Shuni eslatib o‘tish joizki, bir asrdan ziyodroq vaqtni o‘z ichiga oluvchi elektron musiqiy asboblar takomillashuvining tarixi jarayonida ularning yaratuvchilari tembrlar turli-tumanligini ta’minlashga harakat qilganlar.
Ma’lumki, elektron musiqiy cholg‘ular ichida imkoniyati beqiyos darajada keng sanaladigan asbob sintezator va sempler hisoblanadi. Bu musiqiy texnologiyaning yuqori darajadagi mukammal natijalaridan sanaladi. Bugungi kunda, barcha milliy cholg‘ular ovozlarini sempler xotiralarida uchratish mumkin. Bu imkoniyat ijodiy jarayonni ancha erkin va serko‘lam bo‘lishiga yordam beradi. Ammo, mazkur harakatning surunkali va keragidan ortiqcha qo‘llanilishi musiqiy muqaddas qonuniyatlarning buzilishiga ham sabab bo‘lmoqda. Bu masala alohida tahlilni talab qiladi. Quyidagi mavzuyimizda asosan sintezator cholg‘usi tarixi va sempler musiqiy asboblari haqida fikr yuritiladi.
Sintezatorlardagi ossillyatorlar uzluksiz chizmalarni tashkil qilib ovoz to‘lqinlarini hosil qiladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, ossillyator so‘zi ancha eskirib qolgan – «tovush chastotasi generatori» o‘rnida ishlatiladi. Ossillyator so‘zi nemis injeneri Xarald Bode tarafidan kiritilgan edi. Uning birinchi Warbo Orgel (1937) musiqiy asbobi Germaniya sanoatida ko‘plab ishlab chiqarildi va bu unga mashhurlik keltirdi. Uning o‘sha davrda yaratilgan musiqiy asbobining ayrim parametrlari hozirgi zamon elektron musiqiy qurilmalarnikidan yuqori deyish mumkin. Bunga misol qilib, tovush dinamikasini boshqarishni elektron egiluvchanligini hosil qiladigan qurilmalarni keltirish mumkin.
Bodening ikkinchi qurilmasi, Melodium (1938) ham o‘zining yaxshi taraflari bilan ajralib turadi. Bu qurilma, klaviaturasining sezgirligi, sozlovchi qarshiligi va pedal yordamida boshqarish imkoniyatlari bilan oldingilaridan katta farq qiladi. Bu tinib-tinchimas inson ko‘plab mutaxassislar hamkorligida juda ko‘p har xil musiqiy asboblarni yaratdi. Amerika kompaniyalarini Bode ishlariga talablari yuqori bo‘lganini hisobga olib, u 1954 yili Amerikaga ko‘chib bordi va u yerda o‘zining elektropiano qurilmasining yangi rusumini Wurlitzer kompaniyasi uchun yarata boshladi. Bode tarafidan yaratilgan texnologiyalar ichida egiluvchan chastotali generatorlar (envelop generator) va kichik chastotali generatorlar (Low frequency) ni keltirish mumkin.
Tovush tembrini yanada qiziqarliroq chiqarish maqsadida, eng kamida ikkita ossillyator ishlatilgan. Asosiy tovush balandligini, boshlang‘ich balandligi va to‘lqin shakllarini ixtiyoriy tanlash boy tembrga bo‘lgan tovushni chiqarish imkoniyatini berdi.
O‘sha davrlarda avangard musiqasiga qiziqish ortib, Pristondagi Kolumb universitetida MKII RCA sintezatori o‘rnatilgan edi. Priston elektron musiqa markazi bilan iste’dodli musiqachilar Otto Moning, Vladimir Usachevskiy, Milton Babbit va boshqalar hamkorlik qiladilar. X.Bode hamisha zamonaviy musiqa bilan qiziqadi va tez-tez Kolumb elektron musiqa markazida bo‘lib turadi.
60 yillar boshida texnikada navbatdagi inqilob yuz beradi. O‘sha paytda tranzistor, so‘ngra integral mikrosxemalar kashf etiladi.
1961 yil AES jurnalida X.Bodening ilmiy maqolasi bosiladi. Maqolada modul rusumidagi sintezatorlarning texnik chizmasi va ishlash uslubi yoritiladi. Bode hamma elektr sxema tugunlarini tranzistor texnologiyasiga amal qilgan holda tayyorlash lozim degan fikrni olg‘a suradi. Maqoladagi g‘oya Bodening ko‘pchilik hamkasblari tomonidan yuqori baholandi. Bu g‘oya Robert Mug, Donald Buchli va boshqalarning sintezatorlarida o‘z aksini topdi.
Zamonaviy mikrosxemalarning paydo bo‘lishi va ularniing ko‘p amallarni bajarish imkoniyatlari oshishi evaziga, yangi kichik va ixcham tovush sintezatorlarini yaratish imkoniyatiga ega bo‘lindi. Raqamli uskunalarning yaratilishi esa musiqa olamida yangi davrni boshlab berib, bular asosida analog sintezatorlarni boshqarishning elektron usullari paydo bo‘ldi. Zamon talabidan kelib chiqqan holda, qurilmalarni elektron vositalarga bog‘lash standart ingterfeyslar yordamida amalga oshirila boshlandi va 1984 yili MIDI interfeysi yaratildi. Keyinroq esa FM interfeyslari (FM – chastota-modulyasiya) usuli ham yaratildi. MIDI uslubi hozirgi zamon shaxsiy hisoblash mashinasiga bog‘lanish imkoniyatini yuzaga chiqardi hamda tovushlarga ishlov berishni mashina zimmasiga yuklash masalasini ro‘yobga chiqardi. Bu esa musiqachilar uchun qulay sharoit va imkoniyatlarni ochib berdi. Yozish amallarining imkoniyat kengligi, xotirada saqlash, tovush ma’lumotlarini qayta ishlash va ularga ishlov berish, ularning hududiy tarmoqlar yoki butun dunyo – Internet aloqa kanali bo‘ylab erkin tarqalishi musiqachi yoki kompozitor uchun yaxshi imkoniyat va qulayliklar tug‘diradi. Hozirgi kunda elektron musiqa texnologiyalari (yoki elektr musiqa qurilmalar) zamonaviy musiqa madaniyatida o‘zining mustahkam o‘rnini egalladi. Ayni paytda, taniqli musiqa arboblari ham bu yo‘nalishni yaxshi va qulay taraflarini tushungan holda, o‘z ishlarida samarali foydalanib kelmoqdalar.
Zamonaviy musiqa industriyasida sintezator va semplerlar eng keng tarqalgan musiqiy cholg‘ulardir. Ular yordamida akademik janrdagi hamda ommaviy musiqalar yaratilmoqda. Maqsad tovush sintezining barcha turlarini o‘rganib chiqishdan iboratdir.
Musiqiy ovoz rejissyori elektron musiqiy asboblarni xuddi akustik cholg‘ular va aytimni boshqarishdek bilishi zarur. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ovoz rejissyori doimo atamashunoslikdan ham xabardor bo‘lishi lozim.