Ijodi[tahrir | manbasini tahrirlash]
Bobur 18—19 yoshlarida ruboiy va gʻazallar yoza boshlagan. Uning „Topmadim“ radifli gʻazali va „Yod etmas emish kishini gʻurbatda kishi“ misrasi bilan boshlanuvchi ruboiysi oʻsha yillardagi hayoti bilan bogʻliq.
Boburning ulkan sanʼatkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga koʻtara oladi va natijada asarlarida olgʻa surilgan gʻoyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga koʻtariladi. Bobur ijodida, xususan, sheʼriyatida kindik qoni toʻkilgan ona yurtini dildildan qoʻmsash, uning tuprogʻiga talpinish, gʻariblik azoblaridan oʻtli hasrat, yoru diyor soginchi va visol ilinji, takdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosoʻzliklaridan nola badiiy tahlil etiladi.
Bobur ijodida ishq-muhabbat, sevgi-sadoqat, visol va hijron mavzusi ham salmoqli oʻrin tutadi. Uning gʻazal va ruboiylarida, tuyuq va masnaviylarida maʼshuqaning maftunkor goʻzalligi, beqiyos husnu latofati, sharqona odobu axloqi, nozu karashmasi yengil va oʻynoqi, musiqiy va ravon misralarda katta mahorat bilan tarannum etiladi.
Boburning uz sheʼriy asarlarini toʻplab, devon holiga keltirgan sanani koʻrsatuvchi aniq tarixiy maʼlumotlar maʼlum emas. Ammo „Boburnoma“ning 1518—19-yillar voqealari bayoniga bagʻishlangan faslida Bobur devonini Kobuldan Samarqandga yuborganligi toʻgʻrisida soʻz boradi. Demak, shu yillarda uning devoniga tartib berilgan va mazkur devon Movarounnahrda ham tarqalgan.
Hozirda uning 119 gʻazali, bir masnu sheʼri, 209 ruboiysi, 10 dan optiq tuyuq va qitʼalari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham oʻrin olgan.
„Mubayyin“ asari[tahrir | manbasini tahrirlash]
1521-yil Hindistonga yurishlari davrida Bobur „Mubayyin“ asarini yaratdi. Masnaviy tarzida yozilgan, islom huquqshunosligi va shariat aqidalariga bagʻishlangan bu asarda Movarounnahr va Hindistonga oid oʻsha davr ijtimoiy-iqtisodiy hayoti boʻyicha qiziqarli maʼlumotlar ham jamlangan. Valiahd Humoyun va Komron Mirzolarga dasturulamal sifatida moʻljallangan „Mubayyin“da, ayni zamonda, namoz, zakot va haj ziyorati toʻgʻrisida ham sharʼiy mezonlar bayon qilingan. Shu yillarda Bobur Sharq sheʼriyatining asosiy masalalaridan biri aruz vazni, uning nazariyasi va amaliyotiga oid ilmiy risolasini yakunlaydi. Bobur nomini dunyoga mashhur qilgan shoh asari „Boburnoma“ ustidagi ijodiy ishini 1518—19-yillarda boshlagan.
Boburning yuqorida keltirilgan asarlaridan tashqari, „Xatti Boburiy“, shuningdek musiqa sanʼati va harb ishlariga maxsus bagʻishlangan qator risolalari ham boʻlgan. Ammo keyingi ikki asar matni hanuz topilgan emas. „Xatti Boburiy“da muallif arab alifbosini tahrir etib, yozuvni soddalashtirish va osonlashtirish maqsadida uni turkiy til va talaffuz mezonlariga moslashtirgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |