Giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan ilmiy va o‘quv maqsadlarida foydalanish tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1. Mazkur Nizom ilmiy va o‘quv maqsadlarida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan foydalanish tartibini belgilab beradi.
2. Ilmiy tekshirish institutlari, laboratoriyalar, o‘quv yurtlari O‘zbekiston RespublikasiSog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan berilgan tegishli faoliyat turiga litsenziyasi mavjud bo‘lgan holda giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan ilmiy va o‘quv maqsadlarda foydalanadilar.
3. Ilmiy-tekshirish institutlari, laboratoriyalar, o‘quv yurtlari giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlarni ilmiy-tadqiqot ishlarining tasdiqlangan tematik rejasiga muvofiq miqdorlarda, o‘quv yurtlari esa – o‘quv dasturlarida ko‘zda tutilgan amaliy-laboratoriya mashg‘ulotlari uchun hamda ilmiy-tadqiqot ishlarning tasdiqlangan tematikasini bajarish uchun zarur bo‘lgan miqdorlarda sotib oladilar.
4. Ilmiy-tekshirish institutlarida, laboratoriyalarda, o‘quv yurtlarida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan mazkur Nizomda keltirilgan talablarga rioya qilgan holda foydalanadilar.
5. Ilmiy-tadqiqot muassasalarida, laboratoriyalarda, o‘quv yurtlarida giyohvandlik vositalari alohida jihozlangan xonalarda, seyflarda, psixotrop moddalar esa – metall shkaflarda saqlanadi. Xona alohida signalizatsiya bilan jihozlangan bo‘lib, binoning tashqi tomoniga qattiq ovozli (sirenali) qo‘ng‘iroq o‘rnatilgan va yaqindagi qo‘riqchi (qorovul) postiga ulangan bo‘lishi kerak.
6. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlanadigan xonalar derazalarida diametri 15 mm dan kam bo‘lmagan temir simli panjara bo‘lishi kerak. Temir panjara simlari kesishgan joyda har biri 150x150 mm dan katta bo‘lmagan kataklar hosil qilib payvandlanadi. Panjara simlarining uchi devordagi 80 mm dan kam bo‘lmagan chuqurlikka o‘rnatiladi va beton bilan qotiriladi. Xonaning eshigi soz bo‘lishi, eshik qutisiga yaxshi moslashtirilgan, yo‘g‘on, qalinligi 40 millimetrdan kam bo‘lmagan, eshikning ichki yuzasiga temir tunukaning chetlari qaytarilgan holda ikki tomonlama temir tunuka bilan qoplangan holda yoki butun metalldan yasalgan bo‘lishi kerak. Eshikda qulflar soni 2 tadan kam bo‘lmasligi, shundan bittasi o‘yma qulf bo‘lishi kerak.
7. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlanadigan xonalar, seyflar ish kuni tugagandan keyin qulflanishi, muhrlanishi yoki plombalanishi kerak. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlanadigan xonalar va seyflarning kalitlari, shuningdek muhr yoki plombir muassasa bo‘yicha buyruq bilan ushbu vositalarni saqlash uchun vakolatlangan moddiy javobgar shaxsda bo‘lishi kerak.
8. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar va ularning hujjatlari saqlanishi hamda ishlarini to‘g‘ri tashkil etish uchun javobgarlik muassasa rahbariga yoki uning o‘rinbosariga yuklatiladi.
9. O‘quv yurtlarida talabalar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga berilgan giyohvandlik vositalaridan to‘g‘ri foydalanish uchun talabalar bilan amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan o‘qituvchi javob beradi.
10. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar kelib tushganda muassasa rahbari yoki uning o‘rinbosari olingan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning ilova qilingan hujjatlarga mosligini shaxsan tekshirishi va hududiy ichki ishlar organiga axborot berishlari shart.
11. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar zaxiralari saqlanadigan xonaga kirishga bevosita ular bilan ishlaydigan muassasaning buyrug‘i bilan rasmiylashtirilgan shaxslarga ruxsat beriladi.
12. Joriy ishlar uchun giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar faqat muassasa rahbari yoki uning o‘rinbosarining yozma farmoyishiga binoan laboratoriya (bo‘linma, bo‘lim, kabinet, kafedra) mudiri imzolagan talabnoma bo‘yicha unda ushbu giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni olayotgan shaxsning familiyasi va lavozimi ko‘rsatilgan holda beriladi.
13. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni berishdan oldin uning saqlanishi uchun javobgar shaxs, berish uchun asoslarni hamda ilova qilinayotgan hujjatlarning to‘g‘rirasmiylashtirilganligini shaxsan tekshirishi va undan keyin talabnoma nusxasiga imzo qo‘yishi shart.
14. Ilmiy va o‘quv maqsadlarda foydalaniladigan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ashyoviy miqdor bo‘yicha hisobda turadi. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning hisobi raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan va yuqori tashkilot rahbarining muhri va imzosi bilan tasdiqlangan ilova qilinayotgan shakldagi (1-ilova) alohida kitobda yuritiladi.
15. Har bir oyning birinchi sanasida ilmiy-tadqiqot muassasalarida, laboratoriyalar va o‘quv yurtlarida ular ixtiyorida bo‘lgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar inventarizatsiyadan o‘tkaziladi va balans tuziladi. Me’yoridan ortiqcha sarflanganligi to‘g‘risida balansda tafovut aniqlangan yoki o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalari bilan balans ma’lumotlari mos kelmagan taqdirda, mas’ul shaxs bu to‘g‘rida ularni aniqlagandan keyin uch kun muddatda ichki ishlar bo‘limiga xabar beradi. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar o‘g‘irlangan taqdirda, mas’ul shaxs zudlik bilan hududiy ichki ishlar boshqarmasi organlariga va o‘zining yuqori tashkilotiga xabar berishi shart.
16. Tekshirishlar tamom bo‘lgandan keyin giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar namunalari qoldiqlari mavjud bo‘lgan taqdirda, ularni muassasada saqlash uchun ma’sul bo‘lgan shaxsga beriladi va ular boshqa laboratoriya tadqiqotlarini o‘tkazish uchun foydalanishi mumkin. Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar namunalari qoldiqlarining yaroqlilik muddati tugagandan keyin belgilangan tartibda yo‘q qilinishi kerak.
17. Ilmiy-tekshirish institutlari, laboratoriyalari, o‘quv yurtlari tomonidan ilmiy va o‘quv maqsadlarda qo‘llaniladigan prekursorlar, ularning saqlanishini ta’minlovchi yong‘in muhofazasi signalizatsiyasi bilan jihozlangan xonalarda saqlanishi kerak.
18. Laboratoriyalarda prekursorlarni saqlash, hisobga olish va oqilona foydalanish uchun mas’ul laboratoriya (bo‘linma, bo‘lim, kabinet, kafedra) mudiri hisoblanadi. Omborlarda prekursorlarni saqlanishi uchun moddiy javobgar shaxs (ombor mudiri) mas’ul hisoblanadi.
19. Ilmiy-tekshirish institutlari, laboratoriyalar, oliy o‘quv yurtlari omborlarida ilmiy, tahliliy va diagnostik maqsadlarda qo‘llaniladigan prekursorlar, raqamlangan, ip o‘tkazib tikilgan, tashkilot rahbarining muhri va imzosi bilan tasdiqlangan (2-ilova) maxsus kitobda ashyoviy - miqdor sifatida hisobda turishi kerak.
20. Har oyning birinchi sanasida belgilangan tartibda prekursorlar xatlovdan o‘tkaziladi va balans tuziladi. Balansda sarf qilish normasidan tafovut aniqlanganda yoki o‘tkazilgan inventarizatsiya natijalari balans ma’lumotlariga mos bo‘lmagan taqdirda, muassasa rahbari uni aniqlagandan keyin uch kun muddat ichida bu to‘g‘rida yuqori tashkilotiga va ichki ishlar organlariga xabar beradi.
21. Tayyor dori vositalari hisoblangan prekursorlar, metall shkaflarda saqlanishi kerak.
22. Tez alangalanuvchi prekursorlar tiqin tiqilgan, chidamli shisha yoki metall idishda saqlanadi.
23. Prekursorli katta butillar, ballonlar va boshqa yirik idishlar balandligi bir qatorda bo‘lgan stellaj tokchalarda saqlanishi kerak, ularning balandligi har xil bo‘lgan qatorda saqlanishi taqiqlanadi. Isituvchi priborlar oldida bu moddalarni saqlashga ruxsat berilmaydi. Stellajdan yoki shtabeldan isituvchi elementgacha bo‘lgan masofa 1 metrdan kam bo‘lmasligi kerak.
24. Laboratoriyalarda tez alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar ichi asbest yoki shisha tola bilan qoplangan metall qutilarda saqlanishi lozim va uning ichki tomoniga laboratoriya mudiri imzolagan saqlanayotgan moddalar ro‘yxati yopishtirilgan bo‘lishi kerak, idishlar uchdan ikki qismidan ko‘p bo‘lmagan hajmda to‘ldirilishi kerak. Quti qopqog‘ining tashqi tomonida «Tez alangalanuvchi va yonuvchi suyuqliklar» yozuvi bo‘lishi kerak, quti qulf bilan yopilishi kerak.
25. Tez alangalanuvchi va yonuvchi prekursorlarni mineral kislotalar (ayniqsa sulfat va azot kislotalar), siqilgan va suyultirilgan gazlar, yonuvchan moddalar (o‘simlik yog‘i, oltingugurt, bog‘lovchi materiallar), shuningdek organik moddalar hamda xavfli portlovchi aralashmalar hosil qiluvchi (kaliy xlorat, kaliy permanganat, kaliy xromat va boshqalar) noorganik tuzlar bilan birgalikda saqlanishiga ruxsat berilmaydi.
26. Prekursorlar bilan muomalada (qadoqlash, tashish, tushirish va boshqalar) bo‘lganda ehtiyotkorlikka rioya etilishi, shuningdek doimiy ravishda idishning holati, uning germetik zich yopilganligi va butunligi kuzatib borilishi zarur. Idishning nuqsoni va yaroqsizligi aniqlangan taqdirda zudlik bilan uni tuzatish choralari ko‘rilishi yoki undagi moddani boshqa butun idishga joylashtirilishi kerak.
27. Bochkaning qopqog‘ini zarba vaqtida uchqun bermaydigan yumshoq metalli instrument bilan bo‘shatish va burab mahkamlashga ruxsat beriladi.
Bochkalar saqlash xonalariga yumalatib tashilganda va ularni yuklashda bochkaning urilishi va uchqun paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ehtiyotkorlikka rioya qilish zarur. To‘kilgan suyuqlik zudlik bilan yo‘qotilishi kerak.
28. Ayrim tez alangalanuvchi va yonuvchi prekursorlar (etil efiri va boshqalar) saqlanish vaqtida suyuqlikning alangalanishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan statik elektr, uchqun hosil qilish xususiyatlariga egadir. SHuning uchun bunday suyuqliklarni omborda qadoqlash, yong‘indan himoyalanish vositalari bilan jihozlangan va ventilyasiyasi bo‘lgan alohida xonalarda amalga oshirilishi kerak. Ularni metall idishlarga quyishda va qadoqlashda erga ulangan sim bo‘lishi kerak.
29. Havoda bu moddalarning bug‘lari hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun prekursor saqlanadigan idishlar (shtanglaslar, tunuka barabanlar, shisha idishlar va shu kabilar) mahkam yopilishi kerak.
30. Etil efiri qorong‘i salqin joyda (olovdan va isitish priborlaridan uzoqda) korxona tomonidan chiqarilgan idishda saqlanadi. Etil efiri bilan ishlash vaqtida silkitish, zarba berish, ishqalanish va shu kabilarga ruxsat etilmaydi.
31. Kaliy permanganat chang, oltingugurt, organik yog‘lar, efir, spirt, glitserin, organik kislotalar va boshqa organik moddalar bilan o‘zaro ta’siri vaqtida tez portlaydi. Uni maxsus bo‘lmada tunuka barabanlarda, dorixonalarda esa – qopqoqlari mahkam yopiladigan shtanglaslarda yuqorida ko‘rsatilgan vositalardan alohida saqlash kerak. Tez alangalanuvchi va yonuvchi moddalar bilan birgalikda saqlashga ruxsat etilmaydi. Kaliy permanganatli tunuka barabanlar va shtanglaslar o‘z vaqtida ehtiyotkorlik bilan ishqalanishga yo‘l qo‘ymasdan changdan tozalanadi.
32. Sulfat kislotasini saqlashda yog‘och-taxta, poxol va boshqa kelib chiqishi organik moddalar bilan ularning yaqin turmasligi chora-tadbirlari ko‘rilishi kerak.
33. Laboratoriya xonalarining yong‘in xavfsizligini baholash unda saqlanayotgan va foydalanayotgan kimyoviy moddalarning portlovchi va yong‘indan xavfli xususiyatlariga asoslaniladi. YOng‘indan xavfli hisoblangan xonalar o‘t o‘chirgich bilan ta’minlanishi kerak. O‘t o‘chirgich laboratoriyaning har bir xonasida bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, har bir laboratoriyada prekursorlarni o‘chirishda foydalaniladigan quruq qumli quti bo‘lishi kerak.
34. Prekursorlar bilan ishlashga ruxsati bo‘lgan xodim texnika xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishgan bo‘lishi kerak.
Ilmiy va o‘quv maqsadlarda giyohvanlik
vositalari, psixotrop moddalar va prekursorlardan
foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
Do'stlaringiz bilan baham: |