Shunday qilib, aniqlik – bu so’zning o’zi ifodalayotgan voqyelikka mos va muvofiq kelishidir. - Aniqlikni boshqacha tushunish ham mumkin. Bu so’z va uning ko’pchilik tomonidan qabul qilingan ma’nosi hamda uning nutqda qo’llanishi bilan muvofiq kelishidir
- Ko’rinadiki, aniqlik nutqning asosiy xususiyati sifatida, eng avvalo, til tizimidagi leksik daraja bilan bog’lanadi. «Nutq aniqligi» atamasi ostida voqyelik va uning tildagi ifodasi bo’lgan leksik birlik – so’zlar o’rtasidagi o’zaro muvofiqlik anglashiladi.
- Xo’sh, qaysi til birligi namunaviy nutqning yaratilishiga ko’proq xizmat qiladi? Bu savolga sinonimlar, deb javob berish ma’qul bo’ladi. Chunki ular mazmunan bir-birlariga yaqin bo’lsa ham, ma’no qirralariga ko’ra farqlanadi. Ana shu qirralardagi farqlar ularni tanlab ishlatish imkoniyatini beradi. Masalan, aniq, ochiq, yaqqol, ravshan, yorqin, oydin, ayon sinonimlarini olib ko’raylik. Garchi ular umumiy ma’noda bir sinonimik qatorni tashkil qilishsa ham, birining o’rnida ikkinchisini qo’llash hamma vaqt mumkin bo’lavermaydi. Aniq eshitdim deyish to’g’ri bo’lgani holda oydin eshitdim deyish mumkin emas, hamma narsa ayon, hamma narsa ravshan, hamma narsa aniq , hamma narsa oydin deyish mumkin bo’lgani holda hamma narsa yorqin deb bo’lmaydi. Chunki asosan aniq eshitishga, ochiq va oydin tushunishga, yaqqol va yorqin ko’rish va eshitishga, ravshan ko’rish va tushunishga xos
- Bu kabi ma’no nozikliklarini payqamaslik ifodada g’alizlikni keltirib chiqarishi mumkin. Masalan, katta va uzun, qadam qo’ymoq va qadam tashlamoq juftliklarini olib qaraylik: Bo’yi mendan kattaroq, o’zi sap-sariq (O’.Hoshimov). Uzun-qisqalik va katta-kichiklik ikki xil o’lchov sanaladi, Birida ikki nuqta orasidagi masofa, ikkinchisida hajm o’lchanadi. Shuning uchun bo’yni katta deb bo’lmaydi. Uni baland yoki uzun deyish ma’qul. Yana: Mustaqil hayotga qadam tashlayotgan yoshlarimiz nikohdan o’tishganlaridan keyin qishloq markazidagi yodgorlik poyiga hurmat-ehtirom bilan gulchambarlar qo’yadilar («Sharq tongi» gazetasi). O’qiganda ma’nodagi noziklik go’yo sezilmayotgandek tuyulsa ham, bu o’rinda qadam qo’ymoq iborasini qo’llash maqsadga muvofiq bo’lar edi. Chunki qadam qo’ymoq da harakatni endi boshlash ma’nosi mavjud, qadam tashlamoq esa harakatdagi bu chegarani ko’rsata olmaydi. Mana bu Meni yangi ishga yo’rgaklagan hamqishloqlarim, shuningdek, ustoz Ma’rifat Rofiyevalar foydali maslahat va amaliy yordamlarini mendan ayamay, kasbni o’zlashtirib olgunimcha madadkor bo’lib turdilar misolidagi yo’rgaklamoq so’zi umuman noto’g’ri qo’llanilgan. U o’rgatmoq, jalb qilmoq ma’nolarini ham bera olmaydi, ishga yo’rgaklamoq deb ibora tuzib ham bo’lmaydi.
- Ko’p ma’noli so’zlardagi ma’no nozikliklarini payqash ham nutq jarayonida aniqlikka xizmat qiladi. Zulfiya ijodidan misol keltiramiz. Shoira simob so’zining quyidagi ma’no ottenkalarini farqlagan: a) yaltiroqlik: Simob to’lqinlari tutib osmonni, / Muttasil yomg’irlar zeriktirsa ham; b) tozalik, musaffolik: Kuyni tinglab simobday chashma / Jilvalanib qildi karashma; v) belgini kuchaytirish: Oq simob rang bulutday siljib / Biz tomonga kelar qo’ylar galasi kabi.
- Ko’p ma’noli so’zlardagi ana shu nozikliklarni payqamaslik fikrning noaniq, ba’zan noto’g’ri ifodalanishiga olib kelishi mumkin. Shahar bilan qishloq o’rtasidagi tafovut tobora qisqarayotir («Guliston» jurnali) misolida qisqarayotir so’zi maqsadni aniq ifoda eta olmaydi. Chunki bu so’z odatda uzunlik, miqdor va hajm o’lchoviga aloqador. Tafovut esa mavhum tushuncha bo’lib, unga nisbatan kamaymoq so’zini qo’llash ma’quldir.
- Aniqlikni vazifaviy uslublar doirasida tushunish ham o’ziga xos. Masalan u so’zlashuv uslubida vaziyatga bog’liq bo’ladi. Rasmiy uslubda esa u tildagi tayyor, shtamp holidagi so’z va iboralardan foydalanishni taqozo qiladi. Ilmiy uslubda atama va uning ifodalanish aniqligi asosiy o’rinda turadi. Ommabop va badiiy uslublarda esa so’z va iboralar faqatgina badiiy-estetik vazifani bajarishdan tashqari yozuvchining maslagi, g’oyaviy maqsadiga mos bo’lishi va shunga xizmat qilishi lozim bo’ladi.
- Ana shu sabablarga ko’ra so’z qo’llash aniqligining chegarasini belgilash birmuncha murakkab ish bo’lib, u tilni yaxshi bilishni va uning vazifaviy uslublar doirasida qo’llanish imkoniyatlarini o’rganishni taqozo qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |