Yog`ochning mustahkamligi. Nagruzkalar va boshqa faktorlar ta‘sirida vujudga keladigan kuchlanishlar ta‘siridan yemirilishga materialning qarshilik ko`rsatish xususiyati mustahkamlik deb ataladi. Yog`ochning mustahkamligi ta‘sir etuvchi nagruzka yo`nalishiga, yog`ochning turiga, zichligiga, namligiga va x. k. ga bog`liq. Yog`ochning mustahkamlik chegarasi laboratoriyalarda uncha katta bo`lmagan namunalarda aniqlanadi. Sinash usullari, shuningdek, sinaladigan namunalarning shakli va o`lchamlari GOST larda ko`rsatilgan.
Yog`ochning mustahkamligiga hujayra qobiqlaridagi bog`langan namlikkina jiddiy ta‘sir ko`rsatadi. Bog`langan namlik ortishi bilan yog`ochning mustahkamligi pasayadi (ayniqsa 20 – 25% namlikda). Namlikning gigroskopiklik chegarasidan (30% dan) ortishi yog`ochning mustahkamligiga ta‘sir etmaydi. Mustahkamlik chegarasi ko`rsatkichlarini faqat bir xil namlikdagi yo g`ochlardagina solishtirish mumkin.
Yog`ochning mexanikaviy xossalari ko`rsatkichlari, namlikdan tashqari nagruzkaning ta‘siri hamda davomiyligiga ham bog`liq. Shu sababdan yog`ochni sinash vaqtida har bir sinov uchun belgilangan nagruzka berish tezligiga amal qilinadi.
Mexanikaviy kuchlar ta‘siriga ko`ra, yog`ochning mustahkamligi cho`zilishga, siqilishga, egilishga, yorilishga mustahkamlikka ajratiladi.
CHo`zilishdagi mustahkamlik chegarasi. Tolalar bo`yicha cho`zilishdagi mustahkamlik chegarasining o`rtacha kattaligi hamma daraxt turlari uchun 1300 kgk/sm2 ni tashkil etadi. Tolalar bo`yicha cho`zilishdagi mustahkamlik yog`och tuzilishiga katta ta‘sir ko`rsatadi. Tolalarning to`g`ri joylashishdan bir oz bo`lsa xam og`ishi mustahkamlikni pasaytiradi.
Yog`ochning tolalarga ko`ndalang cho`zilishdagi mustahkamligi juda kichik bo`lib, tolalar bo`yicha cho`zilish mustahkamlik chegarasining taxminan 1/20 qismiga, ya‘ni 65 kgk/sm2 ga to`g`ri keladi. Shuning uchun tolalariga ko`ndalang cho`zilishga ishlaydigan detallar yog`ochdan tayyorlanmaydi.
Yog`ochning tolalarga ko`ndalang mustahkamligi yog`ochni kesib ishlash va quritish rejimlarini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega. Yog`ochning siqilishga chidamlilik chegarasi. Siqish tolalar bo`yicha va ko`ndalang siqilishga farq qilinadi. Tolalar bo`yicha siqilishdagi deformatsiya namuna bo`yining bir oz qisqarishida namoyon bo`ladi. Siqilishdagi yemirilish nam namunalarda ayrim tolalarning bo`ylama egilishidan boshlanadi va yumshoq hamda qovushoq yog`och turlari namunalarida toreslari ezilishi hamda yonlarining shishishida, quruq va qattiq yog`och turlarida namuna bir qismining ikkinchi qismiga nisbatan surilishida namoyon bo`ladi.
Tolalar bo`yicha siqilishda yog`ochning siqilishga mustahkamlik chegarasining o`rtacha kattaligi hamma tur yog`ochlar uchun 500 kgk/sm2 ni tashkil qiladi. Tolalarga ko`ndalang siqilishida yog`ochning mustahkamligi tolalar bo`yicha siqilishga nisbatan taxminan 8 marta kam. Tolalarga ko`ndalang siqilishda yog`ochning yemirilish momentini aniq belgilash va yemiruvchi kuch kattaligini aniqlash qiyin.