Andijon, Asakani,
Ariqni, anhorlarni
Atardik ne deb qani?
Shu tariqa boshqa shu kabi ko’plab harflar bilan bog’liq she’riy tasavvurlar hikoya qilinadi. Shoirning mahorati shundaki, har bir harfdagi shu xil adashishlar oqibatini quvnoq kulgi bilan yakunlaydi.
She’r bolalarning tasavvur olamini kengaytiradi. Bolalar unda tasvirlanayotgan harflarning alg’ov-dalg’ov holatini mushohada qilishar ekan, quvnoq yumordan, boy poetik mazmundan estetik zavq, didaktik mazmundan ma’rifiy saboq olishadi. Binobarin, bolalarga mo’ljallangan hajviy she’rlarning ma’rifiy qimmati faqat savodxonlik ruhida tarbiyalashdan iborat bo’lmay, ayni paytda, ular bolaning tabiatga, atrof-muhitga madaniy munosabatda bo’lish malakasini shakllantirishga xizmat qiladi.
Yosh kitobxon nazarida ijodkor – sehrgardir. Agar sehrgar cholning qo’lidagi sehrli tayoqchasi hayratomuz mo’jizalar yaratsa, ijodkorning sehrli qalamidan ham ana shunday mo’jizalar yaraladi. Shu sababli ham haqiqiy shoir qalamidan yaralgan oddiygina so’zlar yosh kitobxon ko’z o’ngida sehrli tosh singari turfa qirralari bilan namoyon bo’ladi. Oddiy so’zlarning sehrli so’zlarga aylanishida esa, bizningcha, eng katta imkoniyat hajviy asarlardir. Bolalar adabiyoti she’riyatini tarozining ikki pallasiga bo’lsak, bir pallasini hajviy she’rlar egallashi, ehtimol aslida shundandir?! Chunki haqiqiy hajv dastavval, kitobxonning dilini ravshan, tilini burro qiladi. Bunday asar kitobxonni dastro’molga piqillashga emas, balki bor ovozi bilan qah-qah otib kulishga majbur qiladi. Hamza Imonberdiyevning ”Darsda” she’ri so’z o’yini va nozik qochiriqdan yaralgan yumor asosiga qurilgani bilan yosh kitobxon diqqatini tortadi:
Yalanglikda gullarga
Dars o’tardi ”Qariqiz”:
”Chalg’imay u –bularga
Quloq bering baringiz”.
”Qirqquloq” quloqlarin
Ding etgan tinglashga dars.
Biroq-chi, o’rtoqlari
Holi-joniga qo’ymas.
Tinglaydi bir qulog’i
”Qo’g’a” partadoshini,
Yana bir o’rtog’i
Go’zal ”Kakku yoshini”
- Qo’ng’iroqqa qancha bor?
So’raydi ”Qashqa beda”.
”Tuyoq o’t” so’rar takror:
Olib keldingmi keda?
Muallim so’zin, xullas,
Tinglashga esa bundoq,
Sinfdoshlardan ortmas
Qirqtadan bitta quloq.
She’rda o’t-alaflar nomidan tabiiy qochiriq, so’z o’yini keltirib chiqarilgan: chunonchi, yoshi ulug’ ”Qariqiz” muallima, dars tinglashi kerak bo’lgan ”Qirqquloq”ning qirq qulog’i ham band, uni alaxsitayotgan ”Qo’g’a” ichi po’k, vaysaqi, ”Kakku yoshi” ham ismi jismiga mos ravishda jag’i tinmas, ”Tuyoq o’t” esa tuyog’iga keda qidiryapti. Xullas, bu quvnoq kulgu uyg’otadigan tabiiy yumor, uning ”qalampiri” ham joyida, gap egasini topadi.
”Chopqir mingoyoq” she’ri ham nomlanishidan kelib chiqadigan tabiiy qochiriq va so’z o’yini asosida yaratilgan:
Jonivorlar ichida
Chopqiri
Qaysi biri?
To’rt oyoqli otmikan,
Yo qoplon,
Yoki arslon?
Sanjar aytar – Qayoqda.
Albatta, Mingoyoq-da!
Hamza Imonberdiyevning ilk she’riy to’plami bo’lmish ”Quvnoqlar quvonchi” kitobidagi ushbu jajji she’rda tabiatdagi turli mavjudotlarning nomlanishidan yosh bolaning samimiy sodda nigohi vositasida tabiiy yumor keltirib chiqariladi. Darhaqiqat, ikki oyoqli insondan ko’ra to’rt oyoqli ot yoki qoplon tezroq yugurar ekan, o’z nomi bilan ming oyoqli mingoyoq ularning hammasini oyog’ini changida qoldirib ketishi tabiiy emasmi? Demak, Hamza Imonberdiyev ijodida olamni o’zicha qayta kashf qilayotgan bolakaylarning o’ziga xos dunyoqarashi asosida kulgu yaratish shoirning ilk she’rlaridan boshlanar ekan deyish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |