Markaziy asab tizimida qo‘zg‘alishni o‘tkazilishi.
MAT ning integrativ
faoliyati, organizmdagi barcha funksional elementlarni butun bir tizimga
bo‘ysindirish va birlashtirishdan iborat bo‘lib, u ma’lum bir yo‘naltirilgan ta’sir
qobiliyatiga ega. Integrativ faoliyatni amalga oshirishda MAT tuzilmalarining turli
qismlari ishtirok etadi. MAT da qo‘zg‘alishning o‘tkazilishida asab
markazlarining roli kattadir. MAT ning turli bo‘limlarida joylashgan va
organizmning qat’iy bir vazifasini yoki reflektor aktni ro‘yobga chiqishini
boshqarish uchun uyg‘unlashgan neyronlar birikmasi asab markazi deyiladi. Asab
markazi tushunchasi asosida ikkita ma’no - moddiy tuzilma va fiziologik ma’no
yotadi. Tuzilishi jihatidan asab markazi deganda asab tizimining muayyan qismlari
yoki bo‘limlaridagi neyronlarning to‘plami tushuniladi. Bunday hujayralar
to‘plami odatda murakkab bo‘lmagan reflektor aktlarni bajarilishi uchun
ma’suliyatlidir. Masalan, tizza refleksi, nafas olish, qusish, yo‘talish kabi asab
markazlari. Fiziologik jihatdan asab markazi deganda murakkab reflektor, ya’ni
turli xil periferik a’zolar faoliyatini amalga oshirish uchun, MAT ning turli
qismlari yoki bo‘limlaridagi neyronlar to‘plamini, ularning vazifalari jihatidan bir-
biri bilan bog‘lanishi va birlashishi, hamda uyg‘unlashishi tushuniladi. Asab
markazi sinapslar orqali bog‘langan million va hattoki millard neyronlarning
uyushmasini tashkil qiladi. Undagi neyronlar nihoyatda murakkab va qat’iy
genetik dasturlashgan bog‘lar yordamida aloqada bo‘ladi. Ammo individlarning
hayot faoliyatida shartli reflekslar hosil bo‘lishi, o‘rgatish jarayonida, ayniqsa
postnatal rivojlanishning dastlabki davrida neyronlararo yangi-yangi dinamik
bog‘lanishlar va aloqalar shakllanadi. Shakllangan shartli reflekslar yoki
boshqariladigan vazifalar qanchalik murakkab bo‘lsa, asab markazining tuzilishi va
bu markazdagi neyronlarning o‘zaro fiziologik ta’sirlari ham shunchalik murakkab
bo‘ladi. Ba’zi neyronlar bir nechta vazifani va reflektor aktlarni boshqarishda
ishtirok etadi. Asab markazlari, retseptor maydonlar bilan bog‘lanishidan tashqari,
163
o‘zaro ham bog‘langan bo‘ladi. Ontogenezda shakllangan va nisbatan mustahkam
bo‘lmagan, harakatchan bog‘lanishlar asab markazi ishini o‘zgartirishi mumkin.
Bu esa MAT dagi bir markazni ikkinchi markazga ta’sir etishida katta rol o‘ynaydi.
Bir nechta asab markazlari bitta vazifani boshqarishi, amalga oshirishi ham
mumkin. Bunda ular bir-birini to‘ldiradi. Asab markazi MAT ning qanchalik
yuqori bo‘limida joylashgan bo‘lsa, u shunchalik yuksak mukammallikka ega
bo‘ladi, ya’ni tashqi muhitdagi o‘zgarishlarga organizmning moslashuvini
ta’minlaydigan aktlar juda ham aniq va zarur darajada o‘zgaradi. Organizm bilan
tashqi muhit o‘rtasidagi o‘ta nozik va nihoyatda aniq muvozanat ana shunday
ta’minlanadi. Odam va yuksak hayvonlarning MAT ko‘plab asab markazlaridan
tashkil topgan bo‘lib, ular kirish va chiqish, ya’ni afferent va efferent qismlarga,
impulslarni tarqalishini ta’minlaydigan qisqa asab tolalariga hamda o‘ziga xos
tuzilishga va faoliyatga ega. Asab markazi qo‘zg‘alishni bir yo‘nalish bo‘ylab,
ya’ni refleks yoyi yo‘nalishida o‘tkazadi va bu xususiyati neyronlararo
sinapslarning xususiyatlariga bog‘liq.
MAT ning elementar birligi neyron bo‘lib, uning hujayra membranasi
sinaptik ta’sirlar integratsiyasi amalga oshadigan maydon hisoblanadi.
Integratsiyaning bu birinchi davri, qo‘zg‘atuvchi va tormozlovchi sinaptik
potensiallarining o‘zaro harakati natijasida sodir bo‘ladi. Bu potensiallar
neyronlarning sinaptik kirish joylari faollashgan paytda generatsiya bo‘ladi.
qo‘zg‘atuvchi va tormozlovchi kirish joylari bir vaqtda faollashgan holatda,
qarama-qarshi qutbli sinaptik potensiallarning summatsiyasi sodir bo‘ladi va
membrana potensiali depolyarizatsiyaning kritik darajasiga kam miqdorda
yaqinlashadi. Bunda, hujayraning past bo‘sag‘a sohasida harakat potensiali hosil
bo‘ladi. SHunday qilib, neyron membranasida qo‘zg‘atuvchi va tormozlovchi
kirish joylarining konvergensiyasi, o‘zi tomonidan generalizatsiyalanuvchi
impulsli razryadlarning chastotasini belgilaydi va asab hujayrasining integrativ
faoliyatini universal omili sifatida namoyon bo‘ladi. Neyronlarning koordinatsion
faoliyati va ulardan jamlanadigan elementar asab to‘rlari (integratsiyaning ikkinchi
darajasi) MAT dagi morfologik munosabatlarning o‘ziga xosligi bilan belgilanadi.
164
Bitta presinaptik tola ko‘p marta shoxlanib, bir vaqtning o‘zida bir nechta
neyronlar bilan sinaptik kontaktlar hosil qilish hodisasi ko‘p xollarda kuzatiladi.
Bu hodisa divergensiya deb ataladi va deyarli MAT ning barcha bo‘limlarida, ya’ni
orqa miyaning afferent kirish joyini tashkil bo‘lishida, vegetativ gangliyalarda,
bosh miyada topiladi. Divergensiya prinsipi, funksional jihatdan, reflektor
yoylarning qo‘zg‘alish irradatsiyasining asosida yotadi. Bu xol, bitta afferent
tolaning ta’sirlanishi generalizatsiyalangan reaksiyani chaqirishi bilan namoyon
bo‘lishi mumkin.
Asab to‘rining tarkibiy tuzilishida, bitta neyronda, MAT ning boshqa
bo‘limlaridan keladigan bir nechta afferent terminallar uchrashish hodisasi ham
uchraydi. Bu hodisani, neyron bog‘lamlaridagi konvergensiya deyiladi. Masalan,
bitta motoneyronga miya po‘stlog‘i va ustuni qismidagi pastga tushuvchi
yo‘llarning spinal interneyronlarining birlamchi afferentlari aksonlaridan 6000
kollaterallar kelib qo‘shiladi. Ushbu barcha terminalli oxirlar motoneyronda
qo‘zg‘atuvchi va tormozlovchi sinapslarni hosil qiladi va o‘ziga xos «voronkani»
shakllantiradi. Bu «voronka»ning toraygan qismi umumiy motor chiqish joyini
ko‘rsatadi.
Asab markazlari yakka, kuchsiz ta’sirotga - kuchsiz, ammo takroriy kuchsiz
va siyrak impulslarga - kuchli javob qaytarish qobiliyatiga ega. Agar, yakka
ta’sirot juda ham kuchsiz bo‘lsa, reflektor javob hosil bo‘lmaydi. Ammo, u ketma-
ket, takroran ta’sir ettirilsa, ketma-ket qisqa intervalli impulslar ma’lum vaqt ichida
asab markazida jamlanadi va javob hosil bo‘ladi. Bu hodisani ketma-ket yoki izchil
summatsiya deb ataladi. Agar kuchsiz ta’sirot yonma-yon joylashgan bir xil
retseptorlarning katta guruhiga bir vaqtda ta’sir ettirilsa, fazoviy summatsiya sodir
bo‘ladi. Summatsiya zaminida, alohida neyronlarda hosil bo‘layotgan mahalliy
qo‘zg‘alishning asab markazida jamlanishi yotadi. Izchil va fazoviy summatsiya
tufayli, asab markazlarida harakat potensialini vujudga kelishini qo‘zg‘alish hosil
bo‘lishini yengillashishi hodisasi bilan tushuntiriladi (4.10-rasm). Asab
markazining har bir neyronida, o‘zining afferent tolalaridan tashqari, qo‘shni
markazning afferent tolalari ham sinaps hosil qiladi. Bunday tuzilish, asab
165
markazlarida tiqilib qolish (okklyuziya) yoki, aksincha, impulslarning o‘tishini
yengillashtirish hodisalarini rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Okklyuziya hodisasi -
ikkita asab markazi afferentlarini bir vaqtda ta’sirlanishidan qo‘zg‘algan
neyronlarning arifmetik yig‘indisidan kam bo‘lishidir. Bu esa, kutilgan umumiy
javobni kamayishiga olib keladi. Masalan, markazning afferent asabi ta’sirlansa
birinchi va ikkinchi qatorlardagi neyronlarning hammasida (4.10-rasm), ikkinchi
asab ta’sirlansa uchinchi va ikkinchi qatorlardagi neyronlarda pog‘ona usti
qo‘zg‘alishi hosil bo‘ladi. Agar, bu ikkala afferent asab birdaniga ta’sirlansa, faqat
uchinchi qatordagi neyronlardagina pog‘ona usti qo‘zg‘alishi hosil bo‘ladi. Demak,
afferentlar alohida-alohida ta’sirlanganida 8 ta neyronda, ikkalasi baravariga
ta’sirlanganida esa 4 ta neyronda qo‘zg‘alish hosil bo‘ladi. Shu sababli, umumiy
javobning qimmati kutilganiga nisbatan kam bo‘ladi. Yengillashtirish hodisasi,
aksincha, ikki afferent tola bir vaqtda ta’sirlanganda qo‘zg‘algan neyronlarning
soni, ularni alohida ta’sirlanishidagi qo‘zg‘algan neyronlarning arifmetik
yig‘indisidan ko‘p bo‘lishligi bilan xarakterlanadi.
Refleks vaqti retseptorda qo‘zg‘alishning hosil bo‘lishi, uni afferent va
efferent asablar hamda sinapslar orqali o‘tkazilishi bilan bog‘liq. Asab markaziga
kelgan qo‘zg‘alish sinapslar orqali uning neyronlariga sekin o‘tkaziladi. Chunki
mediator ajralishi va sinapsketi membrana retseptoriga ta’sir qilib, uning qutblarini
o‘zgartirishi (depolyarizatsiyasi) uchun muayyan vaqt ketadi. Shuning uchun asab
markazlarida qo‘zg‘alish sekinlik bilan, ya’ni kechiktirib o‘tkaziladi. Asab markazi
hujayralari ularga keladigan impulslar ritmini o‘zgartirish (transformatsiyalash)
qobiliyatiga ega. Asab markazidagi neyronlarning ba’zilari ta’sir ritmiga monand,
ba’zilari kamroq, uchinchilari esa ko‘proq impulslar hosil qiladi. Bu hol neyronlar
va sinapslarning labilligiga bog‘liq. Asab markazlarida ta’sir ritmi transformatsiya
qilinadi va impulslar ishchi a’zolarga o‘tkaziladi. Reflektor javobning davom
etishi qo‘zg‘atgichning ta’sir qilish muddatiga mos kelmaydi balki undan ko‘proq
bo‘ladi. qo‘zg‘atgich ta’siri tugaganidan so‘ng, ko‘p vaqt o‘tsa ham reflektor
javob davom etishi mumkin. Qo‘zg‘atgich ta’siri tugashi bilan javobni tugamasligi
sinapslarning qo‘zg‘alishni o‘tkazish xususiyati va afferent signallarni bir vaqtda
166
kelmasligi bilan tushuntiriladi. Bu xol, qo‘zg‘atgichning ta’sir izi javobi deb
ataladi. Qo‘zg‘atgich ta’siri tugagach, uzoq vaqt davomida kuzatiladigan
refleksning saqlanishini - javobning cho‘zilishi, ya’ni prolongatsiya deb ataladi.
Javobning cho‘zilishini, uzayishini sinapsketi potensialni uzoq vaqt saqlanishi va
qo‘zg‘alishni zanjir kabi bog‘langan neyronlarda aylanib, halqasimon tarqalishi
bilan tushuntiriladi. Bu hodisa, axborotlar izini qayta ishlash, mustahkamlash va,
ayniqsa xotira uchun katta ahamiyatga ega.
Konvergensiya, izchil va fazoviy summatsiya kabi fiziologik fenomenlar
asosida yotadi. Konvergensiya tufayli har xil neyronlardan kelayotgan impulslar
summatsiya qilinadi va shu sababli tegishli javob paydo bo‘ladi. Masalan, oyoq
mushagini inasabatsiyalaydigan motoneyronda piramidasimon o‘tkazuvchi asab
yo‘lining tolalari, ekstrapiramida asab yo‘llari, miyacha- retikulyar formatsiya va
boshqa tuzilmalardan kelgan asab impulslar yig‘iladi - konvergensiya qilinadi.
Ular impulslarni turli reflektor harakatlarni ta’minlovchi neyronlar orqali ishchi
a’zoga (masalan mushakka uzatadi). Motoneyron, MAT ning turli bo‘limlaridan
keladigan impulslarni effektorga o‘tkazadigan umumiy, oxirgi yo‘l hisoblanadi.
Agar, turli refleks hosil qiladigan ta’sir bitta motoneyronga yo‘naltirilsa va
ularning umumiy oxirgi yo‘li bitta bo‘lsa, bu yo‘lni egallash uchun reflekslararo
kurash boshlanadi va bir refleks ikkinchisini tormozlaydi. Umumiy oxirgi yo‘lni
egallash uchun ko`rash asosida sodir bo‘ladigan reflekslarni - antogonistik
reflekslar deb ataladi. Maxsus ta’sir berilmagan vaqtda, MAT ning bioelektrik
faolligi borligini hisobga olish natijasida, asab markazining neyronlari to‘xtovsiz
ravishda impulslar hosil qilish va ularni ishchi a’zolarga o‘tkazish xususiyatiga ega
ekanligi ma’lum bo‘lgan. Asab markazining bunday doimo qo‘zg‘algan holatda
bo‘lishligi uning tonusi deb ataladi. Qo‘zg‘alish asab tolalarida asab markaziga
nisbatan tez hosil bo‘ladi va tez yo‘qoladi. Bu hol, asab tolasiga nisbatan sinaps
labilligining yuqoriligiga bog‘liq. Markazdagi har xil neyronlarning labilligi bir xil
emas. Masalan, orqa miyaning motor neyroni impulslarni bir soniyada 200-300 ta
o‘tkazadi, kontakt neyron esa mingtagacha o‘tkazadi. Interneyronlarning labilligi
efferent neyronnikiga qaraganda ancha past bo‘ladi.
167
Asab markazlari qonning va to‘qima suyuqligining kimyoviy tarkibidagi
o‘zgarishlarga nisbatan juda ham sezgir bo‘ladi. Kislorod bilan ta’minlanishining
pasayishi asab markazi qo‘zg‘aluvchanligini yo‘qolishiga va hatto neyronlarning
halokatiga olib keladi. Turli asab markazlarining kimyoviy moddalar ta’sirini
sezish qobiliyati bir xil emas, kislorod kelishi kamaygach yoki to‘xtagach 5-6
daqiqadan so‘ng miya po‘stlog‘ini, 15-20 daqiqadan keyin miya ustunini, 20-30
daqiqa o‘tgach orqa miyaning asab hujayralari halok bo‘ladi. Zaharli moddalar
asab markaziga turlicha ta’sir qiladi, masalan strixnin tormozlovchi sinapslar ishini
to‘xtatib, asab markazining qo‘zg‘aluvchanligini oshiradi, xloroform esa avval
qo‘zg‘aluvchanlikni oshirib, so‘ngra pasaytiradi, apomorfin qusish markazini,
dobelin esa nafas markazini, korazol harakat asab markazini qo‘zg‘atadi. Asab
markazi o‘z vazifasini tana a’zosining vazifasiga bog‘liq ravishda o‘zgartirish
qobiliyatiga ega bo‘lib, u markazning plastikligi deb ataladi. Masalan, itning
diafragma va oyoq mushagiga keluvchi motor asablarni kesib, ularni almashtirib
bir-biriga ulanganda, ya’ni miyadan chiqqan diafragma asabini oyoq motor
asabiga, miyadan chiqqan motor asabini esa diafragma asabiga ulab qo‘yilganda,
bir necha vaqtdan keyin oyoqni va diafragmani faoliyatlari to‘liq tiklanganligi
kuzatilgan. Bunga sabab, motor va diafragma asablari o‘zlariga xos bo‘lmagan
yangi vazifani bajara boshlaganidadir. Asab markazlari toliqish xususiyatiga ega
bo‘lib, u afferent asablar uzoq vaqt davomida ta’sirlanganda reflektor javobni asta-
sekin susaytirishi, keyinroq esa butunlay to‘xtab qolishi bilan ifodalanadi.
Masalan, bironta afferent asab tola uzoq vaqt ta’sirlanganidan keyin mushak zaif
qisqarishi yoki qisqarmay qolishi mumkin, lekin shu mushakni inasabatsiyalovchi
efferent (motor) asab ta’sirlansa, mushak yana qisqara boshlaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |