Ijtimoiy pedagogika fan sifatida va o‘quv faniga muvofiq o‘zining ilk qadamini qo‘ymoqda. Ijtimoiy pedagog yaqin o‘n yillik tibbiyot xodimi yoki o‘qituvchi sifatida eng ommaviy kasblardan biriga aylanadi.
Jahonning boshqa mamlakatlari kabi O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy pedagog juda qadimiy va chuqur an’analarga ega bo‘lib, hozirgi kunda esa maxsus fan sohasi sifatida ijtimoiy pedagogika ayrim qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Bu qiyinchiliklar qatorida ba’zi bir an’analarning, urf-odatlar, mehr-oqibat, hayriya ishlarining sobiq Ittifoq davrida yo‘qolib borishi, “Hamma umumiy manfaat uchun” harakat qilib alohida insonga bo‘lgan munosabatning susayishini aytib o‘tish mumkin. Ijtimoiy pedagogika fani bo‘yicha mazkur o‘quv dasturi mamlakatimizda ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi davlat siyosati tamoyillari asosida, O‘zbekiston Respublikasi “Ta’lim standart”lariga muvofiq ishlab chiqilgan. Ushbu dasturda ijtimoiy pedagogikani fan sifatida va bugungi amaliyot ehtiyojlarining rivojlanishi zamonaviy darajasida bayon etilgan.
Fanni o‘qitishdan maqsad – talabalarda ijtimoiy pedagogika haqida gumanitar bilimlar, uning ob’ekti, tadqiqot predmeti va asosiy mezonlari to‘g‘risida nazariy tasavvurni shakllantirish, bolalarni ijtimoiylashtirishning omillari va qonuniyatlari, ijtimoiy pedagogik faoliyatning xususiyatlari va uning yo‘naltirishlarini ochib berish, ijtimoiy pedagogik faolliyatning asosiy metod va shakllarini egallash haqida yaxlit tasavvurni shakllantirishdan iborat.
Fanning vazifasi - talabalarda ijtimoiy pedagogikaning gumanitar bilimlar tarmog‘i sifatida, uning tadqiqot ob’ekti va predmeti hamda asosiy mezonlari haqida nazariy tasavvurini shakllantirish, go‘dakning (bolaning) ijtimoiylashuvi omillari va qonuniyatlari haqida yaxlit tasavvurni shakllantirish, ijtimoiy pedagogik faoliyatning va uning insonparvarlik yo‘nalishining o‘ziga xos jihatlarini ochib berish – talabalarda ijtimoiy pedagogik tadqiqot bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish, G‘arb va Sharqning ulug‘ allomalari (Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Navoiy, Avloniy, Ya.Komenskiy, K.Ushinskiy va boshqalar)ning ijtimoiy pedagogik qarashlarini o‘zlashtirish, Qur’on va Hadislardagi ijtimoiy pedagogik faoliyatga, umuminsoniy insonparvarlikka oid fikrlarni o‘rganib, o‘z ish faoliyatida qo‘llay bilish.
Do'stlaringiz bilan baham: |