Ispaniya
Ispaniya asosan ommaviy plyaj turizmiga ixtisoslashtirilgan va u dunyoning asosiy turistik markazlaridan biri hisoblanadi. Turizmning jadal ravishda o‘sishi Ikkinchi Jahon urushidan keyin sezildi. Turistlar soni 1950 yilda 3 mln kishi bo‘lgan bo‘lsa, 1990 yilda 34,3 mln kishiga yetdi. Turizm rivojlanishi mamlakatning O‘rta Yer qirg‘oqi va Biliar orollaridagi turizm rivojiga bog‘liq. Ispaniyaning Atlantika qirg‘oqlarida turizm nisbatan kam rivojlangan. Ispaniyaga tegishli Kanar orollari janubda joylashgan. Shu sababli ko‘p turistlar bu yerga asosan qishki ta’tillarini plyajlarda o‘tkazish uchun keladilar. Birinchi va Ikkinchi Jahon urushi oraliqidagi Ispaniya turistlarni o‘ziga jalb qilmas edi. Chunki 1936-39 yillarda bo‘lib o‘tgan grajdanlar urushi natijasida mamlakat iqtisodiyotini tang ahvolda qolganligi sababli mamlakat juda faqirlashgan edi. Bu davrda Italiya, Fransiyaning Lazur qirg‘oqi, shuningdek Alplar doimiy turistik markaz hisoblangan. Ushbu davrda Ispan hukumati turizm tarmoqining milliy iqtisodiyotini rivojlantirishdagi o‘rnini tan oldi va turli yo‘llar bilan (Masalan: otel qurish uchun ssuda berish va h. k. ) uni raqbatlantirish siyosatini o‘tkaza boshladi. 1959 yilda bir yo‘la chet el investitsiyalari uchun mamlakat iqtisodiyoti ochildi va milliy valyuta (peseta) devalvatsiya qilindi. Buning natijasida Ispaniya o‘z qirg‘oqlariga Italiya va Fransiyaga nisbatan turistlarni ko‘proq jalb qila boshladi. Buning natijasida turistik markazga aylandi. Ispan iqtisodiyotining xususiy tarmoqi turizm bilan jiddiy shuqullana boshladi va 60-yillarning boshlarida O‘rta Yer dengizi qirg‘oqlarida yangi otellar, apartamentlar (hashamatli binolar) va villalar hech bir qanday reja va koordinatsion siyosatsiz qurildi. Buning natijasida 10 yil ichida turistlar soni qariyb 4 baravar oshdi va 1970 yilda 24 mln kishiga yetdi. Keyinchalik havo transportining ekspansiya qilinishi va Shimoliy Yevropa bozori uchun Ispaniyaga o‘tish imkoniyati yaratildi, bu esa o‘sishni orttirdi. Turizm Ispaniya iqtisodiyotida juda muhim o‘rin egallaydi. 60-yillarning o‘rtalarida 500 ming kishi uchun, 1975 yilda 1 mln kishi uchun yangi ish joylari tashkil qilindi va mamlakatga chet el valyutasi kiritildi (1975 yilda turizm Ispan eksportining 1/4 qismini tashkil qilar edi). Shu sababli Ispan hukumatining keyinchalik ham mamlakatning turistik sektorini qo‘llab-quvvatlashi ajablanarli hol emas. Ammo turizmda nazoratning yo‘qligi va jadal o‘sish atrof-muhitning vayron bo‘lishiga sabab bo‘ldi hamda O‘rta Yer dengizida turizmning jadal sur’atlarda rivojlanishi mamlakat demografiyasiga ham ta’sir etdi. Chunki ushbu hududda aholining o‘sishi ham ko‘paydi.
70-yillarning o‘rtalarida turizm rivojlanishi davrida Ispaniyada ommaviy turizmning talablarini qondirish uchun katta zamonaviy yotoqxonalarning qurilish ishlari boshlandi.
80-yillarda turizm Ispaniya iqtisodiyotida muhim rol o‘ynashda davom etdi va mamlakat potensial ishchi kuchining 11%i ish joylari bilan ta’minlandi hamda Ispan eksporti 33,4% ni tashkil qildi. Ammo besh yil oraliqida (1988-1992 yillar) chet el turistlarining umumiy soni bir meyorda saqlanib keldi, ya’ni 1 yilda turistlar soni 34-35 mln kishini tashkil qildi. Ispaniya bozorini asosan Fransiya, Germaniya, Niderlandiya va Italiya ta’minlaydi. Mazkur mamlakatlardan keluvchi turistlar 1988-1992 yillarda keskin tarzda qisqardi. Buyuk Britaniyalik turistlar soni 1988 yildagi 7,6 mln kishidan, 1991 yilda 6,1 mln kishiga tushdi. Boshqa turistik markazlar bilan raqobat hamda Ispaniyaning ko‘plab qadimiy kurortlaridagi ekologik holatlar bir qator muammolarni tug‘dirdi. Ushbu negativ holatlarga javoban aksariyat kurort rayonlarda atrof-muhitni yaxshilashga etibor berila boshlandi. Shu maqsadda avtomobil transporti harakati qisqartirildi, ya’ni parklar tashkil qilinib, daraxtlar ekildi, ko‘cha va plyajlar tozalandi. Shuningdek, yangi dam olish zonalari qurildi. Bundan tashqari turistlarni joylashtirish uchun yangi joylar, ko‘ngil ochar tadbirlar uchun mablaqlar ajratildi. Masalan: Benidorm, Salou, Torremolinos va Balear orollaridagi turizm sanoati qayta jihozlandi. 1992 yilda Barselona shahrida olimpiya o‘yinlari o‘tkazildi. Sevilyeda esa "Ekspo-92" butun dunyo ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Bundan tashqari Madrid Yevropaning madaniy shahri deb nomlandi. Bularning barchasi Ispaniyaning ulkan turistik mamlakat sifatida nom qozonishiga sabab bo‘ldi. Ushbu davrda turizmning Ispan agentligi o‘z turistik markazlarini Buyuk Britaniyaga kiritish maqsadida 1,9 mln ingliz funt sterlingini ajratdi. Bu tadbir turistlar ko‘payishiga olib keldi. 70-80-yillarda Ispaniyaning ichki turizmi faol rivojlana boshladi. Shu bilan birga mamlakat fuqarolari ko‘proq qirg‘oq kurortlariga qatnay boshladilar. Dam oluvchilar aholining 41%idan 53,4%igacha ko‘tarildi. 1991 yilda Ispaniya ichki bozori mamlakat mehmonxona va lager shaharchalarini umumiy hisobda 22,7 mln turist kelishi bilan ta’minladi. Faqatgina Benidorm kurortlarining o‘zigagina 3,2%, Palma-de-Malyerka kurortiga esa 3% ichki turistlar tashrif buyurdi. Valensiya hududi ichki turistlarning asosan 15,7%ni qabul qildi va 1-o‘rinni egalladi. 2-va 3-o‘rinlarda esa Andalusiya va Kataloniyalar turibdi.
Shunday qilib, O‘rta Yer dengizi kurortlari mahalliy va chet el turistlarini qabul qilishda yetakchilik qiladi. Ammo bu yerda Fransiya yoki Italiya kabi tiqizlik yo‘q. Bu esa Ispaniyaning ichki turizmi g‘arbiy Yevropa o‘lchamlariga nisbatan katta emasligidandir.
Ichki turizmning o‘sishi Buyuk Britaniya turistlarining Kosta-Brava, Kosta-Blanka, Kosta-del-Sol kurortlariga kelishining qisqarishini qopladi.
Ispaniya chet el turizmi sust rivojlangan. Ammo o‘sish darajasi sezilarli. Birinchidan, mamlakatdan chiquvchilar turistlarning umumiy soni nisbatan kam, ammo ularning quyoshli davlatlarga chiqishi tez-tez uchramoqda. Masalan: Portugaliyaga chiquvchi turistlarning soni 1986 yilda 2,5 mln kishini tashkil qilgan bo‘lsa, 1991 yilda 4,1 mln kishiga ortdi. Ushbu davr ichida Fransiyaga chiqish 1 mln. dan 2,8 mln kishiga yetdi. Yevropaning uzoq hududlariga turistlarning chiqishi juda sust holda edi. 1989 yildan boshlab esa bu holning umuman tushib ketishi sezildi. Ikkinchidan, nisbatan arzon bo‘lgan turistik markazlar hisoblanmish Gretsiya, Marokash, Portugaliya, Tunis va Turkiyaga chiquvchilar soni jadal o‘sdi va ular 30-57%ni tashkil qildi. qimmat hisoblanmish Fransiya, Italiya va Buyuk Britaniya mamlakatlariga chiqish holatlari kamaydi. Uchinchidan, havo transporti bilan sayohatga chiquvchi ispanlar chet elga chiquvchi turistlarning 7,5%ini tashkil qiladi. Mamlakatlarga chiquvchi turistlarning 90%i quyoshli mamlakatlarga avtomobillarda boradilar. Uzoq masofaga chiquvchi turistlarga asosan biznes bilan shuqullanuvchi turistlar kiradi. Ularning 40,7%i Kanadaga va 44,5%i Yaponiyaga boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |