Fargʼona davlat universiteti magistratura boʼlimi lingvistika (oʼzbek tili) yoʼnalishi magistranti Ibragimov Mamurjon Mirzoboyevichning magistrlik darajasini olish uchun “O’zbek tilida affiksoidlar” mavzusida yozilgan dissertatsiyasi uchun ilmiy rahbar
XULOSАSI
Tilshunoslikda nutqning turli vaziyatlarga xoslangan turlarini oʼrganish uning yangidan-yangi qirralarini ochish imkoniyatini yaratib beradi. Natijada tilning ifoda imkoniyati, uning rangba-rang semantik-ekspressiv qirralari hamda jamiyatdagi eng muhim aloqa vositasi sifatida oʼziga xos belgilari yanada teranroq namoyon boʼladi. Ijtimoiy hodisa sifatida hamisha yangilanib, boyib boradigan tilda nutqiy jarayonlar bilan bogʼliq vaziyatlarni oʼrganish hech qachon oʼz dolzarbligini yoʼqotmaydi. Xususan, tilshunoslik bo’limlaridan biri hisoblanadigan morfemika bo’limini o’rganish, morfemik sathda tadqiq etiladigan asos va qo’shimchalar va ularning turlarini o’rganish tilshunoslikda ilmiy tadqiqotlar uchun uchun qimmatli materiallar bera oladi. Ushbu yoʼnalishda bajarilgan Ibragimov Mamurjon Mirzoboyevichning “Oʼzbek tilida affiksoidlar” mavzusida yozilgan dissertatsiyasi affiksoidlar mavzusidagi dastlabki tadqiqotlardan biri ekanligi bilan ahamiyatlidir. Unda affiksoidlarning morfemik sathda qanday vazifalarni bajarishi, ularning etimologiyasi, xususan qaysi tillardan o’zlashganligi, shakli va asos morfemaga qo’shilish tartibi aroflicha tadqiq etiladi.
Ibragimov Mamurjon Mirzoboyevichning magistrlik dissertatsiyasi tilshunoslikning morfemika va so’z yasalishi bo’limlari sathida affiksoidlarning ishtiroki, o’zbek tiliga o’zlashayotgan va yangi so’zlar yasalishida faol ishtirok etayotgan affiksoid turlari, o’zbek tilshunosligida deyarli o’rganilmagan hisoblanadigan mazkur yuzasidan olib borilgan ekanligi ahamiyatlidir.
M. Ibragimov ushbu tadqiqot ishida affiksoidlarning etimologiyasi, shakily ko’rinishlari va uslubiy xususiyatlarini aniqlashni oʼz oldiga maqsad va vazifa sifatida belgilab olgan. Dissertant ushbu maqsad va vazifalarni bajarishga erishgan.
Dissetatsiya kirish, uch asosiy bob, xulosa va foydalanilgan adabiyotlar roʼyxatidan iborat boʼlib, 80 sahifani tashkil etadi. Ishning kirish kismida mavzuning dolzarbligi va zarurati, muammoning oʼrganilganlik darajasi, tadqiqotning maqsadi, vazifalari, obyekti va predmeti, ilmiy yangiligi hamda nazariy va amaliy ahamiyati ochib berilgan.
Dissertatsiyaning “Affiksoidlar morfemik birlik sifatida” deb nomlangan birinchi bobi affiksoidlarning qanday tilbirligi ekanligi, ularning o’zbek tili morfemikasidagi o’rni, shuningdek, so’z yasalishida qanday vazifalarni bajarishi, ularning asos va ko’makchi morfemadan qanday farqiyatlarga ega ekanligi, o’xshash va farqli tomonlarini ochib berishga bag’ishlangan. Muallif affiksoidlarni mofemik sath va so’z yasalishi bo’limi bo’yicha tahlil qilishga harakat qilgan.
Dissertatsiyaning ikkinchi bobi “Affiksoidlarning o’rganilishi” deb nomlangan va magistrant affiksoid birligining jahon tilshunosligi, jumladan, rus va ingliz tilshunosligida o’rganilishiga e’tibor beradi. Turli manbalardan iqtibos keltiradi. Bobdagi mulohazalar davomida o’zbek tilshunosligidagi affiksoidlarga oid ziddiyatli qarashlarning o’zaro qaydarajada muvofiqligi tekshiriladi va o’zaro qiyoslanadi. Mavzu bo’yicha ayrim yangi fikrlar beriladi.
Dissertatsining uchinchi bobi “Affiksoidlar tasnifi” deb nomlangan. Ushbu bobda mavzuning asosiy amaliy yangiliklari berilgan bo’lib, muallif affiksoidlarni turli jihatdan tasniflaydi. Ularning asosga qo’shilish o’rni, etimologiyasi, shuningdek, tuzilishi va shakliga e’tibor beradi. O’zining ilmiy va nazariy xulosalarini bayon qiladi.
Magistrant tadqiqot davomida oʼzining nazariy fikrlarini qiziqarli misollar asosida isbotlashga harakat qilgan va ilmiy-tadqiqot sohasida muayyan bir natijalarga erishganligini taʼkidlash lozim boʼladi. Dissertatsiyada o’zbek tilshunosligida deyarli o’rganilmagan mavzu xususiyatlari atroflicha ochib berilganligi ishning asosiy yutuqlaridan biri hisoblanadi.
Ibragimov Mamurjon Mirzoboyevichning “Oʼzbek tilida affiksoidlar” mavzusida yozilgan dissertatsiyasi magistrlik dissertatsiyasi uchun belgilangan talablarga toʼliq javob beradi. Ushbu dissertatsiyani yakunlangan ish sifatida himoyaga tavsiya etish mumkin.
Ilmiy rahbar: F. Isomiddinov,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Do'stlaringiz bilan baham: |