LUG'AVIY SHAKL YASOVCHI QO'SHIMCHALAR TA'SIRIDAGI FONETIK
HODISALAR
OT TURKUMI ga oid lug'aviylarda: Erkalatish-kichraytirish "-gina" qo'shimchasi hamda chegara ma'nosini ifodalovchi "-gacha" qo'shimchalari "Q" va "K" undoshlari bilan tugagan so'zlarga qo'shilganida "-qina, -kina" tarzida, "-qacha, -kacha" tarzida talaffuz qilinishiga va yozilishiga tovush almashishi deyiladi.
OYOQ + gina + ng = oyoqqinang
KO'KTERAK + gacha = Ko'kterakkacha
SIFAT TURKUMI ga oid lug'aviylarda: Sifat darajasini bildiruvchi "-ish" qo'shimchasi "QIZIL" , "SARIQ" so'zlariga qo'shilganida fonetik hodisa kuzatiladi:
QIZIL + ish = qizg'ish, SARIQ + ish = sarg'ish
(Iltimos, "sarg'ish" so'zida qanday hodisalar booor deb so'rab o'tirmasdan, FONETIK HODISA bor, deng. Kifoya).
SON TURKUMI ga oid lug'aviylarda: Sonning ma'no turlaridan birini (jamlovchi sonni) hosil qiluvchi "-ov, -ala, -ovlon" qo'shimchalari unli bilan tugagan "IKKI, OLTI, YETTI" sonlariga qo'shilganida ushbu sonlar tarkibidagi, ya’ni yetakchi morfema tarkibidagi oxirgi unli tovush tushib qoladi:
IKKI + ala = ikkala
OLTI + ovlon = oltovlon
YETTI + ov = yettov
Sonning ma'no turlarini(dona sonni, taqsim sonni va chama sonni) hosil qiluvchi "-ta, -tacha, -tadan" qo'shimchalari "r" undoshi bilan tugagan sonlarga qo'shilganida so'z oxiridagi jarangli, sirg'aluvchi "r" undoshi jarangsiz portlovchi "t" undoshiga almashadi:
Bir + ta = bitta
O`n bir + tacha = o`n bittacha
Qirq bir + tadan = qirq bittadan
OLMOSH TURKUMI ga oid lug'aviylarda:
Birinchi va ikkinchi shaxs birlik KISHILIK OLMOSHLARI (men, sen) ga qarashlilik qo'shimchasi "-niki" qo'shilganida portlovchi jarangli til undoshi "N" tovushining tushishi kuzatiladi(yetakchi yoki ko'makchi morfemada tushayotgani ahamiyatsiz, muhimi, tovush tushishi bor.)
MEN + niki = meniki
SEN + niki = seniki
Ko`rsatish olmoshlariga "-dek, -day, -aqa, -cha" kabilar qo`shilganida asos va qo`shimcha o`rtasida portlovchi til oldi "N" undoshining ortishi kuzatiladi:
BU + day = bunday
MANA SHU + aqa = mana shunaqa
O`SHA + cha = o`shancha
FE'L TURKUMI ga oid lug'aviylarda: majhul va o'zlik nisbat "-il" qo'shimchasi "QAYIR, AYIR" so'zlariga qo'shilganida asosdagi "i" unlisining tushishi kuzatiladi:
QAYIR + il = qayrilmoq
AYIR + il = ayrilmoq
Majhul nisbat "-il" , birgalik nisbat "-ish" va harakat nomi "-ish" qo'shimchalari "DEMOQ" , "YEMOQ" kabi fe'llarga qo'shilganida asos va qo'shimcha o'rtasida sirg'aluvchi til o'rta "Y" undoshining ortishi kuzatiladi:
Tarixiy manbalarda shunday "deyilgan". (De + il + gan = deyilgan.)
Do'stlarning sen haqingda bir nimalar "deyishdi". (De + ish + di = deyishdi.)
Ko'katli ovqatlar mavsum davomida "yeyiladi". (Ye + il + adi = yeyiladi.)
Ishchilar nonushtani barvaqt "yeyishdi". (Ye + ish + di = yeyishdi.)
Harakat nomini hosil qiluvchi "-v" qo'shimchasi "i" va "a" unlilari bilan tugagan fe'llarga qo'shilganida so'z oxiridagi labalanmagan tor "i" unlisi lablangan tor "u" unlisiga almashadi. Labalanmagan quyi keng "a" unlisi lablangan quyi keng "o" unlisiga almashadi:
O'qi + v = o'quv (qurollari)
To'qi + v = to'quv (dastgohi)
Qayna + v = qaynov (qozonning qaynovi)
Qala + v = qalov. (Qalovini topsang, qor ham yonadi.)
ESLATMA: Shakl yasovchilarga taalluqli fonetik hodisalarda sintaktik shakl yasovchilarlar ta'siridagi fonetik hodisalar ham, lug'aviy shakl yasovchilarlar ta'siridagi fonetik hodisalar ham baravar hisobga olinadi, chunki sintaktik shakl yasovchilar va lug'aviy shakl yasovchilar bir nom bilan SHAKL YASOVCHI QO'SHIMCHALAR hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |