4. Poliferment sistemalar. Har bir hujayra o`ziga xos fermentlar to`plamiga ega. Ba`zi fermentlar hamma hujayralarda, boshqalari esa faqat ayrim hujayralardagina uchraydi. Hujayrada har bir fermentning ishi alohida bo`lmasdan boshqa fermentlar bilan uzviy bog`langan. Ko`p shaklli fermentlardan poliferment sistemalar yoki konveyerlar shakllanadi.
Poliferment sistemalar ishi ularning hujayrada tashkil topish xususiyatlariga bog`liq. Shartli ravishda poliferment sistemalarning tashkil topishiga ko`ra quyidagi turlarini ajratish mumkin: funktsional, struktura - funktsional va aralash.
Funktsional tuzilishda fermentlar poliferment sistemada birlashgan bo`lib, birinchi fermentdan ikkinchisiga o`tadigan metabolitlar yordamida ma`lum bir vazifani bajaradi. Jumladan, funktsional tashkil topgan poliferment sistemalarda zanjirdagi birinchi ferment reaktsiyasining mahsuloti keyingi ferment uchun substrat bo`lib xizmat qiladi va hokazo.
Funktsional tashkil topgan poliferment sistemalarga glikoliz, ya`ni glyukozaning parchalanishi misol bo`la oladi. Glikolizning hamma fermentlari erigan holatda bo`ladi. Har bir reaktsiya alohida fermentlar bilan katalizlanadi. Bunda metabolitlar bog`lovchi bo`g`in bo`lib xizmat qiladi. Zanjirdagi har bir fermentning holati glyukozadan boshlab substratga o`xshashligi bo`yicha belgilanadi va ularning har biri oldingi ferment katalizlaydigan reaktsiyaning mahsuloti hisoblanadi.
Struktura funktsional tuzilishda fermentlar ferment - fermentli o`zaro ta`sir yordamida ma`lum seriyali struktura sxemalarini hosil qiladi. Shunday usulda molekula darajasidan yuqori kompleks poliferment strukturalar shakllanadi. Bunga pirouzum kislotasining oksidlanishida ishtirok etuvchi bir nechta fermentlardan tashkil topgan piruvatdegidrogenaza poliferment kompleksi hamda 7 ta struktura jihatidan bog`langan fermentlardan tashkil topgan, birgalikda yog` kislotalarning sintezi - umumiy funktsiyani yaxlit bajaruvchi yog` kislotalar sintetazasi misol bo`la oladi. Bunday poliferment sistemalar juda mustahkam va juda qiyinlik bilan alohida fermentlarga parchalanadi. Shu jihati bilan ular funktsional tuzilgan poliferment sistemalardan farq qiladi.
Struktura - funktsional tuzilishning poliferment komplekslaridan tashqari yana boshqa variantlari ham bo`lishi mumkin. Masalan, fermentlar biologik membranada birikib, zanjir bo`lib tizilib oladi. Elektron va protonlarning tashilishi va energiya hosil bo`lishida ishtirok etuvchi mitoxondriyaning nafas olish zanjiri masalan, mana shunday tuzilishga ega.
Struktura - funktsional tuzilish turi asosan biologik funktsiyasi yuqori darajada turg`un holatda bajarilishi lozim bo`lgan ferment sistemalari uchun muhimdir. Bundan sistemalardagi fermentlarni ajratish ularning faoliyatini to`xtashiga olib keladi.
Poliferment sistemalarning aralash turi 2 turdagi tuzilishning birgalikda bo`lishidir, ya`ni poliferment sistemaning bir qismi struktura tuzilishiga, boshqa qismi esa funktsional tuzilishga ega bo`ladi. Bunday tuzilishga Krebs halqasining poliferment sistemasi misol bo`la oladi, unda ba`zi fermentlar struktura kompleksida birlashgan (2-oksoglutaratdegidrogenazali kompleks), boshqalari esa bir-biri bilan bog`lovchi metabolitlar yordamida funktsional jihatdan birlashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |