Anabellaning shtabi
Butun atrofda yong'in, chang-to'zonlar-u, har xil shovqinlar. Faqatgina yulduzlar nur sochib turgan zulmatga to'la osmonga qarab chuqur nafas olgan Lord Lyuvis jilmaygancha o'ng qo'lini Anabellaning shtabiga cho'zdi.
–Bugun bu shtab bizniki bo'ladi! Vampirlarim, yanada ko'proq qonga, yanada ko'proq imkoniyatlar va eng asosiysi yanada ko'proq qudratga ega bo'lishni xohlaysizmi?
–Ha!!!-barcha vampirlar va ularning ortlarida maxsus jang uchun shug'ullantirilgan shtab onalari mamnuniyat bilan baqirishdi. Vampirlar ham, onalar ham qo'llariga Piter Minerva yasagan qurollarni ushlab olishgan. Ushbu qurollarning o'qlari tarkibiga esa yovvoyi sarimsoq kuli qo'shilgan.
–U holda olg'a! Hech kimni sog' qo'ymang! Ammo eng asosiysi, fermalar va u yerdagi bolalar omon qolishsin! Qani hamma jangga!!!-Lyuvis bor ovozi bilan baqirib, o'z qo'shinini Anabellaning shtabi tomonga yo'naltirdi. Vampirlar va onalar hech ikkilanib o'tirmasdan shtabni egallash uchun hujumni boshlab yuborishdi...
Bu payt shtab ichkarisida haligacha xonasiga osilgan yuzlab soatlariga termulib o'tirgan Anabella uning huzuriga kirib kelgan Satella va Edni tabassum bilan qarshi oldi. Satella ta'zim qilib ham o'tirmay darrov Anabellani ogohlantirishga tushdi:
–Xonim, hoziroq qarshi hujumga o'tmasak, ular bizni yo'q qilishadi! Tezroq chora ko'rish kerak!
–Bu hali hammasi emas,-dedi Ed,-Shtabdagi vampirlarimizning aksariyati ular tomonga o'tib ketishyapti. Ular avvaldan shtab xaritasi va ichki qismini bilishgan!
Anabella ularning gapiga e'tibor bermay, asta o'rnidan turdi. Keyin esa xonaga osib qo'yilgan eng katta soatni qo'liga olib, jilmayib qo'ydi:
–Bu soat xonamdagi eng eskisi. To'g'risi qachon olganimni o'zim ham bilmayman. Lekin qarang, haligacha arang bo'lsada yurib turibdi.
–Xonim, biz sizga urush haqida gapiryapmiz!-Satella besabrlik bilan baqirib yubordi.
Anabella soatni stoli ustiga qo'yib qo'yib, Satella va Edning ko'zlariga qaradi. Uning ko'zida qo'rquvdan zarracha ham asar yo'qligini bir qarashda sezish qiyin emasdi.
–Qochinglar. Sizlarning o'lib ketishingizni xohlamayman.
–Lekin xonim, shtab-chi?! Siz-chi?!
–Mag'lubiyatimiz muqarrar. Mikael bekorga shtabdan ketib qolmagan. U Lyuvisga sotqinlik qildi. Bizda ularnikiday qurollar ham yo'q.
–Lekin xonim, urinib ko'rsak bo'ladi-ku! Iltimos, vaqtidan oldin taslim bo'lmaylik!
–Ed, Satellani olib chiqib ket. Agar sizlarga qo'shilib, shtabdan qochish niyati bo'lgan vampirlar va onalar bo'lsa, ularni ham olib ketinglar.
–Lekin Anabella xonim...sizni tashlab ketolmaymiz...-Ed past ovozda g'ulduradi.
–Bu buyruq. Mening so'nggi buyrug'imni hech qanday so'zsiz bajarsangiz, xursand bo'lgan bo'lardim. So'nggi buyrug'imni...
Satellaning ko'zidan billurday tomchi yosh to'kildi. Vampirlar juda ham kamdan kam yig'lashi kerak. Ularni odamlardan ajratib turadigan yagona jihat ham aynan shu.
–Satella, sen bilan vaqti kelsa yana albatta uchrashamiz. Sizlarning soatingiz yurib turishi kerak. Hoziroq bu yerdan ketinglar.
Satella Anabella tomonga otilib, uni qattiq quchoqladi. Lekin hech ham qo'yib yuborgisi kelmasdi. Qaniydi barchasini to'g'irlash imkoni bo'lsa, qaniydi Anabella ham ular bilan ketishga rozi bo'lganida...
–Siz ham biz bilan keting! O'tinaman sizdan, hali ham imkon bor-ku! Bu yerda qolsangiz o'lib ketasiz!
–Men qo'rqoqlik qilmayman, Satella. Keyin, men yetarlicha yashab bo'ldim. O'limimni ancha yillardan beri intizorlik bilan kutib kelaman. Yuragim mana shu soat murvati kabi "bazo'r" urib turibdi. Eng muhimi, bu butunlay foydasiz. Yashashimdan ma'ni yo'q.
–Demak biz qo'rqoqlik qilyapmiz ekanda?!-baqirib yubordi Satella,-Agar bu yerdan qochish qo'rqoqlik bo'lsa, men ham hech qayoqqa jilmayman!
–Sen qo'rqoqlik qilmayapsan. Shunchaki buyruqni bajaryapsan, xolos. Senga oxirgi gapim shu. Hoziroq ket.
Satella qaltiragancha Anabelladan ko'zini uzmay ortiga tisarildi. Keyin Edning qo'llaridan mahkam ushlab, tashqariga olib chiqib ketdi. Ular Anabellaning xonasidan uzoqlashgach, Satella Edni devorga qadab, bo'yniga xanjar tiradi.
–Men uni o'ldiraman! Mikaelni o'ldiraman! Menga yordam berasanmi? Agar yo'q desang, sen ham hozirning o'zida o'lasan!
–Satella, tinchlan, jahl ustida biror ish qilgandan foyda yo'q. O'ylab ish qilish kerak...
–Yordam berasanmi dedim!-Satella baqirib, xanjarni Edning bo'yniga botirdi. Ed qo'rqib ketib, shoshqaloqlik bilan javob berdi:
–Yaxshi, yordam beraman. Faqat avval reja tuzib olish kerak. Uni qanday va qayerdan topishni bilmaymiz-ku. Agar topsak, albatta o'ldiramiz...
Oradan 2 soat o'tdi. Ed va Satella qochib ketishdi. Shtabdagi ayrim vampirlar Lord Lyuvisning qo'shiniga o'tib ketishdi. Qolganlar esa o'ldirildi. Lyuvis qo'liga yuz yillardan beri saqlab kelgan, chetlari tilladan ishlangan o'tkir va yaltiroq kumush qilichini ko'tarib, Anabellaning soatlarga to'la xonasiga bostirib kirdi. Xonada faqatgina ko'zlarini yumib, tebranadigan kreslosida dam olib o'tirgan Anabella ko'rindi, xolos.
–O, Lord Lyuvis, ko'rishmaganimizga ham ancha bo'libdi. Bunday shiddat bilan qilingan hujumingiz sababini tushuntirib bera olasizmi?
–"YSM" dagi soxta prezident siyosati quladi,-javob berdi Lyuvis,-Endi bizga jo'natiladigan bolalar yo'q. Hatto tez orada urush ham boshlanishi mumkin. Menga esa ko'proq o'lja va bola kerak. Xafa bo'lma, Anabella.
–Men umuman xafa emasman,-Anabella o'rnidan turib, Lyuvsning yoniga yaqinlashdi,–Mening o'limim hech narsani hal qilmaydi. Men o'limdan umuman qo'rqmayman.
–Kel unda buni sinab ko'ramiz. O'limdan qo'rqmaysan-a?-Lyuvis jilmayib, qo'lidagi qilichini ko'tardi. Anabella esa ko'zlarini yumib, so'yloq tishlarini chiqarib jilmayib qo'ydi. Keyin uzun qora kiyimi cho'ntagidan oppoq g'uncha chiqarib Lyuvisning yuragiga sanchmoqchi bo'ldi. Lekin Lyuvis chap qo'lining bilagi bilan Anabellaning qo'lini to'sib, uning yuragiga qilichini sanchdi.
–Men sen o'ylaganchalik ahmoq emasman, Anabella. Meni o'ldirish sendaka ojiz vampir uchunmas...
Anabellaning yuragidan qop-qora qon otilib chiqib, qimmatbaho va bu o'rmonlarda topish qiyin bo'lgan yog'ochdan yasalgan polga tomchiladi.
Uning og'zidan qon kelib, qattiq yo'tal tutdi.
–Bir narsani bilib qo'y, Lyuvis...hamma ham bir kun kelib o'ladi...
–Ha, ammo men emas. Senga o'xshagan ojizlar o'lishadi,-Lyuvis Anabellani qonga belangan polga yiqitdi. Anabella so'nggi kuchini to'plab, og'zidan kelayotgan qonni artib shivirladi:
–"YSM" prezidenti qulashi...bu shunchaki bo'lgani yo'q! Bu ibtido! Yangi urush ibtidosi...senga rahmat, men bu urushni ko'rmay o'lib ketishimga yordam berding...ammo o'zing o'sha urushda o'lib ketasan! Gaplarimni unutma, Lyuvis...
Bu Anabellaning so'nggi so'zlari bo'ldi. U soatlarga to'la bo'lgan xonasi shiftiga qaragancha ko'zlarini yumib, jon berdi. Lyuvis esa qo'lidagi qilichidagi qonni yopinchig'ining etagiga artib oldi.
–Kim o'lishi yoki kim tirik qolishini men hal qilaman...
Do'stlaringiz bilan baham: |