O‘zbekistonda ikki va undan ortiq farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi
O‘zbekistonda 2021/2022-o‘quv yilidan boshlab respublika oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga respublika tijorat banklari tomonidan imtiyozli ta’lim kreditlari berish tartibi joriy etiladi. Vazirlar Mahkamasining bu boradagi tegishli qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Foto: “Daryo” / Madina Nurman
2021/2022 o‘quv yilidan boshlab, quyidagilar:
respublika oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandi to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga respublika tijorat banklari tomonidan imtiyozli ta’lim kreditlari berish tartibi joriy etiladi;
Markaziy banki respublika oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandlari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim kreditlari berish uchun tijorat banklariga resurslar ajratish yuzasidan Moliya vazirligiga buyurtmanomalar taqdim etilishini yo‘lga qo‘yadi;
taqdim etilgan buyurtmanomalarga asosan respublika oliy ta’lim muassasalarida bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq farzandlari to‘lov-shartnoma asosida o‘qiyotgan oilalarga imtiyozli ta’lim kreditlari berish uchun tijorat banklariga davlat budjeti mablag‘lari hisobidan belgilangan tartibda maqsadli kredit resurslari ajratiladi.
Ta’lim kreditlari respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim muassasalari — davlat, nodavlat, qo‘shma ta’lim dasturlari va xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari filiallarida to‘lov-shartnoma asosida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolariga, ularning ota-onalari yoki vasiylariga beriladi.
Kredit foizlari kredit ajratilgandan so‘ng keyingi oyning 1-sanasidan boshlab oyma-oy to‘lanadi, asosiy qarz esa talabaning o‘qishi rasman tugagach, uch oy o‘tgandan keyin to‘lash boshlanadi.
Ta’lim krediti, o‘qish davrini hisobga olgan holda, bakalavr uchun 15 yil, magistr uchun 10 yilgacha bo‘lgan muddatga beriladi.
Qarz oluvchi quyidagi ta’minlash shakllaridan birini bankka taqdim etishi lozim, uning amalga oshirilishi unga qo‘yilgan asosiy talab hisoblanadi:
mol-mulk yoki qimmatli qog‘ozlarni garovga qo‘yish;
bankning kafolati;
uchinchi shaxsning kafilligi;
sug‘urta kompaniyasining qarz oluvchining kreditni qaytara olmasligi xavfi sug‘urta qilinganligi to‘g‘risidagi sug‘urta polisi.
Mavzuga doir: “Oliy ta’lim muassasasida hammasi isloh bo‘ladi, bizga atigi 3 oy kerak” — Abduqodir Toshqulov
Avvalroq O‘zbekistondagi OTMlarda o‘quv jarayoni bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazilishi to‘g‘risida xabar berilgandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |