Oradan 2 kun o'tdi.
Onalar bo'limidagi kechki ovqat tugagach, qizlarga ertaroq yotib uhlash va ertaga juda ham erta turish buyurildi.
Kara o'rnini tayyorlab, endigina yotishga shaylanayotgan payt uning qo'liga Elizabetning yugurdaklaridan biri oppoq qog'oz tashlab ketdi. Kara avvaliga xatga e'tibor bermadi, ammo ahmoqona qiziqish tufayli uni ochib ko'rishga qaror qildi. Xatda chiroyli husnixat bilan shunday so'zlar yozilgandi:
«Agar qo'rqoq bo'lmasang va o'rnimni egallamoqchi bo'lsang, seni xojatxonada kutaman»
Bu xat Elizabetdan kelganini Kara darhol tushunib oldi va hech ikkilanib o'tirmay, xojatxonaga qarab ketdi. Bir biridan sovuq va zax bo'lgan yo'laklar orqali yurib, qizlarning umumiy xojatxonasiga yetib kelgan Kara chuqur nafas olib, eshikni itarib ochdi. U ichkariga kirishi bilan orqasidagi eshik birdaniga yopilib qoldi. Aniqrog'i, uni Elizabetning ikkita yugurdagi yopdi. Keyin esa qo'liga sasib yotgan chiqindi idishini ko'tarib olgan Elizabet paydo bo'lib, Kara tomonga mamnuniyat bilan qadam tashladi.
–G'olib bo'ldim deb juda balandga ko'tarilib ketmadingmi?-so'radi Elizabet,-O'rnimni egallaysan deganimga quvonib, oyog'ingni qo'lga olib chopib kelibsanda? Bilasanmi Kara, sen mana shu qo'limda turgan axlatdaysan. Sen axlatsan!
–Yoningga urushish yoki o'rningni egallash uchun kelganim yo'q,-dedi Kara va cho'ntagidan o'sha to'lnog'ichni chiqardi,-Buni hatto taqib ham ko'rmadim. Yetimxonada yashayotgan paytim menda bunaqasidan juda ko'p edi. Bilasanmi Elizabet, sen manman va xudbinsan. To'g'ri, bu yerda yashayotgan qizlar balki aynan shunday bo'lishi ham kerakdir. Ammo bir o'ylab ko'r, mana shu yugurdaklaring seni yaxshi ko'radimi? O'zingga o'zing vijdonan savol berib ko'r.
–Albatta yaxshi ko'ramiz!-dedi Karaning ortida turgan Alisa.
–Senda menikiday dugonalar bo'lmagani uchun hasad qilyapsan,-Elizabet shunday deb qo'lidagi axlatni Karaning ustiga uloqtirdi. Uning ustiga sassiq chiqindi to'kilib, kiyimi va polni iflos qildi. Kara esa turgan joyidan umuman qimirlamadi.
–Bu do'stlik emas. Men senga hasad qilmayapman. Ular sendan shunchaki qo'rqishadi. Sen men ham ularga o'xshab sendan qo'rqishimni xohlayapsan, xolos.
–Men nimani xohlashimni sen bilmaysan!
–Ammo o'zing ham bilmaysan,-Kara shunday deb yelkasidagi axlatni qoqib tashladi,-Seni hech haqiqiy, chin do'sting bo'lganmi? Mana bu yugurdaklarni hisobga olmaganda aytyapman.
–Albatta bo'lgan! Do'stlarim juda ham ko'p!
–Xo'sh, hech bo'lmasa bittasining ismini ayt-chi? Seni mavqeing uchun emas, shunchaki yaxshi ko'radigan do'sting bormi? Sen o'z sirlaringni bo'lisha oladigan, xohlagancha hazil qila oladigan va doim ishonadigan odam bormi?
Elizabet hech narsa deyolmay qoldi. U o'ylardi, tinmay hayol surardi, ammo hech ham bunday odamni hayoliga keltira olmasdi. Chunki u fermada yashagan paytida ham hech kim bilan do'stlashmagan. Doimo yolg'iz yurishni va buyruq berishni xush ko'rgan. Balki aynan shuning uchun ham uni shtabga jo'natishgandir? Bir kun kelib undan ajoyib ona va keyinchalik buvi chiqishini taxmin qilishgandir?
–Mening shaxsiy hayotim bilan ishing bo'lmasin, 1418! Qizlar, uringlar uni!
Elizabet va uning yugurdaklari endigina Karani urish uchun shaylanib, uni o'rab olishgan payt eshik ochilib, ichkariga yordamchi onalardan biri kirib keldi.
–Bu yana nimasi? Nimalar bo'lyapti bu yerda? Bu...bu axlatni kim to'kdi? Buncha sasimasa bu?!
Qizlar nima qilishni bilmay, xojatxona devoriga tisarilib qolishdi. Chunki hozir ortiqcha gap gapiriladigan yoki kimdir fosh bo'ladigan bo'lsa, juda qattiq jazolanishi mumkin. Yordamchi ona sabri chidamay asabiy ohangda yana baqirdi:
–Kim qildi deyapman! Hoziroq javob bering! Senmi?-U shunday deb Karaning yelkasidan ushladi,-Shunaqayam jirkanch qiz bo'lasanmi? Shtabning eng asosiy oltin qoidalari qatoriga ozoda yurish va atrofni ozoda saqlash ham kirishini bilmaysan, shekilli?
–Meni kechiring,-dedi Kara ko'zlarini yumib,-Men kelganimga endi bir oy bo'ldi. Qoidalarni yodlashim kerak edi, o'zim aybdorman...
–Bir oy?! Bu axir juda katta muddat. Shuncha muddat ichida ham shtab qoidasini o'zlashtirmagan qizning yuragiga vampir guli sanchilishini bilmaysanmi?
–Bilaman...
Yordamchi ona Karaning qo'lini qattiq ushlab, tashqariga yetaklab ketdi. Ular eshikka yaqinlashishidan oldin esa qolgan qizlarga yuzlanib baqirdi:
–Sizlar hammayoqni tozalab qo'ying! Hali sizlar ham jazolanasiz!
Do'stlaringiz bilan baham: |