Onalar va bolalar qadrlangan yurt
Azaldan xalqimizda “Farzandlari sog‘lom yurtning kelajagi buyukdir” degan xikmatli gap bejizga aytilmagan. Zotan, buyuk jahongir Amir Temur bobomiz ham har tomonlama sog‘lom avlod tarbiyasiga alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan sog‘lom avlodni tarbiyalashga, ma’naviy boy, axloqan yetuk, intellektual rivojlangan, yuqori bilimli shaxsni shakllantirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlarni izchil davom ettirish maqsadida mamlakatimizda 2016-yil “Sog‘lom ona va bola yili”, deb e’lon qilindi.
Prezidentimiz I.Karimov ta’kidlaganlaridek, “Sog‘lom avlod deganda, shaxsan men, eng avvalo, sog‘lom naslini, nafaqat jismonan baquvvat, shu bilan birga, ruhi, fikri sog‘lom, iymon-e’tiqodi butun, bilimli, ma’naviyati yuksak, mard va jasur, vatanparvar avlodni tushunaman. Buyuk davlatni faqat sog‘lom millat, sog‘lom avlodgina qura oladi”. Sharqda qadim-qadimdan oila muqaddas Vatan sanalgan. Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, mahalla tinchlik va hamjihatlikka erishadi. Oilaning asosi onadir, shaxsning shakllanishi uning allasi- yu tarbiyasidan, bolani o‘rab turgan narsa va hodisalarga bergan baxosi-yu, onaning dunyoqarashidan boshlanadi.
Bu borada ishlab chiqilgan Davlat dasturida ham aynan onalik va olalikni muhofaza qilish, yosh oilalarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, xotin-qizlarning kundalik ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtirish, ayniqsa, qishloq joylarda qizlarni sportga jalb etish, bandligini ta’minlash kabi ustuvor vazifalar qamrab olingan.
Davlat dasturini amalga oshirish borasida joylarda turli tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda. Jumladan, joriy yilning 29-mart kuni O’zbekiston avtomobil va daryo transporti agenligida “Sog‘lom ona va bola yili”ga bag‘ishlangan “Onalar va bolalar qadrlangan yurt” mavzusida ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni Agenglik boshlig‘i o‘rinbosari Sh.Shovahobov tadbirni ochib, so‘z navbatini Respublika bolalar bosh uronefrologi, tibbiyot fanlari doktori, “Shuhrat” medali sohibi Jumanazar Beknazarovga berdilar.
— Oila — muqaddas dargoh. Jamiyatning negizi hisoblanmish mazkur qo‘rg‘onda ertangi kunimiz egalari — yosh avlod tarbiyalanadi. Darhaqiqat, Yurtboshimiz ta’biri bilan aytganda, sog‘lom bola sog‘lom va ahil oilaning mevasidir. Faqat sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga keladi, deydi - J.Beknazarov.
Joriy yilning “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilinishida ham mamlakatimizda oilalarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, azaldan kadr topgan an’ana va urf-odatlar, yuksak ma’naviy-axloqiy muhit barqarorligi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, sog‘lom farzandni voyaga yetkazishdek xayrli maqsadlar mujassam. Jamiyatimizdagi oilalarning mustahkamligi, ularning baxtli va farovon hayoti kafolati, farzandlar salomatligi bo‘lajak kelin-kuyovlarimizning har tomonlama yetukligiga, jumladan, nikoh yoshiga amal qilishlariga ham bog‘liq. Zero, oila mustahkam ekan, avlod ham salomatdir.
Prezidentimiz O’zbekiston mustaqillikka erishgan ilk kunlardanoq “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta, baxtli bo‘lishlari shart!” degan maqsadni dasturulamal sifatida o‘rtaga tashladi. Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, salomatlikni saqlash, aholi, ayniqsa, yoshlar orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ham jismonan, ham ma’nan barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilgan deydi ma’ruzachi.
Har bir ota-ona o‘z sog‘lig‘iga e’tibor bersa, butun jamiyatda shunday muhit shakllansa, bu muammolar o‘z-o‘zidan barham topadi. Sog‘lomlik deganda nafaqat jismoniy, balki ma’naviy barkamollikni ham tushunamiz. Bu borada ham ko‘p vaqtini farzandlari bilan o‘tkazadigan onalarning o‘rni beqiyos. Bolalarini aqlli, bilimli etib tarbiyalay olish uchun, avvalo, ayolning o‘zi ilmu ma’rifatli bo‘lishi zarur.
Xalqimizning barcha orzu-havaslari, hayotining mazmuni farzandlari bilan bog‘liq, desak, yanglishmaymiz. Shunday fazilatlarga ega avlodni tarbiyalab voyaga yetkazgan xalq kelajakka katta ishonch bilan qaraydi.
Mamlakat miqyosida oldimizga qanday maqsad qo‘yilmasin, qanday buyuk ishlarni amalga oshirishga intilmaylik, barcha ezgu niyatlarimizning zamirida farzandlarimizni ham jismonan, ham ma’naviy jihatdan sog‘lom qilib o‘stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko‘rish orzusi mujassamdir.
Ko‘nglimizdagi ana shu qutlug‘ niyat barchamizni “Sog‘lom ona va bola yili”da yanada mustahkam jipslashtirib, astoydil mehnat qilishga undaydi.
Mehmon o‘z she’rlaridan namunalar o‘qib uchrashuvga yanada fayz kiritdi.
Tadbirda Agentlikning Markaziy apparati, Avtomobil va daryo transporti rivojlantirishni normativ-texnik ta’minlash Respublika markazi, “Avtodaryotrans- ilm” Davlat ilmiy-metodik markazi xodimlari ishtirok etishdi.
Ma’ruza mavzusi yuzasidan savol-javob va qizg‘in munozaralarga ulanib ketdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |