tarkibiy qismi sifatida izohlaydilar. E.S.Aznaurova esa konnotatsiyani obyektiv til hodisasi deb qarash tarafdori sifatida ko‘rinadi(1,88).
O‘zbek tilshunosi E.Qilichev konnotativ ma’no so‘z semantikasidan denotativ ma’no ajratilgandan keyin hosil bo‘ladigan ayirmaga teng, deb hisoblaydi(8,10).
Frazeologik birikmalarning emotsional-ekspressiv bo‘yoqdorligini aniqlashning eng muhim yo‘li ularni semantik-stilistik va kontekstual metodlar asosida sinchiklab o‘rganish, kontekstdagi ma’no qirralarini belgilashdir. Ammo “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da, prof.Sh.Rahmatullayevning “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati”(1978),”O‘zbek tilining frazeologik lug‘ati”(1992), M.Sodiqovaning “Qisqacha o‘zbekcha-ruscha frazeologik lug‘at”(1989) kabi asarlarida frazeologik birikmalarning ma’no doirasini aniqlash jarayonida unda qo‘shimcha uslubiy baho ko‘rinishlari borligi ko‘pincha hisobga olinmaydi. Masalan, “ko‘zi to‘rt bo‘ldi” iborasini olib ko‘raylik. Bu frazeologik birikma “Izohli lug‘at”da “yo‘liga intizor” ma’nosiga ega ekanligi qayd qilingan(15,446). Sh.Rahmatullayev lug‘atida esa bu frazeologik birikmaning “ko‘zlari to‘rt bo‘ldi”, “ko‘zi to‘rt bo‘lib”, “ikki ko‘zi to‘rt bo‘lib”, “to‘rt ko‘z bo‘lib” variantlariga ega ekanligi qayd qilingan hamda “intizor bo‘lmoq” ma’nosini ifodalashi ta’kidlangan(12,142). M.Sodiqova lug‘atida esa bu iboraning ruscha tarjimasi “все глаза проглядел; он ждал с нетерпением; ждал не дождался; высматривал” tarzida berilgan(13,150). Yuqoridagi uch leksikografik manbada bir frazeologik birikma izohi farqli tomonlarga ega. Bu jihatdan “Izohli lug‘at”da qayd etilgan “nihoyatda” semasi o‘sha iboraning qo‘shimcha stilistik ma’nosi sanaladi. Har uchala manbada ham o‘sha iboraning uslubiy xoslanishi, ya’ni qaysi uslubda ko‘proq qo‘llanishi ham ta’kidlab ko‘rsatilishi lozim edi. Endi xuddi shu iboraning ayrim turkiy tillardagi izohi bilan tanishaylik. “Qirg‘iz tilining frazeologik lug‘ati”da “Ekki kozu tort boduu” (“ikki ko‘zi to‘rt bo‘lmoq”) iborasi keltirilib, unga “qandaydir bir narsani jon dili bilan tilamoq, zoriqib kutmoq” deb izoh berilgan(18,315). “Uyg‘ur tilining izohli frazeologik lug‘ati”da “to‘rt ko‘zi bilan (kutmoq)”- iborasi keltirilib, unga “intizorlik bilan” tarzida izoh berilgan(9,184). “Tatar tilining frazeologik so‘zligi”da “ko‘z durt bo‘lu” iborasiga “kutilmagan hol-xabardan, ajablanuvdan ko‘zlar zo‘r bo‘lib ochiluv”, deb izoh berilgan(10, 460), turkman tilida esa “ko‘zi to‘rt bo‘lmoq” iborasi “turmush qurmoq, uylanmoq” ma’nosini ifodalaydi(14, 121).
Ko‘rinadiki, leksikografik va frazeografik manbalarda frazeologik birikmalar turlicha izohlanadi, frazeologik birikmalarning qo‘shimcha uslubiy ma’nosi (konnotativ xususiyati) qayd etilmaydi. Aslini olganda, frazeologik birikmalarning uslubiy tomoni ta’kidlanganda lug‘atlarda maxsus havolalar-belgilar qo‘llanilishi lozim. Lekin turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili frazeologik birikmalari izohida hozirgi kunga qadar bunga ko‘pincha amal qilinmaydi.
Masalan, “Izohli lug‘at”da frazeologik birikmalar rombik bilan berilgan, ularning ayrimlari esa uslubiy (kitobiy, so‘zlashuv tili singari) havolalar bilan ta’minlangan. Jumladan, “ko‘zi qattiq” iborasining “kishiga tikilib qaraydigan, uyalmaydigan, xayosiz” ma’nolari qayd qilingan, shu bilan birga, unga s.t, (so‘zlashuv tiliga xos) degan havola ham qo‘yilgan(15,446). Sh.Rahmatullayev lug‘atida esa bu frazeologik birikma qayd etilmagan. M.Sodiqova lug‘atida “ko‘zi qattiq” iborasi “у него наглые, (бесстыдные) глаза” deb tarjima qilingan va неодоб. (неодобрительно) degan belgi qo‘yilgan(13,150).
Ba’zan frazeologik birikmalarning emotsional baho bo‘yog‘i lug‘atlarda ularni izohlash tarkibiga kiritiladi (bu holat frazeologik birikmaning uzual, lisoniy xususiyati bilan ham bog‘liq). Masalan, A.Hojiyevning “O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati”da “qazo qilmoq” iborasi oddiy so‘zlashuvda, asosan katta yoshdagi kishilarga nisbatan va vafot etish vaqtlarida, uni boshqalarga xabar qilishda qo‘llanishi ta’kidlangan(19,242-243). “Nobud bo‘lmoq” iborasi ham qo‘llanish jihatdan oddiy so‘zlashuvga xos, lekin u asosan go‘daklarga nisbatan qo‘llanadi. Endi bu ikki iboraning “Izohli lug‘at” dagi izohi bilan tanishaylik: “Qazo qilmoq” – 1) “o‘lmoq, vafot etmoq”; 2) “vaqtida ijro qilmay o‘tkazib yubormoq, vaqtida bajarmay, ijro qilmay qoldirmoq”. (17,210); “Nobud bo‘lmoq” – 1) “isrof bo‘lmoq, bekorga yo‘q bo‘lib ketmoq”; 2) “halok bo‘lmoq, o‘lmoq.” (16,45). Ko‘rinadiki, “Izohli lug‘at”da har ikkala ibora izohida ularning qo‘llanish xususiyati, uslubiy xoslanishi ochib berilmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |