Kapillyarlik hodisasini ifodalovchi chizma
Ho’llanuvchi naylarda nisbatan kichik namliklarda ham kapillyar kondensasiya yuz beradi. Shu tufayli g’ovak moddalar bug’ tarkibidagi deyarli ko’p miqdordagi suvni ushlab qoladi, bu esa zax uylarda ich kiyimlarning, paxtaning namlanishiga olib keladi, gigroskopik jismlarning esa quritilishini qiyinlashtiradi, tuproqda namlikni saqlashga imkoniyat yaratadi va hokazo. Ho’llamaydigan suyuqliklarda esa aksincha, g’ovak jismlarga suyuqlik o’ta olmaydi.
Suyuqlikli kapillyar nayda havo pufakchalarining holatini ko’rib chiqaylik. Agar havo pufakchasining turli tomonida suyuqlik bir xilda ta’sir ko’rsatayotgan bo’lsa, havo pufakchasi ikkala tomoni ham bir xil egrilik radiusiga ega bo’ladi. Agar pufakchaga tomonlardan biri ortiqroq bosim bilan ta’sir etsa, masalan, suyuqlik harakatida menisklar deformasiyalanadi va ularning egrilik radiuslari o’zgaradi, havo pufakchasining turli tomonidagi qo’shimcha bosim esa bir-biridan farq qiladi. Bu hol havo pufakchalari tomonidan suyuqlikka shunday kuch ta’sir etishi natijasida suyuqlikni kapillyar naydagi harakat tezligi kamayadi yoki butunlay to’xtab qoladi.
Bunday hodisalar odamning qon aylanish tizimida ham yuz berishi mumkin.
Qonga kirib qolgan havo pufakchalari kichik qon tomirlarini to’sib qolishi va birorta organning qon bilan ta’minlanishidan mahrum etishi mumkin. Gaz emboliyasi deb ataladigan bu hodisa natijada jiddiy funksional shikastlanishga yoki hatto letall (o’lim) ga olib kelishi mumkin. Gaz emboliyasi yirik venalar jarohatlanganda hosil bo’lishi mumkin; bunda qon oqimiga kirib qolgan havo pufakchasi qonning harakatlanishiga to’sqinlik qiladi. Vena tomirlari ichiga turli xil dorivorlar quyishda havo pufakchalari kirib qolmasligi lozim.
G’avvoslar juda katta chuqurlikdagi suv ostidan tezlik bilan suv sathiga chiqarilganda ularning qonidan gaz ajralib chiqib, pufakchalar paydo bo’lishi, uchuvchilarda va kosmonavtlarda juda yuqori balandliklarda kabinalari va skafandrlarining germetikligi ishdan chiqishida gaz emboliyasi yuz berishi mumkin. Bu hol qon tarkibidagi suyultirilgan gazlarning, atrofdagi atmosfera bosimining keskin kamayishi tufayli erkin holga, ya’ni gaz holatiga o’tishidir. Qon tarkibidagi gazlar bosimining asosiy qismini azot tashkil etganligi tufayli bosimning keskin kamayishida gaz pufakchalarining qonda paydo bo’lishida ham azot yetakchi rolni o’ynaydi, chunki u organizm va uni o’rab olgan havo bilan gaz almashinuvi jarayonida ishtirok etmaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |