10. Partiya manfaatlarini ifoda etish maqsadida davlat hokimiyatining vakillik organlarida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesida Partiya fraksiyalari, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarida qonunda belgilangan tartibda deputatlar guruhlarini tuzadi.
10.1. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida partiya fraksiyasi (bundan buyon matnda Fraksiya deb yuritiladi) Partiya tomonidan ko'rsatilgan va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar orasidan tuziladi.
10.1.1. Fraksiya o'z ishini Partiyaning dasturiy hujjatlari, Partiya S’yezdida belgilangan parlament faoliyatining vazifalari hamda Partiya markaziy va ijroiya idoralarining tavsiyalariga muvofiq tashkil etadi.
10.1.2. Fraksiya O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlarga ega bo'ladi.
10.1.3. Muhim siyosiy masalalar yuzasidan nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun Fraksiya va Markaziy Kengashning yoki Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo'mitasining qo'shma majlislari o'tkazilishi mumkin. Fraksiya a’zolari O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida ovoz berish davomida birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai nazarlarga asoslanadi.
10.1.4. Fraksiyaning faoliyati Partiyaning markaziy idoralari tomonidan muvofiqlashtirilib turiladi. Fraksiya Partiyaning Markaziy Kengashiga o'z faoliyati to'g'risida belgilangan tartibda muntazam hisobot taqdim etadi. Fraksiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi vakilligi davridagi hisoboti Partiya S’yezdida tinglanishi mumkin.
10.2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesidagi Partiya fraksiyasi va Xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlaridagi partiya guruhlari (bundan buyon matnda - partiya guruhlari deb yuritiladi) Partiya tomonidan ko'rsatilgan va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylangan deputatlar orasidan tuziladi.
10.2.1. Partiya guruhlarining faoliyati tegishli hududiy va tuman (shahar) partiya tashkilotlarining rahbar organlari tomondan muvofiqlashtiriladi.
10.2.2. Partiya guruhlari o'z faoliyatini Partiyaning dasturiy hujjatlari, tegishli hududiy partiya tashkiloti konferensiyasi qonun ijodkorligi faoliyati vazifalaridan, tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashining tavsiyalari, shuningdek yuqori partiya idoralarining qarorlaridan kelib chiqib tashkil etadi.
10.2.3. Nazorat vazifalari samaradorligini oshirish maqsadida Xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar Kengashlarining partiya guruhlariga O'zbekiston Respublikasi Prezidentiga viloyat va Toshkent shahri hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati haqida asoslangan xulosalarni taqdim etish tashabbusi bilan chiqish huquqi beriladi.
Ushbu xulosalarning asoslanishi viloyat va Toshkent shahri hokimining faoliyatini muntazam axborot-tahliliy monitoring qilishga asoslanishi hamda hududiy partiya tashkiloti bilan kelishilishi lozim. Zarur bo'lgan hollarda hududiy partiya tashkiloti tegishli maslahatlar olish uchun Partiya Markaziy Kengashiga murojaat qilishi, shuningdek kelishish boshlangan paytdan ko'pi bilan 20 (yigirma) kun ichida mustaqil ekspertlarni xulosalarni tahlil etish uchun jalb etishi mumkin.
10.2.4. Partiya guruhlari va O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, Xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlariga saylovlar yuzasidan, tegishli saylov okrugi bo'yicha partiya tomonidan ko'rsatilgan nomzodlarning saylovoldi kampaniyasi tashkiliy va tashviqot-targ'ibotini ta’minlaydigan, okrug saylovchilari oldida Partiyaning ijobiy nufuzini shakllantirish maqsadida partiya guruhlari va partiya tashkilotlarining okrug birlashmalarini tashkil qiladi.
10.2.5. Partiya guruhlarining a’zolari mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarida ovoz berishda Partiyaning birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai nazarlariga tayanadi.
10.2.6. Muhim ijtimoiy-siyosiy masalalar bo'yicha nuqtai nazarlarni kelishib olish uchun partiya guruhlari va tegishli hududiy partiya tashkiloti Kengashlarining qo'shma majlislari o'tkazilishi mumkin.
10.2.7. Partiya guruhlarining a’zolari tomonidan Partiya manfaatlariga zid keluvchi harakatlar sodir etgan yoki ular bila turib inkor etilgan taqdirda hududiy partiya tashkiloti qonun hujjatlariga muvofiq deputatlarni chaqirib olish va ularning vakolatlarini muddatidan ilgari to’xtatish masalasini ko'tarishi mumkin.
10.2.8. Partiya guruhlari o'z faoliyati to'g'risidagi axborotni tegishli hududiy partiya tashkilotiga belgilangan muddatlarda taqdim etadi. Ularning vakillik davri mobaynidagi faoliyati to'g'risidagi hisobotlar tegishli hududiy partiya tashkiloti konferensiyalarida tinglanadi.
10.3.1. O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov okruglarida tuman (shahar) partiya birlashmalari tuzilishi mumkin.
10.3.2. Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, Xalq deputatlari viloyatlar, tuman va shahar Kengashlariga saylov okruglarida boshlang'ich partiya tashkilotlarining okrug birlashmalari tuzilishi mumkin.
10.3.3. Partiya rahbar organlarining qarorlariga ko'ra saylov okruglaridagi tegishli partiya birlashmalarining rahbarlariga ushbu birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtirish huquqi berilishi mumkin.
10.3.4. Partiya guruhlarini va partiya tashkilotlarining saylov okruglaridagi okrug birlashmalarini tuzish to'g'risidagi Nizom Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya Qo'mitasi tomonidan tasdiqlanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |