Tashkil qilish funksiyasi joriy va strategik rejalarning ijrosini ta’minlash bo‘yicha birinchi qadamdir. Bu funksiya yordamida rejalarni amalga oshirish bo‘yicha boshqaruv (texnologik va ishlab chiqarish) jarayonlar belgilanadi. Jarayonlar asosiy, yordamchi va xizmat ko‘rsatish jarayonlari bo‘lishi mumkin. Mutanosiblik, uzluksizlik, parallellik, aniqlik, bir maromdalik, ixtisoslashish, universallashtirish va boshqalar jarayonlarni oqilona tashkil etishning asosiy tamoyillari bo‘lib hisoblanadi. Boshqaruvning bu funksiyasi mehnatni ixtisoslashtirish, vazifalarni bo‘lib berish, birlashtirish (kooperatsiyalashtirish) yo‘li bilan amalga oshiriladi. Bunda ichki va tashqi shart-sharoitlarning o‘zgarib turishiga qarab amaldagi tizim tarkibini takomillashtirish yoki yangisini tuzish masalalari hal etiladi.
Muvofiqlashtirishning asosiy vazifasi oqilona aloqalar o‘rnatish yo‘li bilan boshqariladigan tizimning turli qismlari o‘rtasida kelishib ish olib borishni ta’minlashdir. Muvofiqlashtirish mablag‘larni tejash maqsadida boshqaruvdagi bir-birini takrorlaydigan jarayonlarni bartaraf qilish imkonini beradi. Tartibga solish muvofiqlashtirishning davomi bo‘lib, u sodir bo‘lib turadigan chetlanishlarni bartaraf etib, og‘ishlarning oldini olish choralarini ko‘radi.
Nazorat qilish funsiyasining maqsadi boshqaruv ob’ektida sodir bo‘layotgan jarayonlarni hisobga olish, tahlil qilish va ma’lum tartibda shu ob’ekt faoliyatini sozlab turishdir. Muntazam nazorat yo‘q joyda samarali natijalarga erishib bo‘lmaydi.
Boshqaruvning spesifik (ixtisoslashgan) funsiyalari tizimiga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarishni boshqarish;
marketingni boshqarish;
moliyaviy boshqarish;
sifatni boshqarish;
mehnatni boshqarish;
kadrlarni boshqarish;
innovatsiyalarni boshqarish.
Boshqarilayotgan farmasevtik tashkilotning ish xajmi kichik bo‘lsa, ushbu funksiyalar umumlashgan holda rahbar tomonidan amalga oshirilsa, yirik korxonalarda ushbu funksiyalarning har biri alohida bo‘linma rahbarlariga yuklatiladi2.
Boshqarish usullari
Boshqarish usullari – belgilangan maqsadlarga erishish jarayonida tashkilot faoliyatini uyg‘unlashtirish uchun xodimlarga va umuman jamoaga ta’sir ko‘rsatish usullaridir. Hodimlar hatti- harakatini tartibga soluvchi barcha ta’sir o‘tkazish yo‘llarini ikki guruhga bo‘lish mumkin:
passiv ta’sir o‘tkazish mexanizmi – hodimlarga bevosita ta’sir etmaydigan, lekin jamoa faoliyatini tartibga soluvchi me’yor va qoidalar, shart-sharoitlar;
faol ta’sir o‘tkazish mexanizmi – jamoaga va aniq (konkret) hodimga bevosita ta’sir etadigan usullar.
Ma’muriy boshqaruvda ta’sir o‘tkazish usullari o‘zining xarakteri bo‘yicha asosan uchga bo‘linadi:
Iqtisodiy usullar
Tashkiliy – farmoyish usullar
Ijtimoiy - psixologik usullar.
Boshqaruvning barcha usullari o‘zaro bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |