FIL
Afrika fili – quruqlikda yashaydigan yirik hayvon. Gigant-fillarning bo‘yi 4 metr, og‘irligi esa 15 tonnagacha boradi. Filning xartumi bor, uning uzunligi 2 metr. Dandon tishlari bo‘lsa 4 metrgacha yetadi.
Xartum – filning g‘aroyib a’zosi. Fil uzun xartumi bilan boshqa hayvonlardan ajralib turadi. Xartum fillar uchun qo‘l vazifasini bajaradi. Fil xartumi bilan istagan narsasini oladi va ko‘taradi. Yana u do‘stlarini ko‘rganda aynan xartumi yordamida so‘rashadi.
Fillarning yana bir ajoyib o‘ziga xosligi bor, bu ularning dandon tishlaridir. Kesadigan katta tish filning yuqori jag‘idan o‘sib chiqadi. Dandon tishlar yordamida fillar ildizlarni kavlab oladi, daraxt po‘stloqlarini shiladi va shoxlarni sindiradi.
Fillarning xotirasi juda kuchli. Shuning uchun bu hayvonni turli geometrik shakllarni farqlashga va hatto musiqa notalarini tanishga o‘rgatish mumkin.
Fillar uzoq yashaydigan jonivor hisoblanadi. Ular 60-80 yil yashaydi.
Fil bir marta ovqatlanganda 300 kilogrammgacha o‘simlik yeydi, 200 litrcha suv ichadi.
Fil terisini parazitlardan saqlash uchun har kuni changga belanadi, ustiga loy chaplaydi va suvda cho‘miladi.
Fil tik turgan holda kuniga 2-3 soatdan uxlaydi.
Filning bolasi yangi tug‘ilgan vaqtda 120 kilogrammgacha og‘irlikda bo‘ladi.
Fillar bir-birlari bilan “gaplashadi”, faqat oyoqlari bilan. Ularning sirli suhbatlarini odamlar tushunmaydi. Fil oyoqlarini turlicha harakatlantirib, hatto uzoqda turgan do‘stlarini xavf-xatardan ogoh qiladi.
Fillar sichqondan qo‘rqmaydi, arilardan qo‘rqadi.
JIRAFA
Olti metrlik bo‘yi bilan jirafa haqiqatan eng uzun hayvon hisoblanadi. Uning tanasidagi olachipor dog‘lar xuddi inson qo‘l izlaridek har xil. Bir jirafadagi olachipor ikkinchi jirafada takrorlanmaydi. Afrikada ikkita bir xil jirafa topilmaydi. Jirafaning vazni bir tonnagacha boradi.
Jirafaning boshi u qadar katta emas. Tilining uzunligi esa 45 santimetr! U tili bilan tikanli akatsiya daraxtidan barglarni uzib oladi, lekin labiga hech ham shikast yetmaydi.
Jirafa baland to‘siqlardan qiynalmay sakrab o‘tadi. Uning eng balandga sakrash imkoniyati 1,85 metrni tashkil etadi. Jirafa o‘z qarindoshlarini bir kilometr uzoqdan taniydi.
Jirafa bir kunda 30 kilogrammga yaqin ovqat yeydi. U 10-15 kunlab suv ichmay yashay oladi. Asosiy namlikni o‘simliklardan oladi.
Yangi tug‘ilgan jirafa bolasi balandlikdan ikki metrga pastga tushadi. Tug‘ilganidan bir yarim soat o‘tib yura boshlaydi. Jirafa bolalarini hech qachon yolg‘iz qoldirmaydi, ota jirafa sayohatga ketganda, ona jirafa, albatta, bolalari bilan qoladi.
Jirafa tik turgan holatda uxlaydi. Ammo uyqusi juda qisqa, u 10-15 daqiqagina uxlaydi. Jirafalar o‘zaro past ovozda muloqot qiladi va odatda, buni odamlar eshitmaydi.
Yirtqich hayvonlar jirafani o‘lja sifatida tanlashga qo‘rqadi. Chunki jirafa ularni orqa tuyoqlari bilan tepib o‘ldirishi mumkin. Shu sabab sher jirafani suvga yiqitishga urinadi. Chunki jirafa suvga yiqilsa, o‘rnidan turolmay qoladi. Sher shundan foydalanib, ojiz qolgan o‘ljasiga tashlanadi.
Jirafa o‘rtacha 20-25 yil yashaydi. Jirafaning ko‘rish, eshitish, his etish qobiliyati juda yuqori. U xavfni oldindan sezadi va ehtiyot bo‘ladi.
GORILLA
Gorilla – maymunning bir turi. Gorilla Afrikada yashaydi. Gorillaning bo‘yi 2 metrga, vazni esa 150-180 kilogrammga yaqin. Uning vazni va ko‘rinishi ulkan, shunday bo‘lsa-da, maymun faqat o‘t-o‘lanlar bilan oziqlanadi. Katta yoshdagi gorilla bir kunda 30 kilogrammga yaqin o‘simlik yeydi. Eng qizig‘i, gorilla dushmanga qarshi kurashdan oldin ko‘ksiga kuch bilan uradi. Bu bilan u dushmanini qo‘rqitmoqchi bo‘ladi. Gorilla ko‘rinishidan jahli chiqqandek ko‘rinsa-da, o‘zi beozor va rahmdil.
Gorilla o‘rtacha 50-55 yil yashaydi. U boshqa maymunlardan farqli ravishda yerda hayot kechiradi va kamdan-kam hollardagina daraxtga chiqadi. Gorilla kunduzi faol, tunda esa uxlaydi.
Tog‘ gorillasi tutuqunlikda yashay olmaydi. Agar hayvonot bog‘iga olib kelinsa, gorilla ochlik e’lon qiladi. Tutqunlikda yashashdan ko‘ra o‘lishni afzal biladi.
Gorillalar guruh-guruh bo‘lib yashaydi va har bir guruhda 30 tagacha maymun bo‘ladi. Har bir guruhni bitta gorilla boshqaradi. Aynan boshqaruvchi gorilla ular uchun kun tartibini belgilaydi.
Gorillalar o‘zaro muloqot qilayotganlarida tovushlarini o‘zgartiradi. Ular 22 xil tovush o‘zgarishlari bilan “gaplashadi”.
Maymun oilasiga xavf tug‘ilsa, ona gorilla bolalar bilan qoladi, ota gorilla esa ularni himoya qiladi.
Agar biror jonzotning ko‘zi gorillaning ko‘ziga tushib tikilib qolsa, maymun olisha boshlaydi, chunki bu holatni u o‘ziga nisbatan urush e’lon qilinishi deb biladi.
Gorilla suzishni biladi, lekin suvni yoqtirmaydi. Yomg‘ir yog‘gan vaqtda u daraxtlar ostiga yashirinadi.
ZЕBRA
“Yo‘l-yo‘l ot” sizga yaxshi tanish bo‘lsa kerak, a? Uning nomi zebra. Nega bu hayvonning terisi oq va qora rangga bo‘yalganini bilasizmi? Oq va qora yo‘l-yo‘l chiziqlar zebralarni setse pashshasidan himoya qiladi! Pashshalarning ko‘zi faqat bir xil rangni yaxshi ko‘radi, yo‘l-yo‘l chiziqlarni esa ajrata olmaydi.
Zebralarning bo‘yi 2 metrgacha, dumining uzunligi 50 santimetrgacha boradi, og‘irligi esa 350 kilogrammgacha yetadi.
Zebralar to‘da-to‘da bo‘lib yashaydi. To‘dani yirik va kuchli ayg‘ir boshqaradi. Biron xavf sezilsa, zebralar doira bo‘lib oladi va o‘z bolalarini himoya qiladi. Zebra tish va orqa oyoqlari yordamida himoyalanadi.
Zebralar yegulik va suv izlab tez-tez yashash joylarini o‘zgartiradi. Ularning bolasi tug‘ilishi bilan oyoqqa turishga harakat qiladi, faqat oradan bir soat o‘tibgina mustaqil yura oladi. Zebra onasi suti bilan oziqlanadi, faqat ona sutining rangi oq emas, pushti rangda bo‘ladi. Zebralar yovvoyi o‘t va daraxt barglar bilan ozuqlanadi. Ular suvsizlikka bardosh berolmaydi.
Zebralar ko‘p hollarda tik oyoqda turib uxlaydi. Zebraning xotirasi va ko‘rish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan. U qarindoshlari ovozini uzoqdan ajrata oladi. Zebralar o‘zaro juda ahil. Agar bir guruh zebralar dam olish uchun to‘plansa, ularning orasidan uch-to‘rttasi ko‘ngilli sifatida poyloqchilik qiladi.
Zebra, tabiatan juda ozoda. Shuning uchun ham bir-birining bo‘ynini, tanasini tozalayotgan zebralarni tez-tez uchratish mumkin.
Zebra odatda, 25-40 yil yashaydi. Zebra zarg‘aldoq rangni ko‘rmaydi.
Zebraning terisi terisi oq, chiziqlari esa qora. Eng qizig‘i, Afrikada ikkita bir xil zebrani topib bo‘lmaydi, ular xuddi barmoq izlaridek har xil.
Aynan oq-qora chiziqlar zebra tanasidagi issiqlikni me’yorlashtirib turadi. Oq rangdan kamroq, qora rangdan ko‘proq issiqlik o‘tadi.
Zebralar soni yil sayin kamayib ketayotgani uchun ular “Qizil kitob”ga kiritilgan.
ARSLON
Arslon – og‘irligi 200 kilogrammdan ortiq keladigan yirtqich hayvon. Kuchli, baquvvat tanasining uzunligi 2,5 metrdan oshadi. Arslon u o‘z oilasi bilan to‘dalashib yashaydi. Uning oilasi uch-yetti arslondan iborat: kattalar va bolalari. To‘dani bir arslon 2-3 yil boshqaradi, keyin esa o‘z o‘rnini yosh va baquvvat boshqa arslonga bo‘shatib beradi.
Arslonlar kunduzlari soya-salqin joylarga berkinadi va uxlaydi. U biroz dangasaroq, shuning uchun ham bir kunda yigirma soatgacha uxlaydi. Ovga esa oqshom payti va tunda chiqadi. Arslonlar avval qornini to‘yg‘azadi, so‘ng suv ichish uchun suvloqlarga boradi. Yangi tug‘ilgan arslon bolasining og‘irligi bir kilogrammdan ikki kilogrammgacha boradi. Ajablanarlisi, yangi tug‘ilgan arslonvachchaning ko‘zlari ko‘rmaydi.
Oradan ikki hafta o‘tgachgina ko‘ra boshlaydi, o‘n besh kundan keyin esa yuradi. Arslon bolalari onasini emadi. Agar bir oilaning ona arsloni o‘lsa, bolalarini boshqa oilaning ona arsloni emizib qornini to‘yg‘azadi.
Arslonning tishlari 30 ta. Bir marta ovqatlanishning o‘zida o‘ttiz kilogrammgacha go‘sht yeydi. Arslon qorni to‘q paytida boshqa hayvonlarga hujum qilmaydi.
Arslonlar tabiatda o‘rtacha 20 yilgacha yashaydi. Uning tunda ko‘rish qobiliyati insonnikidan 7 marta kuchli.
Arslon o‘kirganda ovozi 8 kilometr uzoqlikkacha eshitiladi. Qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, ov qilishga arslonning erkagidan ko‘ra ko‘proq urg‘ochisi chiqadi, erkak arslon esa oilani muhofaza qiladi. Qaysi birlari ov qilishidan qat’i nazar, o‘ljani yeyishni erkak arslon boshlab beradi.
Yirtqichlar orasida faqat arslonning yuragi o‘z jismiga nisbatan kichik.
Arslonning tirnoqlari 7 santimetrgacha uzun bo‘ladi.
OQ AYIQ
Oq ayiq – sayyoramizdagi g‘aroyib jonzotlardan biri. Bahaybat bo‘lsa ham, salobatli. U sayyoramizning sovuq hududlarida yashaydi.
Ayiqlar kuzdan bahorgacha uxlaydi. Ammo oq ayiq uxlamaydi.
Faqat urg‘ochi ayiq homilador bo‘lganda uxlaydi.
Oq ayiq bolasining vazni tug‘ilgan vaqtida bir kilogrammgacha boradi va hayoti davomida bu og‘irlik ming martagacha ortadi. Erkak oq ayiq bolasi tug‘ilganidan keyin oilasini tashlab, boshqa hududlarga chiqib ketadi va yolg‘iz yashaydi.
Ona ayiq bolalarini boqish uchun ovga chiqadi. U ketganda oq ayiqchalar inda qoladi.
Oq ayiqning og‘irligi 700-1000 kilogramm bo‘lib, bo‘yi uch metrgacha borishi mumkin. U haybatli, beso‘naqay va og‘ir vaznga ega bo‘lishiga qaramay, soatiga 40 kilometr tezlikda yuguradi. Eng qizig‘i, uning tili ko‘k rangda. Oq ayiqning tirnog‘i shunchalik o‘tkirki, u tirnoqlari yordamida bemalol konserva bankani ochishi mumkin.
Oq ayiq 25 yil yashaydi. Uning asosiy yemishi – baliq va dengiz mushuklari. Oq ayiq bir martada 60 kilogrammgacha go‘sht yeydi, ba’zan o‘t-o‘lanlarni ham yeydi.
Oq ayiq – aqlli jonivor. U o‘ljasini hammasini birdaniga yemaydi, balki zaxiraga ham saqlab qo‘yadi.
Oq ayiqning ov borasida o‘z “sir”i bor. U o‘ljasini birdan tutmaydi, uzoq kuzatadi va o‘lja suv yuziga chiqqanda birdan hamla qiladi. Oq ayiq o‘ljasi sezib qolmasligi uchun tumshug‘ini panjalari bilan berkitib oladi, chunki uning tumshug‘i qora va oppoq qorda ko‘zga tashlanadi.
Ayiqning hid bilish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan, u dengiz mushugining hidini 32 kilometr naridan sezadi.
Oq ayiq 7-10 kun davomida o‘ziga ozuqa topa olmasa, uning organizmida modda almashinuvi sekinlashadi va teri osti yog‘ qatlami parchalanadi, bu jarayon oq ayiqni ochlikdan saqlaydi.
Oq ayiqning juni oq bo‘lsa-da, terisi qora rang. Qora tusdagi teri ayiqning issiq bo‘lishiga sababdir.
Oq ayiqlar tozalikni yaxshi ko‘radi – har kuni yarim-bir soatlab cho‘miladi.
Oq ayiq suvda soatiga 10 km tezlikda suzadi. 150 kilometr masofani to‘xtamasdan suzib o‘tishi mumkin.
Ayiqlar tinchliksevar hayvon, boshqalar unga hujum qilmaguncha o‘zi birinchi bo‘lib tashlanmaydi.
BO'RI
Bo‘ri judayam aqlli jonzot, u ko‘pgina olimlarni hayratga soladi. U shunchalik hushyorki, agar ov qilsa, o‘z uyidan 5-7 metr uzoqlikda ov qiladi. Bo‘rilarning bo‘yi bir metrgacha, og‘irligi esa 100 kilogrammgacha, gohida undan ko‘proqni tashkil qilishi mumkin.
Yirtqich sut emizuvchi bo‘rining miyasi itlarnikidan yaxshiroq ishlaydi. Itni biror mashqni qilishga o‘rgatish mumkin, lekin bo‘ri aslo bunday qilolmaydi. U bitta harakatni hadeb qilaverishdan judayam zerikib ketadi.
Bo‘rilar to‘qaylarda in qurib yashaydi. U oilasiga vafodor va juda oilaparvar jonivor hisoblanadi. Bitta bo‘ri 13 tagacha farzand ko‘rishi mumkin. Bo‘rilar tug‘ilganida vazni yarim kilogramm, ko‘zlari ko‘r va quloqlari kar holatda bo‘ladi. Bo‘ri bolasining ko‘zi tug‘ilganida ko‘k rangda bo‘lsa, oradan vaqt o‘tib u oltin sariq rangga kiradi. Bo‘rilar daltonik, ular rangni yaxshi ajratolmaydi. Ona bo‘rilar bolasiga juda mehribon, ular bolasini tug‘ilganidan besh-olti hafta o‘tganidan keyingina inidan tashqariga olib chiqishi mumkin.
Bo‘rilar erkinlikni sevadi. Shuning uchun ham ularni xonakilashtirish bo‘yicha qilingan sa'y-harakatlar ko‘pincha samara bermaydi. Bo‘rilarning dumi ularning holati haqida ko‘pgina narsalarni ifodalashi mumkin. Agar bo‘rining dumi tepaga ko‘tarilib turgan bo‘lsa, ular o‘ziga ishongan va dadil, aksincha pastga tushirilgan holatda bo‘lsa, demak, u nimadandir biroz xavotirda.
Bo‘rilar galasi o‘n beshtadan qirqtagacha bo‘lishi mumkin. Bo‘rilar bir-birini turli imo-ishoralar orqali yaxshi tushunadi. Har bir bo‘ri galasi 30-60 kvadrat metr atrofidagi hududga egalik qiladi. Ular o‘zaro hudud talashib ham urushishi mumkin. Eng qizig‘i bo‘rilar o‘zaro urushganida faqat ularning sardori o‘ldirilar ekan.
Bo‘ri o‘z o‘ljasini bir yarim kilometr uzoqlikdan seza oladi. Bo‘rining eshitish qobiliyati shunchalik yaxshi rivojlanganki, u 9 kilometr uzoqlikdagi ovozni eshita oladi. Bo‘ri shunchalik kuchliki, u yigirma daqiqa davomida to‘xtovsiz yugurishi, besh metr balandlikka sakrashi, suvda 13 kilometrgacha masofaga suzishi mumkin.
Bo‘rilar faqat go‘sht emas, mevalar bilan ham oziqlanadi. Bo‘rilar tulkilarni ov qilib o‘ldirishi mumkin, lekin uning go‘shtini aslo yemaydi. Juda och qolgan bo‘ri 10 kilogrammgacha go‘sht yeyishi mumkin. Lekin, bo‘ri och holida ham o‘n kungacha faol hayot kechirishi mumkin ekan. Agar bo‘ri biror narsadan qo‘rqsa, boshini ko‘tarib 5 soniyagacha uvillaydi. Bo‘rilarning erkagi urg‘ochisiga nisbatan tajovuzkorroq bo‘ladi.
Tadqiqotlarda ko‘rsatilishicha, qora bo‘rilarning immuniteti boshqa rangli bo‘rilarnikidan kuchliroq bo‘larkan. Bo‘ri o‘z to‘dasini shunchalik yaxshi ko‘rarkanki, agar kasal bo‘lib qolsa, kasallik boshqalarga yuqmasligi uchun o‘z to‘dasini tashlab ketarkan.
Bo‘rilar, odatda, insondan qo‘rqadi, lekin agar bo‘rilar galasiga yo‘lda bitta inson uchrasa, ular albatta hujum qiladi.
AYIQ
Bu aqlli va sinchkov jonivorlar hid bilish hissi yordamida sheriklarini topib oladi. Burni ta'sirchan, o‘ttiz chaqirim naridagilarni ham seza oladi. Uning ko‘rishi yaxshi bo‘lmasa-da, hid bilish va eshitish qobiliyati zo‘r. Hatto besh-olti soat oldin yurib o‘tgan sheriklari isini biladi. Atrofdagi toshlarni hidlab sheriklari ortidan ketaveradi. Daraxt tanasi va yirik butalarga ishqalanib hidini qoldiradi.
To‘dadagi katta ayiq yaxshi ov qilish joyini tez topa oladi. Yassi burni va o‘tkir tirnoqlaridan hech bir raqib qochib qutulolmaydi. Unga qahraton sovuq pisandmas. Qalin mo‘ynasi, teri ostidagi yog‘lari uni sovuqdan saqlaydi. Vazni og‘ir bo‘lsa-da, tez yugura oladi. Vahshiyligi harakatlaridan shundoqqina sezilib turadi. Mustahkam jag‘lari bilan daraxt shoxlari, buta va poyalarni osongina g‘ajiydi. yemak tanlab o‘tirmaydi.
Ona ayiq uyadan chiqish vaqtini biladi. Tevarak-atrof jimjit bo‘lganida ayiq bolalari ilk bor inidan chiqib tashqi olam bilan tanisha boshlaydi. Ular bo‘g‘ilib toza havoga chiqadilar. Ularda yorug‘ dunyoga chiqish hayajonli kechadi. Ona ayiq esa doim ko‘z-quloq bo‘lib, bolalariga dalda berib turadi. Daraxtga tirmashib chiqishga kichkintoylar usta, xuddi tirnoqlari ilgakka ilingandek bo‘ladi. Mabodo qo‘rqqudek bo‘lishsa ona ayiq ularni tinchlantiradi.
Ayiqlar uchun eng xavfli dushman qondoshlari – erkaklari. Ona ayiq jonini berib bo‘lsa ham ulardan bolalarini himoya qilishi lozim. Sinchkov va g‘amxo‘r ona uchun o‘lja qidirish uzoqqa cho‘zilishi mumkin. Bu hech ham yaxshilikka olib kelmaydi. Turli ko‘ngilsizlikka ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin.
Oziq-ovqat kam paytlari ayiqlarga xursandchilik tatimaydi. Shunda o‘tgan yildagi poya ildizlari hamda tuganaklarni ham e'tibordan chetda qoldirmaydilar. Ayiqlardagi ochlik qishloq chekkasidagi ekin maydoni va daryo qirg‘oqlariga borishga majbur qiladi. Toshlarni ag‘darib mingoyoq, mollyuska va shu kabi hasharotlarni izlaydi. Sarqitdan ham tap tortmaydi.
Ayiqpolvon yirtqichlar ichida o‘tlarni yaxshi ko‘radigan yagona hayvon hisoblanadi. Ayiq judayam aqlli hayvon, shuning uchun ham yo‘lda yurib, yana ortga qaytib izlarini adashtirishi mumkin. Hozirgi kungacha ayiqlarning 8 xil turi saqlanib qolgan.
Ayiqlarning tishlari har xil go‘sht uchun alohida, o‘tlarni chaynash uchun alohida. Ayiqning ko‘zi va qulog‘i kichkina, lekin ko‘rish va eshitish qobiliyati yuqori.
Eng qizig‘i odamlarda kuzatiladigan ayrim kasalliklar ayiqlarda ham uchrarkan. Bosh miya og‘rig‘i ularni asta-sekin o‘limga ham olib borishi mumkin. Shuning uchun ham g‘arbda hatto bir ayiq bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazishgan.
Ayiqlar odamlarga kamdan-kam hujum qiladi. Lekin u o‘z hududini yaxshi himoya qiladi va har qanday hujumga qarshi tez javob qaytaradi.
Hamma ayiqlarning 2 qavat terisi bor, birinchi teri issiqlikni ushlab turasa, ikkinchisi suvdan himoya qiladi.
Ayiqlarning og‘irligi 350-500 kilogramm, bo‘yi esa bir yarim metrni tashkil qiladi. Ayiqning oshqozoni judayam katta. U bir yeganida 70 kilogrammgacha go‘shtni ham yeyishi mumkin.
O‘rmonda yashaydigan ayiqlar daraxtdan ko‘tarila oladi. Ayiqning yuragi daqiqasiga 40 martagacha uradi. Ayiq bolasi tug‘ilganida yungsiz bo‘ladi. Ayiq bolasi uch yil davomida onasi bilan birga yashaydi. Ayiqning ko‘rish qobiliyati juda yaxshi rivojlangan. Eng qizig‘i ayiq kapalak va chumolilarni ham yaxshi ko‘rib yeydi. Ayiq qanchalik qo‘pol ko‘rinmasin, u kerak bo‘lsa soatiga 50 kilometr tezlikda yugura oladi. Qishki mavsumda ayiq 80 kilogrammgacha vazn yo‘qotadi.
Janubiy Amerikada uchraydigan ayiq turiga qarsangiz xuddi ko‘ziga ko‘zoynak taqqandek rasm chizilgan. Shuning uchun ham uni “Ko‘zoynakli ayiq” deb aytadilar.
MAYMUN
Maymun – aqlli, mustaqil va ayyor hayvon. U oynada o‘zini o‘zi taniy oladigan yagona jonivor sanaladi. Maymunlarning bugungi kunda 400 ga yaqin turib mavjud bo‘lib, ular 10 yildan 60 yilgacha umr ko‘radi.
Maymunlar yon –atrofidagilarni biror xavfdan ogoh qilmoqchi bo‘lsa, ovoz chiqaradi. Ular o‘zaro turli imo-ishoralar orqali gaplashadi, hazillashishni yaxshi ko‘radi.
Ko‘pchilik maymunlar bananni yaxshi ko‘radi deb o‘ylaydi, aslida esa ular kamdan-kam hollarda banan yeydi. Banan po‘stlog‘ini esa hech qachon yemaydi.Mevalar maymunning asosiy ozuqasi, lekin agar meva topilmasa, u hashoratlarni ham yeyishi mumkin.
Maymunning kayfiyatini uning labiga qarab aniqlash mumkin: agar labi tarang turgan bo‘lsa unda maymunning jahli chiqqan. Agarda maymun esnasa, bu uning charchaganini emas, balki nimadandir achchiqlanayotganini bildiradi.
Maymun bir marta bolalaganida faqat bitta tug‘ishi mumkin. Maymunning bolaligi 4 yilgacha davom etadi. Agar ona maymun biror sabab bilan vafot etsa, uning bolasiga dugonasi g‘amho‘rlik qiladi.
Maymunning yoshini tishiga qarab aniqlash mumkin, yoshroq maymunlarda tish 28ta, keksalarida esa 32 ta bo‘ladi.
Ayrim maymunlarda dum bor, ba'zilari esa dumsiz bo‘ladi.
Maymunlar ko‘p vaqtini daraxtda o‘tkazadi.
Maymun kunning beshdan bir qismini o‘ziga qarash uchun sarflaydi. Ular go‘zallikni yaxshi ko‘radi, ular bir-birining tashqi ko‘rinishiga g‘amxo‘rlik qiladi.
Shimpanze judayam aqlli. U guruh bo‘lib yasharkan, unda hammaning o‘z vazifasi bor: Katta shimpanzelar kichigiga qaraydi, boshqasi yegulik tayyorlaydi, yana biri hamma joyni tartibga keltiradi. Ammo kamdan-kam hollarda ular o‘rtasida ham nizolar bo‘lib turadi.
Qiziq dalillar
Shimpanze tishlarini yuva oladi va bu ishni bolasiga ham o‘rgatadi.
Maymunlar o‘zaro hazillashishadi.
Maymunlar hech qachon shamollamas ekan.
Turli mamlakatlarda turli vaqtlarda kosmosga 32ta maymun uchirilgan.
Maymunlar ov qilish uchun taxtadan tayoqcha yasay oladi.
Marmozetka – dunyodagi eng kichkina maymun.
Do'stlaringiz bilan baham: |